Maktab direktorligidan Prezident Administratsiyasigacha: Hilola Umarovaning karyera yo‘li
Kecha, 16-fevral kuni Prezident Administratsiyasi rahbarining ta’limni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan Hilola Umarovaning ishdan olinishi va Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti rektori lavozimiga tayinlangani ko‘pchilik uchun kutilmagan xabar bo‘ldi.
Bir vaqtlar Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabda direktor lavozimida ishlagan Hilola Umarova 2020-yilda Prezident ta’lim muassasalari agentligi direktori lavozimiga tayinlanadi va uning yuqori lavozimlardagi asosiy karyerasi ana shundan boshlandi. 2023-yilning 30-dekabrida u Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri lavozimiga tayinlanadi.
Hilola Umarovaning vazir lavozimiga tayinlanishi O‘zbekistondagi muhim o‘zgarishlar davri – adminreformaga to‘g‘ri kelib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni bilan Maktabgacha ta’limi vazirligi Xalq ta’limi vazirligiga qo‘shib yuborildi. 2023-yil 1-yanvardan boshlab esa Xalq ta’limi vazirligi boshqa nom, ya’ni Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi nomi ostida qayta tashkil etildi.
Ikki yildan ortiqroq vazir lavozimida ishlagan Umarova 2025-yil 14-iyulda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining ta’limni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Hilola Umarova 1988-yil 9-avgustda Germaniyaning Vaymer shahrida tug‘ilgan. Millati o‘zbek. U 7 yoshida ota-onasining kasbi tufayli Germaniyadan O‘zbekistonga ko‘chib kelgan va Toshkentdagi 241-umumta’lim maktabida tahsil olgan.
2010-yilda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining bakalavr bosqichini, 2013-yilda mazkur universitetning magistratura bosqichini tamomlagan. O‘zbek, rus, ingliz tillarini mukammal biladi. Uning mutaxassisligi tashqi iqtisodiy faoliyat bo‘lsa-da, ammo pedagogika sohasiga begona emas.
Xususan, u Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktabda dars bergan va shu maktabda direktorlik lavozimida ham ishlagan. Shuningdek, u o‘zi tahsil olgan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida ham dars berganligi haqida ham ma’lumotlar bor.
U 2014-yilda Toshkent shahridagi Inha universitetiga 1-toifali mutaxassis sifatida ishga kiradi. Ish faoliyatining deyarli 6 yilini aynan Inha universitetida olib borgan bo‘lib, universitetda yetakchi mutaxassis, xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari, xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i, bosh menejer hatto prorektor lavozimida ham ishlagan.
Hilola Umarova bir muddat qizlar jamoalari uchun ta’lim tanlovlarini tashkil qilib boruvchi “Technovation Girls” loyihasida koordinatorlik qilib, “Technovation Uzbekistan” dasturining bir necha loyihalarida mentorlik ham qilgan.
U 2023-yilda, Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri lavozimida faoliyat olib borayotgan davrida “Menejment” ixtisosligi bo‘yicha “Oliy ta’lim muassasalarida zamonaviy boshqaruv tizimini takomillashtirish” mavzusida dissertatsiya ishini yoqlab, iqtisodiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini, Prezident Administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari lavozimida ishlagan davrda esa pedagogika fanlari doktori (DSc) ilmiy darajasini oldi.
2025-yil 14-iyulida kutilmaganda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining ta’limni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan Hilola Umarova oradan 7 oy vaqt o‘tib, lavozimidan ozod qilindi va Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining pedagogik ta’limni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari — Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti rektori lavozimiga tayinlandi.
Hozircha Hilola Umarova nima sababdan Prezident Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari lavozimidan ozod etilgani haqida hech qanday ma’lumotlar yo‘q.
Izohlar 0
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!
Yangiliklar
Ta’limni rivojlantirish markazi direktori Prezident Administratsiyasiga ishga o‘tdi, TRMga esa boshqa rahbar tayinlandi
Hilola Umarovaning o‘rnini Ilxom Siradjev egalladi
Oliygohlarda “Eng innovatsion g‘oya” respublika tanlovi o‘tkaziladi
O‘qituvchilarga ustama tayinlashga qanday tadbir va olimpiadalar uchun ball berilishi aniq bo‘ldi
Mavzuga doir yangiliklar
Yangiliklar
Hilola Umarova o‘qituvchilarga va’da qilingan imtiyozlar haqida nima deydi?
Iqtisodchi Otabek Bakirov davlat rahbari tomonidan o‘qituvchilar bayrami kuni oldidan e’lon qilingan imtiyozlar nega haligacha joriy qilinmaganligiga e’tibor qaratdi.
Yangiliklar
Hilola Umarovaga pedagogika fanlari doktori (DSc) ilmiy darajasi berildi
U “Oliy ta’lim tashkilotlarida zamonaviy boshqaruv tizimini rivojlantirishning metodologik jarayonlari” mavzusidagi dissertatsiya ishini yoqladi.
Ta’limga oid yangi o‘zgarishlar bo‘lishi kutilmoqda
8-sentyabr kuni Prezident Administratsiyasi rahbarining ta’lim islohoti bo‘yicha o‘rinbosari Hilola Umarova Prezident Shavkat Mirziyoyevga ta’lim tizimini isloh qilish masalalari yuzasidan taqdimot qildi.
Yangiliklar
O'qituvchining oyligidan tortib, maktab formasi va maktab darsliklarigacha
Matbuot anjumanini Hilola Umarova ochib berdi
O'zbek
Izohingizni tahrirlang