Top.Mail.Ru
Jinoyat uchun emas, ta’lim berish uchun imkoniyat so‘ralmoqda

Jinoyat uchun emas, ta’lim berish uchun imkoniyat so‘ralmoqda

18:00 / 14.10.2024 793

Tadbirkor, advokat Bektosh Xatamov jinoyat uchun emas, ta’lim berish uchun imkoniyat so‘ramoqda. Ammo mas’ul tashkilotlar hamon sukut saqlamoqda.


Profi University nodavlat ta’lim muassasasi huquqshunoslik yo‘nalishiga litsenziya olish uchun ariza topshirgan, lekin xususiy oliygohlarda huquqshunoslik yo‘nalishini ochishga sun’iy to‘siqlar mavjudligi bois, ushbu ariza arzimagan sabablar bilan rad qilib kelinayotgani aytilmoqda.


“Birinchi arizaga ko‘ra vazirlik Adliya vazirligidan mutaxassis xulosasini so‘radi, aslida bu xulosa ham o‘zi shart emas edi, chunki qonunchilikda Adliya vazirligi xulosa bersa, keyin berasan degan joyi yo‘q, xulosa kerak bo‘lsa, xohlagan neytral tashkilotdan ham olsa bo‘ladi.

Xulosaning holatiga ham e’tibor bersak, na sana, na tashkilot nomi, na xulosa beruvchi mutaxassislarning lavozimi, ilmiy darajasi ko‘rsatilgan, shunchaki bir varaqqa berilgan, to‘rtta odam qo‘l qo‘ygan xulosa, yuridik jihatdan hech qanday kuchga ega emas.





Adliya vazirligidan kelgan deyilgan ekspertlar to‘qqizta kamchilik yozib ketishdi. Aslida kamchiliklar tirnoq ostidan kir qidirishdek gap, masalan, o‘quv dasturining oxirgi betida tuzuvchilarning ismi, familiyasi, lavozimi yozilmagan yoki kitoblar “kserokopiya” ekan, asli bo‘lishi kerak, mualliflik huquqi buzilmoqda vhz.

Albatta biz bu kamchiliklarning barchasini bartaraf qildik va Vazirlar Mahkamasining 80-sonli qaroriga muvofiq 15 ish kunidan kechiktirmay qayta arizani Axborot portalidan yubordik. Qonunchilikka ko‘ra birinchi marta rad etilganda unda rad etilish uchun sabablar ko‘rsatiladi, keyingi safar yana ariza berilganda dastlabki ko‘rsatilgan sabablardan boshqa yangi sabablarni qo‘shish mumkin emas.

Ha, qonunchilik bo‘yicha shunday, lekin amalda qanday bo‘lishini vaqt ko‘rsatadi. Biz hozircha barcha aytilgan kamchiliklarni to‘g‘rilab qo‘ydik, bularni to‘g‘rilash biz uchun qiyinchilik tug‘dirgani yo‘q.

Mualliflik huquqi deyishgan edi, biz hali endi nashriyotdan chiqqan, ammo hali yuridik universitet kutubxonasiga ham yetib bormagan, hatto o‘sha ekspertning o‘zi yozgan kitoblarni ham keltirib qo‘ydik. Adliya ekspertlari tomonidan hali ham na ijobiy, na salbiy xulosa berilmadi.

Xullas “tirnoq ostidagi kirni” ham tozalab qo‘ydik desam bo‘ladi, endi qonunchilikka ko‘ra Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalardan kelib yana o‘sha birinchi berilgan xulosa bo‘yicha tekshirib ketishlari kerak.

G‘alati holati shundaki, kelgan odam shu bor imkoniyatini ishga solib ayb qidirish bilan band. Lekin hech kim so‘ramaydi, buncha katta investitsiya qilibsiz, talabalar uchun shunchalik zo‘r sharoitlar qilibsiz, xorijiy professor-o‘qituvchilarni ham jalb qilibsiz, bizdan sizga nima yordam? Siz shuncha odamni ishli qilibsiz, birgina 2024-yilning o‘zida davlatga 20 milliard so‘mga yaqin soliq to‘labsiz, keling biz ham sizga madadkor bo‘laylik demaydi.

Men o‘zimni xuddiki jinoyat qilish uchun izn so‘rayotgan odamdek his qilmoqdaman. Hoy, o‘rtoqlar, men shu vatanning bir a’zosiman, mana shu jamiyat mening ham jamiyatim, mana shu yurt menga ilm berdi, mehr berdi, men shu jamiyatga xizmat qiladigan, shu yurtning kelajagini quradigan yoshlarni ilmli qilmoqchiman.

Men jinoyat uchun izn so‘ramayapman, insonlarga ta’lim berish uchun imkoniyat so‘ramoqdaman. Ha, men boshqalar yurgan yo‘ldan yura olmayapman, to‘g‘rirog‘i xohlamayapman xolos”, - deydi Bektosh Xatamov.

“Yosh ziyokor” NTT uyushmasi raisi Rasul Kusherbayev xususiy OTMlarga huquqshunoslik yo‘nalishida litsenziya olishda qo‘yilgan to‘siqlarni asossiz deya baholadi.

“Birinchidan, birorta qonunchilik hujjatida yuridik yo‘nalishga litsenziya olishda Adliya vazirligining xulosasi ko‘zda tutilmagan. Va adliya xulosasi rad etish uchun asos hisoblanmaydi.

Ikkinchidan, xulosa olish talabi qo‘yilgan Adliya vazirligining o‘zi bunday xulosa berishda xolis organ emas. Boisi, uning o‘ziga qarashli yuridik universiteti bor. Va bu o‘z o‘rnida vazirlik yangi yuridik yo‘nalishdagi raqobatchi paydo bo‘lishini istamaydi.

Uchinchidan, O‘zbekistonda yuridik kadrlarga bo‘lgan talab yuqori ekanligi inobatga olinsa, huquqshunos kadrlar hisobiga mamlakatda o‘n ming va balki yuz minglab aholi bandligi ta’minlanishi mumkin. Bu boradagi sun’iy to‘siq, bandlikni ta’minlashdagi zaxira imkoniyatlarni ham yo‘qqa chiqaradi.

To‘rtinchidan, aholining huquqiy savodxonligini oshirish borasida oldimizga qo‘yilgan strategik maqsadlarga erishishda ham huquqshunoslar suv va havodek zarur. Huquqshunoslarning yetishmovchiligi ushbu strategik maqsadlar ham amalga oshmasligiga olib keladi.

Shu bois, biz xolislik nuqtayi nazaridan Profi University jamoasi qayta topshirgan ariza bo‘yicha Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan olib boriladigan o‘rganishlarda kuzatuvchi sifatida ishtirok etmoqchimiz. Albatta, bunga vazirlikda ham hech qanday e’tiroz bo‘lmasa kerak”, - deydi Rasul Kusherbayev.

Advokat Bahodir Ahmedov esa bizga yuristlar ko‘proq kerakligi, dunyo darajasidagi proporsiyalarda mavqeimiz maqtagulik emasligi, shu sababli, yuristlarni o‘qitib “ishlab chiqaruvchi” oliygohlar ko‘p bo‘lgan raqobat muhiti kerakligini ta’kidladi.


Hozircha, mas’ul vazirliklar holat bo‘yicha rasmiy munosabat bildirmadi. O‘ylaymizki, mazkur holat yuzasidan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi o‘z munosabatini bildiradi.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Oliy ta'lim

Ulashish