Maktab direktorlari boshqaruv samaradorligini baholashning huquqiy-me’yoriy asoslari

Mazkur maqolada O‘zbekiston ta’lim tizimida maktab direktorlari boshqaruv samaradorligini baholashga oid amaldagi me’yoriy-huquqiy hujjatlar tahlil qilinadi. Unda umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari reytingini shakllantirish bosqichalri, “Zamonaviy maktab”larga qo‘yiladigan talablar orqali maktab direktorlari faoliyatiga baho berish, attestatsiya va akkreditatsiya tartiblari hamda “menejerlik sertifikati” tizimining mazmun-mohiyati o‘rganilgan.
Unda maktab direktorlarining boshqaruv faoliyatini baholashda mavjud yondashuvlarning ustun va zaif jihatlari ochib berilib, samaradorlik va sifat indikatorlari asosida reyting tizimini joriy etish bo‘yicha takliflar ilgari surilgan.
O‘zbekiston ta’lim tizimida maktablar faoliyatining samaradorligi, avvalo, ularni boshqarayotgan rahbarlarning malakasi va boshqaruv yondashuvlariga bevosita bog‘liqdir. Shu sababli maktab direktorlari faoliyatini samarali tashkil etish, ularning boshqaruv qobiliyatini baholash va rivojlantirish masalasi davlat ta’lim siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda ta’lim sohasini modernizatsiya qilish, maktab rahbarlari faoliyatini tartibga solish va ularni samaradorlikka yo‘naltirish borasida qator me’yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Xususan, Vazilrlar Mahkamasining 2021-yil 4-iyundagi “Umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari reytingini aniqlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 345-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizom asosida umumiy o‘rta ta’lim muassasasi direktori, uning o‘rinbosarlari, pedagog xodimlari faoliyatiga baho berish hamda umumiy o‘rta ta’lim muassasalari reytingini aniqlash maqsadida imzolangan.
Maktablar reytingni tuzish maqsadida o‘quv yili davomida umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining faoliyati samaradorligini baholash mezonlari belgilangan bo‘lib, 2021-2023-yillar mobaynida har yili umumiy o‘rta ta’lim muassasalari reytingi e’lon qilib kelingan.
Nizomga asosan maktablar reytingini aniqlashda quyidagi 7 ta koʻrsatkich inobatga olingan
- umumiy o‘rta ta’lim muassasasi bitiruvchilarining umumta’lim fanlari bo‘yicha tayyorgarligi va ta’lim sifati darajasi (bitiruvchilarning umumta’lim fanlari bo‘yicha ta’lim tayyorgarligi darajasi (11-sinf bitiruvchilari tomonidan oliy ta’lim muassasalariga kirishda to‘plangan ballar asosida), bitiruvchilarning ta’lim sifati darajasi (11-sinf bitiruvchilari orasidan oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirganlar salmog‘i asosida);
- umumiy o‘rta ta’lim muassasasi o‘quvchilarining bilim darajasi ko‘rsatkichi;
- umumiy o‘rta ta’lim muassasasi o‘quvchilarining chet tillarni bilish darajasi ko‘rsatkichi;
- umumiy o‘rta ta’lim muassasasi pedagoglarining sifat (salohiyat) ko‘rsatkichi;
- umumiy o‘rta ta’lim muassasasi o‘qituvchilarining chet tillarni bilish darajasi ko‘rsatkichi;
- ijtimoiy so‘rovnoma natijalari (pedagog va rahbar xodimlar faoliyati samaradorligi (o‘quvchilar o‘rtasida o‘tkaziladigan ijtimoiy so‘rovnoma), pedagog xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar va o‘qitish muhiti (pedagoglar jamoasi o‘rtasida o‘tkaziladigan ijtimoiy so‘rov asosida);
- umumiy o‘rta ta’lim muassasasida ma’naviy-ma’rifiy va o‘quv-tarbiyaviy muhit (O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan besh tashabbus doirasida qilingan ishlar asosida).
Mazkur normativ-huquqiy hujjat bilan maktab rahbarlarining boshqaruv samaradorligini o‘lchashga oid dastlabki mexanizmlar belgilangan bo‘lsa-da, uning mazmun-mohiyati chuqur tahlil qilinganda ayrim xususiyatlar yaqqol ko‘zga tashlanadi. Avvalo, direktorlar faoliyatini baholash bevosita maktab reytingini aniqlash ko‘rsatkichlari bilan bog‘lab qo‘yilgani boshqaruv samaradorligini faqat o‘quvchilar bilim darajasi yoki pedagoglarning malakasi orqali baholashga olib keladi.
Holbuki, rahbarning menejerlik salohiyati, jamoani boshqarish ko‘nikmalari, innovatsion yondashuvlari va resurslarni oqilona taqsimlay olish mahorati ham samaradorlikning muhim ko‘rsatkichlari sifatida e’tiborga olinishi lozim. Amaldagi qonunchilikda yana bir muhim jihat – maktab direktorlari faoliyatini baholashning yagona indikatorlar tizimi hali to‘liq shakllanmaganidir. Hozirgi tartibda reyting ko‘rsatkichlari mavjud bo‘lsa-da, ular rahbarning strategik qaror qabul qilish, ta’lim muhitini rivojlantirish yoki ota-onalar va mahalla bilan hamkorlikdagi tashabbuslarini baholash imkonini bermaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Zamonaviy maktab”larni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019-yil 26-noyabrdagi PQ-4537-son qarori bilan “Zamonaviy maktab” reyting tizimini joriy etish tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
Ushbu qaror ijrosini ta’minlash maqsadida, Ofsted va jahon banki ekspertlarini jalb qilgan holda, Xalq ta’limi vazirligi sobiq Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi bilan hamkorlikda “Zamonaviy maktab”larga qo‘yiladigan talablar, ushbu talablar asosida umumiy o‘rta ta’lim muassasalarini baholash mezonlari va metodikasi, shuningdek, “Zamonaviy maktab”larga qo‘yiladigan talablar asosida baholash tartibi ishlab chiqilgan.
“Zamonaviy maktab”larga qo‘yiladigan talablar asosiy 4 ta soha, 11 ta bo‘lim va 40 ta mezonga bo‘lingan bo‘lib, umumiy o‘rta ta’lim muassasalari to‘plashi mumkin bo‘lgan jami ball – 1000 ball etib belgilangan. Har bir mezon alohida indeks sifatida hisoblanib, yakunda to‘plagan ballga qarab muassasalar reytingi tuziladi. “Zamonaviy maktab”larga qo‘yiladigan talablar asosida baholash metodikasi uch turdagi ball hisoblash mexanizmini o‘z ichiga oladi.
Ko‘rsatkichli usul – bunda belgilangan ko‘rsatkichlarning mavjudligi va ularning holati inobatga olinib, mos ravishda ballar yig‘iladi.
Foizli usul – ushbu yondashuvda baholanayotgan mezonlar nisbat orqali aniqlanadi va olingan natijaga qarab ballar taqsimlanadi.
Proportsiyali usul – bu usulda ko‘rsatkichlar maxsus formula asosida hisoblanadi. Natijada eng yuqori ball to‘plagan ta’lim muassasasiga mazkur ko‘rsatkich uchun ajratilgan maksimal ball beriladi, qolgan maktablarning ko‘rsatkichlari esa birinchi o‘rindagi maktab balliga nisbatan, mos ravishda kamayish tartibida proportsional asosda baholanadi.
Mazkur metodika ta’lim muassasasining faoliyatini to‘rt asosiy yo‘nalish bo‘yicha baholashni nazarda tutadi va jami 1000 ballik tizim asosida amalga oshiriladi.
Birinchi yo‘nalish – ta’lim va tarbiya jarayoni. Ushbu ko‘rsatkich ta’lim mazmuni, dars sifati, o‘quvchilar bilim darajasi hamda tarbiyaviy faoliyatni qamrab oladi. Bu yo‘nalish uchun 300 ball ajratilgan bo‘lib, maktabning asosiy vazifasi – ta’lim sifatini oshirish va barkamol shaxsni tarbiyalash darajasi baholanadi.
Ikkinchi yo‘nalish – maktabni boshqarish. Direktor va rahbariyatning menejerlik ko‘nikmalari, boshqaruvda ochiqlik va shaffoflik, huquqiy-me’yoriy hujjatlarga rioya qilish darajasi, ta’lim jarayonini samarali tashkil etish mazkur mezon orqali baholanadi. Bu yo‘nalishga 200 ball ajratilgan.
Uchinchi yo‘nalish – malakali mutaxassislar hamda adabiyotlar bilan ta’minlanganlik. Pedagog xodimlarning malaka darajasi, o‘quv-metodik ta’minot, darsliklar va qo‘shimcha adabiyotlar mavjudligi hamda ulardan foydalanish imkoniyatlari baholashning muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Ushbu mezon uchun ham 200 ball belgilangan.
To‘rtinchi yo‘nalish – moddiy-texnik baza, infratuzilma va jihozlanish. Umumta’lim muassasasining binolari, sinfxonalari, laboratoriyalari, sport va madaniy inshootlari, shuningdek, zamonaviy jihozlar bilan ta’minlanganlik darajasi ushbu yo‘nalishda o‘rganiladi. Mazkur ko‘rsatkich uchun 300 ball ajratilgan.
Ta’lim muassasalari direktorlarining boshqaruv faoliyatini baholashda “Zamonaviy maktab”larga qo‘yilgan talablar ham muhim o‘rin tutadi. Mazkur metodika rahbar xodimlarning faoliyatini turli yo‘nalishlarda tahlil qilish imkonini beradi. Unda ta’lim muassasasining kadrlar salohiyati, pedagoglarning malaka darajasi va yutuqlari, boshqaruv strategiyasi hamda moliyaviy samaradorligi, shuningdek, axborot texnologiyalarining joriy etilganlik darajasi singari ko‘plab mezonlar belgilangan.
Ushbu ko‘rsatkichlar maktab rahbarlari faoliyatining samaradorligini kompleks baholash, ularning boshqaruvdagi yondashuvlarini tahlil qilish hamda ta’lim muassasasi rivojlanish darajasini aniqlash imkonini yaratadi.
Ushbu metodikada rahbar xodimlarning faoliyatiga bevosita daxldor bo‘lgan quyidagi ko‘rsatkichlar belgilangan
- oliy ma’lumotli mutaxassis kadrlar bilan ta’minlanganligi (20 ball);
- maxsus pedagog kadrlar bilan ta’minlanganligi (5 ball);
- oliy va birinchi malaka toifasiga ega bo‘lgan o‘qituvchilar ulushi (85 ball);
- chet tili o‘qituvchilarining milliy va xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha xorijiy tilni bilish hamda malaka va ko‘nikmalari darajalari (30 ball);
- maktab o‘qituvchilarining turli darajadagi yutuqlari (20 ball);
- umumta’lim muassasasini boshqarish strategiyasi (15 ball);
- umumta’lim muassasasi faoliyatining moliyaviy samaradorligi (budjetdan tashqari mablag‘lar jalb etilishi ko‘rsatkichi) (30 ball);
- maktab sig‘imi (quvvati)ning mikrohududdagi aholi (maktab yoshidagi bolalar) soniga mutanosibligi (maktab yoshidagi (7-18 yoshli) bolalarni maktabga qamrab olish ko‘rsatkichi) (25 ball);
- o‘quvchilar sonining maktab quvvatiga nisbatan mutanosibligi (Ixtisoslashtirilgan maktablar uchun) (25 ball);
- umumta’lim muassasasini kompyuterlar bilan ta’minlanganligi darajasi (30 ball);
- umumta’lim muassasasida AT infratuzilmasi, inklyuziv ta’limga joriy etilganligi va axborot tizimlaridan foydalanish darajasi (100 ball).
“Zamonaviy maktab”larga qo‘yilgan talablar va ular asosida ishlab chiqilgan baholash mezonlari, aslida, umumta’lim muassasalarining faoliyatini kompleks tahlil qilishga qaratilgan bo‘lib, mazkur ko‘rsatkichlar orqali maktab direktorlari boshqaruv faoliyatini ham baholash mumkin.
Chunki, ular rahbar qarorlarining samaradorligini bilvosita aks ettiradi. Biroq, ushbu metodika bevosita direktor faoliyatini emas, balki ta’lim muassasasining umumiy natijalarini baholaydi. Maktabning moddiy-texnik bazasi, pedagoglar malakasi yoki o‘quvchilarning yutuqlari singari ko‘rsatkichlar rahbar boshqaruviga bog‘liq bo‘lsa-da, ular ko‘pincha tashqi omillar ta’sirida shakllanadi.
Shu sababli reyting mezonlari direktorlarning shaxsiy boshqaruv kompetensiyalarini to‘liq ochib bera olmasligi mumkin. Ammo, “Zamonaviy maktab”larga qo‘yilgan talablar maktab rahbarlari faoliyatini tahlil qilishda muhim manba sifatida xizmat qila oladi. Ular rahbarlik samaradorligini bilvosita ko‘rsatib beruvchi mezonlar sifatida foydali bo‘lishi mumkin, biroq direktorlarni baholashning yagona va asosiy usuli sifatida emas, balki qo‘shimcha, yordamchi vosita sifatida qo‘llanilishi maqsadga muvofiqdir.
Shuni ta’kidlash joizki, umumta’lim muassasalari maktab direktorlari boshqaruv faoliyatiga baho berishda nafaqat “Zamonaviy maktab”lar mezonlari doirasida, balki Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 14-fevraldagi 91-son qarori bilan tasdiqlangan “Maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarini attestatsiyadan hamda davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi nizomda belgilangan mezonlardan ham foydalanish mumkin.
Mazkur nizomda ta’lim muassasalarining faoliyatini tizimli ravishda baholash mexanizmlari belgilab berilgan. Nizomga ko‘ra, umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari har 11 yilda kamida bir marta majburiy tarzda akkreditatsiyadan o‘tkaziladi va bu jarayon attestatsiya shaklida amalga oshiriladi. Attestatsiya jarayoni 7 bosqichdan iborat bo‘lib, unda ta’lim muassasasining so‘nggi ikki yillik faoliyati kompleks tahlil qilinadi.
Bunda tashkiliy-boshqaruv faoliyatining samaradorligi, ta’lim sifati, o‘quv jarayonini tashkil etish darajasi, ma’naviy-ma’rifiy ishlarning samaradorligi, moddiy-texnik ta’minot va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari infratuzilmasi, jamoatchilik bilan hamkorlik va targ‘ibot ishlari, shuningdek, ta’lim muassasasining xavfsizlik masalalari asosiy yo‘nalish sifatida baholanadi.
Umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarini baholashda quyidagi bir qator mezonlar belgilangan
- tashkiliy-boshqaruv faoliyatining samaradorligi (umumiy o‘rta ta’lim muassasasi faoliyatini tashkil etish va rejalashtirish, rahbariyat faoliyati va strategik rejalashtirish);
- ta’lim sifati ko‘rsatkichlari (o‘qituvchilar faoliyatining asosiy yo‘nalishlari, maktab o‘quvchilarining akademik natijalarini baholash, maktab o‘quvchilarining noakademik natijalarini baholash);
- o‘quv jarayonini tashkil etish hamda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligi (o‘quv jarayonining tashkil etilishini baholash, ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligi);
- ta’lim ta’minoti va AKT infratuzilmasi (maktabda laboratoriya tajribalari va amaliy mashg‘ulotlarni o‘tkazish imkoniyatining mavjudligi, umumta’lim muassasasida AT infratuzilmasi);
- jamoatchilik bilan hamkorlik va targ‘ibot ishlari (ota-onalar va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilganligi, targ‘ibot ishlarini yo‘lga qo‘yilganligi);
- xavfsizlik (maktab hududining kuzatuv kameralari bilan qamrab olinganligi, ta’lim muassasasida o‘quvchilar uchun xavfsiz va qulay sharoit yaratilganligi).
Ta’kidlab o‘tilganidek, mazkur nizomga ko‘ra umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari 11 yilda kamida bir marta majburiy tarzda akkreditatsiyadan o‘tkaziladi. Bu muddat esa aynan maktab direktorlari boshqaruv faoliyatini baholash uchun juda uzoq davr hisoblanadi. Chunki, ta’lim muassasalariga tayinlangan direktorlarning lavozimda ishlash muddati qonunchilikda aniq belgilanmagan.
Bu esa rahbarlik faoliyatining doimiy monitoringi va tahlilini ta’minlashga imkon bermaydi. Ta’lim muassasalarida samarali boshqaruv tizimini joriy qilishga erishish uchun esa, muntazam ravishda direktorlar boshqaruv faoliyatini baholab, tahlil qilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan aniq ko‘rsatma va tavsiyalar ishlab chiqish maqsadga muvofiqdir.
Ammo, mazkur mezonlar maktab direktorlari boshqaruv faoliyatini baholashda qo‘llaniladigan samaradorlik va sifat indikatorlarini ishlab chiqish jarayonida nazariy-metodik asos sifatida xizmat qilishi mumkin.
Bugungi kunda maktab direktorlarining boshqaruv faoliyatiga baho berishda ularning menejerlik sertifikatiga ega ekanligi asosiy ko‘rsatkichlardan biri sifatida qaralmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 25-dekabrdagi 681-son qarori bilan tasdiqlangan “Davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari direktori lavozimiga nomzodlarni menejerlik o‘quv kurslarida o‘qitish va ularga menejerlik sertifikatini berish tartibi to‘g‘risida”gi nizomda belgilangan tartibga muvofiq, nafaqat direktorlikka nomzodlar, balki amaldagi maktab direktorlari ham reja asosida 144 soatlik menejerlik kurslarida o‘qitiladi.
Ushbu kurslarni muvaffaqiyatli yakunlagan ishtirokchilar yakuniy sinovlarga jalb qilinib, natijalar asosida ularga sertifikat beriladi. Mazkur sinovlar uchun tayyorlangan test savollari va keys-topshiriqlar ta’lim tashkiloti rahbarining boshqaruv salohiyati hamda kasbiy kompetensiyalarini aniqlashga yo‘naltirilgan.
O‘quv dasturlari esa O‘zbekiston Respublikasining ta’lim sohasidagi davlat siyosati, umumiy o‘rta ta’limni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari, rahbarning mas’uliyati va o‘zgarishlarga moslashuvchanligi, jamoada ishlash hamda ota-onalar bilan samarali muloqot qilish, boshqaruv jarayonlarini tashkil etish, moliyaviy hisob-kitoblarni amalga oshirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish bo‘yicha zarur bilim, ko‘nikma va malakalarni shakllantirishni nazarda tutadi.
Shu bois, amaldagi amaliyotda maktab direktorlari boshqaruv faoliyatini baholashda menejerlik sertifikati mavjudligiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Biroq, qisqa muddatli (bir oylik) o‘quv kurslari hamda yakuniy sinovlarda qo‘llaniladigan 25 ta test savoli va bir qator keys-topshiriqlar, ayniqsa inson omili bilan bevosita bog‘liq amaliy topshiriqlar, rahbarlik faoliyatiga xolisona baho berish imkonini har doim ham bermasligi mumkin.
Shu sababli, maktab direktorlari boshqaruv faoliyatini baholashda samaradorlik va sifat indikatorlarini ishlab chiqish, maxsus reyting tizimini joriy etish va mazkur reyting ko‘rsatkichlari asosida rahbarlarga qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish maqsadga muvofiqdir.
O‘zbekiston ta’lim tizimida maktab direktorlari boshqaruv samaradorligini baholashga oid amaldagi me’yoriy-huquqiy hujjatlar tahlili shuni ko‘rsatadiki, so‘nggi yillarda bu borada bir qator muhim huquqiy asoslar yaratilgan bo‘lsa-da, mavjud tartib-taomillar rahbarlik faoliyatining barcha jihatlarini to‘liq qamrab ololmayapti.
Xususan, reyting va attestatsiya va akkreditatsiya tizimlari maktab faoliyatining umumiy natijalarini baholash imkonini bersa-da, ular rahbarlarning shaxsiy boshqaruv kompetensiyalari, menejerlik salohiyati, jamoani boshqarishdagi liderlik sifati va innovatsion yondashuvlarini aniqlashda yetarli darajada samarali emas.
Shu bois, maktab direktorlari boshqaruv faoliyatini baholashda kompleks yondashuvni joriy etish zarur. Bu orqali muntazam monitoring va reyting asosida direktorlar faoliyatini baholashning tizimini yo‘lga qo‘yilish mumkin. Bu esa ta’lim tizimida samarali boshqaruvni ta’minlash, rahbarlarning kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish va maktab ta’limi sifatini oshirishga xizmat qiladi.
Ushbu maqola “Yosh olimlar” milliy ilmiy-amaliy konferensiyasi to‘plamida nashr etilgan. Undagi ma’lumotlardan foydalanishda manba ko‘rsatish talab etiladi.
Foydalanilgan adabiyotlar
1.O‘zbekiston Respublikasining Ta’lim to‘g‘risidagi Qonuni. O‘RQ-637-son.
2.O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-maydagi “Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda uning tizimidagi tashkilotlar faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-79-son Farmoni.
3.Vazilrlar Mahkamasining 2021-yil 4-iyundagi “Umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari reytingini aniqlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 345-sonli qarori.
4.O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Zamonaviy maktab”larni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019-yil 26-noyabrdagi PQ-4537-son qarori.
5.Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi, Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining 202-yil 2025-dekabrdagi qo‘shma qarori bilan tasdiqlangan “Zamonaviy maktab”larga qo‘yiladigan talablar hamda ular asosida umumiy o‘rta ta’lim muassasalarini baholash metodikasi va tartibi.
6.Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 14-fevraldagi 91-son qarori bilan tasdiqlangan “Maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarini attestatsiyadan hamda davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi nizom.
7.Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 25-dekabrdagi 681-son qarori bilan tasdiqlangan “Davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari direktori lavozimiga nomzodlarni menejerlik o‘quv kurslarida o‘qitish va ularga menejerlik sertifikatini berish tartibi to‘g‘risida”gi nizom.
Izohlar 0
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!
Yangiliklar

Bog‘cha bolalari ommaviy zaharlandi, vazir holatni shaxsan nazoratga oldi

Gulnora Karimovaning musodara qilingan pullari qishloq maktablarini ta’mirlash uchun sarflanadi

Xorijiy til o‘qituvchilarining xursand bo‘lishiga hali erta...mi?

Ertadan o‘qituvchilar uchun bepul kinonamoyishlar boshlanadi
Mavzuga doir yangiliklar

Umumiy o‘rta ta’lim muassasalariga direktorlarni tayinlash tizimini rivojlantirish mexanizmlari
Maqolada umumiy o‘rta ta’lim muassasalari direktorlarini lavozimga tayinlash tartibining evolyutsion jarayoni tahlil qilinadi. Xususan, kuzatuv kengashlari, xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari tavsiyasi asosida direktorlarni tanlash amaliyoti va uning institutsional kamchiliklari, shuningdek Direktorlar kengashi tavsiyasi asosida nomzodlarni baholash tizimining joriy etilishi yangi mexanizm sifatida samaradorlik, shaffoflik va adolat tamoyillari ilmiy nuqtayi nazardan tahlil qilinadi.

Maktab direktorlariga menejerlik sertifikati berish tizimini takomillashtirishning zaruriy ahamiyati nimada?
Mazkur maqolada menejerlik sertifikati talabining yutuq va kamchiliklari tahlil qilinadi

Menejerlik kursida o‘qigan 379 nafar direktor sertifikat ololmadi
Matbuot anjumanida malaka oshirish tizimi, menejerlik o‘quv kurslari, shuningdek, PISA xalqaro tadqiqotiga tayyorgarlik jarayonlari haqida ma’lumotlar berildi.

Menejerlik sertifikatiga ega bo‘lgan o‘qituvchilarga ham 50 foiz ustama to‘lanadimi?
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 25-dekabrdagi 681-son qarori bilan maktab direktori lavozimiga nomzodlarni menejerlik o‘quv kurslarida o‘qitish va ularga menejerlik sertifikatini berish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlangan.
Izohingizni tahrirlang