Dars taqsimoti ortidan maktab direktori qamoqqa olindi
Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanidagi umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori o‘qituvchiga qo‘shimcha dars soatlari ajratib berish evaziga 700 AQSh dollari talab qilgani uchun qamoqqa olindi.
U 400 dollarni olayotgan vaqtida tezkor tadbir davomida qo‘lga tushgan. Bu haqda 2026-yil 20-avgust kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Shahrisabz tuman sudi tomonidan chiqarilgan hukmda ma’lum qilingan.
Sud hujjatiga ko‘ra, sudlanuvchi 2022-yil 30-iyundan Chiroqchi tumanidagi maktablardan birida direktor lavozimida ishlab kelgan. Uning xizmat vazifalariga maktab faoliyatiga umumiy rahbarlik qilish, o‘qituvchilarni ishga olish va ishdan bo‘shatish hamda dars soatlarini taqsimlash bo‘yicha tuzilgan komissiyaga raislik qilish kabi vazifalar kirgan.
Jinoyat ishi materiallarida keltirilishicha, maktabning tarix fani o‘qituvchisi dars soatlari kamligini aytib, direktoridan yangi 2026–2027-o‘quv yilida qo‘shimcha dars soatlari berishini so‘ragan.
Shundan so‘ng direktor unga 10 soat qo‘shimcha dars ajratib berish evaziga 700 AQSh dollari talab qilgan. Jabrlanuvchining suddagi ko‘rsatmasiga ko‘ra, direktor dastlab bu “xizmati” uchun 1000 dollar talab qilgan. O‘qituvchi oilaviy sharoitini tushuntirgach, summa 700 dollargacha tushirilgan.
O‘qituvchi talab qilingan pulni birdaniga topa olmagan. U dastlab 50 AQSh dollarini bergan va qolgan summani keyinroq berishini aytgan. Keyinchalik direktor qolgan pulni topib berishni talab qilgan. Shundan so‘ng o‘qituvchi huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilgan.
2026-yil 29-may kuni o‘qituvchiga tezkor tadbir o‘tkazish uchun 400 AQSh dollari berilgan. Pulning ikki dona 100 dollarlik kupyurasiga maxsus yozuv kiritilib, kimyoviy ishlov berilgan. Shuningdek, ular o‘rtasidagi suhbatni qayd etish uchun o‘qituvchiga ovoz yozish moslamasi topshirilgan.
O‘qituvchi maktabdagi ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarining xonasida direktor bilan uchrashgan. Suhbat davomida u 400 dollar olib kelganini aytgan va pulni direktorga bergan.
Sud hukmida qayd etilishicha, o‘qituvchi avval 50 dollar berganini, yana 400 dollar berayotganini aytib, kelishilgan summadan qancha qolganini so‘ragan. Shunda direktor “hisoblab ko‘ravering” degan mazmunda javob bergan. O‘qituvchi qolgan 250 dollarni avgust oyida dars soatlari bo‘linayotgan vaqtda berishini aytgan, direktor esa bunga rozi bo‘lgan. Shundan ko‘p o‘tmay tezkor tadbir xodimlari maktabga kirib, direktorning cho‘ntagidan o‘qituvchi bergan 400 AQSh dollarini aniqlab, tegishli tartibda rasmiylashtirgan.
“Bu pora emas, qarz edi” — direktor
Sudda direktor o‘z aybiga to‘liq iqror bo‘lmagan. U o‘qituvchidan dars soatlari uchun pul talab qilmaganini, undan shaxsiy ehtiyojlari uchun qarz so‘raganini ta’kidlagan. Uning ko‘rsatmasiga ko‘ra, o‘qituvchi o‘z xohishi bilan pul olib kelgan, direktor esa undan 700 dollar emas, 450 dollar atrofida qarz so‘ragan. Direktor dars soatlarini taqsimlash uning emas, maktabda tuzilgan komissiyaning vakolatiga kirishini ham bildirgan. Biroq sud bu vajlarni qabul qilmagan.
Sud direktorning lavozim majburiyatlari va ishdagi boshqa dalillarni baholab, uning ko‘rsatmalarini javobgarlikdan qutulish maqsadida ilgari surilgan vajlar deb topgan. Jumladan, sud Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2025-yil 16-maydagi 156-son buyrug‘ining tegishli ilovasida umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktorining lavozim majburiyatlari qatorida dars jadvali, shtatlar jadvali va tarifikatsiya ro‘yxatlarini tasdiqlash vakolatlari ham belgilanganiga e’tibor qaratgan.
Sud, shuningdek, Oliy sud Plenumining poraxo‘rlik bilan bog‘liq ishlar bo‘yicha tushuntirishlarini ham inobatga olgan. Unga ko‘ra, mansabdor shaxs tegishli harakatni bevosita amalga oshirish vakolatiga ega bo‘lmasa ham, egallab turgan lavozimi orqali bu harakatni boshqa mansabdor shaxs tomonidan bajarilishiga imkon yaratishi mumkin bo‘lsa, poraxo‘rlik jinoyatining subyekti bo‘lishi mumkin.
Dastlab tergov organi direktorning harakatlarini Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi “a” va “v” bandlari, ya’ni takroran hamda ta’magirlik yo‘li bilan pora olish sifatida baholagan. Biroq sud bu kvalifikatsiyani o‘zgartirgan.
Sudning xulosasiga ko‘ra, 50 dollarni dastlab olish va keyinchalik 400 dollarni olish alohida takroriy jinoyatlar emas, balki bitta davomli jinoyatni tashkil qiluvchi harakatlar hisoblanadi.
Shuningdek, sud mazkur holatda “ta’magirlik” belgisi ham mavjud emas degan xulosaga kelgan. Chunki direktor o‘qituvchini qonuniy manfaatlariga zarar yetkazish bilan qo‘rqitmagan yoki uni shunday oqibatlarning oldini olish uchun pul berishga majbur qiladigan sharoitga qasddan tushirmagan. Sudning baholashicha, direktor o‘z xizmat imkoniyatlaridan foydalanib, pul talab qilgan. Shu sababli uning qilmishi Jinoyat kodeksining 210-moddasi 1-qismiga — pora olish sifatida qayta kvalifikatsiya qilingan.
Sud direktorning ilgari sudlanmaganini, oilaviy va moddiy ahvolini, maktab o‘quvchilari tomonidan uning nomiga berilgan iltimosnomani hamda maktab kasaba uyushmasi kengashining uning faoliyatini inobatga olish haqidagi murojaatini jazoni belgilashda hisobga olgan.
Shu bilan birga, sud sodir etilgan jinoyat davlat boshqaruvi mexanizmlariga, jamiyatning iqtisodiy va ma’naviy asoslariga jiddiy tahdid solishini qayd etib, uni jamiyatdan ajratmagan holda tarbiyalashning imkoni yo‘q degan xulosaga kelgan. Natijada sud direktorni Jinoyat kodeksining 210-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topib, 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.
Bundan tashqari, u 2 yil davomida ta’lim muassasalarida mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilindi. Jazoni manzil-koloniyada o‘tash belgilandi. Sud, shuningdek, direktordan pora predmeti hisoblangan 50 AQSh dollariga teng 599 891,50 so‘mni davlat foydasiga hamda ekspertiza xarajatlari uchun 84 823 so‘mni undirishga qaror qilgan. Hukmdan norozi taraflar uni olgan kundan boshlab 10 sutka ichida apellyatsiya tartibida shikoyat qilish yoki prokuror protesti keltirish huquqiga ega ekanligi eslatib o‘tilgan.
Izohlar 1
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!
Yangiliklar
Maktablarda yangi to‘garaklar tashkil etiladi, ular bepul bo‘ladi
Maktab kutubxonalari rivojlantiriladi, direktor o‘rinbosarlari mahalla kutubxonalariga mas’ul bo‘ladi
Bog‘chalardagi tarbiyachi yordamchisi lavozimi ham pedagogik faoliyat bilan bog‘liq lavozimlar ro‘yxatiga kiritilmoqda
Yangi baholash tizimi joriy etilgan maktablar soni 5000 taga yetkazildi
Mavzuga doir yangiliklar
So'ragan edingiz
24 soat boshlang‘ichda, 60 soat yuqori sinflarda: informatika darslari qanday taqsimlanadi?
“Informatika va axborot texnologiyalari” fani 1-, 2-, 3- va 4-sinflarda “Informatika va axborot texnologiyalari” fani o‘quvchilarning mantiqiy va tizimli fikrlashini rivojlantirishga qaratilganligi sababli mazkur fan boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari tomonidan o‘qitilishi belgilangan.
So'ragan edingiz
Dars taqsimotida TKT sertifikati qanday ustunlik beradimi?
Ushbu vaziyatda ikki nafar o‘qituvchida ham tegishli sertifikatlar bo‘lgani bois, dasr soatlarini taqsimlashda malaka toifasiga qarab emas, aynan sertifikatlar darajasiga qarab dars soatlari taqsimlanishi maqsadga muvofiq.
So'ragan edingiz
O‘qituvchiga 7 soat dars berildi, u yana 3 soat talab qila oladimi?
Homiladorlik va tug‘ish ta’tili hamda bola parvarishidan qaytgan o‘qituvchilarga dars soatlari nizomning 15-bandida belgilangan ko‘rsatkichlar ustuvor ketma-ketligi asosida taqsimlanadi.
So'ragan edingiz
Surdopedagogika bo‘yicha qayta tayyorlangan o‘qituvchiga korreksion sinf darslari beriladimi?
Agar o‘qituvchida surdopedagogika bo‘yicha kasbiy qayta tayyorlash diplomi mavjud bo‘lsa, u mazkur ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasasidagi tegishli dars soatlariga da’vogarlik qilishi mumkin.
O'zbek
Izohingizni tahrirlang