Top.Mail.Ru
Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari lavozimi haligacha bo‘sh qolmoqda

Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari lavozimi haligacha bo‘sh qolmoqda

13:34 / 09.12.2025 483

Hozirgi kunda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimida bir qancha tashkilotlar hamda oliy ta’lim muassasalari mavjud bo‘lib, ularning ayrimlarida rahbarlik lavozimi ancha muddatdan buyon bo‘sh qolmoqda.


Masalan, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining pedagogik ta’limni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari — Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti rektori lavozimi 4 oydan buyon bo‘sh qolmoqda.


Universitet rektorining maqomi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 28-apreldagi “Pedagog kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni bilan vazir o‘rinbosari lavozimiga tenglashtirilgandi. Joriy yilning 7-may kuni esa Karimova E’zoza Gapirjоnovna mazkur lavozimga tayinlangandi.


2025-yil 31-iyulda esa E’zoza Karomova Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri lavozimiga tayinlangach, O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti rektori lavozimidan ozod qilingandi.


2025-yil 31-iyuldan buyon esa Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining pedagogik ta’limni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari — Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti rektori lavozimi vakant bo‘lib qolmoqda. Ushbu lavozimga nega nomzodlar ko‘rib chiqilmayotgani esa noma’lum.


Bir yildan buyon vakant qolayotgan lavozim


Respublika ta’lim markazi ham Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi tashkilotlardan biri hisoblanadi.


Respublika ta’lim markazining avvalgi direktori Shuhrat Sattorov lavozimidan ozod etilgach, markaz direktori lavozimiga ancha vaqt hech kim tayinlanmadi.


2024-yil 12-fevral kuni Sirdaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan Sherzod Xudaykulov Respublika ta’lim markazi direktori lavozimiga tayinlanadi.


Ammo, oradan deyarli bir yil o‘tib Sherzod Xudaykulov egallab turgan lavozimidan ozod qilinadi va shu vaqtdan buyon Respublika ta’lim markazi direktori lavozimi vakant qolmoqda.


Vazirlik markaziy apparatidagi vakant lavozimlar


Hozirgi kunda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining markaziy apparatida ham quyidagi vakant lavozimlar mavjud:


  • Vazirning ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi;


  • Yuridik bo‘limi boshlig‘i;


  • Ta’lim tashkilotlarini davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish bo‘limi boshlig‘i;


  • Maktabdan tashqari ta’limni tashkil etish bo‘limi boshlig‘i.


Vazirlikning tegishli bo‘linmalaridagi vakansiyalar


  • Moliya-iqtisod departament direktori o‘rinbosari;


  • Umumiy o‘rta ta’lim va maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ish haqini moliyalashtirish boshqarmasi boshlig‘i;


  • Oliy ta’lim va malaka oshirish tashkilotlarini moliyalashtirish bo‘limi boshlig‘i;


  • Davlat xususiy sheriklikni muvofiqlashtirish boshqarmasi bosh mutaxassisi;


  • Budjet dasturlarini shakllantirish, monitoring qilish, ularning ijrosini muvofiqlashtirish va axborot-tahlil bo‘limi bosh mutaxassisi.


Ma’lumot uchun: Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimiga tegishli vakansiyalar haqidagi malumotlar vazirlikning rasmiy sayti hamda Davlat fuqarolik xizmati vakant lavozimlarining yagona ochiq portalidan olindi.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • vazirlik

Ulashish