Oliygoh bitiruvchilarining bandlik darajasi haqidagi tahlillar e’lon qilindi
Bugun Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi tomonidan “Bitiruvchi sifati indeksi natijalari”ga bag‘ishlangan matbuot anjumanida umumiy tahlil natijalari e’lon qilindi. Bunda 249 432 nafar bitiruvchining natijalari respublika miqyosidagi 170 ta oliy taʼlim tashkiloti boʻyicha bo‘yicha tahlil qilingan.
Tahlil doirasida bitiruvchilarning mehnat bozoriga chiqishi uchun qancha vaqt talab etilishi, ularning qaysi qismi barqaror bandligini saqlab qolishi va oʻrtacha rasmiy daromadlari qanday ekani oʻrganilgan.
Respublika boʻyicha bitiruvchilarning ishga joylashishi uchun ketgan oʻrtacha muddat 3 oy 5 kunni tashkil etdi. Oliy taʼlim tashkilotlari mulkchilik shakli kesimida ham farqlar kuzatildi. Nodavlat oliy taʼlim tashkilotlari bitiruvchilari oʻrtacha 2 oy 10 kunda, davlat oliy taʼlim tashkilotlari bitiruvchilari 2 oy 29 kunda, xorijiy universitetlar filiallari bitiruvchilari esa 3 oy 20 kunda ishga joylashgan.
Soʻnggi olti oy davomida barqaror band boʻlgan bitiruvchilarning respublika boʻyicha oʻrtacha ulushi 42,9 foizni tashkil etdi. Mulkchilik shakllari kesimida eng yuqori koʻrsatkich xorijiy universitetlar filiallari bitiruvchilarida – 49,8 foiz. Nodavlat oliy taʼlim tashkilotlarida bu koʻrsatkich 46,7 foiz, davlat oliy taʼlim tashkilotlarida esa 42,1 foizni tashkil etdi.
Shunday qilib, tahlil natijalari bitiruvchining ish topgani bilan uning mehnat bozorida barqaror oʻrin egallashi bir xil tushuncha emasligini koʻrsatmoqda.
Bitiruvchilarning oʻrtacha rasmiy daromadi qancha?
Bitiruvchilarning respublika boʻyicha oʻrtacha rasmiy oylik daromadi 4,9 mln soʻmni tashkil etdi. Hududlar kesimida eng yuqori koʻrsatkich Toshkent shahrida – 6,6 mln soʻm qayd etildi. Viloyatlar orasida yuqori koʻrsatkichlar Navoiy viloyatida – 5,0 mln soʻm, Toshkent viloyatida esa 5,0 mln soʻmni tashkil qildi.
Bunda gap rasmiy qayd etilgan daromadlar haqida bormoqda. Shuningdek, indeksni hisoblashda bitiruvchining daromadi u istiqomat qilayotgan hududdagi oʻrtacha ish haqi bilan solishtirilgan holda baholandi. Bu hududlar oʻrtasidagi ish haqi tafovutini maʼlum darajada hisobga olish imkonini beradi.
Bitiruvchilarning eng katta kontingenti Toshkent shahri hissasiga toʻgʻri kelib, 80 742 nafar bitiruvchini tashkil etadi. Bu respublika jami bitiruvchilarining qariyb 1/3 qismiga teng.
Bitiruvchilar soni boʻyicha keyingi yuqori koʻrsatkichlar Samarqand viloyatida 21 732 nafar, Fargʻona viloyatida 20 132 nafar va Namangan viloyatida 16 044 nafar darajasida qayd etilgan.
Keyingi yuqori natijalar Surxondaryo viloyatida 62,1 ball va Toshkent shahrida 60 ballni tashkil etgan. Buxoro viloyatida 59,1 ball, Qashqadaryo viloyatida 58,6 ball va Namangan viloyatida 58,4 ball qayd etilgan. Eng past oʻrtacha indeks qiymati Qoraqalpogʻiston Respublikasida 49,5 ballni tashkil etgan.
Bitiruvchilarning o‘rtacha daromadi eng yuqori bo‘lgan ta’lim tashkilotlari
- Toshkent shahridagi “S.A. Gerasimov nomidagi Butunrossiya davlat kinematografiya instituti” federal davlat byudjeti oliy taʼlim muassasasi filiali — 23,4 mln so‘m;
- Toshkent shahridagi Inha universiteti — 12,6 mln so‘m;
- Toshkent xalqaro Vestminster universiteti — 12,5 mln so‘m;
- Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti — 10,6 mln so‘m;
- Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti — 10,3 mln so‘m;
- Toshkent axborot texnologiyalari universiteti — 9,4 mln so‘m;
- Toshkentdagi Singapur Menejmentni Rivojlantirish instituti — 9,3 mln so‘m;
- G.V. Plexanov nomli Rossiya iqtisodiyot universiteti Toshkent filiali — 9,0 mln so‘m;
- Toshkent davlat yuridik universiteti — 8,4 mln so‘m;
- Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti — 8,1 mln so‘m.
Indeks inson omilisiz 10 ta davlat axborot tizimi (HEMIS, soliq, mehnat, ijtimoiy himoya, bojxona va boshqalar) bilan integratsiyada avtomatik shakllantirilgan.
Matbuot anjumani davomida Bitiruvchilar sifati indeksi” natijalarini aks ettiruvchi bsi.nqaae.uz milliy platforma taqdimoti ham o‘tkazildi. Milliy platformada 2025-yil 1-iyuldan 2026-yil 30-iyungacha bo‘lgan davr bo‘yicha 249 mingdan ortiq bitiruvchi haqidagi ma’lumotlar jamlangan.
“Bitiruvchi sifati indeksi” natijalari oliy ta’lim samaradorligini faqat talaba soni yoki berilgan diplomlar bilan emas, balki bitiruvchining mehnat bozoridagi real natijasi orqali baholash zarurligini ko‘rsatmoqda. 249 mingdan ortiq bitiruvchining bandligi, ishga joylashish muddati, barqaror bandligi va rasmiy daromadlari bo‘yicha shakllantirilgan ko‘rsatkichlar oliy ta’lim tizimining mehnat bozori bilan qanchalik bog‘langanini baholash uchun muhim asos bo‘la oladi.
Tahlildagi 42,9 foizlik barqaror bandlik ko‘rsatkichi esa alohida e’tiborga loyiq. Chunki bitiruvchining ish topishi ta’lim muassasasi faoliyatining yakuniy natijasi emas. Muhimi, u o‘z mutaxassisligi yoki unga yaqin sohada barqaror faoliyat yurita olishi, munosib daromad topishi va mehnat bozorida o‘z o‘rnini egallashidir.
Shu ma’noda, BSI natijalari oliy ta’lim tashkilotlari uchun ham yangi savollarni o‘rtaga qo‘ymoqda: bitiruvchilar qayerda ishlayapti, qancha vaqtda ish topmoqda, qancha daromad olyapti va eng muhimi, o‘z ish joyida qancha muddat barqaror qolmoqda?
Endilikda universitetlar faoliyatini baholashda ushbu ko‘rsatkichlarning muntazam kuzatilishi ta’lim dasturlarini mehnat bozori talablariga moslashtirish, ish beruvchilar bilan hamkorlikni kuchaytirish va universitetlarning karyera markazlari faoliyatini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishi mumkin.
Eng muhimi, Bitiruvchilar sifati indeksi oliy ta’limning e’tiborini “diplom berish”dan “bitiruvchining keyingi taqdiriga” qaratmoqda. Agar ushbu tizim kelgusida muntazam takomillashtirilib, natijalar ochiq va shaffof tarzda e’lon qilib borilsa, abituriyent uchun universitet tanlashda, oliygohlar uchun esa o‘z faoliyatini baholash va rivojlantirishda muhim mezonlardan biriga aylanishi mumkin.
Izohlar 0
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!
Yangiliklar
Oliygoh bitiruvchilarining bandlik darajasi haqidagi tahlillar e’lon qilindi
O‘qituvchilar majburiy tibbiy ko‘rikdan bepul o‘tadi — vazirlik topshiriq berdi
Bu yil 1696 nafar o‘qituvchiga qariyb 7 mln 500 ming so‘mlik vazir ustamasi beriladigan bo‘ldi
Ayrim davlat maktablarida oyiga 29 mln so‘mlik pullik sinf ochilmoqda
Mavzuga doir yangiliklar
Yangiliklar
Xususiy universitetlarga qabul jarayonlari davom etmoqda
Nodavlat oliy ta’lim tashkilotlariga talabalikka qabul qilish har bir universitetning qabul komissiyasi tomonidan belgilangan tartib asosida amalga oshiriladi.
Oliy ta’lim
Talabalar tibbiyotni haqiqiy murdalar orqali o‘rganmoqdami?
Bilamizki, tibbiyotda ta’lim uzoq davom etadi — diplom olish bilan hammasi tugamaydi. Undan keyin amaliyotdan o‘tish va mustaqil ishlash uchun ruxsat olish talab etiladi. Ko‘plab talabalar hali o‘qishni tugatmasdan turib ham ishga joylashmoqda.
Oliy ta’lim
Oliygohlarda talabalar bilimini baholashning yangi tartibi joriy etilishi rejalashtirilmoqda
Normativ-huquqiy hujjatlar muhokamasi portaliga oliy ta’lim tashkilotlarida talabalar bilimini baholash va nazorat qilish tartibini takomillashtirishga qaratilgan Hukumat qarori loyihasi joylashtirildi.
Yangiliklar
Davlat oliygohlariga hujjat topshiruvchilar soni tobora kamayib boryapti
2026-yilda 677 907 nafar abituriyent davlat oliygohlarida o‘qish istagida onlayn ro‘yxatdan o‘tdi. Bu 2020-yildagi raqamlardan deyarli ikki barobar kam.
O'zbek
Izohingizni tahrirlang