O‘qituvchilar ish tajribasini ommalashtirish jarayoni boshlanadi
Ma’lumki, 2026-yil 1-mart sanasidan boshlab pedagog xodimlar ish tajribalarini ommalashtirish uchun ommalashtirish.uz platformasi ochilishi kerak edi. Ammo, noma’lum sabablarga ko‘ra platforma ishchi holatda emasdi.
O‘qituvchilarning ilg‘or tajribasini ommalashtirish tartibi va platformaga tegishli o‘zgarishlar kiritish maqsadida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2026-yil 27-fevraldagi 84-sonli buyrug‘i bilan o‘qituvchilar ish tajribasini ommalashtirishning yangi tartibi tasdiqlandi.
Mazkur buyruq bilan vazirlikning 2025-yil 17-martdagi 89-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan o‘qituvchilarning ilg‘or tajribasini ommalashtirish tartibi bekor qilindi.
Unga ko‘ra, endilikda o‘qituvchilarning ilg‘or ish tajribasi hamda faoliyati davomida qo‘llab kelayotgan zamonaviy metodikalarni ommalashtirish ishlarini tashkil etish hamda muvofiqlashtirish faqatgina A.Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti tomonidan amalga oshirilardi (Avvalgi tartibda Respublika ta’lim markazi ham ishtirok etardi).
Bunda o‘qituvchilarning metodik ishlarini qabul qilish ommalashtirish.avloniy.uz platformasi orqali tashkil etilib, bu o‘qituvchilar uchun ixtiyoriy hisoblanadi.
Yangi tartib bo‘yicha ommalashtirish jarayoni qay tartibda amalga oshiriladi?
Ommalashtirish uchun tavsiya etilgan ilg‘or ish tajribalar metodik qo‘llanma yoki metodik tavsiya ko‘rinishda bo‘lishi lozim. Metodik qo‘llanma yoki metodik tavsiya ko‘rinishida bo‘lmagan hamda o‘tgan yillar davomida ommalashtirilgan metodik ishlar qayta ko‘rib chiqilmaydi.
Metodik ishlar quyidagi bosqichlarda ommalashtiriladi
- maktab miqyosida;
- tuman (shahar) miqyosida;
- viloyat miqyosida (Toshkent shahar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi);
- respublika miqyosida.
Maktab miqyosida ommalashtirish qay tartibda amalga oshiriladi?
Endilikda, fan o‘qituvchisi tomonidan ilg‘or tajribalar asosida ishlab chiqilgan metodik ishlar maktabning Metodbirlashmasi tomonidan ko‘rib chiqilishining o‘zi kamlik qiladi.
Yangi tartibga ko‘ra, endilikda o‘qituvchilar o‘zlari tayyorlagan metodik ish uchun ilmiy darajaga va (yoki) ilmiy unvonga ega bo‘lgan pedagoglardan ijobiy taqriz ham olishi kerak bo‘ladi.
Metodik ish uchun ijobiy taqriz olinganidan keyingina maktabning metod birlashmasi tomonidan muhokama qilinadi. Metodbirlashma metodik ishni ilg‘or tajriba sifatida e’tirof etgan taqdirda, uni maktab miqyosida ommalashtirish uchun maktabning Pedagogik kengashiga tavsiya etadi.
Metodbirlashma tavsiyasi asosida Pedagogik kengash metodik ishni belgilab qo‘yilgan talablar va baholash mezonlariga muvofiqligini o‘rganib chiqadi hamda metodik ishni maktab miqyosida ommalashtirish yoki ommalashtirmaslik to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
Agar metodik ish ijobiy baholanib, ommalashtirishga loyiq deb topilsa, Pedagogik kengash qarori bilan maktab miqyosida ommalashtiriladi va ommalashtirish.avloniy.uz platformasiga joylashtirilib keyingi bosqichga yuboriladi.
Bunda o‘qituvchilar quyidagi hujjatlarni platformaga yuklashi kerak bo‘ladi
- maktab miqyosida ommalashtirilganligi to‘g‘risidagi Pedagogik kengash qarori nusxasi;
- metodik ishning elektron nusxasi (pdf va docx);
- talabgor to‘g‘risidagi ma’lumotnoma (obyektivka) hamda mutaxassisligi bo‘yicha diplom nusxasi (zarur bo‘lsa qayta tayyorlov sertifikati bilan);
- metodik ishning plagiatga qarshi tizimlar (antiplagiat.avloniy.uz va boshqa shu kabilar)dan o‘tganligi to‘g‘risidagi xulosa (originallik darajasi kamida 70 foiz);
- mutaxassislar tomonidan berilgan ijobiy taqriz nusxasi;
- hammualliflarning yozma roziligi nusxasi (agar mavjud bo‘lsa).
Hujjatlar to‘liq taqdim etilmagan yoki belgilangan talablarga muvofiq bo‘lmagan taqdirda metodik ish ko‘rib chiqilmaydi va rad etiladi.
Tuman (shahar) va viloyat (Toshkent shahar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi) miqyosida ommalashtirish tartibi quyidagicha
Metodik ishlar tuman (shahar) hamda viloyat (Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi) miqyosida ommalashtirishda ikki bosqichli — texnik hamda mazmuniy ekspertizadan o‘tkaziladi.
Texnik ekspertizada platformaga yuklangan hujjatlarning to‘liqligi, xato va kamchiliklar mavjud emasligi hamda antiplagiat xulosasining mavjudligi tekshiriladi.
Texnik ekspertiza A.Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti hamda hududiy malaka oshirish markazlari mutaxassislari tomonidan amalga oshiriladi. Texnik ekspertiza talablari bajarilmagan metodik ishlar keyingi bosqichga o‘tkazilmaydi.
Mazmuniy ekspertizada metodik ish baholash mezonlari asosida tegishli fan yo‘nalishlari bo‘yicha ko‘rib chiqiladi.
Bunda talabgorning metodik ishi belgilangan mezonlar asosida 80 ballgacha baholanadi. Baholash natijalariga ko‘ra:
- 50–65 ball berilsa – tuman (shahar) miqyosida;
- 66–80 ball berilsa – viloyat (Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi) miqyosida;
- 75–80 ball berilsa – respublika miqyosida ommalashtirilgan deb hisoblanadi.
Shundan so‘ng, mazkur ishlar ommalashtirish.avloniy.uz platformasi orqali sertifikat olish uchun yuboriladi. Belgilangan bosqich uchun yetarli ball to‘play olmagan metodik ishlar asoslantirilgan xulosa bilan ommalashtirish.avloniy.uz platformasiga joylashtiriladi.
Bunda tuman (shahar) va viloyat miqyosida ommalashtirish bo‘yicha O‘quv-metodik kengash qarorlari har yili 15-mayga qadar platformaga joylashtiriladi.
Respublika miqyosida ommalashtirish tartibi quyidagicha
Respublika miqyosidagi ommalashtirish bosqichida talabgor metodik ish yuzasidan taqdimot qiladi. Taqdimot natijalari maksimal 20 ball bilan baholanadi.
Taqdimotlarni baholash mezonlari respublika bosqichi boshlanishidan kamida bir oy oldin ommalashtirish.avloniy.uz platformasiga joylashtiriladi.
Taqdimot jarayoni videoyozuvda qayd etiladi hamda videoyozuv Institutda bir yil davomida saqlanadi. Respublika bosqichida metodik ishlar umumiy hisobda 86–100 ball to‘plagan taqdirda, Respublika Muvofiqlashtiruvchi kengashi tomonidan respublika miqyosida ommalashtirish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi. Mazkur qaror har yili 30-mayga qadar ommalashtirish.avloniy.uz platformasiga joylashtiriladi.
Respublika miqyosida ommalashtirilgan barcha metodik ishlar o‘qituvchilarning erkin foydalanishi uchun ommalashtirish.avloniy.uz platformasiga joylashtiriladi.
Apellyatsiya berish tartibi
Tuman (shahar), viloyat yoki Respublika Muvofiqlashtiruvchi kengashi qaroridan norozi bo‘lgan talabgorlar qaror e’lon qilingan kundan boshlab 3 ish kuni ichida Apellyatsiya komissiyasiga murojaat qilish huquqiga ega.
Apellyatsiya jarayonida talabgorning shaxsiy ishtiroki talab etilmaydi. Komissiya tomonidan metodik ish materiallari hamda taqdimot videoyozuv asosida qayta ko‘rib chiqish amalga oshiriladi.
Shikoyat ko‘rib chiqilganidan so‘ng, apellyatsiya shikoyatini qanoatlantirish yoki qanoatlantirmaslik to‘g‘risida qaror qabul qilinadi. Bunda takroriy apellyatsiya berishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Talabgor Apellyatsiya komissiyasi qarori ustidan amaldagi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda sudga yoki yuqori turuvchi tashkilotlarga murojaat qilish huquqiga ega.
Ommalashtirish bo‘yicha berilgan sertifikatlar qancha muddatga amal qiladi?
Tuman (shahar), viloyat (Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi) hamda respublika miqyosida ommalashtirilgan metodik ishlar bo‘yicha berilgan sertifikatlar berilgan kundan boshlab uch yil muddatga amal qiladi.
Maktab miqyosida ommalashtirilgan metodik ishlar uchun sertifikat berilmaydi. Bunda metodik ishning maktab miqyosida ommalashtirilganligini tasdiqlovchi hujjat sifatida maktab Pedagogik kengashining qarori asos hisoblanadi hamda u ham uch yil muddatga amal qiladi.
Sertifikatlar faqat Respublika Muvofiqlashtiruvchi kengashi tomonidan beriladi va ommalashtirish.avloniy.uz platformasi orqali talabgorning shaxsiy kabinetiga elektron shaklda yuboriladi.
Ommalashtirish jarayoni bo‘yicha belgilngan muddatlar
- Maktab miqyosida metodik ishni Pedagogik kengashga tavsiya etish ishlari har o‘quv yili boshidan 20-martga qadar;
- Pedagogik kengash qarori bilan maktab miqyosida ommalashtirish va keyingi bosqichlarga tavsiya etish har yili 10-aprelga qadar;
- Viloyat (Toshkent shahar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi) miqyosida metodik ishlarni o‘rganib chiqish va keyingi bosqichga tavsiya etish har yili 20-mayga qadar;
- Tuman (shahar), viloyat (Toshkent shahar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi) miqyosida metodik ishi ommalashtirilgan talabgorlarga sertifikat berish ishlari har yili 25-mayga qadar;
- Respublika miqyosida ommalashtirishga tavsiya etilgan Metodik ishlarni o‘rganib chiqish va sertifikat berish har yili 5-iyunga qadar amalga oshiriladi.
Ilg‘or tajribalarni quyidagi fan yo‘nalishlari bo‘yicha ommalashtirish mumkin
- Boshlang‘ich ta’lim (1-4 sinf);
- Ona tili va adabiyoti (o‘zbek, qozoq, turkman, tojik, qirg‘iz, qoraqalpoq, rus);
- Rus tili (milliy sinf);
- Chet tili;
- Tarix;
- Davlat va huquq asoslari;
- Tarbiya;
- Matematika;
- Informatika va axborot texnologiyalari;
- Fizika va astronomiya;
- Kimyo;
- Biologiya;
- Geografiya;
- Tabiiy fan;
- Iqtisodiy bilim asoslari (tadbirkorlik asoslari);
- Musiqa madaniyati;
- Tasviriy san’at va chizmachilik;
- Texnologiya;
- Jismoniy tarbiya;
- Chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik;
- O‘zbek tili (davlat tili);
- Qoraqalpoq tili.
Комментарии 0
Для комментирования зарегистрируйтесь!
Новости
Теперь оплата медицинского осмотра учителей будет покрываться из государственного бюджета.
Вступила в силу еще одна льгота, обещанная учителям
Maktablarda bahorgi ta’til 21-martdan boshlanadi
Maktabda o‘qiydigan farzandiga mashina bergan ota 5 sutkaga qamaldi
Тематические новости
You asked
Можно ли дать премию учителю, опыт работы которого популяризирован в другой школе?
За популяризацию опыта работы преподавателя может быть присвоено от 7 до 15 баллов.
Новости
O‘qituvchilardan ommalashtirilgan ish uchun pul talab qilindi, bunda vazirlikka aloqador tashkilotlarning ham qo‘li bormi?
Masalaning qiziq jihati shundaki, ishlari maktab miqyosida ommalashtirilgan pedagoglarning shaxsiy telefon raqamiga 4546 raqamidan SMS xabarnomalar yuborilgan. Ushbu xabarda esa maktab miqyosida ommalashtirilgan ish uchun PDF shakldagi sertifikatni 49 ming so‘m evaziga yuklab olish taklifi berilgan.
You asked
Выдаются ли баллы за надбавку, даже если работа, популяризированная в масштабах школы, не размещается на платформе?
Условие размещения методической работы на платформе является правилом, установленным только для последующих этапов.
You asked
Каковы требования к методической работе, подготовленной к популяризации?
Рекомендуемые для популяризации лучшие практики должны иметь форму методического руководства или методической рекомендации.
Русский
Редактировать комментарий