Top.Mail.Ru
Yaqin maktabda vakansiya bor, test natijam bilan ishga kira olamanmi?

Yaqin maktabda vakansiya bor, test natijam bilan ishga kira olamanmi?

10:31 / 20.08.2026 1.03k

Savol

Men 4 kurs talabasiman. Vakansiya bo‘yicha o‘zimga yaqin hududdagi maktabga ro‘yxatdan o‘tolmadim va boshqa uzoq masofadagi maktabdagi vakansiyaga ro‘yxatdan o‘tdim. 65 ball bilan testdan o‘tdim, yo‘nalishim ingliz tili. 


Shuni biron yo‘l bilan yaqin hududdagi maktabga “perevod” qilish iloji bormi? Yaqin hududga ham 10 soat vakantsiya berilgan. Menda B2 daraja ham yo‘q, avgustda  imtihonga kiraman. Ungacha maktabda ishlab tursam bo‘ladimi?


Javob

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2026-yil 15-iyundagi 203-son buyrug‘i bilan 2026-yil 1-iyuldan boshlab ayrim hududlarda tajriba-sinov tariqasida bo‘sh ish o‘rinlariga nomzodlarni tanlov asosida ishga qabul qilish tizimi joriy qilinib, mazkur buyruq bilan ta’lim tashkilotlariga xodimlarni tanlov asosida ishga qabul qilish to‘g‘risida muvaqqat nizom tasdiqlangan. 


Mazkur Nizom davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari va umumiy o‘rta ta’lim muassasalari vakant lavozimlariga xodimlarni tanlov asosida ishga qabul qilish tartibini belgilaydi.


Nizomga ko‘ra, talabgorlar ta’lim tashkilotlaridagi vakant ish o‘rinlari uchun pedagog.uzedu.uz platformasi orqali ariza topshiradi hamda bo‘sh ish o‘rinlariga tanlov (test) asosida ishga qabul qilinadi. Test natijalariga ko‘ra eng yuqori ball to‘plagan nomzodlar ballar ketma-ketligida fanlar (lavozimlar) bo‘yicha o‘qituvchilar ehtiyojidan kelib chiqqan holda asosiy ish o‘rni bo‘yicha ishga qabul qilinadi. 


Nomzodlarning test sinovi boʻyicha ijobiy natijalari ikki oy davomida saqlanib, keyingi vakant lavozimlar boʻyicha oʻtkaziladigan tanlovlarda ham inobatga olinadi. Bunda, nomzodlar vakant lavozimlar uchun tashkil etiladigan tanlovda ishtirok etishi shart hisoblanib, ijobiy natijalar vakant lavozim yoʻnalishlari bilan bir xil boʻlgandagina amal qiladi. 


Ya’ni, misol uchun, nomzod ingliz tili o‘qituvchisi vakansiyasi uchun test topshirib, ijobiy natija oldi. Oradan 1 oy o‘tib, boshqa maktabda ingliz tili o‘qituvchisi vakansiyasi ochildi. Ana shu nomzod tanlovda ishtirok etsa, avvalgi ijobiy test natijasi hisobga olinadi va qayta test topshirishi shart bo‘lmaydi.

 

B2 sertifikatisiz maktabda ishlab tursa bo‘ladimi?

 

“Ta’lim tashkilotlariga xodimlarni tanlov asosida ishga qabul qilish to‘g‘risida”gi muvaqqat nizomda ta’lim tashkilotlaridagi bo‘sh ish o‘rinlariga Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining tegishli buyrug‘i bilan tasdiqlangan malaka tavsiflariga mos bo‘lgan nomzodlar hujjat topshirishlari mumkinligi belgilangan. 


Bunda saralash bosqichida tegishli ta’lim tashkiloti ishchi guruh tomonidan nomzodlarning e’londa belgilangan hujjatlari qabul qilish muddati davomida ushbu nizomga hamda lavozimga qo‘yiladigan malaka talablariga muvofiq kelishi o‘rganib chiqilishi lozim.


Ma’lumki, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 2026-yil 13-yanvardagi “Umumiy o‘rta ta’lim maktabi (maktab-internat) xodimlari asosiy lavozimlarining malaka tavsiflariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi 9-sonli buyrug‘i bilan xorijiy til yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassislar kamida B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega bo‘lishlari majburiy shart sifatida belgilangan. 


Shu sababli, kamida B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega bo‘lmagan nomzodlarning ta’lim tashkilotlariga ishga qabul qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi.


Tegishli sertifikatga ega bo‘lmagan nomzodlarni maktab direktori tomonidan ishga qabul qilinishiga rozilik bildirilgan taqdirda ham, nomzodni ishga qabul qilish haqidagi buyruq loyihasini yuridik markazga yuborish bosqichida rad etiladi. 


Demak, yaqin hududdagi maktabga ishga o‘tish uchun alohida test topshirish shart emas. Ammo, ingliz tili o‘qituvchisi sifatida B2 sertifikatisiz maktabda ishlash mumkin emas. Shu bois, avvalo B2 sertifikatini olish talab etiladi.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Mehnat huquqi

Ulashish