Top.Mail.Ru
O‘qituvchilar orasidan vazir chiqqanmi?

O‘qituvchilar orasidan vazir chiqqanmi?

16:18 / 15.07.2025 3.87k

Kecha, 14-iyul kuni O‘zbekistonning 10-ta’lim vaziri Hilola Umarova O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining ta’limni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlangani munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi vaziri lavozimidan ozod etildi. 


Hozirda esa ushbu lavozimga yangi rahbar tayinlanmadi, shuningdek, vazir lavozimiga aynan kim tayinlanishi ham hozircha noma’lum. Shu sababli, biz pedagoglar orasidan vazir lavozimigacha yetib borgan shaxslar haqidagi ma’lumotlarni izlab ko‘rishga harakat qildik.


Mustaqil O‘zbekiston tarixida jami 10 nafar Xalq ta’limi vaziri faoliyat yuritgan bo‘lsa, ulardan atigi 3 nafari – Jo‘ra Yo‘ldoshev, G‘ayrat Shoumarov hamda  Temur Shirinov o‘z faoliyatini oddiy o‘qituvchilikdan boshlaganligi haqida ma’lumotlar mavjud. 


Jo‘ra Yo‘ldoshev

Misol uchun, mustaqillikning ilk yillarida ya’ni, 1991-yildan – 2000-yilgacha vazir lavozimida faoliyat yuritgan Jo‘ra Yo‘ldoshev pedagogika fanlari doktori, professor ilmiy darajasiga ega bo‘lgan shaxs hisoblanadi. U dastlabki mehnat faoliyatini o‘rta maktabda kimyo-biologiya fani o‘qituvchiligidan boshlagan.


G‘ayrat Shoumarov

2008–2010-yillarda Xalq ta’limi vaziri lavozimida ishlagan G‘ayrat Shoumarov Toshkent davlat pedagogika institutini tamomlagan. U psixologiya fanlari doktori, hozirgi kunda akademik ilmiy darajasiga ega bo‘lib, u ham ish faoliyatining dastlabki yillarida pedagoglik faoliyat bilan shug‘ullangan.



G‘ayrat  Shoumarov 1991-1996-yillari A.Avloniy nomidagi Xalq ta’limi xodimlari malakasini oshirish markaziy instituti rektori, 1996-1998-yillari Respublika ta’lim markazi direktori lavozimlarida ham ishlagan. Hozirgi kunda esa Profi University xususiy oliygohi rektori vazifasida ishlaydi.


Temur Shirinov

2011–2013-yillarda Xalq ta’limi vaziri vazifasida ishlagan Temur Shirinov esa Termiz davlat pedagogika institutini tamomlagan. Uning asli kasbi tarix va geografiya fani o‘qituvchisi bo‘lgan.



U 2017-yildan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi Ilmiy-ma’rifiy memorial majmua rahbari lavozimida ishlab kelmoqda.


2013-yildan hozirgi kungacha o‘qituvchilar orasidan vazir chiqmagan


Xalq ta’limi vaziri lavozimida ishlagan shaxslarning aksariyati iqtisodchi yoki mutlaqo boshqa soha vakili bo‘lgan. O‘zbekiston qonunchiligida esa vazirlarga soha mutaxassisi bo‘lish talabi qo‘yilmagan.

Yaqindagina lavozimidan ozod qilingan sobiq Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarovaning mutaxassisligi ham tashqi iqtisodiy faoliyat hisoblanadi. U 2013-yilda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini tamomlagan.



Keyinchalik, Hilola Umarova “Menejment” ixtisosligi bo‘yicha “Oliy ta’lim muassasalarida zamonaviy boshqaruv tizimini takomillashtirish” mavzusida ilmiy izlanishlar olib borib, iqtisodiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olganligi haqida ham ma’lumotlar mavjud.


Ammo Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Axborot xizmati tomonidan xalqtaliminfo.uz tahririyatiga berilgan ma’lumotlarda Umarova ham pedagogika sohasida bir necha yillik tajribaga ega ekanligi aytiladi.


Xususan, u Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktabda dars berganligi, keyinroq shu maktabda direktorlik faoliyati bilan shug‘ullangani haqida ma’lumotlar mavjud.


Uzoq muddat vazir lavozimida ishlagan shaxs


Mustaqil O‘zbekiston tarixida hozirgi kunga qadar xalq ta’limi tizimida faoliyat yuritgan vazirlarning lavozimida qolish muddatlarini sarhisob qiladigan bo‘lsak, ular orasida ushbu lavozimida eng uzoq qolgan shaxs Jo‘ra Yo‘ldoshev hisoblanadi.


U mustaqillikning ilk yillaridan boshlab, ya’ni 1991-yildan – 2000-yilgacha, ya’ni 9 yil mobaynida vazir lavozimida faoliyat yuritgan.


Boshqa vazirlar asosan 3 yildan 5 yilgacha, ularning ayrimlari esa atigi 1 yil vazir lavozimida faoliyat olib borgan. Jumladan:


1-vazir – Jo‘ra Yo‘ldoshev 9 yil 20 kun vazir lavozimida ishlagan. 1991-yil 22-iyul – 2000-yil 11-avgust. 


2-vazir – Risoboy Jo‘rayev 3 yil 8 oy 26 kun vazir lavozimida ishlagan. 2000-yil 11-avgust – 2004-yil 7-may.


3-vazir – Turopjon Jo‘rayev 3 yil 10 oy 19 kun vazir lavozimida ishlagan. 2004-yil 7-may – 2008-yil-26 mart.


4-vazir – G‘ayrat Shoumarov 1 yil 9 oy 29 kun vazir lavozimida ishlagan. 2008-yil 28-aprel – 2010-yil 26-fevral.


5-vazir – Avazjon Marahimov 1 yil 3 oy 28 kun vazir lavozimida ishlagan. 2010-yil 2-mart – 2011-yil 30-iyun.


6-vazir – Temur Shirinov 1 yil 7 oy 3 kun vazir lavozimida ishlagan. 2011-yil 4-iyul – 2013-yil 7-fevral.


7-vazir – Ulug‘bek Inoyatov 5 yil 4 oy 13 kun vazir lavozimida ishlagan. 2013-yil 7-fevral – 2018-yil 20-iyun.


8-vazir – Sherzod Shermatov 3 yil 4 oy 28 kun vazir lavozimida ishlagan. 2018-yil 20-iyun – 2021-yil 17-noyabr.


9-vazir – Baxtiyor Saidov 1 yil 1 oy 13 kun vazir lavozimida ishlagan. 2021-yil 17-noyabr – 2022-yil 30-dekabr.


10-vazir – Hilola Umarova 2 yil 6 oy 14 kun vazir lavozimida faoliyat olib bordi. 2022-yil 30-dekabr – 2025-yil 14-iyul.


Hozirda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri lavozimi bo‘sh qolmoqda. Yangi rahbar kim bo‘lishi hozircha rasman e’lon qilinmadi. Bu lavozimga kim kelishi esa ta’lim sohasi vakillari, pedagoglar va mutaxassislar orasida tabiiy ravishda katta qiziqish uyg‘otmoqda. O‘ylaymizki, yaqin kunlarda ushbu lavozimga tayinlov ham amalga oshiriladi.

Izohlar 7

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • vazirlik

Ulashish