Top.Mail.Ru
Soliq organlari “Yil o‘qituvchisi” g‘olibidan soliq uchun pul talab qilishi to‘g‘rimi?

Soliq organlari “Yil o‘qituvchisi” g‘olibidan soliq uchun pul talab qilishi to‘g‘rimi?

11:42 / 10.10.2026 801

Savol

Men yaqinda bo‘lib o‘tgan “Yil o‘qituvchisi” tanlovi sovrindori bo‘ldim va mukofot pulini to‘liq oldim. Lekin tumanimiz soliq bo‘limidan telefon qilib, mukofot pulidan soliq to‘lashimiz kerakligini, bu borada respublikadan buyruq borligini iddao qilmoqda. Shu masalaga aniqlik kiritib berishingizni iltimos qilaman.


Javob

Amaldagi tartibga ko‘ra, fuqarolarga tanlov va musobaqalarda g‘oliblik uchun beriladigan pul mukofotlari ayrim hollarda jismoniy shaxsning daromadi sifatida qayd etilib, undan 12 foiz miqdorida daromad solig‘i undirilishi mumkin.


Biroq, “Yil o‘qituvchisi” tanlovi g‘oliblarining mukofot pullari soliq undirilmaganligi bois, ularga 616 mln so‘mlik pul mukofoti ularga to‘liq berilgan. Bu masalada Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Soliq qo‘mitasiga ham tegishli tartibda murojaat qilib, qo‘mitadan xulosalar olgan.


Soliq kodeksining 369-moddasi birinchi qismi 1-bandiga asosan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori asosida bir yo‘la beriladigan pul mukofoti, sovg‘alar va budjet subsidiyalari jismoniy shaxslarning jami daromadi tarkibiga kiritilmaydi.


Shuningdek, mazkur moddaning 16-bandiga asosan jismoniy shaxsning O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan belgilanadigan dasturlarda ishtirok etishi natijasida olingan bonuslar, pul mukofotlari tarzidagi pul to‘lovlaridan iborat daromadlari jismoniy shaxslarning jami daromadi tarkibiga kiritilmaydi.


Shu sababli, “Yil o‘qituvchisi” tanlovi doirasida olinadigan pul mukofotlari ularning jami daromadlari tarkibiga kiritilmaydi va daromad solig‘i hisoblanmaydi. Shuningdek, ushbu mablag‘lar ijtimoiy soliqning soliq solish obyekti hisoblanmaydi.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Yil o‘qituvchisi

Ulashish