Top.Mail.Ru
Maktab o‘qituvchilarining haftalik yuklamasi kamaytirildimi?

Maktab o‘qituvchilarining haftalik yuklamasi kamaytirildimi?

17:05 / 14.07.2025 48

Ijtimoiy tarmoqlarda boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarining haftalik yuklamasini 18 soatdan 16 soatga, yuqori sinf o‘qituvchilarining yuklamasini esa 20 soatdan 18 soatga tushirish haqida prezident topshiriq bergani haqida xabarlar tarqalmoqda.


Xo‘sh, bu xabar qanchalik haqiqatga yaqin? 


So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan xabar aslida 2023-yilda Prezident Shavkat Mirziyoyevning buxorolik saylovchilar bilan uchrashuvi chog‘ida aytilgan ma’lumot hisoblanadi.


O‘shanda boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarining haftalik yuklamasi 18 soatdan 16 soatga, yuqori sinf o‘qituvchilariniki 20 soatdan 18 soatga tushirilishi, bu orqali, to‘liq stavkada ishlamayotgan jami 150 ming nafar muallimning oyligi o‘rtacha 30 foizga oshirilishi nazarda tutilgan.


Bu borada me’yoriy hujjatlarda qayd etilganmi?


Pedagog xodimlarning haftalik ish yuklamasi "Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining pedagogik mutaxassisliklari bo‘yicha namunaviy yillik ish rejasini shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi" (20.08.2018 ro‘yxat raqami 3058) yo‘riqnoma bilan tartibga solingan bo‘lib, hozirgi kunda ish yuklamasini kamaytirish yuzasidan ushbu hujjatga hech qanday o‘zgartirish kiritilmagan.


Unga ko‘ra, hozirgi kunda umumiy o‘rta ta’lim muassasasining pedagog xodimlari uchun bir stavka miqdoridagi ish yuklamasi 1-4-sinflarda haftasiga 18 soat, 5-11-sinflarda esa haftasiga 20 soatni tashkil etadi.


Pedagoglar ish yuklamasi qachon kamaytiriladi?


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-fevraldagi PF-27-sonli farmoni bilan tasdiqlangan 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini "Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili"da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 163-bandida maktab o‘qituvchilarining haftalik yuklamasini kamaytirish haqida so‘z borgan.



Unda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Xilola Umarova hamda sobiq Iqtisodiyot va moliya vaziri Sherzod Qudbiyevga 2023-yil may oyiga qadar boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarining pedagog stavkasini 16 soat etib belgilash bo‘yicha taklif ishlab chiqish vazifasi belgilangan.


Ammo ushbu band noma’lum sabablarga ko‘ra bajarilmagan va hozirgi kunga qadar pedagoglarning haftalik yuklamasi o‘zgarishsiz qolmoqda. Shu sababli, maktab o‘qituvchilarining haftalik yuklamasi kamaytirilishi haqidagi xabarlar hozirgi kunda aktual emas.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • pedagogik yuklama
  • Ish vaqti

Ulashish