Bir yil ichida ta’lim vazirligi xizmat safarlari uchun 3 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ ishlatdi
So‘nggi yillarda ta’lim tizimini rivojlantirish, xorij tajribasini o‘rganish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish bilan bir qatorda, joylardagi holatni o‘rganish va nazoratni kuchaytirish maqsadida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan ko‘plab xizmat safarlari amalga oshirilmoqda. Bunda vazirlik nafaqat turli davlatlarga delegatsiyalar yuborib, xalqaro tajribalarni o‘rganmoqda, balki hududlarga ham muntazam ravishda chiqib, ta’lim muassasalari faoliyatini o‘rganish va monitoring qilish ishlarini olib bormoqda.
Biroq bunday safarlar uchun sarflanayotgan mablag‘lar miqdori bir qancha haqli savollarni ham tug‘dirmoqda. Bir yil davomida vazirlik tomonidan xorijiy safarlar uchun qariyb 2,5 milliard, hududiy xizmat safarlari uchun esa 875 mln so‘m mablag‘ sarflangani, bu xarajatlar qanchalik samarali yo‘naltirilgani va ular ta’lim sifatini oshirishga qanchalik xizmat qilgani hozircha noma’lum.
Ma’lumki, davlat budjetidan ijtimoiy sohalarga yo‘naltiriladigan mablag‘larning eng katta qismi ta’lim tizimiga to‘g‘ri keladi — bu ulush 45,6 foizni tashkil etadi. Xususan, 2026-yilda umumiy o‘rta ta’lim xarajatlari 63,7 trillion so‘mni yoki davlat budjeti jami xarajatlarining 15,8 foizini tashkil etmoqda. Bu esa Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi davlat budjetidan eng katta mablag‘ oluvchi sohalardan biri ekanini ko‘rsatadi.
Xo‘sh, bu mablag‘lar qanchalik to‘g‘ri sarflanmoqda? Maktablarda o‘quvchi o‘rni yetishmovchiligi, infratuzilma muammolari va pedagoglarning ish haqi bilan bog‘liq masalalar hali ham dolzarbligicha qolayotgan bir paytda, sanoqsiz xizmat safarlari uchun yo‘naltirilayotgan mablag‘larning qanchalik maqsadli sarflangani haqli savollarni tug‘dirmoqda.
Masalan, 2025-yilda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan turli xil konferensiya va forumlarda ishtirok etish uchun jami 120 marotaba xizmat safarlari amalga oshirilgan.
Mazkur xorijiy xizmat safarlari uchun 2 mlrd 447 mln 800 ming so‘m mablag‘ sarflangan. Ya’ni, bir safarning o‘rtacha qiymati qariyb 20,4 mln so‘mni tashkil etgan. Ayrim safarlar bundan ancha arzon bo‘lgan bo‘lsa, ayrimlari 10 million so‘mdan oshiqroqqa tushgan.
Bu raqamlar Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining xizmat safarlari bilan bog‘liq xarajatlari bilan solishtirganda farq yanada yaqqol ko‘rinadi. Xususan, ushbu vazirlikning bir yillik xizmat safari xarajatlari 1 mlrd 420 mln 779 so‘mni tashkil etgan.
Raqamlar shuni ko‘rsatadiki, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan sarflangan mablag‘ Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi sarflagan mablag‘dan 1 mlrd 27 mln so‘mga ko‘p.
Xizmat safarlari amalga oshirilgan mamlakatlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, vazirlik xodimlari 2025-yilda 20 dan ortiq davlatlarga yuborilgan. Eng ko‘p mablag‘ Fransiyaga xizmat safariga yo‘naltirilgan bo‘lib, ushbu davlatga amalga oshirilgan 15 ta safar uchun jami 427 mln so‘mdan ortiq mablag‘ sarflangan. Keyingi o‘rinlarda Xitoy, Turkiya, Buyuk Britaniya, Saudiya Arabistoni va Filippin turadi.
Shu bilan birga, ayrim xizmat safarlari uchun sarflangan mablag‘lar o‘rtacha ko‘rsatkichdan bir necha baravar yuqori bo‘lgan. Masalan, Braziliyaga amalga oshirilgan bitta safar uchun 85 mln so‘mdan ortiq mablag‘ sarflangan. Sobiq vazir Hilola Umarovaning Londonga qilgan safari esa 78 mln so‘mdan ortiq mablag‘ni tashkil etgan. AQSH yo‘nalishidagi ayrim safarlar ham 70 million so‘mdan ortiqqa tushgan.
Shuningdek, ayrim xodimlar uchun bir necha marotaba xizmat safari tashkil etilgan. Masalan, bir yil ichida vazirlikning Xalqaro aloqalar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Abdulxayev Azimjon Nodirjon o‘g‘li uchun taxminan 225 mln so‘m, Strategik rivojlantirish va xalqaro reytinglar boshqarmasi boshlig‘i Raxmatillayev Oyattillo Zikrillayevich uchun 200 mln so‘mga yaqin, sobiq vazir Hilola Umarova uchun ham 200 mln so‘mga yaqin mablag‘ sarflangan.
Boshqa tomondan, ayrim safarlar juda kam mablag‘ sarflangani bilan ajralib turadi. Ayrim xodimlarning safarlari uchun 3–6 mln so‘m atrofida mablag‘ sarflangan bo‘lsa, ular orasida atigi 747 ming so‘m mablag‘ sarflanganlari ham bor. Bu esa bir xil maqsaddagi safarlar orasida ham xarajatlar keskin farqlar borligini ko‘rsatadi.
Xarajatlar tarkibiga qaralganda, eng katta ulushni asosan transport va mehmonxona xarajatlari tashkil etgan. Ayrim safarlarda aviachipta va yashash xarajatlari umumiy summaning katta qismini egallagan.
Umumiy hisobda vazirlik tomonidan o‘tgan 2025-yilda jami 24 ta — Fransiya, Yaponiya, Italiya, Saudiya Arabistoni, Xitoy, Buyuk Britaniya, Shveysariya, Irlandiya, Belorussiya, Turkiya, Rossiya, Janubiy Koreya, Germaniya, AQSh, Qozog‘iston, Vengriya, Chili, Ozarbayjon, Hindiston, Braziliya, BAA, Qatar, Moldava hamda Filippin kabi davlatlarga xizmat safarlari uyushtirilgan.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi delegatsiyalari xorijiy safarlar davomida asosan turli xalqaro forum, konferensiya va uchrashuvlarda ishtirok etgan. Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, bu safarlar asosan ta’lim sohasidagi xorijiy tajribani o‘rganish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va grant mablag‘larini jalb qilish maqsadida amalga oshirilgan.
Masalan, fevral oyida Yaponiyaga amalga oshirilgan xizmat safari davomida ushbu davlat tajribasini o‘rganish, o‘zaro hamkorlik loyihalarini yo‘lga qo‘yish, xalqaro mezonlar asosida ilmiy tadqiqotlar olib borish hamda ta’limda samaradorlikni oshirish masalalari bo‘yicha muzokaralar olib borilgan.
Mart oyida esa sobiq vazir Hilola Umarova boshchiligidagi delegatsiya Italiyada bo‘lib, xorijiy tashkilot tomonidan o‘qituvchilar malakasini oshirish uchun grant mablag‘lari ajratilishi bo‘yicha kelishuvga erishilgani ma’lum qilingan.
Yanvar oyida vazirlik delegatsiyasi Urumchi shahrida bo‘lib o‘tgan Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari ta’lim sohasi vakillari yig‘ilishida qatnashgan. Mazkur uchrashuvda mintaqaviy hamkorlik, ta’lim almashinuvi va qo‘shma loyihalar masalalari muhokama qilingan.
May oyida esa delegatsiya Londonda o‘tkazilgan Butunjahon ta’lim forumida ishtirok etgan.Shuningdek, Xitoyning Uxan shahrida bo‘lib o‘tgan Butunjahon raqamli ta’lim konferensiyasida ham vazirlik delegatsiyasi qatnashgan. Ushbu tadbir doirasida ta’limni raqamlashtirish, sun’iy intellekt, masofaviy ta’lim va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilingan.
Iyun oyida esa vazirlik delegatsiyasi Turkiyada bo‘lib, TETZ 2025 tadbirida ishtirok etgan. Unda vazir o‘rinbosari Farhod Boqiyev Djalile Eren Okten bilan uchrashib, ta’lim texnologiyalarini joriy etish, ta’lim sohasidagi o‘zaro hamkorlikni kengaytirish va istiqbolli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qilgan.
Bundan ko‘rinadiki, vazirlik xorijiy safarlarni asosan ta’lim sohasidagi yangi tajribalarni o‘rganish, grantlarni jalb qilish va xalqaro aloqalarni mustahkamlash bilan izohlamoqda. Biroq ushbu safarlar natijasida aynan qancha grant mablag‘i jalb qilingani, qanday loyihalar bo‘yicha haqiqatdan ham ish boshlangani va ular ta’lim sifatiga qay darajada ta’sir ko‘rsatgani haqida ma’lumotlar yetarli emas.
Hududiy xizmat safarlari uchun 875 mln so‘m
2025-yilda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan hududlarga ham xizmat safarlari amalga oshirilgan bo‘lib, buning uchun jami 875 mln 761 ming 422 so‘m mablag‘ sarflangan.
Bunda vazirlik tomonidan hududlarga jami 383 ta xizmat safarlari amalga oshirilgan. Ya’ni, deyarli har kuni kamida bittadan, ayrim kunlari esa bittadan ko‘proq xizmat safari tashkil etilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, xizmat safarlarining mutlaq qismi “o‘rganish” maqsadida amalga oshirilgan bo‘lib, vazirlik xodimlari hududlarga borib, joylardagi ta’lim muassasalari faoliyatini monitoring qilish va tahlil qilish bilan shug‘ullangan.
Bu raqamlar Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xarajatlari bilan solishtirilganda, mazkur vazirlik tomonidan o‘tgan 2025-yilda 80 ta mahalliy xizmat safarlari uchun 183 mln 167 ming so‘m, ya’ni Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga nisbatan 692 mln so‘m kam mablag‘ sarflanganligini ko‘rishimiz mumkin.
Xizmat safarlari uchun xarajatlar tarkibi tahlil qilinganda, eng katta ulushni turar joy va transport xarajatlari egallagan. Ko‘plab safarlarda mehmonxona va yo‘l xarajatlari umumiy summaning asosiy qismini tashkil etgani kuzatiladi. Kunlik xarajatlar esa nisbatan barqaror — asosan 37 ming so‘mdan 900 ming so‘mgacha miqdorni tashkil etgan.
Moliyalashtirish manbalariga qaralganda, safarlarning bir qismi to‘g‘ridan-to‘g‘ri budjet mablag‘lari hisobidan amalga oshirilgan bo‘lsa, bir qismi esa “budjetdan tashqari mablag‘lar” hisobidan qoplangan. Umuman olganda, vazirlik tomonidan bir yil davomida xorij safarlari uchun qariyb 2,5 mlrd so‘m, hududiy safarlar uchun esa 875 mln so‘mdan ortiq mablag‘ sarflangan. Ya’ni xizmat safarlariga yo‘naltirilgan umumiy mablag‘ 3,3 mlrd so‘mga yaqin mablag‘ni tashkil etgan.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, xizmat safarlari hajmi va ularga yo‘naltirilgan mablag‘lar miqdori vazirlik faoliyatida odatiy holga aylanib qolganligini ko‘rsatadi. Biroq aynan shu yerda eng muhim savollar paydo bo‘ladi.
Tizimli muammolar hanuz dolzarbligicha qolayotgan bir paytda, xorijda o‘tkazilayotgan sanoqsiz forum va konferensiyalarda ishtirok etish amalda qanday natija bermoqda? Bu safarlar real islohotlar uchun xizmat qilyaptimi yoki ular ko‘proq xorijiy mamlakat va tashkilotlar uchun faol ishlayotgandek ko‘rinish uchun qilinayotgan harakatlarmi?
Xuddi shunday, hududlarga deyarli har kuni amalga oshirilayotgan xizmat safarlari ham alohida savol tug‘diradi. Agar vazirlik xodimlari joylardagi muammolarni o‘rganish uchun muntazam ravishda hududlarga chiqishga majbur bo‘layotgan bo‘lsa, unda hududiy maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmalari tizimdagi muammolarni mustaqil hal qila olmayapti degan xulosaga kelish mumkinmi? Yoki bu safarlar aslida joylardagi boshqaruv tizimining zaifligini yopishga xizmat qilyaptimi?
Eng asosiysi, bir yil ichida xizmat safarlariga 3 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ sarflanishi qanchalik o‘zini oqlaydi? Bu mablag‘lar to‘g‘ridan-to‘g‘ri maktablarga yo‘naltirilganida, tizim uchun ko‘proq natija bermasmidi?
Ta’lim tizimi uchun xizmat safarlari emas, ularning natijasi muhim. Agar natijalar o‘lchab bo‘ladigan shaklda ko‘rinmasa, u holda safarlar soni emas, balki ularning zarurati va samaradorligi qayta ko‘rib chiqilishi kerak bo‘ladi.
Izohlar 2
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!
Yangiliklar
Farg‘onada ikki nafar voyaga yetmagan bola suvda cho‘kib, vafot etdi
3 ta maktab jamoasiga “Damas” va pul mukofotlari berildi
Attestatsiya test sinovlari o‘tkaziladigan sanalar va manzillar belgilandi
Xususiy fan olimpiadalarini o‘tkazishga cheklov qo‘yiladimi?
Mavzuga doir yangiliklar
Yangiliklar
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan 2025-yilda qanday ishlar amalga oshirildi?
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi 2025-yilda amalga oshirilgan ishlar haqidagi sarhisoblarni e’lon qildi.
Yangiliklar
Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari lavozimi haligacha bo‘sh qolmoqda
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining pedagogik ta’limni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi 4 oydan buyon bo‘sh qolmoqda.
Maqola
Ta’limga oid hujjatlar vazirlik ‘‘seyfidami’’?
Biz ko‘taradigan muammoning ko‘lami keng, lekin buni vazirlik hali-beri his qilmaydiganga o‘xshaydi. Chunki, tizim katta, vazirlik esa muammolar ildizini mutlaqo boshqa joydan qidirib yurgan bo‘lishi ham ehtimoldan holi emas.
Maktabgacha ta'lim
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga parlament so‘rovi yuborildi
Maktabgacha ta’lim agentligi direktori Agrippina Shinga parlament so‘rovi yuborildi
O'zbek
Izohingizni tahrirlang