Top.Mail.Ru
Pedagoglar “Yil o‘qituvchisi” bo‘yicha appelyatsiya berolmayapti

Pedagoglar “Yil o‘qituvchisi” bo‘yicha appelyatsiya berolmayapti

15:00 / 05.03.2026 3.19k

Bugun Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi “Yil o‘qituvchisi” tanlovining ikkinchi bosqich sinov natijalarini e’lon qildi. Joriy yilning fevral oyida “Yil o‘qituvchisi” tanlovining ikkinchi bosqich sinov bosqichi bo‘lib o‘tgandi.


Unda tanlovning dastlabki bosqich natijalari bo‘yicha saralab olingan 624 nafar talabgor pedagoglar o‘zaro bellashgan.


Mazkur bosqichda nomzodlarning o‘z fani bo‘yicha dars o‘tish mahorati belgilangan mezonlar, xususan hakamlar hay’ati tomonidan – 60 ballik tizim asosida, tegishli tuman (shahar)da faoliyat yuritayotgan pedagoglar tomonidan (ovoz berish yo‘li orqali) 40 ballik tizim asosida baholangan.


Tanlovning ikkinchi bosqich natijalari bugun pedagoglarning pedagog.uzedu.uz platformasidagi shaxsiy kabinetlariga yuborilgan.


Ammo, bir guruh pedagoglarning xalqtaliminfo.uz'ga ma’lum qilishicha, tanlov natijalaridan norozi bo‘lgan pedagoglar apellyatsiya shikoyati yuborolmagan. Tanlov natijalari e’lon qilingan bo‘lsa-da, pedagoglarga apellyatsiya shikoyati yuborish imkoniyati berilmagan.


Ma’lumki, Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 28-apreldagi 264-son qarori bilan tasdiqlangan “Yil o‘qituvchisi” tanlovini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomda baholash natijalaridan norozi bo‘lgan nomzodlar tanlovning har bir bosqichi natijalari e’lon qilingan kundan boshlab uch ish kuni ichida apellyatsiya komissiyasiga yozma yoki maxsus platforma orqali elektron shaklda ariza (shikoyat) berishi mumkinligi belgilangan.


Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2026-yil 04-fevraldagi 43-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan yo‘riqnomaga ko‘ra, apellyatsiya komissiyasi faqat Hakamlar hay’ati tomonidan qo‘yilgan baholarga nisbatan kiritilgan e’tirozlarni ko‘rib chiqadi. 


Lekin pedagoglarning aytishicha, hozirgi kunda pedagog.uzedu.uz platformasida “Yil o‘qituvchisi” tanlovi bo‘yicha apellyatsiya yuborish xizmati yo‘lga qo‘yilmagan.