Top.Mail.Ru
20-avgustga qadar 1-sinf o‘quvchilariga “Prezident sovg‘alari” yetkaziladi

20-avgustga qadar 1-sinf o‘quvchilariga “Prezident sovg‘alari” yetkaziladi

16:01 / 06.08.2024 1.94k

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan bugun 1-sinf o‘quvchilariga beriladigan Prezident sovg‘alari ni hududlarga jo‘natish va yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik bo‘yicha olib borilayotgan jarayonlar targ‘ibotiga bag‘ishlangan press-tur tashkil etildi.




Unda tadbir ishtirokchilari “Prezident sovg‘alari”ni joylarga yuborish va qabul qilish, Toshkent shahridagi 126-maktab va 204-sonli DMTT misolida yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik va maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati bilan tanishtirildi.


Vazirlik Axborot xizmatining xalqtaliminfo.uz tahririyatiga taqdim etgan ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-2025-o‘quv yilida 10 182 ta maktabda, 525 mingdan ortiq o‘qituvchilar 6,5 mln. nafardan ortiq o‘quvchilarga ta’lim-tarbiya berishi kutilmoqda.


Yangi o‘quv yilida 719 366 nafar maktab yoshidagi bolalar 1-sinfga qabul qilinishi rejalashtirilgan. “Ta’minot va logistika xizmati” korxonasi tomonidan 1-sinfga qabul qilingan o‘quvchilar uchun beriladigan 12 nomdagi o‘quv qurollaridan iborat “Prezident sovg‘asi” 10-avgustga qadar hududlarga, 20-avgustga qadar esa qabul qilingan o‘quvchilar soniga mos ravishda barcha maktablarga to‘liq yetkaziladi.



Ushbu 12 nomdagi o‘quv qurollari — portfel, daftar, rasm daftari, akvarel bo‘yoqlari, rangli qog‘oz, qalamdon, sharikli ruchka, rangli qalam, oddiy qalam, plastilin, yelim, o‘chirg‘ich to‘plamidan iborat.