Endi maktabga ishga kirmoqchi bo‘lgan pedagoglar test orqali ishga qabul qilinadi
2026-yil 1-fevraldan boshlab tajriba-sinov tariqasida Buxoro viloyatining Buxoro tumanidagi davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari va umumiy oʻrta taʼlim muassasalaridagi boʻsh ish oʻrinlariga nomzodlarni tanlov asosida ishga qabul qilish tizimi joriy etilgandi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2026-yil 15-iyundagi 203-sonli buyrug‘i bilan 2026-yil 1-iyuldan boshlab yana 14 ta tumanda pedagoglarni tanlov asosida ishga qabul qilish tizimi joriy etildi.
Ayni vaqtda taʼlim tashkilotlaridagi tanlovga chiqarilgan boʻsh ish oʻrinlari pedagog.uzedu.uz platformasida eʼlon qilib borilmoqda. Bunda ta’lim tashkilotlarida vakant lavozim vujudga kelganda, taʼlim tashkiloti rahbari tomonidan 3 ish kunidan kechiktirmagan holda eʼlonga chiqariladi.
Tanlovda ishtirok etish uchun nomzodlarning hujjatlari besh kalendar kun mobaynida qabul qilinadi. Tanlovda ishtirok etish boʻyicha hujjatlar kelib tushmagan taqdirda, ushbu lavozim boʻyicha qayta tanlov avtomatik tarzda eʼlon qilinadi.
Nomzodlarning ariza va boshqa hujjatlari faqat pedagog.uzedu.uz orqali qabul qilinib, nomzodlar ariza holatini kuzatib borishi, test sinovi natijalarini koʻrishi, shuningdek ushbu natijalardan norozi boʻlgan taqdirda apellyatsiya berishi ham mumkin.
Yangi tartib bo‘yicha pedagoglarni ishga qabul qilish tartibi qanday?
Boʻsh ish oʻrinlari haqidagi ma’lumotlar pedagog.uzedu.uz platformasida eʼlon qilgandan so‘ng, nomzodlar ishga kirish bo‘yicha tanlovda ishtirok etish uchun ariza qoldirishadi. Tanlov jarayonlari taʼlim tashkilotlari tomonidan tashkil etilib, bunda taʼlim tashkilotlarida tuzilgan ishchi guruh tomonidan eʼlonda belgilangan hujjatlar qabul qilish muddati davomida nomzodlarning hujjatlari lavozimga qoʻyiladigan malaka talablariga muvofiq kelishi oʻrganib chiqiladi.
Tanlovning saralash bosqichidan muvaffaqiyatli oʻtgan nomzodlar test bosqichda ishtirok etishi mumkin bo‘ladi. Test bosqichida nomzodlarning vakant lavozimlarga mosligi boʻyicha bilim va koʻnikmalari hamda ularning mantiqiy fikrlash darajasi aniqlanadi.
Ayni vaqtda Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi tomonidan taʼlim tashkilotlaridagi tanlov tatbiq etiladigan lavozimlarga nomzodlarni saralab olish uchun test sinovi spetsifikatsiyasi ham ishlab chiqilgan.
Test sinovlari malaka (test) sinovlari oʻtkaziladigan binoda markazlashgan holda kompyuterda real vaqt rejimida (onlayn) oʻtkaziladi. Jarayonlar esa ovozli videotasvirga olinadi hamda kamida bir oy davomida saqlanadi.
Test savollari koʻp variantlilik asosida 40 ta savoldan iborat boʻladi. Nomzodlarga test savollariga javob berish uchun aniq va tabiiy fanlar uchun 80 daqiqa, ijtimoiy-gumanitar, estetik yoʻnalishdagi fanlar hamda maktabgacha taʼlim yoʻnalishlari uchun 60 daqiqa vaqt beriladi.
Har bir toʻgʻri bajarilgan test savoli 2,5 ball bilan baholanadi. Test bosqichi uchun maksimal 100 ball beriladi. Nomzodlarning test sinovi boʻyicha ijobiy natijalari ikki oy davomida saqlanib, keyingi vakant lavozimlar boʻyicha oʻtkaziladigan tanlovlarda ham inobatga olinadi.
Bunda, nomzodlar vakant lavozimlar uchun tashkil etiladigan tanlovda ishtirok etishi shart hisoblanib, ijobiy natijalar vakant lavozim yoʻnalishlari bilan bir xil boʻlgandagina amal qiladi.
Ya’ni, misol uchun, nomzod ingliz tili o‘qituvchisi vakansiyasi uchun test topshirib, ijobiy natija oldi. Oradan 1 oy o‘tib, boshqa maktabda ingliz tili o‘qituvchisi vakansiyasi ochildi. Ana shu nomzod tanlovda ishtirok etsa, avvalgi ijobiy test natijasi hisobga olinadi va qayta test topshirishi shart bo‘lmaydi.
Test natijalariga koʻra eng yuqori ball toʻplagan nomzodlar ballar ketma-ketligida fanlar (lavozimlar) boʻyicha oʻqituvchilar ehtiyojidan kelib chiqqan holda asosiy ish oʻrni boʻyicha ishga qabul qilinadi. Ballar teng kelib qolgan taqdirda, nomzodlarning malaka toifasi, ish staji, shuningdek, oʻz fani boʻyicha qoʻlga kiritgan yutuqlarga (sertifikat, diplom va h.k) ega nomzodga ustunlik beriladi.
Shunda ham koʻrsatgichlar bir xil boʻlib qolsa, nomzodlar 10 ta testdan iborat boʻlgan nazorat sinovidan oʻtkaziladi. Test natijalariga ko‘ra, 60 ball va undan yuqori natija koʻrsatgan nomzodlarni ishga qabul qilish tavsiya etiladi. 60 balldan kam natija koʻrsatgan nomzodlar ishga qabul qilish rad etiladi.
Test natijalariga asosan tanlovdan oʻtgan nomzod bilan taʼlim tashkiloti direktori belgilangan tartibda mehnat shartnomasini tuzadi va tegishli buyruq asosida ishga qabul qiladi. Ishga taklif etilgan nomzod rad javobini bergan taqdirda taʼlim tashkiloti direktori tomonidan ballar ketma-ketligida turgan navbatdagi nomzodga taklif beriladi.
Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari vakant lavozimlariga nomzodlar o‘z mutaxassisligi bo‘yicha o‘tkaziladigan test sinovidan tashqari profnavigator.uz platformasi orqali psixologik soʻrovnomadan ham oʻtkaziladi.
Bunda nomzodlarning ruhiy holati, emotsional intellekti hamda o‘zini-o‘zi boshqarish ko‘nikmalari darajasi aniqlanadi va tahlil qilinadi.
Soʻrovnoma yakuni boʻyicha nomzodning ruhiy holati, emotsional intellekti hamda o‘zini-o‘zi boshqarish ko‘nikmalari darajasi ijobiy boʻlgan taqdirda nomzod bilan mehnat shartnomasi tuziladi.
Soʻrovnoma yakuni boʻyicha nomzodning ruhiy holati, emotsional intellekti hamda oʻzini-oʻzi boshqarish koʻnikmalari darajasi salbiy boʻlgan taqdirda ikki hafta muddatda Oʻquvchilarni kasb-hunarga yoʻnaltirish va psixologik-pedagogik respublika tashxis markazining “trainingspace-tashxis.uz” platformasi orqali steressni boshqarish, emotsional barqarorlikni taʻminlash, bolalarga nisbatan zoʻravonliklarni oldini olishga qaratilgan psixologik oʻquv kursida masofaviy shaklda oʻqitiladi hamda kursni muvaffaqiyatli yakunlagandan keyin QR-kod bilan tasdiqlangan elektron sertifikat taqdim etiladi.
Nomzodning psixologik oʻquv kursini tamomlaganligi haqidagi sertifikati (pedagog.uzedu.uz)dagi shaxsiy kabinetiga yuboriladi. Pedagog platformasi Psixologik o‘quv kursini muvaffaqiyatli yakunlagan nomzodga lavozimga mosligi boʻyicha test natijasi saqlangan holda Psixologik soʻrovnomadan bir marotaba qayta oʻtish imkoniyati beriladi.
Hozirda pedagog xodimlarni tanlov asosida ishga qabul qilish tartibi quyidagi 14 tuman (shahar)da tajriba-sinov tariqasida yo‘lga qo‘yildi:
- Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xoʻjayli tumani;
- Andijon viloyati Buloqboshi tumani;
- Buxoro viloyati Barcha tuman (shahar);
- Jizzax viloyati Zarbdor tumani;
- Qashqadaryo viloyati Muborak tumani;
- Navoiy viloyati Zarafshon shahri;
- Namangan viloyati Davlatobod tumani;
- Samarqand viloyati Oqdaryo tumani;
- Surxondaryo viloyati Angor tumani;
- Sirdaryo viloyati Boyovut tumani;
- Toshkent viloyati Nurafshon shahri;
- Fargʻona viloyati Quvasoy shahri;
- Xorazm viloyati Qoʻshkoʻpir tumani;
- Toshkent shahar Yangihayot tumani.
Umuman olganda, mazkur tartib hozircha tajriba-sinov tariqasida ayrim hududlarda qo‘llanilmoqda. Uning amaliyotdagi natijalari va yuzaga keladigan muammolariga qarab, kelgusida respublikaning boshqa hududlariga ham tatbiq etilishi mumkin.
Izohlar 0
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!
Yangiliklar
Endi maktabga ishga kirmoqchi bo‘lgan pedagoglar test orqali ishga qabul qilinadi
Maktabgacha va maktab taʼlimi tizimi eng korrupsiyalashgan tizim sifatida tilga olindi
29-avgustga qadar barcha hududlarda “Ustozlar milliy forumi” bo‘lib o‘tadi
Ta’limga ajratilgan mablag‘lar nimalarga sarflandi?
Mavzuga doir yangiliklar
So'ragan edingiz
ERP bazasiga kiritilmagan pedagog “qizil” maktabga ishga kira olmaydimi?
Vazirlik mas’ullarining aytishicha, ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablarga ishga kirish uchun ariza topshirgan hamda saralashdan o‘tgan pedagog kadrlarning ma’lumotlarini ERP bazasiga kiritish uchun joriy yilning 5-avgustiga qadar muddat belgilangan.
Yangiliklar
Endi maktabdagi vakansiyalar haqida hisobot berish shart bo‘lmaydi
Shuningdek, bandlik organi yo‘llanmasi bilan bo‘sh ish o‘rniga kelgan nomzodni ishga qabul qilinmagan taqdirda, ish beruvchi sabab keltirishi shart bo‘lmaydi va buning uchun ish beruvchi ma’muriy javobgarlikka tortilmaydi.
Yangiliklar
Ta’lim tizimi xodimlariga har 5 yillik ish staji uchun 2 kun qo‘shimcha ta’til beriladi
Mehnat ta’tili va qo‘shimcha ta’til berishda Tarmoq kelishuviga rioya etilmasa, bu qonun buzilish sifatida baholanadi va ish beruvchi uchun javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Yangiliklar
Maktabgacha va maktab ta’limi tizimi qonunbuzilish murojaatlari soni bo‘yicha “yetakchi” sohalardan biri deb topildi
Qonunbuzilish holatlari yuzasidan eng ko‘p murojaatlar bo‘yicha maktabgacha va maktab ta’limi tizimidagi muassasalar ikkinchi o‘rinni — qurilish tashkilotlaridan keyingi, tibbiyot muassasalaridan oldingi o‘rinni egallagan.
O'zbek
Izohingizni tahrirlang