O‘qituvchiga necha soatgacha dars berish mumkin?

Savol
3271-sonli nizom bo‘yicha ustuvorlikka ega o‘qituvchilar agar dars soati yetarli bo‘lsa, necha soatgacha dars olishlari mumkin? Maksimal dars soati bu necha soat, aslida?
Javob
Ma’lumki, “Umumta’lim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya ro‘yxatlarini shakllantirish tartibi to‘g‘risida”gi nizomga (ro‘yxat raqami: № 3271) muvofiq darslar o‘qituvchilar o‘rtasida belgilab berilgan ustuvor ketma-ketlik asosida taqsimlanadi.
Bunda ustuvor ketma-ketlik bo‘yicha ustunlikka ega bo‘lgan o‘qituvchilarga dars soatlarining maksimal miqdorlari belgilanishi tavsiya etiladi. Umuman olganda o‘qituvchida qolganlarga nisbatan yuqori malaka toifasi yoki nizomda nazarda tutilgan boshqa yutuqlar mavjud bo‘lsa, ularga 30 soatgacha dars berish mumkin.
Ammo masalaning ikkinchi tomonini ham hisobga olish zarur
Qonunchilikka ko‘ra, o‘qituvchilarga 1.5 stavkagacha ishlashiga ruxsat beriladi. Ammo buni ta’lim muassasasidagi boshqa bir o‘qituvchining ishsiz qolishi hisobiga amalga oshirib bo‘lmaydi.
Yutuqlari ko‘proq bo‘lgan o‘qituvchilar “Men 30 soatgacha dars olishim mumkin, boshqa o‘qituvchilarga dars yetmasa ham direktor menga 30 soat dars berishga majbur. Chunki, dars taqsimoti bo‘yicha nizomda shunday qoidalar nazarda tutilgan”, deyishi tabiiy hol.
Lekin ushbu nizomda ustuvor ketma-ketlik bo‘yicha ustunlikka ega bo‘lgan o‘qituvchilarga aynan 1.5 stavka (30 soat) dars berilsin degan jumla mavjud emas. Nizomni e’tibor bilan o‘qib chiqsangiz, u yerda ketma-ketlik asosida ustunlikka ega bo‘lgan o‘qituvchilarga dars soatlarining maksimal miqdorlari belgilanishi tavsiya etilgan.
Maksimal miqdor deganda aynan 30 soat dars berish nazarda tutilmayapti. Bu yerda turli xil toifadagi o‘qituvchilar orasida eng yuqori ko‘rsatgichga ega bo‘lgan o‘qituvchilarga qolgan o‘qituvchilarga nisbatan ko‘proq dars soati ajratilishi mumkinligi haqida gap ketmoqda.
Aytaylik, maktabdagi 6 nafar ingliz tili o‘qituvchilarining ichida bir nafari oliy toifali, bir nafari birinchi toifali, yana bir o‘qituvchi ikkinchi, qolgan 3 nafari esa toifasiz deylik.
Shunda oliy toifali o‘qituvchiga 27 soat, birinchi toifali o‘qituvchiga 25 soat, ikkinchi toifali o‘qituvchiga 22 soat, 3 nafariga esa qolgan dars soatlari teng miqdorda taqsimlansa, eng yuqori ko‘rsatgichga ega bo‘lgan o‘qituvchi maksimal miqdordagi dars soati bilan ta’minlangan hisoblanadi.
Maktab direktori malaka toifasi yuqori bo‘lgan barcha o‘qituvchilarni 30 soat dars bilan ta’minlash uchun, ba’zi bir pedagog xodimlarni ishsiz qoldirolmaydi, bunga mehnat qonunchiligi yo‘l qo‘ymaydi.
Chunki, qonunchilikda belgilab qo‘yilgan boshqa qoidalar ham mavjud. Ya’ni, maktab direktori ish beruvchi sifatida boshqa xodimlarning ham mehnat huquqlarini buzmaslikka majbur. Dars taqsimlashda toifasiz o‘qituvchiga dars yetmay qolganligi uchun ular bilan tuzilgan mehnat shartnomasini osonlikcha bekor qilib bo‘lmaydi.
Albatta, shu o‘rinda malaka toifasi yoki boshqa yutuqlarga ega bo‘lmagan pedagog xodimlar ham malaka toifasini oshirishi va ko‘proq yutuqlarga erishishga harakat qilishi zarur. Bu ko‘proq dars soatlari olish imkonini beradi.
Izohlar 0
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!
Yangiliklar

Gulnora Karimova o‘zlashtirgan pullardan ta’limga ham yo‘naltirilmoqda

Ikki mingta maktab yuqori yuklama bilan ishlayapti

Maktab direktori lavozimi uchun 3 ming dollar

Yana ikki nafar maktab o‘quvchisi ijaraga mashina olib, avtohalokatga uchradi
Mavzuga doir yangiliklar

Yangi o‘quv yilidan 3-sinflarda ham informatika fani joriy etiladi
“Informatika va axborot texnologiyalari” fani 1-2-3-sinflarda boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari tomonidan o‘qitiladi.

Rahbar xodimlar darsi uchun soatbay haq to‘lanishi to‘g‘rimi?
Bu ish haqi miqdorining kamayishiga olib kelmaydi

O‘qituvchining bir stavkadan ortiq dars soatlari vakant sifatida ko‘rsatilishi shartmi?
Bu masala yuzasidan tegishli vazirliklarga so‘rov yuboriladi

Attestatsiyadan o‘tolmagan rahbar xodimga dars berish to‘g‘rimi?
Rahbar xodimlarning malaka toifasi dars soatlarini taqsimlashda rol o‘ynamaydi
Izohingizni tahrirlang