Umumiy o‘rta ta’lim muassasalariga direktorlarni tayinlash tizimini rivojlantirish mexanizmlari

Maqolada umumiy o‘rta ta’lim muassasalari direktorlarini lavozimga tayinlash tartibining evolyutsion jarayoni tahlil qilinadi. Xususan, kuzatuv kengashlari, xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari tavsiyasi asosida direktorlarni tanlash amaliyoti va uning institutsional kamchiliklari, shuningdek Direktorlar kengashi tavsiyasi asosida nomzodlarni baholash tizimining joriy etilishi yangi mexanizm sifatida samaradorlik, shaffoflik va adolat tamoyillari ilmiy nuqtayi nazardan tahlil qilinadi.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ta’limni isloh qilish, maktab ta’limining boshqaruv tuzilmalariga yuqori salohiyatli kadrlarni jalb qilish bo‘yicha bir qancha amaliy ishlar olib borilmoqda. Jumladan, maktab direktorlarining faoliyatini tartibga solish, ularga menejerlik sertifikati berish tartibi bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 25-dekabrdagi 681-son qarori bilan “Davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari direktori lavozimiga nomzodlarni menejerlik o‘quv kurslarida o‘qitish va ularga menejerlik sertifikatini berish tartibi to‘g‘risida” nizom tasdiqlandi.
2024-yilning o‘zida menejerlik o‘quv kursida 1613 nafar direktorlikka nomzodlar va 1093 nafar amaldagi maktab direktorlari 144 soatlik kurslarda o‘qitildi. Bunda nomzodlarning 1160 nafari, amaldagi maktab direktorlarining esa 714 nafari menejerlik sertifikatini qo‘lga kiritdi. 2025-yilda esa menejerlik kursi doirasida 3500 nafar, shundan, 2000 nafar amaldagi maktab direktorlari hamda 1500 nafar direktorlikka nomzodlar o‘qitilishi rejaga kiritildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-martdagi PF-51-son Farmoni bilan maktabgacha va maktab ta’limi sohasida boshqaruvning asosiy ustuvor yo‘nalishlari belgilandi. Unda maktab ta’limining barcha darajasidagi boshqaruv tuzilmalariga yuqori salohiyatli, zamonaviy bilim, ko‘nikma va malakaga ega tashabbuskor nomzodlarni tanlov asosida jalb qilish, umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarini bosqichma-bosqich zamonaviy boshqaruv va menejerlik qobiliyatiga ega bo‘lgan rahbar kadrlar bilan to‘ldirish hamda tizim tashkilotlari faoliyatini raqamlashtirish orqali boshqaruv samaradorligini oshirish masalalari ko‘tarildi.
2026-yil 1-yanvardan boshlab umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarining direktor jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan direktor va uning o‘rinbosarlariga faoliyat samaradorligi ko‘rsatkichlari (KPI) natijasiga ko‘ra bazaviy tarif stavkalariga nisbatan tegishlicha 20 va 10 foiz miqdorida har oylik ustamalar tayinlanishi belgilab qo‘yildi. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga esa umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarining direktor jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan direktor va uning o‘rinbosarlariga har oylik ustamalarni belgilash uchun ularning faoliyat samaradorligi ko‘rsatkichlarini (KPI) ishlab chiqish vazifasi topshirildi.
Bu esa O‘zbekistonda ta’lim tizimini boshqarishda ma’lum bir burilishlar yuz berayotganidan dalolat beradi. Maktab direktorlarini tanlov asosida tayyorlash, menejerlik sertifikatini joriy etish, KPI tizimi orqali ularning faoliyat samaradorligini baholash va moddiy rag‘batlantirish mexanizmlarini tatbiq etish – bularning barchasi ta’lim sohasida yuqori salohiyatli, mas’uliyatli va zamonaviy fikrlaydigan rahbarlar korpusini shakllantirishga qaratilgan islohotlardir.
Endilikda, maktab direktorlariga nafaqat o‘quv jarayonini tashkil etuvchi shaxs, balki ta’lim muassasasining strategik rivojlanishi va samaradorligini ta’minlovchi menejer sifatida qaralmoqda. Menejerlik sertifikatining joriy etilishi, faoliyat samaradorligi ko‘rsatkichlari (KPI) asosida moddiy rag‘bat mexanizmlarining qo‘llanilishi maktab direktorlari faoliyatini aniq mezonlar asosida baholash tizimini shakllantirishga ehtiyoj yuqoriligidan dalolat beradi.
Shu nuqtayi nazardan, O‘zbekistonda maktab direktorlarining boshqaruv faoliyatini baholashning amaldagi mexanizmlari institutsional asosda rivojlanib borishi ham maqsadga muvofiq. Chunki, umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktorlari boshqaruv faoliyatini baholab borish hamda olingan tahlil natijalariga qarab ularni rag‘batlantirish, ish faoliyatini tartibga solish ta’lim sifatiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. O‘zbekiston ta’lim tizimida maktab direktorlari boshqaruv faoliyatini baholash hamda ularni direktor lavozimga tayinlash borasida bir necha bosqichli tajribalarni sinovdan o‘tkazgan.
Kuzatuv kengashi xulosasi asosida lavozimga tayinlash amaliyoti. Dastlab maktab direktorlarini lavozimga tayinlash hamda ularning faoliyatini baholashda umumiy o‘rta ta’lim muassasaslarida tashkil etilgan kuzatuv kengashlari bergan xulosalaridan foydalanildi. Ya’ni, mazkur kengashga ta’lim muassasasida amalga oshirilishi belgilangan vazifalarning bajarilishi va maqsadli ko‘rsatkichlarga erishilishi ustidan nazorat olib borish, ta’lim muassasasi rahbarining muassasa faoliyatini takomillashtirish, moliyaviy-xo‘jalik holati, daromadlar va xarajatlar, budjet, budjetdan tashqari, homiylik va boshqa mablag‘lardan foydalanish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar to‘g‘risidagi hisobotlarini vaqti-vaqti bilan tinglash, ta’lim muassasasi direktori va direktor o‘rinbosarlarining boshqaruv faoliyati bo‘yicha jamoatchilik nazoratini o‘rnatish vazifasi yuklatildi.
Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, kuzatuv kengashlari faoliyati amaliyotda kutilgan natijani bermadi. Chunki ularning jamoatchilik asosida ishlashi belgilanganligi sababli respublikaning barcha hududlarida kengashlar faoliyatida bir xil samaradorlikka. Ayrim hududlarda ushbu kengashlar nomigagina, rasmiyatchilik uchun tashkil etilgan tuzilma sifatida shakllanib, maktab direktorlarining boshqaruv faoliyatini baholashda yetarli darajada ta’sir ko‘rsata olmadi.
Bundan tashqari, kuzatuv kengashlaridan ta’lim muassasalarida belgilangan vazifalarning bajarilishi hamda maqsadli ko‘rsatkichlarga erishilishi bo‘yicha muntazam va tizimli ma’lumot olish imkoni mavjud emasdi. Natijada, maktab direktorlarining faoliyatiga xolisona va kompleks baho berishda muammolar yuzaga keldi. Shu sababli mazkur tartib samarali mexanizm sifatida o‘zini oqlamadi va keyinchalik undan voz kechildi.
Xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari tavsiyasi asosida lavozimga tayinlash amaliyoti. Jamoatchilik asosida tashkil etilgan kuzatuv kengashlari faoliyatida aniqlangan kamchiliklarni hisobga olib, maktab direktorlarini tayinlash va ularning boshqaruv faoliyatini baholash mexanizmlarini institutsional asosda takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 6-noyabrdagi PF-6108-son Farmoni bilan 2021-yil 1-yanvardan boshlab umumta’lim muassasalari direktorlarini lavozimga tayinlash hamda ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra lavozimidan ozod etishning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, viloyatlar boshqarmalari va Toshkent shahar bosh boshqarmasi tomonidan tegishli xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari bilan kelishilgan holda amalga oshirish tartibi joriy qilindi.
Bunda umumta’lim muassasasi direktori yil yakuni bo‘yicha xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari va jamoatchilik vakillariga 3 yillik dasturning ijrosi yuzasidan hisobot berishi va hisobot natijasiga ko‘ra uning faoliyatiga xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari tomonidan baho berib borilishi belgilab qo‘yildi. Maktab ko‘rsatgichlarini kelgusi 3 yilda yuqori darajaga olib chiqish bo‘yicha dastur ma’lum bir ma’noda direktorlar faoliyatini baholash mezoni vazifasini ham bajargan.
Chunki, Xalq ta’limi vazirligining 2020-yil 25-dekabrdagi 325-sonli buyrug‘i bilan maktab direktorlarini xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari tavsiyasi asosida lavozimga tayinlash tog‘risidagi nizom hamda 3 yillik namunaviy dastur tasdiqlandi. Mazkur dasturda belgilangan vazifalar ijrosiga qarab, ularning faoliyatiga xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari tomonidan baho berib borildi.
Kelgusi uch yilda maktab ko‘rsatkichlarini yuqori darajaga ko‘tarishga qaratilgan namunaviy dasturda quyidagi ustuvor yo‘nalishlar belgilandi:
- ta’lim muassasasini malakali kadrlar bilan ta’minlash va pedagoglar salohiyatini oshirish;
- ta’lim jarayoni samaradorligini oshirish;
- o‘quvchilarning yuman (shahar), viloyat, respublika va xalqaro olimpiadalar, turli ko‘rik-tanlovlardagi ishtiroki;
- o‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish va bitiruvchilar bandligini ta’minlash (oliy hamda professional ta’lim tashkilotlariga o‘qishga kirish hamda ishga joylashish);
- ma’naviy-ma’rifiy ishlar, maktabdan tashqari ta’lim jarayonini tashkil etish hamda besh tashabbusni amaliyotga joriy etish;
- axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish;
- maktabning moddiy-texnik ta’minotini mustahkamlash va moliyaviy samaradorligini oshirish (budjetdan tashqari mablag‘larni jalb etish);
- ota-onalar va jamoatchilik bilan ishlash.
Kelgusi uch yilda maktab ko‘rsatkichlarini yuqori darajaga ko‘tarishga qaratilgan namunaviy dasturda belgilangan ustuvor yo‘nalishlar ta’lim tizimini har tomonlama rivojlantirishning izchil mexanizmini shakllantirishga xizmat qilishi, dasturda qayd etilgan yo‘nalishlar amalda nafaqat maktab direktori faoliyatiga munosib baho berish, balki maktab ta’limining sifat ko‘rsatkichlarini yangi bosqichga olib chiqish, shuningdek, ta’lim tizimida uzoq muddatli strategik maqsadlarni amalga oshirish uchun muhim reja sifatida ko‘rilgandi.
Ammo, mazkur tartib ham amaliyotda kutilgan natijani bermadi. Chunki xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari tomonidan maktab direktori lavozimiga munosib nomzodlarni tavsiya etish jarayonida bir qator muammolar kuzatildi. Jumladan, ayrim hollarda nomzodlarning kasbiy salohiyati va boshqaruv qobiliyati yetarli darajada chuqur tahlil qilinmadi, tavsiyalar ko‘proq subyektiv yondashuv asosida berildi. Natijada, maktab direktorlarini xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari tavsiyasiga ko‘ra lavozimga tayinlash tartibi ham o‘zini oqlamadi.
Bu holatning asosiy sabablari shundaki, xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari ta’lim tizimi xususiyatlarini, pedagogik jarayonning murakkab jihatlarini va maktab boshqaruvi talab qiladigan menejerlik kompetensiyalarini chuqur tahlil qilish imkoniyatiga ega emas edi. Ularning faoliyati ko‘proq siyosiy va ijtimoiy masalalarni hal qilishga yo‘naltirilgan bo‘lib, ularda ta’lim muassasalarining ichki boshqaruv mexanizmlariga xolis va professional baho berish tajribasi yetarli bo‘lmagan bo‘lishi mumkin. Shu bois, direktorlarni tayinlashning mazkur mexanizmi amalda samarali bo‘lmadi va keyinchalik undan voz kechildi.
Direktorlar kengashi suhbati asosida lavozimga tayinlash amaliyoti. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-maydagi PF-79-son Farmoni bilan 2023-yil 1-sentabrdan boshlab umumiy o‘rta ta’lim muassasalari direktorlarini lavozimiga tayinlash Direktorlar kengashi tavsiyasiga asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahri maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmalari tomonidan ochiq tanlov asosida amalga oshirilishi, shuningdek, 2024-yil 1-yanvardan boshlab esa direktorlarni har besh yilda bir marotaba kasbiy sertifikatsiyalash tizimi joriy etildi.
Bunda, sertifikatsiyadan o‘ta olmagan direktorlar belgilangan tartibda lavozimidan ozod etilishi belgilandi. Bunda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining buyrug‘i bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahar va viloyatlardagi eng tajribali umumiy o‘rta ta’lim muassasalari direktorlaridan iborat bo‘lgan Kengash tuziladi.
Kengash Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahar va viloyatlarda tuziladigan umumiy o‘rta ta’lim muassasalari direktorlarini lavozimiga tayinlash bo‘yicha tavsiya beruvchi maslahat organi hisoblanadi va Maktabgacha va maktab ta’lim vazirligiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri hisobdor hisoblanadi. Ya’ni, mazkur kengash mahalliy hokimliklarga ham hududiy maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshliqlariga ham bo‘ysinmaydi. “Direktorlar kengashi” tomonidan ishlab chiqilgan tavsiyalar hatto vazirlikning hududiy bo‘linmalari tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.
E’tiborli jihati shundaki, direktorlikka nomzodlarning malaka talablariga mosligini o‘rganish jarayonida ularning menejerlik sertifikatiga ega ekanligi ham alohida ustuvorlik berilgan bo‘lib, nomzodlar birinchi navbatda kamida bakalavr darajasidagi oliy ma’lumot va menejerlik sertifikatiga ega bo‘lishi lozim. Ya’ni, maktab direktori lavozimiga nomzodlar ikki bosqichli sinovdan o‘tishi talab qilinadi.
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 25-dekabrdagi 681-son qarori bilan tasdiqlangan “Davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari direktori lavozimiga nomzodlarni menejerlik o‘quv kurslarida o‘qitish va ularga menejerlik sertifikatini berish tartibi to‘g‘risida”gi nizomga ko‘ra, direktorlikka nomzodlar A.Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy institutida joriy qilingan bir oylik menejerlik o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tugatgan nomzodlar sertifikat berish bo‘yicha tashkil etiladigan yakuniy sinovlarda ishtirok etib, menejerlik sertifikatini qo‘lga kiritishi lozim bo‘ladi.
Direktorlarni lavozimga tayinlashning yangi tartibi avvalgi amaliyotga nisbatan bir qator ustunliklarga ega. Avvalgi tartibda maktab direktorlarini tanlash va lavozimga tavsiya etishda kuzatuv kengashlari hamda xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlarining xulosalari hal qiluvchi ahamiyat kasb etgan bo‘lsa-da, biroq ular ta’lim tizimining o‘ziga xosliklari hamda maktab boshqaruvi uchun zarur bo‘lgan kasbiy va menejerlik kompetensiyalarini yetarli darajada baholash imkoniyatiga ega emasligi bois, ayrim hollarda rahbarlik lavozimlariga munosib bo‘lmagan nomzodlar tavsiya etilgan bo‘lishi mumkin.
Yangi tartibda esa direktorlarni tanlash jarayoni Direktorlar kengashi orqali amalga oshirilayotgani muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki ushbu kengash tarkibiga tajribali, o‘z faoliyatida yuqori natijalarga erishgan maktab direktorlarining jalb etilishi direktorlik lavozimiga professional kadrlarni tayinlashga xizmat qiladi. Chunki, direktorlar kengashi a’zolarining o‘zi ta’lim muassasasini boshqarishda uchraydigan muammolar, zarur kompetensiyalar va yetakchilik sifatlardan yaxshi xabardor bo‘lganliklari sababli, ular nomzodlarni baholashda aniqroq mezonlarga tayanadilar.
Ammo shu o‘rinda amaldagi tartibni takomillashtirish zarurati ham mavjud. Hozirgi paytda Direktorlar kengashi a’zolari bir vaqtning o‘zida umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida direktor sifatida faoliyat yuritayotganligi sababli, nomzodlarni lavozimga tavsiya qilish jarayonida manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelish ehtimoli mavjud.
Shu sababli, mazkur mexanzmni yanada shaffof va adolatli tarzda ishlashini ta’minlash uchun quyidagi bir nechta takliflarni keltirib o‘tamiz:
Direktorlar kengashini mustaqil institut shaklida tashkil etish. Garchi, Direktorlar kengashi hududiy hokimliklar hamda maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmalariga emas, bevosita Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga hisobdor etib belgilangan bo‘lsa-da, amaldagi tizimda kengash a’zolarining mehnat faoliyati viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmalari bilan bevosita bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Chunki, ularning ish beruvchisi aynan mazkur boshqarmalar hisoblanadi.
Bu holat kengash a’zolarining mustaqil qaror qabul qilish jarayonida salbiy ta’sir ko‘rsatishi ehtimoldan xoli emas. Shu nuqtayi nazardan, Direktorlar kengashi faoliyatini Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi alohida institut sifatida tashkil etish maqsadga muvofiqdir. Bunda kengash a’zolarining bir vaqtning o‘zida boshqa rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritishini cheklash hamda ularga alohida shtat birligi doirasida mehnat haqi belgilash zarur. Ushbu yondashuv kengash faoliyatining institutsional mustaqilligini ta’minlash, qarorlar qabul qilishda manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish va boshqaruv samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Maktab direktorlarini tanlash jarayonida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish. Amaldagi tartibda Direktorlar kengashi a’zolari o‘zlari faoliyat yuritayotgan hududdagi maktab direktorligi lavozimiga nomzodlarni suhbatdan o‘tkazishda ishtirok etishadi. Biroq, mazkur yondashuv manfaatlar to‘qnashuvi xavfini yuzaga keltiradi. Chunki, bir hududda faoliyat yuritayotgan kengash a’zolari ayrim sabablarga ko‘ra nomzodlarga yon bosishi ehtimoldan xoli emas.
Mazkur muammoni bartaraf etish maqsadida Direktorlar kengashi a’zolarining o‘zlari faoliyat yuritayotgan hududdagi nomzodlar suhbatida ishtirok etishini cheklash, ularni esa boshqa hududdagi suhbat jarayonlariga jalb qilish maqsadga muvofiqdir. Shu bilan birga, direktorlikka nomzodlarni suhbatdan o‘tkazish jarayonida hududiy kengashlarni tasodifiy tanlash mexanizmini joriy etish samarali yechim bo‘lishi mumkin.
Bunday yondashuv nomzodlarni baholashning xolisligini ta’minlaydi, hududiy omillardan kelib chiqadigan ayrim sub’ektiv qarorlarning oldini oladi hamda Direktorlar kengashi faoliyatining institutsional mustaqilligini yanada kuchaytiradi. Natijada, maktab direktorlarini tanlash jarayoni shaffofligi yanada oshadi.
Direktorlar kengashining direktorlikka nomzodlarni suhbat qilish jarayonida shaffoflikni ta’minlash. Direktorlar kengashi tomonidan maktab direktorligiga nomzodlarni suhbatdan o‘tkazish jarayonida ochiqlik va jamoatchilik nazoratini yanada kuchaytirish maqsadida suhbatlarni onlayn translyatsiya qilish mexanizmini joriy etish maqsadga muvofiqdir. Xususan, suhbat jarayonlarini YouTube yoki Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga tegishli boshqa rasmiy platformalarda jonli efir orqali namoyish etish, ularning kun tartibi, sanasi va boshlanish vaqtini ommaviy axborot vositalarida oldindan e’lon qilib borish shaffoflikning muhim kafolati bo‘la oladi.
Bundan tashqari, suhbat jarayonlarini to‘liq yozib olish va arxivlashtirish zarur. Bu bir tomondan, nomzodlarni baholash jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan e’tirozlarni bartaraf etishda ishonchli manba sifatida xizmat qilsa, ikkinchi tomondan, Direktorlar kengashi faoliyatining hisobdorligi va xolisligini ta’minlashga yordam beradi. Mazkur mexanizmning joriy etilishi maktab direktorlarini tanlash jarayonining shaffofligi va samaradorligini ta’minlashda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Mustaqil kuzatuvchilarni suhbat jarayoniga jalb etish. Direktorlar kengashi faoliyatiga baho berib borish hamda direktorlikka nomzodlarni suhbat qilish jarayonlariga ommaviy axborot vositalari vakillari, oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, ta’lim menejmenti yo'nalishida ilmiy tadqiqot olib borayotgan izlanuvchilar hamda xalqaro ekspertlarning kuzatuvchi sifatida jalb etilishi muhim masalalardan biri hisoblanadi.
Mazkur yondashuv, bir tomondan, suhbat jarayonining shaffofligini oshirsa, ikkinchi tomondan, nomzodlarni baholashda sub’ektiv qarorlar qabul qilinishining oldini olishga xizmat qiladi. Shuningdek, mustaqil kuzatuvchilar ishtiroki tanlov jarayonida qo‘llanilayotgan mezonlarning ilmiy asoslanganligini va xalqaro standartlarga muvofiqligini baholash imkonini yaratadi. Natijada, nomzodlarni direktorlik lavozimiga tayinlash mexanizmining institutsional ishonchliligi va samaradorligi ortadi.
Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida direktorlarni lavozimga tayinlash tartibining rivojlanish bosqichlari ta’lim tizimida shaffoflikni ta’minlash va xolislikka erishish yo‘lidagi muhim qadam hisoblanadi. Avvalgi tartibda kuzatuv kengashlari yoki xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlarining xulosalariga tayanib ish ko‘rish amaliyoti mavjud bo‘lgan bo‘lsa, amaldagi tizim Direktorlar kengashi faoliyatiga tayanishi bilan tubdan farq qiladi.
Direktorlar kengashi tarkibiga tajribali rahbarlarning jalb etilishi direktorlikka nomzodlarni tanlash jarayonida professionallikni oshirgan bo‘lsa-da, uning faoliyatidagi ayrim muammolar saqlanib qolmoqda. Xususan, manfaatlar to‘qnashuvi ehtimoli, hududiy omillarning ta’siri, shuningdek, suhbat jarayonining ochiqligi va monitoring mexanizmlarining yetarlicha rivojlanmagani tizimni yanada takomillashtirishni talab etadi.
Shu bois, Direktorlar kengashini mustaqil institut shaklida tashkil etish, suhbatlarni onlayn translyatsiya qilish, mustaqil kuzatuvchilar ishtirokini ta’minlash, nomzodlar uchun yagona baholash mezonlarini ishlab chiqish hamda tanlov natijalarini raqamli platformalarda e’lon qilish kabi chora-tadbirlar amaldagi tizimning samaradorligini oshiradi.
Umuman olganda, maktab direktorligiga nomzodlarni tanlash va tayinlash jarayonining institutsional ishonchliligi ta’lim tizimidagi islohotlarning muvaffaqiyati uchun muhim shartlardan biridir. Taklif etilayotgan mexanizmlarning joriy etilishi maktab rahbarlarining professionalligi, hisobdorligi va xolisligini ta’minlab, ta’lim sifatini oshirishga xizmat qiladi.
Ushbu maqola Toshkent davlat pedagogika universitetining ‘‘Ilmiy axborotlari ilmiy-nazariy jurnali’’ning 2025-yil 8-sonida nashr etilgan. Undagi ma’lumotlardan foydalanishda manba ko‘rsatish talab etiladi.
Foydalanilgan adabiyotlar
1. “Umumiy o‘rta ta’lim muassasasining kuzatuv kengashi haqidagi” nizom. XTVning 2018-yil 26-dekabrdagi 16-mh-son buyrug‘i.
2. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2023-yil 29-avgustdagi 270-sonli buyrug‘i.
3. Abdullayeva S., Yertayev Sh., Pedagogik jarayonlarni tashkil etish va boshqarish jarayonlarini takomillashtirish strategiyalari. O‘zbekistonda fanlararo innovatsiyalar va ilmiy tadqiqotlar jurnali. 20.03.2024. 28-son. 210-215-b.
4. Turg‘unov S., Akmalova D. Oliy ta’lim muassasalarida pedagogik jarayonlarni tashkil etish va boshqarish jarayonlarini takomillashtirish strategiyalari. Xalq ta’limi. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining ilmiy-metodik jurnali. №6. 2021 (Maxsus son). 6-12-b.
5. Xo‘jaqulov B.A. Umumiy o‘rta ta’lim maktablarini strategik boshqarish tizimi mezonlari. // European Journal of Interdisciplinary Research and Development. Volume №14. April 2023., 253-256 p.
Izohlar 0
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!
Yangiliklar

Bog‘cha bolalari ommaviy zaharlandi, vazir holatni shaxsan nazoratga oldi

Gulnora Karimovaning musodara qilingan pullari qishloq maktablarini ta’mirlash uchun sarflanadi

Xorijiy til o‘qituvchilarining xursand bo‘lishiga hali erta...mi?

Ertadan o‘qituvchilar uchun bepul kinonamoyishlar boshlanadi
Mavzuga doir yangiliklar

Maktab direktorlari boshqaruv samaradorligini baholashning huquqiy-me’yoriy asoslari
Mazkur maqolada O‘zbekiston ta’lim tizimida maktab direktorlari boshqaruv samaradorligini baholashga oid amaldagi me’yoriy-huquqiy hujjatlar tahlil qilinadi.

Maktab direktorlariga menejerlik sertifikati berish tizimini takomillashtirishning zaruriy ahamiyati nimada?
Mazkur maqolada menejerlik sertifikati talabining yutuq va kamchiliklari tahlil qilinadi

Menejerlik kursida o‘qigan 379 nafar direktor sertifikat ololmadi
Matbuot anjumanida malaka oshirish tizimi, menejerlik o‘quv kurslari, shuningdek, PISA xalqaro tadqiqotiga tayyorgarlik jarayonlari haqida ma’lumotlar berildi.

Menejerlik sertifikatiga ega bo‘lgan o‘qituvchilarga ham 50 foiz ustama to‘lanadimi?
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 25-dekabrdagi 681-son qarori bilan maktab direktori lavozimiga nomzodlarni menejerlik o‘quv kurslarida o‘qitish va ularga menejerlik sertifikatini berish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlangan.
Izohingizni tahrirlang