Top.Mail.Ru
Attestatsiyada o‘qituvchilar huquqi cheklanishi bu qulaylikmi?

Тексты сайта переведены Google, возможны ошибки!

Attestatsiyada o‘qituvchilar huquqi cheklanishi bu qulaylikmi?

12:08 / 03.12.2025 374

Avvalroq, attestatsiya bo‘yicha apellyatsiyada o‘qituvchilar ishtiroki rasman cheklangani haqida xabar bergandik. Shundan so‘ng, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Axborot xizmati bu kabi o‘zgarishlar aslida o‘qituvchilarga qulaylik yaratish maqsadida amalga oshirilganini ma’lum qildi.

“Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 26-noyabrdagi VM-740-sonli qarori bilan Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentabrdagi 572-son qarori 1-ilovasi bilan tasdiqlangan “Maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida nizom”ning tegishli bandlariga kiritilgan o‘zgarishlar yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz:

Nizomga kiritilgan o‘zgarishlar pedagoglarga qulaylik yaratish maqsadida amalga oshirilgan bo‘lib, test dasturi bo‘lgan test.uzedu.uz maxsus platformasi orqali test sinovlari jarayonining o‘zida ham pedagog tomonidan murojaat yuborish (e’tiroz bildirish) imkoniyati yaratilgan.

Murojaatlarni tezkorlik bilan ko‘rib chiqish maqsadida Nizom talablariga muvofiq, apellyatsiya komissiyasi tarkibiga muammoli holatlarga aniqlik kiritish uchun jamoatchilik asosida malakali mutaxassislarni jalb etish yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, kiritilgan o‘zgartirishlar pedagogning apellyatsiya shikoyatini ko‘rib chiqishdagi jarayonni to‘liq tartibga solib, ularni apellyatsiya shikoyatini berish huquqini saqlab qolgan.

Bundan tashqari, apellyatsiya komissiyasi qarori komissiya tomonidan murojaatni ko‘rib chiqish yakunlangan zahoti murojaatchining shaxsiy kabinetiga murojaatga javob shaklida yuboriladi hamda uning so‘roviga ko‘ra, apellyatsiya komissiyasi qarorining tegishli qismidan ko‘chirma taqdim etilishi va bevosita tegishli tashkilotga tashrif buyurgan holda o‘zining murojaati natijalariga oid hujjatlar bilan tanishib ketishiga monelik ko‘rsatmaydi”, - deyiladi vazirlik Axborot xizmati tomonidan berilgan bayonotda.

Apellyatsiya jarayonida o‘qituvchining ishtirokini rasman cheklash haqidagi qaror katta muhokamalarga sabab bo‘ldi. Avvalgi tartibga ko‘ra, pedagog o‘z shikoyati ko‘rib chiqilishida bevosita yoki onlayn tarzda qatnashishi, test jarayonida yo‘l qo‘yilgan xato va noaniqliklarni komissiyaga ham asoslab berishi mumkin edi. 


Bu imkoniyat pedagogning o‘z pozitsiyasini himoya qilishi, baholash jarayonining shaffofligi va adolat tamoyillarini ta’minlab beruvchi eng muhim vositalardan biri edi.


Yangi tartib bilan esa o‘qituvchilarning ushbu huquqi bekor qilindi. Endilikda apellyatsiya shikoyatlari o‘qituvchi ishtirokisiz ko‘rib chiqiladi. Vazirlikning rasmiy munosabatida bu o‘zgarish “pedagoglarga qulaylik yaratish maqsadida” amalga oshirilgani ta’kidlandi. Ammo aynan qaysi jihat pedagog uchun qulay bo‘lganini tushunish qiyin.


Vazirlik “qulaylik” sifatida test topshirish jarayonining o‘zida e’tiroz yuborish imkoniyati mavjudligini aytmoqda. Lekin bunday imkoniyat boshqacharoq shakli avval ham mavjud edi va baribir o‘qituvchining keyingi bosqichda ishtirok etish huquqi jarayonning muhim qismi hisoblanardi. Ma’lumki, test vaqtida pedagog stress ostida bo‘ladi, tabiiyki bunda vaqt cheklangan, xatoni batafsil bayon etish imkoni ham cheklangan, ya’ni bu apellyatsiya jarayonida o‘z fikrini asoslab berishning o‘rnini bosa olmaydi.


Shuningdek, komissiyaga malakali mutaxassislar jalb qilinishining ta’kidlanishi ham o‘qituvchining ishtirokini bekor qilishga asos bo‘la olmaydi. Malakali mutaxassislar jarayonda bo‘lishi yaxshi, lekin o‘qituvchining fikrini eshitmasdan, uning holatini tushuntirish imkoniyatisiz qaror chiqarish, tabiiyki, jarayonning shaffofligini kamaytiradi.


Vazirlik yana qaror natijasi shaxsiy kabinetga yuborilishini qulaylik sifatida ko‘rsatgan. Ammo bu ham yangi amaliyot emas, natijalar avval ham elektron tarzda yetkazilgan. Shikoyat jarayonida ishtirok etish huquqining bekor qilinishi esa bundan ancha jiddiy o‘zgarish.


Aslida o‘qituvchining ishtirokini talab qiladigan apellyatsiya — bu tizimning o‘ziga ishonchini mustahkamlaydigan asosiy mexanizmdir. Agar pedagog o‘z haqiqatini tushuntira olmasa, komissiya faqat qog‘ozdagi ma’lumotga asoslanib, bir tomonlama qaror qabul qiladi. Bu esa baholashning adolatliliga va jarayonning ochiqligiga putur yetkazadi.


Demak, “qulaylik yaratildi” degan jumla amalda pedagogning eng muhim huquqlaridan biri — o‘z ovozini eshittirish imkoniyatini cheklab qo‘ydi. O‘qituvchini jarayondan chetlashtirish qulaylik emas, balki ularning apellyatsiya jarayonida ishtirokini ochiqdan-ochiq cheklash hisoblanadi.


Agar yangi tartib haqiqatan ham o‘qituvchiga qulaylik yaratishni maqsad qilgan bo‘lsa, unda eng avvalo pedagogning apellyatsiya jarayondagi ishtirokini yanada kengaytirishi, ularga qo‘shimcha imkoniyatlarni taqdim etishi kerak edi.


“Apellyatsiyani o‘qituvchi ishtirokisiz ko‘rib chiqish qonunga zid” – Komil Jalilov


Ta’lim masalalari bo‘yicha ekspert Komil Jalilov Vazirlar Mahkamasi qarori bilan pedagogga o‘z attestatsiyasi natijalari ustidan apellyatsiya (shikoyat) ko‘rilayotganda shaxsan ishtirok etish huquqini bermaslikni qonunga zid deya baholamoqda.


Uning aytishicha, yangi kiritilgan norma “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonunga ham zid bo‘lib, aslida murojaatchining murojaati ko‘rib chiqilayotganda vajlarini shaxsan bayon etish va tushuntirishlar berish huquqi saqlanib qolinishi kerak.

“Apellyatsiya - bu mohiyatan shikoyat, ya’ni murojaatning bir turi. Attestatsiya natijalaridan norozi bo‘lib apellyatsiya berayotgan pedagog o‘zining huquqlari, qonuniy manfaatlari buzilgan deb hisoblaydi va ularni tiklashni talab qilib (so‘rab) murojaat qiladi. 

“Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonunning 32-moddasiga ko‘ra, murojaatchi murojaati ko‘rib chiqilayotganda vajlarini shaxsan bayon etish va tushuntirishlar berish huquqiga ega. Xuddi shu qonunning 26-moddasiga ko‘ra, davlat organi, tashkilot yoki ularning mansabdor shaxslari murojaat etuvchiga murojaatda ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha o‘z fikrini bildirish va murojaat bo‘yicha qo‘shimcha axborot taqdim etish imkoniyatini beradi.

“Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, qonunosti hujjatlari (xususan, Vazirlar Mahkamasi qarorlari) parlament tasdiqlagan qonunlarga zid bo‘lishi mumkin emas. Bu yerda Vazirlar Mahkamasi qarori bilan pedagogga o‘z attestatsiyasi natijalari ustidan apellyatsiya (shikoyat) ko‘rilayotganda shaxsan ishtirok etish huquqini bermaslik – qonunga zid. 

Vazirlikni tushunsa bo‘ladi - oxirgi paytlarda apellyatsiya bilan bog‘liq mashmashalar ko‘payganligi sababli yanada yopilib olish yo‘lini tanlagan bo‘lishi mumkin. Lekin bu yechim emas. Apellyatsiya bilan bog‘liq fundamental muammolarni hal qilish kerak”, - deydi Komil Jalilov.

Umuman olganda, apellyatsiya jarayonida o‘qituvchining ishtirokini cheklovchi yangi tartib qayta ko‘rib chiqilishi shart. Bu masalaga huquqshunoslar, mehnat huquqi bo‘yicha mutaxassislar, O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi hamda Adliya vazirligi darhol e’tibor qaratib, normativ-huquqiy hujjatlar o‘rtasidagi ziddiyatni bartaraf etishi zarur. Chunki adolatli attestatsiya tizimi — bu faqat bir guruh pedagoglarning manfaatiga xizmat qiladigan mexanizm emas, balki butun ta’lim tizimining sifatiga ta’sir qiladigan omil.


O‘qituvchi ovozi eshitilmasa, baholash tizimi to‘laqonli adolatli bo‘la olmaydi. Shu sababli, ushbu norma bekor qilinishi va apellyatsiya jarayonida pedagoglarning ishtiroki to‘liq tiklanishi shart.

Комментарии 2

Показать больше
Для комментирования зарегистрируйтесь!

Теги

  • Аттестация

Поделиться

line

Тематические новости

Новости

"Порядок аттестации учителей будет пересмотрен" - министр образования Казахстана

После того, как казахстанские учителя были массово недовольны результатами аттестации, министр образования признал ошибки и недостатки.

11:04 / 04.12.2025
Новости

Участие учителей в апелляции по аттестации было официально ограничено.

Теперь апелляционные жалобы будут рассматриваться без участия учителей. Данный порядок отменен постановлением правительства от 26 ноября 2025 года No ПКМ-740.

10:30 / 28.11.2025
You asked

Если учитель не подаст заявление на аттестацию и не примет в ней участие, сгорит ли его текущая категория?

Я преподаватель физкультуры высшей категории. Я подал заявку на участие во внеочередной аттестации с целью получения 70% надбавки, фонда министра и претендовать на звание "Учитель года."

20:40 / 22.11.2025
Новости

Задержаны педагоги, взявшие с учителей 25 тысяч долларов за аттестацию

В Намангане раскрыт "бункер," организованный должностными лицами, работающими в системе образования.

22:27 / 20.11.2025