Top.Mail.Ru
Maktabdagi barcha xodimga mukofot puli berish mumkinmi?

Maktabdagi barcha xodimga mukofot puli berish mumkinmi?

00:08 / 30.09.2025 29

Savol

1-oktyabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan pedagoglardan boshqa toifa xodimlarga ham “premiya” berish mumkinmi yoki faqat pedagoglarga mukofot berish kerakmi?


Javob

Barcha toifa xodimlarga 1-oktyabr munosabati bilan mukofot berish mumkin. Bu tashkilotning mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlariga  bog‘liq. MK 12-moddasiga ko‘ra, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlar quyidagilardan iborat:


  • jamoa kelishuvlari;


  • jamoa shartnomalari;


  • ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishuvga ko‘ra qabul qilinadigan ichki hujjatlar;


  • ichki hujjatlar, shu jumladan ish beruvchi o‘z vakolatlari doirasida yakka o‘zi qabul qiladigan yakka tartibdagi huquqiy hujjatlar.


MK 13-moddasiga ko‘ra, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda xodimlar uchun mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilanganiga nisbatan qo‘shimcha huquqlar va kafolatlar nazarda tutilishi mumkin.


MK 67-moddasiga ko‘ra, jamoa shartnomasining mazmunini va tuzilishini uning taraflari belgilaydi. Aytaylik, tashkilot jamoa shartnomasida ish beruvchi tomonidan xodimlarga belgilangan tartibda tasdiqlangan smetalarga muvofiq Mehnat kodeksining 208-moddasida nazarda tutilgan bayramlar munosabati bilan mukofotlash qo‘llaniladi deb yozilgan bo‘lsa, 9 ta bayram (ishlanmaydigan) kunlar  munosabati bilan barcha xodimlar uchun (jinsidan qat’i nazar) mukofotlash qo‘llaniladi. Ya’ni 1-oktyabr, 8-mart uchun ham barcha xodimlarga, erkak-ayol, boshqaruv xodimi-yu texnik xodimlarga, barcha-barchasiga “premiya” beriladi.


Mehnat kodeksi 34-moddasiga ko‘ra mehnat sohasidagi ijtimoiy sheriklikning asosiy prinsiplaridan biri taraflar tomonidan majburiyatlarni o‘z zimmasiga olishning ixtiyoriyligi hamda taraflar o‘z zimmasiga olayotgan majburiyatlarning haqiqiyligi va ularni bajarishning majburiyligidir.


Ish beruvchi jamoa shartnomasida ixtiyoriy ravishda majburiyatlar olganmi, demak, olingan majburiyatlarning haqiqatda bajarilishini ta’minlashi ham shart. Shuningdek, jamoa shartnomasi, jamoa kelishuvi majburiyatlarini buzganlik va bajarmaganlik  mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikning buzilishi tariqasida baholanadi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 49-moddasi (Mehnat va mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish) bo‘yicha javobgarlikka tortishga sabab bo‘ladi.


Demak, xulosa qiladigan bo‘lsak, agar tashkilotning mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarida Mehnat kodeksining 208-moddasida nazarda tutilgan bayramlar munosabati bilan mukofotlash qo‘llaniladi deb yozilgan bo‘lsa,  1-oktyabr munosabati bilan barcha xodimlarga mukofot berilishi kerak.


Aytaylik, tashkilot jamoa shartnomasi yoki boshqa ichki hujjatlarida mukofot nazarda tutilmagan bo‘lsa-chi?


Yuqorida tahlil qilganimizdek, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga nafaqat jamoa shartnomasi yoki boshqa ichki hujjatlar, balki ish beruvchi o‘z vakolatlari doirasida yakka o‘zi qabul qiladigan yakka tartibdagi huquqiy hujjatlar (buyruqlar, farmoyishlar, qarorlar MK 18-moddasi) ham kiradi.


Demak, garchi jamoa shartnomasi yoki boshqa ichki hujjatlarda mukofotlar nazarda tutilmagan bo‘lsa-da,  ish beruvchilar qonunchilikda belgilangan tartibda o‘z vakolatlari doirasida muayyan xodimga (xodimlarga) yoki jamoaga yo‘naltirilgan va bir marta qo‘llanilish uchun mo‘ljallangan yakka tartibdagi huquqiy hujjatlar — buyruqlar, farmoyishlar, qarorlar qabul qilishi mumkin. Masalan, 1-oktyabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan barcha toifadagi xodimlarni mukofotlash mumkin.

Mehnat huquqiga oid boshqa xababrlarni @mehnathuquqi Telegram kanalida ham kuzatib boring.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Mukofot puli

Ulashish