Top.Mail.Ru
Yangi ishga kirgan, dekretdan qaytgan yoki ta’tildagi pedagoglar ham mukofot puli olishi mumkinmi?

Yangi ishga kirgan, dekretdan qaytgan yoki ta’tildagi pedagoglar ham mukofot puli olishi mumkinmi?

11:37 / 24.09.2024 12.31k

Ma’lumki, umumta’lim muassasalari xodimlari, shu jumladan rahbar xodimlari “1-oktyabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 50 foizigacha miqdorida mukofotlanishi mumkin. 


Ammo ayrim ta’lim muassasalarida yangi ishga kirgan, dekret ta’tilidan qaytgan yoki mehnat ta’tilida bo‘lgan pedagoglarga ushbu mukofot puli berilmasligi haqida ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda. Ushbu murojaatlarni inobatga olgan holda quyidagilarni ma’lum qilamiz:


Mehnat kodeksining 252-moddasida mehnatga haq to‘lash tizimida nazarda tutilmagan rag‘batlantiruvchi mukofot bir marta beriladigan xususiyatga ega bo‘lgan hamda ish beruvchining qaroriga ko‘ra xodimning oldindan belgilangan ko‘rsatkichlar va shartlarga erishganligi uchun emas, balki muayyan voqealar ya’ni, yubileylar, bayram sanalari va boshqalar yuz berganligi munosabati bilan to‘lanadigan pul mukofoti ekanligi belgilangan.


Mehnat kodeksining 246-moddasiga ko‘ra rag‘batlantiruvchi xususiyatga ega qo‘shimcha to‘lovlar va ustamalar tizimlari hamda mukofotlash tizimlari jamoa kelishuvlarida, jamoa shartnomasida, shuningdek ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishuvga ko‘ra qabul qilinadigan ichki hujjatlarda, mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq mehnat shartnomasida belgilanadi.


Agar jamoa kelishuvlarida, jamoa shartnomasida, shuningdek ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishuvga ko‘ra qabul qilinadigan ichki hujjatlarda bunday qoidalar nazarda tutilmagan bo‘lsa, dekret ta’tilidan qaytgan, yangi ishga kirgan yoki mehnat ta’tilida bo‘lgan xodimlarga ham mukofot puli berilishi mumkin.


“Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarini rag‘batlantirishning direktor jamg‘armasini tashkil etish va uning mablag‘laridan foydalanish tartibi to‘g‘risida”gi nizomda ham yangi ishga kirgan, dekret ta’tilidan qaytgan yoki mehnat ta’tilidagi pedagoglarga mukofot berilmasligi to‘g‘risida cheklov mavjud emas.


Shuningdek, Pedagogning maqomi to‘g‘risidagi qonunning 13-moddasida davlat ta’lim tashkilotlarining pedagoglariga budjet mablag‘lari va budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan amaldagi qonunchilikka muvofiq moddiy rag‘batlantirishning boshqa turlari belgilanishi mumkinligi nazarda tutilgan.


Mehnat kodeksining 501-moddasiga ko‘ra ta’lim tashkilotlari mehnatga haq to‘lash uchun mavjud mablag‘lar doirasida mustaqil ravishda lavozim maoshlariga tabaqalashtirilgan ustamalar belgilashga hamda mehnatga haq to‘lash va uni rag‘batlantirishning turli shakllarini qo‘llashga haqli.


Shu sababli, yangi ishga kirgan, dekret ta’tilidan qaytgan yoki mehnat ta’tilida bo‘lgan pedagoglarga ham mukofot puli berish mumkin deb hisoblaymiz.


Diqqat: Agar xodim intizomiy jazo olgan bo‘lsa, intizomiy jazoning amal qilish muddati ichida xodimga nisbatan rag‘batlantirish choralari, shu jumladan mehnatga haq to‘lash tizimiga kirmaydigan va mehnat natijalariga asoslanmagan mukofotlar ham (bayramlar, shu jumladan kasb bayramlari, yubileylar munosabati bilan va hokazolar) qo‘llanilmaydi. 

Izohlar 1

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Mukofot puli

Ulashish