Bog‘cha xodimlari uchun oliygohda dual ta’lim shaklida o‘qish tartibi belgilanmoqda
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi maktabgacha ta’lim yo‘nalishida o‘rta maxsus ma’lumotga ega pedagog kadrlar uchun o‘quv jarayonini dual ta’lim shaklida tashkil etish tartibini tasdiqlash to‘g‘risidagi nizom loyihasini ishlab chiqdi.
Ishlab chiqilgan nizom loyihasiga ko‘ra, 2026–2027-o‘quv yilidan boshlab maktabgacha ta’lim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan tarbiyachilar va tarbiyachi yordamchilari ish faoliyatidan ajralmagan holda bakalavriat bosqichida tahsil olishi mumkin bo‘ladi.
Dual ta’lim qanday tashkil etiladi?
Loyihaga ko‘ra, dual ta’lim faqat Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 24-iyundagi 321-son qarori bilan belgilangan pedagogika oliy ta’lim tashkilotlarida yo‘lga qo‘yiladi. Ta’lim to‘lov-shartnoma asosida tashkil etiladi va o‘qish muddati 4 yilni tashkil etadi.
O‘quv jarayoni talabaning ish faoliyati bilan uzviy bog‘lanadi. U haftaning besh kuni o‘zi ishlayotgan maktabgacha ta’lim tashkilotida amaliy faoliyat olib boradi, bir kun esa oliy ta’lim tashkilotida auditoriya mashg‘ulotlarida qatnashadi. Nazariy bilimlarning bir qismi LMS platformasi orqali masofadan o‘zlashtiriladi, shanba kunlari esa professor-o‘qituvchilar ishtirokida seminar mashg‘ulotlari o‘tkazilib, mustaqil o‘zlashtirilgan mavzular muhokama qilinadi.
Dual ta’limni tashkil etish uchun oliy ta’lim tashkiloti, maktabgacha ta’lim tashkiloti va talaba o‘rtasida uch tomonlama shartnoma tuziladi. Unda tomonlarning huquq va majburiyatlari, mehnat intizomi, xavfsizlik, baholash va monitoring tartibi belgilanadi.
Talabaning malakaviy amaliyoti o‘zi ishlayotgan maktabgacha ta’lim tashkilotida o‘tkaziladi. Har bir talabaga bog‘cha tomonidan mentor, oliy ta’lim tashkiloti tomonidan esa amaliyot rahbari biriktiriladi. Shuningdek, barcha videodarslar, o‘quv-metodik materiallar va topshiriqlar LMS platformasi orqali taqdim etiladi hamda talabaning faolligi muntazam monitoring qilinadi.
Talabalar uchun qanday talab va imkoniyatlar yaratiladi?
Mazkur ta’lim shakli maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ishlayotgan o‘rta maxsus ma’lumotli pedagog xodimlar, jumladan tarbiyachi yordamchilari uchun mo‘ljallangan.
Boshqa ta’lim shaklidan dual ta’limga o‘qishni ko‘chirishda esa nomzodning davlat yoki nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotida kamida uch yil pedagog sifatida ishlaganligi hamda o‘rta maxsus ma’lumotga egaligi inobatga olinadi.
Nizomga ko‘ra, talabaning maktabgacha ta’lim tashkiloti bilan mehnat shartnomasi bekor qilinsa, u besh kunlik amaliy mashg‘ulotlarda qatnashmagan deb hisoblanadi.
Biroq unga boshqa maktabgacha ta’lim tashkilotiga ishga joylashish uchun 60 kun muddat beriladi. Ushbu muddat ichida ishga kirgan taqdirda, talaba o‘qishini o‘sha kursda davom ettirishi mumkin bo‘ladi.
Har bir semestrda talabalar oliy ta’lim tashkilotiga o‘quv sessiyasiga chaqiriladi. Sessiya davomida topshiriqlar himoya qilinadi va yakuniy nazoratlar o‘tkaziladi. Ish beruvchi talabalarga sessiyada ishtirok etishi uchun o‘rtacha ish haqi saqlangan holda 7 kalendar kunlik, bitiruv malakaviy ishini himoya qilish va yakuniy davlat attestatsiyasida qatnashishi uchun esa 14 kalendar kungacha qo‘shimcha ta’til beradi.
Dual ta’lim dasturi bo‘yicha o‘quv rejasini to‘liq bajargan hamda yakuniy davlat attestatsiyasidan muvaffaqiyatli o‘tgan bitiruvchilarga davlat namunasidagi bakalavr diplomi beriladi. Bitiruv malakaviy ishining mavzusi esa asosan talabaning amaliy faoliyati bilan bog‘liq holda shakllantiriladi.
Yangi tartib maktabgacha ta’lim tizimida faoliyat yuritayotgan pedagoglar uchun ish joyidan ajralmagan holda oliy ma’lumot olish imkoniyatini yaratadi. Natijada ular nazariy bilimlarni bevosita amaliyot bilan uyg‘unlashtirgan holda kasbiy malakasini oshirib, bakalavr darajasiga ega bo‘lishi mumkin bo‘ladi.
Mazkur hujjat loyihasi muhokamasi 2026-yil 9-avgustga qadar davom etadi.
Izohlar 0
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!
Yangiliklar
2031-yilgacha barcha maktab darsliklari yangi alifboga o‘tkaziladi — vazir o‘rinbosari
Toshkentda maktab avtobuslariga ehtiyoj o‘rganilmoqda
Dars taqsimoti ortidan maktab direktori qamoqqa olindi
Maktablarda yangi to‘garaklar tashkil etiladi, ular bepul bo‘ladi
Mavzuga doir yangiliklar
Maktabgacha ta'lim
Bog‘chalardagi tarbiyachi yordamchisi lavozimi ham pedagogik faoliyat bilan bog‘liq lavozimlar ro‘yxatiga kiritilmoqda
Pedagogik faoliyat bilan bog‘liq lavozimlar ro‘yxatiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi hujjat loyihasiga ko‘ra, maktabgacha ta’lim tashkilotidagi tarbiyachi yordamchisi lavozimi ham pedagogik faoliyat bilan bog‘liq lavozimlar ro‘yxatiga qo‘shilmoqda.
Surxondaryoda bog‘chalarga oziq-ovqat yetkazib berish bilan bog‘liq korrupsiyaviy holat fosh etildi
Surxondaryo viloyatida davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berish jarayonida pora talab qilgan bog‘cha direktori qo‘lga olindi.
Yangiliklar
Anomal issiq sabab vaqtincha yopilgan bog‘chalardagi xodimlarga ish haqi qanday to‘lanadi?
Mazkur masalaga advokat Saydali Muxtoraliyev huquqiy izoh berdi. Uning ta’kidlashicha, avvalo bekor turib qolishning sababi qanday baholanishi muhim ahamiyatga ega. Chunki Mehnat kodeksining 266-moddasida bunday holatlar uchun turli tartiblar belgilangan.
Yangiliklar
Davlat bog‘chalari anomal issiq tufayli birin-ketin yopilmoqda
O‘zbekistonda kuzatilayotgan anomal issiq tufayli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyatini vaqtincha to‘xtatish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.
O'zbek
Izohingizni tahrirlang