Top.Mail.Ru
O‘zbekistonning ayrim oliygohlarida bir nafar professor-o‘qituvchiga 200 nafardan ortiq talaba to‘g‘ri kelmoqda

O‘zbekistonning ayrim oliygohlarida bir nafar professor-o‘qituvchiga 200 nafardan ortiq talaba to‘g‘ri kelmoqda

16:41 / 06.07.2026 60

Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi tomonidan oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilar bilan ta’minlanganlik darajasi organildi. Bu haqda Agentlik Axborot xizmati rahbari Laylo Rustamova xabar berdi. Tahlil natijalariga ko‘ra, ayrim oliygohlarda bir nafar professor-o‘qituvchiga to‘g‘ri keladigan talabalar soni belgilangan me’yorlardan bir necha barobar yuqori ekanligi aniqlandi.


2026-yil iyun holatiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi oliy ta‘lim tashkilotlarida 1 605 028 nafar talaba tahsil olmoqda hamda 61 088 nafar professor-o‘qituvchi faoliyat yuritmoqda. Respublika bo‘yicha bir nafar professor-o‘qituvchiga o‘rtacha 30,3 nafar talaba to‘g‘ri keladi. 


Talabalar va professor-o‘qituvchilar o‘rtasidagi eng qulay nisbat davlat oliygohlarida kuzatilgan. Bunda bir nafar professor-o‘qituvchiga o‘rtacha 19,1 nafar talaba to‘g‘ri kelmoqda. Davlat oliygohlari esa jami talabalarning 59,2 foizini qamrab olgan. Xorijiy oliygohlar filiallarida ushbu ko‘rsatkich bir nafar professor-o‘qituvchiga 32,9 nafar talabani tashkil etmoqda.


Eng yuqori ko‘rsatkich oliy ta’limning nodavlat sektorida qayd etilgan. 615,1 ming nafar talaba, ya’ni mamlakat umumiy talabalar kontingentining 38,3 foizi tahsil olayotgan ushbu sektorda 10,6 ming nafar professor-o‘qituvchi mavjud. Bu esa har bir professor-o‘qituvchiga 55,3 nafar talaba to‘g‘ri kelayotgani anglatadi.


Xususan, ba’zi oliygohlarda bir nafar professor-o‘qituvchiga 100 nafardan, ba’zi hollarda 200 dan ortiq talaba to‘g‘ri kelmoqda. Jumladan, bir nafar professor-o‘qituvchiga Toshkent iqtisodiyot va pedagogika universitetida — 236,6 nafar, IT Park universitetida — 244 nafar, Singapur menejmentni rivojlantirish institutida — 140,1 nafar, International School of Finance and Technology'da — 133,8 nafar, “Millat umidi” universitetida — 127,3 nafar talaba to‘g‘ri kelgan.


E’tiborli jihati, ayrim oliy ta’lim tashkilotlarida asosiy ish joyi bo‘yicha professor-o‘qituvchilar tarkibi mutlaqo mavjud emas yoki juda kam sonda qayd etilgan. 


Xususan, Webster University, Riga Nordic University va Gerasimov nomidagi VGIK (filial)da YaMMT maʼlumotlariga ko‘ra asosiy ish joyida o‘qituvchilar mavjud emas. Mazkur oliy ta‘lim tashkilotlarida shtatdagi professor-o‘qituvchilar sonining pastligi fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida jalb etilgan pedagog xodimlar ulushining yuqoriligi bilan izohlanishi mumkinligi aytilgan. 


Shu bilan birga, professor-o‘qituvchilar kadrlarini mehnat munosabatlarini rasmiylashtirmasdan taʼlim faoliyatiga jalb etish O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligi talablariga zid kelishi alohida qayd etilgan.


Hududiy tahlillar professor-o‘qituvchilar bilan ta‘minlanganlik ko‘rsatkichlarida sezilarli  tafovutlar mavjudligini ko‘rsatgan. Bunda eng yuqori ko‘rsatkich Qashqadaryo viloyatida qayd etilgan bo‘lib, bu yerda bir nafar professor-o‘qituvchiga 50,4 nafar talaba to‘g‘ri keladi. 


Shuningdek, Toshkent viloyatida mazkur ko‘rsatkich 42,9 nafarni, Buxoro viloyatida 39,6 nafarni va Toshkent shahrida 37,7 nafarni tashkil etadi.


Eng past ko‘rsatkich Qoraqalpog‘iston Respublikasida kuzatilib, bir nafar professor o‘qituvchiga 17,3 nafar talaba to‘g‘ri keladi. Samarqand viloyatida ushbu ko‘rsatkich 20,4 nafarni, Jizzax viloyatida esa 20,8 nafarni tashkil etadi. 


Ko‘rsatkichning eng yuqori va eng past qiymatlari o‘rtasidagi farq 33,1 nafar talabani tashkil  etib, bu mamlakat hududlari kesimida oliy taʼlim tizimining professor-o‘qituvchilar tarkibi bilan taʼminlanganlik darajasida sezilarli nomutanosibliklar mavjudligini ko‘rsatadi.


Umumiy hisobda oliy taʼlim tizimida bitta o‘qituvchiga o‘rtacha 30,3 talaba to‘g‘ri keladi, kontingentning umumiy soni 1,6 mln talaba va 61,1 ming professor-o‘qituvchini tashkil etadi. 


Bunda o‘qituvchilarga eng yuqori yuklama nodavlat sektorida kuzatilib, unda bir nafar professor-o‘qituvchiga 55,3 nafar talaba to‘g‘ri keladi, bu davlat oliy taʼlim tashkilotlari ko‘rsatkichidan deyarli uch barobar yuqori (19,1). Shu bilan birga, nodavlat oliy taʼlim tashkilotlari mamlakat talabalarining 38,3% ni jamlab, professor-o‘qituvchilar tarkibi umumiy sonining 17,3% ga ega. 


Endilikda mazkur ko‘rsatkich bo‘yicha anomal qiymatlarni namoyon etayotgan oliy taʼlim tashkilotlari Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi tomonidan qo‘shimcha ravishda o‘rganiladi. Bunda amaldagi qonunchilik va litsenziya talablariga rioya etilishi holati tahlil qilinadi hamda zarur asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda navbatdan tashqari kompleks akkreditatsiyani o‘tkazish masalasi ko‘rib chiqiladi. 

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Oliy ta'lim

Ulashish