Attestasiyada “xom ballar” asosida o‘qituvchilar haqida qaror chiqarish – shunchaki “lotereya”
Maktabgacha va maktab ta'limi vaziri E'zoza Karimova hamda Baholash markazi direktori Dilrabo Davidovaga ochiq murojaat.
“Endi ingliz tili o‘qituvchilari attestatsiya natijalaridan norozi, bu gal — yoppasiga”
“Ta’lim siyosatini belgilovchi shaxslar attestatsiya tizimini qanchalik oqlamasin, 2023–2025-yillar ta’lim boshqaruvida o‘qituvchilar faoliyatini adolatsiz baholagan tizim sifatida tarixda qoladi. Bugun bu haqiqatni tan olish og‘irdir, ammo vaqtlar o‘tib, bu adolatsizlik albatta tan olinadi va yuqori minbarlardan turib ular qoralanadi...”
Bunday attestatsiya tizimi pedagoglarni charchatadi, bezdiradi va ta’lim tizimiga juda katta zarar yetkazadi. Qolaversa, jamoatchilikda, ayniqsa juda katta kontingentni tashkil etadigan ta’lim tizimi xodimlari orasida sudlarning mustaqilligiga, ishlarni obyektiv, adolatli ko‘rishiga nisbatan ham ishonchsizlik paydo qiladi.
Masalan, attestatsiya bilan bog‘liq mojarolarni tahlil qilib kelayotganlar “langobardlar – vestgotlar” keysida o‘qituvchilar g‘alabasini ayrim mansabdor shaxslarning iqtidordan ketgani bilan bog‘lashmoqda, bu esa – tizim ishlamasligini, jarayonlar shaxslarga bog‘liq bo‘lib qolganini ko‘rsatadi.
O‘ylaymanki, “langobardlar – vestgotlar” keysidan keyin Baholash markazining attestatsiya jarayonlaridagi har bir qadami jamoatchilikning ham, “tepa”ning ham sinchkov nazorati ostida bo‘ladi, har qanday kichik bir xatosi ham katta rezonansga sabab bo‘ladi. Bu Baholash markazining ham, vazirlikning ham reputatsiyasiga ta’sir etmay qolmaydi. Shundan kelib chiqib, markazga va vazirlikka taklifim: modomiki attestatsiyani staff appraisal tizimiga aylantirishga imkon (balki xohish?) yo‘q ekan, hech bo‘lmasa test asosidagi tizim baholashning, testologiyaning fundamental talablariga, standartlariga javob berishiga ishonch hosil qilinmaguncha attestatsiya jarayonlarini to‘xtatib turish. Ishonaman, bundan tizim faqat yutadi. 1.O‘zi biz o‘qituvchilarda qanday ko‘nikmalarni o‘lchamoqchimiz va bu ko‘nikmalarni test orqali qanday o‘lchash mumkin, degan savolga aniq-tiniq javob bo‘lishi kerak. Amaldagi tizim o‘qituvchining xotirasini o‘lchamoqda. Maktab uchun chiqarilgan darsliklarda va markaz spetsifikatsiyaga kiritgan pedagogikaga oid kitoblarda berilgan ma’lumotlar, faktlar, atamalar, ta’riflarni, ikir-chikirlarni bilish – pedagogik mahorat o‘lchovi emas, bu orqali o‘qituvchining qay darajada yaxshi (samarali) o‘qituvchi ekanligiga baho berib bo‘lmaydi.
“Texnologiya fanida igna uchining millimetrlari savol bo‘lib tushgan”.
2.Turli malaka toifalari o‘rtasidagi farqlar aniq belgilanishi kerak. Masalan, ikkinchi toifa pedagogi birinchi toifadan, birinchi toifa oliydan qaysi kompetensiyalari bilan farq qilishi kerak? Bu kompetensiyalar testda qanday aks etadi? Hozirgi “osmondan olingan” o‘tish ballari asosida toifalarga ajratish tizimi – hech qanday ilmiy asosga ega emas. 3.Natijalarni hisoblashda yagona shkala tizimiga o‘tilishi kerak. Faqat yagona shkalaga keltirish qiyinlik darajasi har xil bo‘lgan testlarni yechgan pedagoglarni bir-biri bilan solishtirish va to‘g‘ri xulosalar chiqarish, to‘g‘ri qarorlar qabul qilish imkonini beradi. “Xom ballar” (yagona shkalaga keltirilmagan ballar) asosida o‘qituvchilar haqida qaror chiqarish – adolatsizlik va shunchaki “lotereya”. 4.Attestatsiyada ishlatiladigan test topshiriqlari bazasini shakllantirish jarayoni uchun ularning validligini ta’minlaydigan protokollar ishlab chiqilishi va bu protokollarga qat’iy amal qilinishi kerak. Test tuzadiganlar, uni ekspertiza qiladiganlar, uni bazaga kiritishga ruxsat beradiganlar qanday bilim va kompetensiyalarga ega bo‘lishi kerak? Test topshiriqlari aprobatsiyada qanday sifat ko‘rsatkichlari qayd etgan topshiriqlar (savollar) bazaga kiritiladi? Ekspertlar test topshiriqlarini shakllantirishda, ularning sifatiga baho berishda qanday parametrlarga e’tibor berishi kerak?
Duch kelgan mutaxassis darslikdagi duch kelgan jumlani testga aylantirishi yoki u yoqdan – bu yoqdan topgan savollarini bazaga kiritishi (masalan, ingliz tilidagidek) – bu respublika bo‘ylab yuz minglab pedagoglarga baho beradigan tizim uchun normal holat emas. Hatto test topshirig‘ining formal jihatdan to‘g‘riday ko‘rinishi uning validligini bildirmaydi, validlik – murakkab va ko‘p qirrali tushuncha. Validligi ta’minlanmagan testlar asosida yuz minglab pedagoglar haqida xulosalar berish, qarorlar qabul qilish – ta’lim tizimi uchun halokatli.
5.Modomiki, test jarayoni kompyuterda o‘tkazilar ekan, dasturning maksimal qulayligi ta’minlanishi kerak. Misol uchun, matn chap tomonda, unga bog‘liq savollar o‘ng tomonda joylashishi, o‘qituvchi matn va unga bog‘liq savollarni bir paytda ko‘ra olishi kerak. Qolaversa, test topshiriqlari shakllaridan to‘g‘ri foydalanish kerak, chunki har bir test topshirig‘i shaklining o‘ziga yarasha imkoniyatlari va cheklovlari bor.
Masalan, “1 – to‘g‘ri, 2 – noto‘g‘ri” shaklidagi yoki “1-c, 2-a, 3-d” tipidagi (xuddi mana bu rasmlarda ko‘rinib turganidek) javob variantlarini ishlatish, umuman, moslashtirish yoki dixotom (“to‘g‘ri-noto‘g‘ri” tipidagi) test topshiriqlarini sun’iy ravishda muqobil javobli test topshirig‘i shakliga aylantirish – testning validligiga salbiy ta’sir qiladi.
Bu haqida “Baholash nazariyasi asoslari” kitobimda batafsil yozganman va bu – shunchaki mening subyektiv fikrim emas, pedagogik o‘lchovlar sohasida ilmiy tadqiqotlar olib boradigan yirik olimlarning ilmiy asoslangan xulosalari. Kompyuter dasturi baholashning talab va maqsadlariga moslashishi kerak, teskarisi emas: test formati kompyuter dasturi imkoniyatlaridan kelib chiqib cheklanishi va validlikka putur yetkazishi kerak emas.
6.Apellyatsiyada o‘qituvchilarning bevosita ishtirok etish imkoniyati qaytarilishi kerak. Apellyatsiya shikoyati ko‘rib chiqish jarayonida o‘qituvchining (murojaatchining) bevosita ishtirokini cheklash – qonunga zid. Shuningdek, mening fikrimcha, markaz imkon qadar faqat “meniki to‘g‘ri” deydigan, kerak bo‘lsa sudlarda ham oqni qora deb turib oladigan mutaxassislardan imkon qadar tozalanib, baholashning ilmiy asoslarini, talab va standartlarini biladigan, jarayonga ilmiy yondasha oladigan mutaxassislar jalb qilishi kerak.
Umid qilamanki, vazirlik “langobardlar – vestgotlar” keysidan attestatsiya jarayonini hech bo‘lmaganda ilmiy jihatdan to‘g‘ri yo‘lga solishga turtki berish uchun unumli foydalana oladi va attestatsiya har safar vazirlik (markaz) – o‘qituvchilar qarama-qarshiligiga, stressga, mojaroga aylanmaydi. Idealda esa, o‘qituvchiga kasbiy rivojlanish borasidagi ehtiyojlarini aniqlashga va bu ehtiyojlarni qondirishga yordam beradigan tizimga o‘tishimiz kerak.
“O‘qituvchilarni attestatsiyadan o‘tkazish tizimi qayerda va nima “portlashini” hech kim bilmaydigan doimiy “porox bochkasi” bo‘lishiga chek qo‘yish uchun rag‘batlantirish va jazolash funksiyasidan ko‘ra kasbiy rivojlanish funksiyasiga ko‘proq e’tibor qaratish lozim”.
Vazirlik va markazdan ushbu murojaatda ko‘tarilgan masalalarga javoblarini (munosabatlarini) kutib qolaman. Umid qilamanki, vazirlik yoki markaz muammolar va murojaatlarni faqat Prezident portali orqali tushgandagina ko‘rmaydi.
Izohlar 14
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!
Yangiliklar
O‘qituvchilarning malaka toifasi hisobga olingan holda ustama ballari qayta hisoblanadi
Oliygoh bitiruvchilari sifati indeksida ta’lim yo‘nalishi yetakchi uchlikdan joy oldi
Maktab direktori lavozimi uchun 10 ming AQSH dollari talab qilgan MMTB xodimi qo‘lga olindi
2026-yil sentyabrga qadar maktablarga 2000 nafar “til egalari” jalb qilinadi
Mavzuga doir yangiliklar
Ta'lim siyosati
Bo‘lajak pedagoglar bilimini ikki marta baholashdan mantiq bormi?
O‘qituvchi malaka toifasi olishi uchun test topshiradi, vazir jamg‘armasi ustamasi uchun test topshiradi, qo‘shimcha ustamalar uchun test topshiradi. Endi esa navbat hali oliygohni tamomlamagan bo‘lajak pedagoglarga keldi.
Ta'lim siyosati
Bir xil test, ikki xil bosqich: vazirlik bo‘lajak o‘qituvchilar uchun yangi diagnostika tizimini tasdiqladi
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ta’lim ekspertlari va jamoatchilik tomonidan bildirilgan e’tirozlarga qaramay, hujjatni amaldagi tahririda davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.
Yangiliklar
5 ming nafardan ortiq o‘qituvchi attestatsiyasiz toifa oldi
Belgilangan talablarga javob beradigan pedagog kadrlarga malaka toifalari sinov jarayonlari o‘tkazilmasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri berilishi qayd etilgan.
Ta'lim siyosati
Bo‘lajak o‘qituvchilar bilimi tashqi diagnostikadan o‘tkazish tashabbusi bo‘yicha xavotirlar
Mazkur loyihaning qabul qilinishi pedagogik kadrlar tayyorlash sifatini oshirmaydi, balki yangi muammolar va yuridik kolliziyalarni yaratish orqali ortga tortadi.
O'zbek
Izohingizni tahrirlang