Top.Mail.Ru
Maktabda ishlayotgan talabalar malaka oshirishga chiqishi shartmi?

Maktabda ishlayotgan talabalar malaka oshirishga chiqishi shartmi?

15:05 / 18.11.2024 1.20k

Savol 

Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi xodimi maktabda ishlayotgan talabalar ham 31-dekabrgacha malaka oshirishga chiqishi kerakligi, bo‘lmasa ular bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinadi deyapti. Avvalroq talabalar malaka oshirmasa ham bo‘laveradi deyishgandi, endi majburlashyapti. Shu to‘g‘rimi?


Javob 

Malaka oshirishning asosiy maqsadi — xodimlarning malaka darajasiga ortib borayotgan talablar va kasbiy faoliyatni amalga oshirishning zamonaviy usullarini o‘zlashtirish zarurati bilan bog‘liq holda nazariy va amaliy bilimlarini yangilashdan iborat.


Oliygohlarda tahsil olib, bir vaqtning o‘zida maktabda ishlab kelayotgan talabalar o‘zi shundoq ham nazariy va amaliy bilimlarini o‘qish mobaynida yangilab borishadi. Shu sababli, ular malaka oshirishga jalb qilinmasligi kerak, aslida.


Ammo qonunchilikda belgilab qo‘yilgan normalarda biroz chalkashliklar mavjud. Shu sababli, maktablarda o‘qituvchi sifatida faoliyat yuritib kelayotgan talabalar malaka oshirishga chiqish yoki chiqmasligi ularni ishga qabul qilishda rasmiylashtirilgan buyruqlarga ham bog‘liqligi aytiladi.


Agar talaba maktabga o‘rindoshlik asosida ishga qabul qilingan bo‘lsa, malaka oshirishga mutlaqo jalb qilinmasligi mumkin. Aksincha, asosiy shtatdagi xodim sifatida ishlayotgan bo‘lsa, unda talabalardan malaka oshirishga chiqish talab etilmoqda.


Xabaringiz bo‘lsa, 2023-yilning 2-avgustida Vazirlar Mahkamasining 425-sonli qarori bilan oliy ta’lim muassasasining kunduzgi, kechki, sirtqi ta’lim shakllarining pedagogika yo‘nalishlarida o‘qiyotgan shaxslar 3-kursdan boshlab o‘qishiga xalaqit bermagan holda pedagoglik ishini amalga oshirish uchun umumta’lim muassasalarida asosiy ish joyi sifatida ishga qabul qilinishi mumkinligi belgilandi.


Shu sababli, ko‘p hollarda talabalar asosiy shtatdagi xodim sifatida ishga qabul qilindi. Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 17-yanvardagi 25-son qaroriga 1-ilova “Xalq ta’limi xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini tashkil etish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 71-bandi 2-xatboshida tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limi rahbariyati tizimdagi barcha xalq ta’limi muassasalari hamda xalq ta’limi bo‘limida asosiy shtatda faoliyat ko‘rsatayotgan har bir xodimning malaka oshirish bo‘yicha tegishli buyurtmaga kiritilishini ta’minlashi va nazorat qilishi lozimligi qayd etilgan.


Shu sababli, ta’lim muassasalarida asosiy shtatda ishlab kelayotgan talabalarni malaka oshirishga jalb qilish holatlari kuzatilmoqda.


Ma’lumki, Vazirlar Mahkamasining 25-son qarori 2022-yil 17-yanvarda imzolangan. Talabalarga pedagoglik ishini amalga oshirish uchun umumta’lim muassasalarida asosiy ish joyi sifatida ishga qabul qilinishi mumkinligi haqidagi qoidani belgilab bergan Vazirlar Mahkamasining 425-sonli qarori esa sal keyinroq, ya’ni 2-avgustda imzolangan.


Shu sabali, “Xalq ta’limi xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini tashkil etish tartibi to‘g‘risida”gi nizomda asosiy shtatda ishlaydigan talabalar malaka oshirishga jalb qilinish yoki qilinmasligi haqida alohida qoida kiritilmagan bo‘lishi mumkin. 


Biz bu holatga yanada aniqlik kiritish maqsadida 2023-yil 1-dekabrda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan fan o‘qituvchilarini diagnostika testidan o‘tkazish mavzusi yuzasidan tashkil etilgan matbuot anjumanida aynan shu savolni vazirlik mutasaddilariga bergan edik. Shundan song, ushbu savolimizga A.Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti rektori Abduvali Ismailov batafsil javob bergan.


Institut rektorining bergan javobida ta’lim muassasalarida ishlayotgan talabalarni malaka oshirish kurslariga jalb qilishdan hech qanday ma’no yo‘qligi, shu sababli ularni malaka oshirish kurslariga jalb etmaslik ko‘zda tutilganligini ma’lum qilgan.


Demak, A.Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti rektori Abduvali Ismailovning bergan javobidan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, maktabda ishlayotgan talabalarni malaka oshirish kurslariga jalb qilish noto‘g‘ri amaliyot hisoblanadi.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Malaka oshirish

Ulashish