Top.Mail.Ru
Pedagoglar norozi: “Yil o‘qituvchisi”mi yoki kitobxonlik tanlovi?

Pedagoglar norozi: “Yil o‘qituvchisi”mi yoki kitobxonlik tanlovi?

18:06 / 28.08.2026 344

Xabaringiz bor, joriy yilda “Yil o‘qituvchisi” tanlovi o‘tkazilib, 208 ta tuman va shahardan g‘olib bo‘lgan o‘qituvchilar Vazirlar Mahkamasining 264-son qaroriga asosan, bazaviy hisoblash miqdorining 1400 baravari (576 million 800 ming so‘m) miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanishi belgilangan.


Pedagoglarning kasbiy mahorati, bilim saviyasi va ma’naviy salohiyatini aniqlashga qaratilgan “Yil o‘qituvchisi” tanlovi aniq belgilangan tartib asosida uch bosqichda tashkil etilishi belgilab qo‘yilgandi.


Tanlov quyidagi uchta bosqichda o‘tkazilishi belgilangandi

Tanlovning birinchi bosqichida nomzodlarning mutaxassislik fani, pedagogik mahorati hamda kasb standarti bo‘yicha nazariy bilimlari baholandi.


Mazkur bosqich Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentabrdagi 572-son qarori bilan tasdiqlangan pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish tartibiga muvofiq ravishda malaka toifa sinovlari bilan integratsiya qilingan holda, onlayn tarzda tashkil etildi. Bunda pedagoglar 50 ta test topshirig‘i quyidagicha baholandi:


  • mutaxassislik fanidan 35 ta savol — har bir to‘g‘ri javob uchun 3,1 ball;

  • pedagogik mahorat bo‘yicha 10 ta savol — har biri 2,1 ball;

  • kasb standarti bo‘yicha 5 ta savol — har biri 1,1 ball.


Natijalarga ko‘ra, har bir tuman (shahar)dan eng yuqori ball to‘plagan 3 nafar nomzod tanlovning ikkinchi bosqichiga yo‘llanma oldi. Tanlovning ikkinchi bosqichi bosqichida nomzodlarning dars o‘tish mahorati baholandi. 


Bunda nomzodlar hakamlar hay’ati tomonidan qur’a tashlash orqali aniqlangan sinfda tasodifiy mavzu asosida dars o‘tdi va bu jarayon 60 ballik tizimda baholandi. Shuningdek, maxsus platformaga joylashtirilgan dars videoyozuvlar pedagoglar tomonidan 40 ballik tizimda baholandi.


Ikkinchi bosqich yakuniga ko‘ra, har bir tuman (shahar)dan eng yuqori ball to‘plagan 2 nafar nomzod uchinchi bosqichga o‘tkazildi. Tanlovning uchinchi bosqichida nomzodlarning ma’naviy-ma’rifiy faoliyati samaradorligi va kitobxonlik darajasi taqdimot asosida 100 ballik tizimda baholandi.


E’tiborli jihati shundaki, mazkur bosqichda to‘plangan ballar avvalgi bosqichlardagi ballarga qo‘shilib, tuman miqyosida eng yuqori umumiy ball to‘plagan nomzod tanlov g‘olibi deb topilishi kerak edi, ammo unday bo‘lmadi.


Tanlovning 1- va 2-bosqichlari Vazirlar Mahkamasining 2025-yildagi 264-son qarori asosida o‘tkazildi. Ammo, tanlovning uchinchi bosqichiga kelib, ya’ni 2026-yil 26-iyul kuni, 3-bosqich boshlanishiga 2 kun qolganida tanlov shartlariga o‘zgartirishlar kiritilgani haqida pedagoglar xabar topgan. Natijada esa bir yil davomida “Yil o‘qituvchisi” tanloviga tayyorgarlik ko‘rgan yuzlab o‘qituvchilar bunga e’tiroz bildira boshlagan.


Bir guruh pedagoglarning aytishicha, tanlov shartlariga kiritilgan o‘zgarishlar haqida ular 26-iyuldagi zoom yig‘ilishida, og‘zaki xabardor qilingan. Bu vaqtda esa tanlovning uchinchi bosqich boshlanishiga atigi 2 kun qolgan bo‘lgan.


Avvalroq esa, ya’ni 2026-yil 30-iyun kuni Vazirlar Mahkamasining 353-son qarori bilan “Yil o‘qituvchisi” tanlovini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilgan.


Kiritilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlarga ko‘ra, 3-bosqichda nomzodlarning ma’naviy-ma’rifiy faoliyati taqdimoti hamda kitobxonlik bo‘yicha test asosida hakamlar hay’ati tomonidan baholanishi, nomzodning ma’naviy-ma’rifiy faoliyati taqdimoti hamda kitobxonlik bo‘yicha test asosida 100 ballik tizimda baholanishi belgilangan.


Masalaning qiziq jihati shundaki, Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 28-apreldagi 264-son qarori bilan tasdiqlangan “Yil oʻqituvchisi” tanlovini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 15-bandi 2-xatboshida nomzodlarning 3-bosqichda olgan ballari, avvalgi bosqichlarda olgan ballariga qoʻshilishi hamda tuman miqyosida eng yuqori ball toʻplagan nomzod gʻolib deb topilishi nazarda tutilgandi.


Hukumatning 353-son qarori bilan kiritigan o‘zgarishlarda esa eski tahrirdagi nizomning aynan mana shu bandi chiqarib tashlangan. Natijada esa, tanlovning 1- va 2-bosqich natijalari hisobga olinmagan va tanlovning o‘tkazib bo‘lingan barcha bosqich natijalari o‘z ahamiyatini yo‘qotgan. 


Shu sababli, “Yil o‘qituvchisi” tanlovi pedagoglarning faqatgina maʼnaviy-maʼrifiy faoliyati hamda kitobxonlik bo‘yicha bilimlarini aniqlaydigan tanlovga aylanib qolgan.


Keyinroq, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2026-yil 13-iyuldagi 253-sonli buyrugʻig‘i bilan tanlovning 3-bosqichini tashkil etish tartibi va baholash mezonlari tasdiqlangan. Vazirning mazkur buyrug‘ida ham tanlovning 1-, 2-boqich natijalari 3-bosqich natijalariga qo‘shilishi haqida so‘z bormagan.


Pedagoglar nimadan norozi?


Demak, pedagoglarning e’tirozi tanlovning uchinchi bosqichida kitobxonlik bo‘yicha test o‘tkazilayotganiga emas. Asosiy norozilik — bir yil davomida “Yil o‘qituvchisi” tanloviga tayyorgarlik ko‘rgan, mutaxassislik fani va pedagogik mahorati bo‘yicha sinovlardan o‘tgan o‘qituvchilarning avvalgi bosqichlarda to‘plagan natijalari yakuniy natijani aniqlashda hisobga olinmay qolgani bilan bog‘liq.


Dastlabki tartibga ko‘ra, tanlov o‘qituvchining kasbiy bilimlari, pedagogik mahorati, dars o‘tish qobiliyati, ma’naviy-ma’rifiy faoliyati va kitobxonlik darajasini kompleks baholashga qaratilgandi. Ya’ni, g‘olib o‘qituvchi ushbu yo‘nalishlarning barchasi bo‘yicha yuqori natija ko‘rsatishi kerak edi.


Biroq tanlovning uchinchi bosqichiga kelib, nizomga kiritilgan o‘zgarishlar natijasida avvalgi bosqichlarda to‘plangan ballarni yakuniy natijaga qo‘shish haqidagi norma chiqarib tashlandi.

Natijada tanlovning dastlabki ikki bosqichida yuqori natija ko‘rsatgan o‘qituvchining ustunligi uchinchi bosqichda hisobga olinmadi. Ya’ni, 1- va 2-bosqichlarda to‘plangan ballar yakuniy natijaga qo‘shilmagani sababli, g‘olibni aniqlashda avvalgi bosqichlarda kim qancha ball to‘plagani mutlaqo ahamiyatsiz bo‘lib qoldi.


Bu esa pedagoglarda tabiiy savollarni tug‘dirmoqda: Agar tanlovning 1- va 2-bosqichlari yakuniy natijaga ta’sir qilmasa, unda bu bosqichlarda o‘tkazilgan murakkab sinovlarning natijasi nima uchun zarur edi? Bir yil davomida kasbiy bilim va pedagogik mahoratini oshirishga tayyorgarlik ko‘rgan o‘qituvchining mehnati nima bo‘ladi?


O‘zgarishlarning tanlov jarayoni boshlanganidan keyin, uchinchi bosqich arafasida ma’lum bo‘lgani tanlov ishtirokchilariga yangi talablar bo‘yicha to‘laqonli tayyorgarlik ko‘rish imkonini bermagan.

Xo‘sh, tanlov tartibi va baholash mezonlari jarayon boshlanganidan keyin o‘zgartirilishi, shuningdek, avvalgi bosqichlarda qayd etilgan natijalarning yakuniy baholashda hisobga olinmasligi qanchalik adolatli?


Axir gap 576 million 800 ming so‘mlik mukofot puli haqida ketmoqda. Shunday katta yutuq va nufuzli tanlovda baholash mezonlarining so‘nggi pallada o‘zgarishi qanchalik to‘g‘ri? 


Zero, tanlovning aynan “Yil o‘qituvchisi” deb nomlanishi kasbiy mahorati, fan bo‘yicha bilimi, dars berish qobiliyati va o‘qituvchilik faoliyatidagi yutuqlari bilan ajralib turadigan pedagogni aniqlashni anglatadi. Kitobxonlik va ma’naviy-ma’rifiy faoliyat, albatta, o‘qituvchi uchun muhim mezon.


Ammo ular kasbiy bilim va pedagogik mahoratni baholagan bosqichlarning o‘rnini bosmasligi, balki ular bilan birgalikda kompleks baholashning bir qismi bo‘lishi kerak.


Shu nuqtayi nazardan, hzorgi holatda “Yil o‘qituvchisi” tanlovi bo'yicha berilayotgan asosiy savol ham shunday: biz yilning eng yaxshi o‘qituvchisini aniqlayapmizmi yoki kitobxon pedagogni?

Pedagoglarga aynan mana shu savolga aniq va asosli javob kerak. Shu sababli, mazkur masala yuzasidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining rasmiy izohini kutib qolamiz.

Izohlar 31

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Yil o‘qituvchisi

Ulashish