Bu safargi attestatsiya yanada kattaroq norozichilik keltirib chiqardi
2025-yil 21-oktabrdan boshlab maktabgacha, umumta’lim va maktabdan tashqari ta’lim muassasalari pedagoglari ishtirokidagi malaka toifa sinovlariga start berilgandi.
Ushbu sinov jarayonlarida turli fanlardan dars beradigan 180 mingga yaqin pedagoglarning ishtirok etishi reja qilingan. Mazkur attestatsiya jarayoni orqali pedagog xodimlar malaka toifasini oshirishi, 70 foizlik ustamaga ega bo‘lishi, vazir ustamasi uchun da’vogarlik qilishi hamda ‘‘Yil o‘qituvchisi’’ tanlovi uchun o‘z nomzodini ilgari surishi mumkin bo‘ladi.
Ammo, testga kirib chiqqan pedagoglar attestatsiya natijalaridan norozi bo‘lib, ijtimoiy tarmoqlar orqali Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga o‘z e’tirozlarini bildirmoqda.
16 mingdan ortiq ingliz tili o‘qituvchilari attestatsiyadan norozi
Joriy yilning 30-31-oktabr kunlari ingliz tili o‘qituvchilari uchun attestatsiya test sinovlari bo‘lib o‘tgandi. Ammo, imtihonda qatnashgan pedagoglarning katta qismi attestatsiya natijalaridan norozi.
Hatto, attestatsiya natijalaridan norozi pedagoglar Telegramda alohida guruh ham tashkil qildi. Yaqindagina tashkil qilingan guruh juda qisqa vaqtda 16 ming nafar ingliz tili o‘qituvchilarini o‘zida jamladi. Aytishlaricha, norozilik tobora kengayib, guruh a’zolari soni daqiqa sayin ko‘payib bormoqda.
O‘qituvchilarga ko‘ra, attestatsiya test savollari sun’iy darajada qiyinlashtirib yuborilgan. O‘qituvchidan uni ishlash va yaxshi natija qayd etish uchun akademik darajada bilim talab qilinadi.
Ularning fikriga ko‘ra, oddiy maktab o‘qituvchisidan talab qilinayotgan bu darajadagi bilimlar kundalik hayotda va bolani o‘qitishda kerak bo‘lmaydi. Va qo‘shimchasiga testlarda jiddiy kamchiliklar bor va validlik talablariga javob bermaydi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad 70 foizlik ustamaga hech kimni o‘tkazmaslik, toifadan kamroq o‘qituvchilar o‘tishini ta’minlash bo‘lishi mumkin deyiladi, guruhdagi bildirilgan fikrlarda.
Guruhda o‘tkazilgan so‘rovnomaga ko‘ra, 92 foizdan ortiq pedagoglar attestatsiyada yetarli ball to‘play olmagan. Bu juda katta raqam bo‘lib, testlarning validlik talablariga javob berishini jiddiy shubha ostiga qo‘yadi.
Ayni vaqtda o‘qituvchilar Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligidan ushbu muammoga e’tibor qaratishini hamda attestatsiya imtihonlarini belgilangan tartibda adolat va shaffoflikni ta’minlagan holda qayta o‘tkazib berishini talab qilmoqda.
Test sinovlaridan faqatgina ingliz tili fani o‘qituvchilari emas, balki jismoniy tarbiya, texnologiya hamda biologiya fani o‘qituvchilari ham norozi.
Jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilari murojaati
2025-yil 25-oktyabr kuni jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilari uchun ikki bosqichli attestatsiya sinovlarining birinchi bosqichi nazariy (40 ta test 1 ballik) bo‘lib o‘tdi. Attestatsiya kuni o‘qituvchilar yaxshi kayfiyat bilan attestatsiya jarayonlariga borishdi, chunki 6 oydan buyon turli usullar bilan attestatsiya spetsifikatsiyasida taqdim etilgan adabiyotdan juda ham yaxshi tayyorlanib borgan edik.
Afsuski, bo‘lib o‘tgan ushbu attestatsiya jarayonida jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilari uchun katta nohaqlik, katta bosimga duchor bo‘ldi. Hammaga ma’lumki, jismoniy tarbiya va musiqa fani o‘qituvchilari uchun attestatsiya sinovlarini o‘tkazish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining 572-sonli qarorining 3-bob 33-bandi talabi va Maktabgacha va maktab ta’limi va Sport vazirligi qo‘shma qarorining 2-bandi buzilgan deb hisoblaymiz.
Unga ko‘ra jismoniy tarbiya va musiqa fani o‘qituvchilari 40 ta (35 ta mutaxassislik va 5 ta kasb standarti) savollik bo‘yicha test jarayonida ishtirok etishi kerak edi. Lekin bunday bo‘lmadi, 2-3 kun oldin 10 ta pedagogika fanidan ham test bo‘lishi ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi va bundan ko‘plab jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilari xabarsiz qolishgan. Attestatsiya kuni kuchli bosim ostida test sinovlarida qatnashdi. 2025-yil 25-oktyabr kuni biz uchun juda ham og‘riqli kun bo‘ldi.
Bunga sabab, o‘qituvchilar belgilangan vaqtda attestatsiya sinovlariga kirib, 10-15 test savollarni ishlab turgan vaqtida birinchi va oliy toifali bo‘lgan ustozlarni “Bu sizlarning testlaringiz emas ekan” deb, jarayon bo‘layotgan auditoriyadan chiqarib yuborildi.
Ikkinchi marta test xonasiga kirib, test topshirishni ishlaganimizda avvalgi testlar yo‘q edi. Ko‘pchilikning test ishlash vaqtida g‘alati holatlar sodir bo‘ldi. Jumladan, ayrim ustozlar uchun test 30 daqiqada yakunlanib qolgan, kompyuterda texnik nosozliklar kuzatilgan, bu albatta vaqt reglamentiga jiddiy ta’sir qilgan. Hattoki ayrim testlar belgilanib kelgan nazoratchilarga bu bo‘yicha e’tirozlar berilganida shovqin solmasligini aytishdi.
Undan tashqari, pedagogik mahorat testlaridan ko‘pchiligimizning xabarimiz bo‘lmagan va natijada kuchli bosim ta’sirida qoldik. Vaqtni to‘g‘ri taqsimlay olmasdan pedagogik mahorat testlarini ham to‘liq ishlashimiz kerak deb o‘yladik va yuqoridagi mutaxassislik testlarimizni ham shoshma-shosharlik bilan ishladik.
Eng dolzarb og‘riqli bo‘lgan tomoni 6 oy davomida o‘rganib chiqqan kitoblarimizdan kelib chiqqan holda mulohaza yuritib testlarni ishladik va 30 ta testdan ko‘pini topdik deb testni yakunlasak, deyarli 90 % o‘qituvchilarda 10 tadan 20 ta atrofi to‘g‘ri ishlagan bo‘lib chiqdi.
Biz uchun qiziqarli bo‘lgan tomoni shuki, o‘z bilimiga ishongan, yaxshi tayyorgarlik ko‘rgan ustozlar ham 25 balldan ortiq ball to‘play olmadi. Bundan xulosa qildikki, 70 % ustama uchun topshirgan o‘qituvchilarning ishlagan natijalarini tizimda 25 balldan oshirmasdan oldindan belgilab qo‘yilgandek edi.
Savollarga keladigan bo‘lsak, ba’zi bir testlar berilgan adabiyotlardan olinmagan, ba’zi testlar javoblarida so‘zlar ichidagi atama so‘zlar o‘zgartirilgan, buning natijasida qiyinchiliklarga duch keldik (kitobdagi atama so‘zlar o‘zgartirilishi mumkin emas). Ba’zi moslashtirish testlarini variantlarga moslab bo‘lmaydi, chunki testologlar o‘zlari bu testlarni to‘g‘ri tuzmagan.
Kitoblarimizni o‘rganib chiqqanimizda, to‘g‘ri deb belgilagan testlarimiz platformadagi shaxsiy kabinetimizga kirib ko‘rganimizda, xato belgisi bilan turibdi. Noto‘g‘ri deb belgilangan testlar to‘g‘ri bo‘lib turibdi.
Biz mutasaddilardan, mas’ullardan, test tuzuvchi yuqorida turgan testologlardan shuni so‘raymizki, bizning fanimizga nisbatan hurmatsizlik qilmasligini talab qilamiz va testlarni to‘g‘ri tuzishini so‘raymiz.
Biologiya fani o‘qituvchilari vazirga murojaat qildi
2025-yil 22-oktabr kuni attestatsiya sinovlarining ikkinchi kunida biologiya fani o‘qituvchilari ishtirok etdilar. Unda 5530 nafar pedagog xodimlar malaka toifasini olish maqsadida test sinovlarida qatnashdi. Test sinovlari natijalariga ko‘ra, qariyb 99 foiz pedagog belgilangan sertifikat olish mezonlariga javob bera olmadi.
Mazkur holat bir necha sabablarga bog‘liq deb hisoblaymiz:
test savollari pedagoglarning ta’lim berish mahoratini va baholash tizimini shaffof, xolis mexanizmlar asosida tashkil etish talablariga to‘liq javob bermaydi. Savollarda mantiqiy bog‘liqlik va ilmiy asos yetarli emas;
imtihonning birinchi bosqichida mutaxassislik fani va kasb standarti bo‘yicha, ikkinchi bosqichda esa pedagogik mahorat baholanishi belgilangan bo‘lsa-da, pedagogik mahoratga oid savollar hajman ortiqcha, murakkab va qisqa vaqt ichida bajarish imkoni yo‘q;
test savollarida sinflararo integratsiya ta’minlanmagan, darsliklardagi ayrim bo‘limlar hisobga olinmagan. Ayrim savollar foydalanishdan chiqib ketgan darsliklardan tuzilgan;
xalqaro baholash me’yorlariga ko‘ra hozirgi kunda fikrlash, tahlil qilish va yechim topish ko‘nikmasini talab qilayotgan bir paytda, mazkur testlar faqat yodlashga asoslangan. Bu esa natijalar ishonchliligini pasaytirgan;
savollar attestatsiya uchun belgilangan o‘quv dasturlariga asoslanmagan. Jumladan, 8-sinf Biologiya (Toshkent, “Yangi asr avlodi”, 2023) darsligi mualliflari D.D.Jones, J.Tolipova, M.Umaraliyevalarning muallifligidagi darslik tahlil qilinganda, ayrim atamalar o‘rni va mazmuni bo‘yicha farqlar aniqlangan.
Shu munosabat bilan o‘qituvchilar quyidagi takliflarni ilgari surgan:
attestatsiya yakunidan so‘ng har bir test savolini ekspertlar tomonidan tahlil qilishni yo‘lga qo‘yish;
maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzurida fanlar kesimida apellyatsiya komissiyasi tuzish;
biologiya fanidan o‘tkazilgan 2025-yil 22-oktabr kungi test sinovlarini qayta ko‘rib chiqish va zarurat tug‘ilganda qayta tashkil etish.
Texnologiya fani o‘qituvchilari esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri prezidentga murojaat qildi
Biz, O‘zbekistonning turli hududlarida faoliyat olib borayotgan texnologiya fani o‘qituvchilari, yaqinda 2025-yil 1-noyabr o‘tkazilgan attestatsiya imtihoni natijalaridan chuqur tashvishdamiz.
Mazkur test o‘z mazmuni va murakkablik darajasi bilan amaldagi ta’lim standartlariga hamda maktab darslari mazmuniga mutanosib emas edi. Natijada o‘qituvchilarning 95 foizdan ortig‘i imtihonni topshirolmagan. Bu esa bizning professional sha’nimizga va o‘z kasbimizga bo‘lgan ishonchimizga jiddiy zarba bo‘ldi.
Mazkur vaziyat o‘qituvchilar orasida ruhiy tushkunlik, ishdan sovish, hatto kasbiy faoliyatni tark etish holatlarining kuchayishiga sabab bo‘lmoqda. Ko‘plab o‘qituvchilar o‘z mehnati, tajribasi va ko‘p yillik bilimlari qadrlanmayotganini his etmoqda.
Biz ta’lim sifatini oshirishga qarshi emasmiz. Aksincha, o‘qituvchilarning bilimini adolatli baholash tizimi orqali haqiqiy professional o‘sishga erishish tarafdorimiz. Shuning uchun biz quyidagilarga sizdan amaliy tarzda yordam berishingizni so‘raymiz.
Shu sababli, texnologiya fani o‘qituvchilarining sertifikatlash testini ilmiy va metodik jihatdan qayta ko‘rib chiqishni, imtihon savollarini maktab darsliklari va real o‘quv jarayoniga mos tarzda ishlab chiqish va imtihon natijalaridan norozi o‘qituvchilar uchun apellyatsiya yoki qayta topshirish imkoniyatini ta’minlashni shaxsan o‘zingiz nazorat qilishingizni iltimos qilamiz.
Biz ushbu murojaat orqali ta’lim tizimida adolat, xolislik va o‘qituvchilarning mehnatiga hurmat tamoyillarini qaror topishini istaymiz. Shu boisdan, mazkur masalaga jiddiy e’tibor qaratishingizni va o‘qituvchilar manfaatlarini himoya qiluvchi qarorlar qabul qilishingizni hurmat bilan so‘raymiz.
So‘nggi vaqtlarda attestatsiya natijalaridan norozi bo‘lgan pedagoglar tomonidan sudga murojaat qilish holati ham ko‘paygan. Xususan, 2025-yil aprel-may oylaridagi attestatsiya imtihoni bo‘yicha vazirlik jami 6 marta sudga berilgan bo‘lib, 1 ta sud ishida vazirlik yutqazgani, 4 tasida esa yutib chiqqani ma’lum bo‘lgandi.
Oxirgi marta ona tili va adabiyot hamda tarix fani o‘qituvchilari sud ishida ham vazirlik yutib chiqqandi. Xalqtaliminfo.uz manbalarining xabar berishicha, kuzgi attestatsiyada ham bir qator o‘qituvchilar vazirlikni sudga berishi kutilmoqda.
Комментарии 15
Для комментирования зарегистрируйтесь!
Новости
“Apellyatsiya natijasidan qoniqmaganlar sudga murojaat qilishi mumkin” — vazirlik
Vazirlik pedagoglarning “Yil o‘qituvchisi” natijalarini o‘zgartirib qo‘ygani aytilmoqda
Теперь результаты предметной олимпиады не дают никакого преимущества в распределении уроков.
Учащимся 10-х классов будет разрешено перевестись в техникумы
Тематические новости
Новости
“Apellyatsiya natijasidan qoniqmaganlar sudga murojaat qilishi mumkin” — vazirlik
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi attestatsiya natijalaridan norozi bo‘lgan pedagoglar masalasi kun tartibiga ko‘tarilgandan so‘ng, rasmiy bayonot bilan chiqdi.
Новости
Bu safar ham attestatsiya bo‘yicha sud ishida o‘qituvchilar vazirlikka yutqazdi
Sud tarix fani o‘qituvchilarining da’vo arizasini asossiz deb topib, vazirlik foydasiga qaror chiqardi.
Вы знаете?
Вниманию педагогов, участвующих в аттестационных тестовых испытаниях
Многие люди, плохо понимая процедуру подачи апелляции, допускают различные ошибки и недостатки, что может работать во вред педагогам.
Новости
Tarix fani o‘qituvchilarining attestatsiya bo‘yicha da’vo arizasi sudda ko‘rib chiqildi
Kecha, 15-oktyabr kuni fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahri Shayxontohur tumanlararo sudida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ustidan kiritilgan shikoyatni ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Mazkur sud ishi sudya G.K.Djumayeva raisligida ko‘rib chiqildi.
Русский
Редактировать комментарий