O‘zbekistondagi maktab imtihonlari xorijlik o‘qituvchilar tomonidan tanqid qilindi
Ijtimoiy tarmoqlarda xorijlik o‘qituvchilardan biri O‘zbekistondagi maktablarda o‘zi kuzatgan holat haqida post yozib qoldirdi. Uning aytishicha, o‘zbekistonlik o‘qituvchilar test topshiriqlarining javoblarini doskaga yozib berib, o‘quvchilardan ularni ko‘chirib olishni so‘ragan.
Muallifni ajablantirgan jihat shundaki, aynan shu o‘qituvchilar keyinchalik xorijlik pedagoglarning dars o‘tish uslubi va kasbiy faoliyatini baholash jarayonlarida ham ishtirok etadi.
“Maktabgacha va maktab ta’limi tizimidagi mahalliy o‘qituvchilarning test vaqtida savollar javoblarini doskaga yozib, o‘quvchilardan ularni javoblar varag‘iga ko‘chirib qo‘yishni talab qilishi normal holatmi?
Qizig‘i shundaki, aynan shu o‘qituvchilardan keyinchalik xorijlik pedagoglarning dars o‘tish uslubi va pedagogik mahoratini baholash so‘raladi. Shubhasiz, men O‘zbekistonni yaxshi ko‘raman va o‘zbek xalqiga hamda madaniyatiga katta hurmat bilan qarayman.
Bu fikrlarim bilan butun tizimni yoki xalqni emas, balki xorijlik o‘qituvchilar faoliyati uchun mas'ul bo‘lgan va o‘z vazifasini lozim darajada bajarmayotgan bir rahbarning faoliyatini tanqid qilmoqdaman”, - deya post yozib qoldirgan, xorijlik pedagog.
Post ostidagi izohlarda esa xorijlik pedagoglar o‘zlari guvoh bo‘lgan holatlar va O‘zbekiston maktablaridagi yakuniy imtihonlar aslida qanday o‘tishi haqidagi qarashlari bilan o‘rtoqlashdi.
“Bu normal holat emas. Men O‘zbekistonda ulg‘ayganman va fizika o‘qituvchimiz ham xuddi shunday qilardi. Ehtimol, shuning uchun ham bugungi kunda fizikadan deyarli hech narsa bilmayman”, - deb yozadi u.
Shuningdek, izohlarda ayrim maktablarda bu kabi holatlar odatiy tus olgani, xorijlik va mahalliy o‘qituvchilar o‘rtasidagi munosabatlarga oid fikrlar ham bildirildi.
“Menimcha, bu holat ayrim maktablarda odatiy holga aylangan. Albatta, barcha mahalliy o‘qituvchilar haqida bunday deyish to‘g‘ri emas. Biroq ayrim hollarda xorijlik o‘qituvchilarning maoshi yuqoriroq bo‘lgani sababli hasad qilishlari ham mumkin. Ba’zi hamkor o‘qituvchilar esa dars jarayonida yordam berish o‘rniga telefoniga qarab o‘tiradi.
Bugungi kunda hatto boshlang‘ich sinf o‘quvchilari ham test savollarini suratga olib, javoblarni ChatGPT orqali topa oladi. Shunday muammolar ko‘zga tashlanib turgan bir paytda, xorijlik o‘qituvchilarning faoliyati qanday mezonlar asosida baholanayotgani qiziq. Vazirlik bularni qanchalik nazorat qilmoqda degan savol ham bor”, - deya fikr bildirgan yana bir foydalanuvchi.
Muhokama ishtirokchilaridan biri esa vaziyatni quyidagicha izohlagan.
“Do‘stlar, bir gap aytaymi? O‘qituvchilar yuqori sinf o‘quvchilari uchun javoblarni doskaga yozib qo‘yishadi, lekin o‘quvchilar ularni ko‘chirib olishga ham erinadi. Buning ustiga, ruchkam yo‘q deb o‘zaro tortishib qolishadi va qizlardan doskadagi javoblarni ko‘chirib berishni ham so‘rashadi”, — deb yozgan u.
Umuman olganda, xorijlik pedagog umumiy o‘rta ta’lim muassasalaridagi o‘tkaziladigan bosqichli imtihonlar va o‘quvchilar bilimini baholash jarayonida muammolar borligini ko‘rsatib bergan. Ehtimol, bu holat mezonlarga asoslangan yangi baholash tizimining amaldagi holatini aks ettirgan bo‘lishi ham mumkin.
Lekin pedagogning bu e’tirozi ayni bir baholash tizimiga nisbatan emas, balki baholash natijalarining qanchalik xolis va ishonchli ekanligi masalasiga ham qaratilgan. Chunki test topshiriqlari javoblarini doskaga yozib berilishi, o‘quvchilarning bir-biridan ko‘chirishi, telefon yoki internetdan foydalanishi, javoblarning oldindan tarqalib ketishi kabi holatlar baholashning asl maqsadiga mutlaqo zid hisoblanadi.
Aslida bu muammo faqat xorijlik pedagog tomonidan ko‘tarilayotgani yo‘q. Ijtimoiy tarmoqlarda mahalliy o‘qituvchilar tomonidan yozib qoldirilayotgan izohlar ham mazkur masala kengroq tus olganligini ko‘rsatmoqda.
Ma’lumki, O‘zbekistonda 2023/2024-o‘quv yilidan boshlab 500 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘qitish va bilimni baholashning yangi tartibi joriy etildi, 2024-2025-o‘quv yilidan boshlab esa mazkur maktablarning har biriga 2 tadan maktab biriktirilib, yangi tizimning qamrovi 1 500 taga yetkazildi.
Hozirgi kunda yangi baholash tizimi 3 434 ta maktabni qamrab olgan bo‘lib, kelgusi o‘quv yilidan boshlab ushbu ko‘rsatkichni 4500 taga yetkazish rejalashtirilgan. Vazirlik mazkur yangi baholash tizimi orqali mamlakatning barcha hududidagi o‘quvchilar bilimini bir xil mezon asosida xolis baholashni maqsad qilgan.
Aslida, mezonlarga asoslangan baholash tizimini joriy etishdan ko‘zlangan asosiy maqsadlardan biri o‘quvchilar bilimini xolis baholash hamda olingan natijalar asosida ularning o‘zlashtirish darajasi haqida valid ma’lumotlar olish edi. Biroq bugun o‘qituvchilar va jamoatchilik tomonidan bildirilayotgan e’tirozlar ushbu tizim kutilgan natijani bera olmaganini ko‘rsatmoqda.
Negagi, ayni vaqtda ham bu mavzu muhokamalar markazida turibdi. Xususan, bloger va pedagog Isroil Tillaboyev tomonidan yangi baholash tizimi haqida e’lon qilingan video ostida ham yuzlab mahalliy o‘qituvchilar o‘z fikrlarini bildirib, amaldagi baholash tizimiga nisbatan tanqidiy munosabatlarini bildirgandi.
Izohlarda eng ko‘p takrorlangan e’tirozlardan biri BSB va ChSB topshiriqlarining javoblari internet va Telegram kanallarida oldindan tarqalib ketayotgani bilan bog‘liq.
“O‘quvchilar javoblarni bir kun oldin yodlab keladi”, - deb yozadi pedagoglardan biri.
Yana bir o‘qituvchi esa internet qidiruv tizimlari orqali BSB va ChSB javoblarini osongina topish mumkinligini, shu sababli baholashning asl maqsadi yo‘qolib borayotganini ta’kidlagan.
Ayrim pedagoglar bu holat o‘quvchilarda bilim olish emas, shunchaki testlarni yodlab olish ko‘nikmasini shakllantirayotganini aytgan. Ularning fikricha, buning natijasida bilim darajasi past o‘quvchilar ham yuqori baho olmoqda, bilimli o‘quvchilarning natijalari haqiqiy holatni aks ettirmayapti.
Izohlarda o‘qituvchilarning ish yuklamasi masalasi ham ko‘p bora tilga olingan. Bir pedagog 15 ta sinfda dars berishini, qariyb 500 nafar o‘quvchining ishlarini tekshirish, tahlil qilish va elektron tizimlarga kiritish uchun katta vaqt sarflanishini yozgan.
Boshqa bir o‘qituvchi esa so‘nggi yillarda ta’limga joriy etilgan yangiliklar ta’lim sifatini oshirishdan ko‘ra qog‘ozbozlik va hisobotlarni ko‘paytirganini ta’kidlagan. Ayrim izohlarda BSB va ChSB tizimini butunlay bekor qilish kerakligi haqidagi fikrlar ham uchraydi. Boshqalar esa tizimni bekor qilish emas, balki uni qayta ko‘rib chiqish va takomillashtirish zarurligini ta’kidlamoqda.
Albatta, ijtimoiy tarmoqlardagi fikrlar masalaning to‘liq manzarasini aks ettirmasligi mumkin. Biroq, xorijlik o‘qituvchi tomonidan ko‘tarilgan masala va mahalliy pedagoglar tomonidan bildirilayotgan e’tirozlar ayni bir nuqtada kesishayotgani tizim noto‘g‘ri ishlayotganidan darak bermoqda.
Agar o‘quvchilar javoblarni internetdan topayotgan bo‘lsa, test natijalari xolis, ishonchli, valid ma’lumotlarni bermayotgan bo‘lsa yoki pedagoglar o‘quvchilar bilimini baholashdan ko‘ra ko‘proq hisobotlar bilan shug‘ullanayotgan bo‘lsa, unda bu tizim chuqur tahlillarga muhtoj degan xulosaga kelish mumkin.
Xo‘sh, Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi bu borada qanday fikrda? BSB va ChSB topshiriqlari javoblarining internetda tarqalishi bo‘yicha monitoring olib boriladimi? Baholash jarayonlarining shaffofligini ta’minlash uchun qanday choralar ko‘rmoqchi? Qog‘ozbozlikning odini olish bo‘yicha-chi?
Bu savollarga beriladigan javoblar nafaqat o‘qituvchilar, balki millionlab o‘quvchilar va ota-onalar uchun ham muhimdir.
Izohlar 42
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!
Yangiliklar
Xususiy ta’lim tashkilotlari “xavf darajasi” bo‘yicha baholanadi
O‘zbekistonning ayrim oliygohlarida bir nafar professor-o‘qituvchiga 200 nafardan ortiq talaba to‘g‘ri kelmoqda
Ayol pedagoglar uchun voleybol o‘tkazilib, g‘oliblarga “Damas” avtomobili va 150 mln so‘mgacha pul beriladi
Pedagog xodimlarga moddiy yordam belgilashda shifokor xulosasi olinadi va hisobchi bilan kelishiladi — MMTV
Mavzuga doir yangiliklar
Yangiliklar
Fan olimpiadasi testlari tarqalishiga sababchi bo‘lganlar javobgarlikka tortiladi
Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi holat bo‘yicha rasmiy bayonot berib, test savollari tarqalishiga sababchi shaxslar aniqlanayotganligi hamda ular amaldagi qonunchilik doirasida javobgarlikka tortilishini ma’lum qildi.
Yangiliklar
Fan olimpiadasi testlari sotilgani aytilmoqda
Olimpiada ishtirokchilari uchun tuzilgan test savollari ertalab soat 7.00 da ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib ketgan. Ayrim pedagoglarning aytishicha, mazkur test savollari 14-oktyabr kuni ertalab 800 ming so‘mdan sotilgan.
Yangiliklar
O‘zbekiston Xalqaro biologiya olimpiadasidan chetlatildi
O‘zbekiston IBOga a’zo davlatlar ro‘yxatidan ham chiqarib yuborildi.
Maktablardagi yangi baholash tizimini bekor qilish haqidagi petitsiyaga 10 mingdan ortiq ovoz yig‘ildi
Jamoaviy murojaatga ovoz berish uchun hali 63 kun qolgan bo‘lishiga qaramay, u 10 mingdan ortiq ovoz yig‘ishga ulgurdi. Ammo ushbu petitsiyaga qarshi ovoz berganlar ham yo‘q emas.
O'zbek
Izohingizni tahrirlang