Murakkab mavzularni sodda usulda tushuntirayotgan ustoz jamoatchilik e’tiboriga tushdi
Darslikdagi mavzularni bolalarga hayotiy misollar bilan bog‘lab, dars o‘tayotgan ustozning videosini allaqachon ko‘rgan bo‘lsangiz kerak. Unda o‘qituvchi matematika faniga oid mavzularni shu qadar sodda va tushunarli tilda izohlaganki, hatto mavzularni o‘zlashtirishi qiyin bo‘lgan bolalar ham uni qiziqish bilan tinglay boshlagan.
Aslida, bolalar uchun murakkab formulalar yoki odatiy ta’riflardan ko‘ra, hayotiy misollar ancha ta’sirli bo‘ladi. Shunda bolalar “bu menga nima uchun kerak?” degan savolga javob topa oladi.
Ko‘p hollarda o‘quvchilar matematika, fizika yoki shunga o‘xshash boshqa fanlardagi faktlarni hayot bilan bog‘lanmagan, faqat yodlab olinishi kerak bo‘lgan ma’lumot sifatida qabul qiladi. Natijada ular mavzuning umumiy mazmunini tushunishdan ko‘ra, ularni shunchaki eslab qolishga harakat qiladi. Lekin ustoz mavzuni kundalik hayot bilan bog‘lay olsa, fan bolalar uchun tushunarli va qiziqarli bo‘lib qoladi. Chunki bola nazariyani emas, hayot bilan bog‘langan vaziyatlarni yaxshiroq eslab qoladi.
Bugun zamonaviy ta’limning eng katta talabi ham shu — bolaga shunchaki ma’lumot berish emas, balki uni tushunishga, fikrlashga va hayotda qo‘llashga o‘rgatish. Haqiqiy ustoz aynan shu bilan boshqalardan ajralib turadi.
Qishloq bolalariga matematika fanidan saboq berib kelayotgan qashqadaryolik o‘qituvchi Mo‘tabar Buxorova ham mana shunday mahoratli pedagoglardan biri. U Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanidagi Imomyoqub qishlog‘idagi uyida bolalarga qo‘shimcha dars berib kelmoqda.
Uning dars jarayonidagi videosi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, jamoatchilik tomonidan ham iliq kutib olindi. Ayrimlar bu o‘qituvchini “Yil ustozi” deb ham atamoqda.
Biz esa Mo‘tabar Buxorovaning faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida u bilan bog‘lanib, suhbatlashdik. Mo‘tabar Buxorova bilan bo‘lgan suhbat davomida u o‘zining dars o‘tish uslubi, bolalarga murakkab mavzularni qanday qilib sodda usulda tushuntirishi, qishloq sharoitida bolalar bilan ishlashning o‘ziga xos jihatlari hamda o‘quvchilarning fanga qiziqishini oshirish yo‘llari haqida gapirib berdi.
— O‘qituvchilikka kirib kelishingizga nima sabab bo‘lgan? Bolalar bilan ishlashni nega tanlagansiz?
— O‘qituvchilikka kirib kelishimga onam sababchi bo‘lgan. Chunki onam ham matematika fani o‘qituvchisi. Yoshligimda uyimizga doim matematikaga shug‘ullanadigan o‘quvchilar kelardi. Ularga qo‘shilib ishlab-ishlab, men ham matematika o‘qituvchisi bo‘lsam kerak, deb o‘ylaganman. Bolalar bilan ishlash esa menga juda ham yoqadi. Kimningdir nimanidir o‘rganishiga yordam bera olsam, bundan zavqlanaman.
— Sizning dars o‘tish uslubingiz ijtimoiy tarmoqlarda juda ko‘p muhokama qilindi. Mavzularni hayotiy misollar bilan tushuntirish g‘oyasi sizda qanday paydo bo‘lgan?
— Biror narsani o‘rganish men uchun juda qiyin kechgan. Miyam tez qabul qilmaydi. Biror sohani o‘rganish uchun juda ko‘p vaqt sarflashimga to‘g‘ri keladi. Oddiy misollarni ham bir necha marta ishlasam-u, baribir esimda qolmasa, demak, uni boshqacha yo‘l bilan tushunishim kerak, deb o‘ylaganman.
Shunda uni qanday qilib osonroq va uzoq vaqt xotiramda saqlab qoladigan qilib tushunsam bo‘ladi, deyman. Shuning uchun unga mos hayotiy misol topaman. Oddiy tenglama bo‘ladimi, uni ham hayotimizga bog‘layman. O‘shanda esimda qoladi.
Keyin shu usulni o‘quvchilarimda ham sinab ko‘rsam, ular ham mavzuni unutmaydigan bo‘lib o‘zlashtirmoqda. Men nimanidir o‘rganish uchun uni albatta hayotimga bog‘lashim kerak. Shunda u esimdan chiqib ketmaydi.
— Darsga tayyorlanayotganda hayotiy misollarni qayerdan olasiz? Kundalik hayotdanmi, odamlar bilan suhbatlardanmi yoki bolalarning o‘zidanmi?
— Darsga tayyorlanayotganda hayotiy misollarni ko‘pincha kundalik hayotimdan va o‘quvchilarning gaplaridan olaman. Matematikaning asosi hayotimizning o‘zidan iborat. Hamma narsa masalalarga bog‘liq: yo‘l, tezlik, vaqt, masofa.
Masalan, ikkita qishloq orasidagi masofani topamiz, qishlog‘imiz bilan shahar orasidagi masofani hisoblaymiz. Kimdir yugurib ketyapti, u necha qadam yuradi — hammasini hayotimizga bog‘laymiz. Masala shartiga qarab o‘zgartirib ketaveramiz.
— Siz uchun “yaxshi o‘qituvchi” deganda qanday inson ko‘z oldingizga keladi?
— Men yaxshi o‘qituvchi deganda o‘quvchini his qila oladigan ustozni tushunaman. Uni boricha qabul qila oladigan ustozni yaxshi ustoz deb hisoblayman.
Hech qaysi bola bir xil emas. Ba’zilari sho‘x bo‘ladi, ba’zilari o‘ta bosiq bo‘ladi, ba’zilari ma’lumotni tez qabul qiladi, ba’zilari esa sekinroq tushunadi. Ana shularni boricha qabul qila olgan, sho‘xligini ham, kamtarligini ham, sekin gapirishini ham tushuna olgan o‘qituvchini men yaxshi ustoz deyman.
— Hech “boshqa kasb tanlaganimda yaxshiroq bo‘larmidi?” deb o‘ylagan paytlaringiz bo‘lganmi?
— Deyarli umuman bo‘lmagan. Masalan, ko‘chada yursam, o‘quvchilarim albatta “Assalomu alaykum, ustoz” deb salomlashadi. Ba’zida “Ustoz, qo‘lingizdagini olib borib qo‘yaylikmi?” deb ham so‘rashadi. Shuning o‘zi ham katta baxt. Hamma kasbda ham bunaqa bo‘lavermaydi.
— Sizni o‘qituvchilikda ushlab turgan narsa nima?
— Menimcha, natijalar bo‘lsa kerak. Ya’ni, o‘quvchilarning hayoti ozgina bo‘lsa ham yaxshi tomonga o‘zgarganini ko‘rish. Biz nimadir o‘rgatamiz, ular shu orqali oliygohlarga kiradi. Bu ham hayotini o‘zgartiradi. Shunga biz sababchi bo‘layotganimiz meni o‘qituvchilik kasbida ushlab turadi.
— O‘zingizni baxtli o‘qituvchi deb hisoblaysizmi?
— Hozirgi kunda, ha. Chunki o‘quvchilarim aytadi: “Oldin maktab darsliklaridagi mavzularni tushunishga qiynalardik, hozir esa ancha oson bo‘lib qoldi. Oldingi mavzularimizning misollari ham juda oson tuyulyapti”, deb. Shunday gaplarni eshitganimda ich-ichimdan xursand bo‘laman. Demak, nimadir o‘rgata olibman, deb o‘ylayman.
— O‘qituvchilik kasbi ortidan hozirgi kunda qancha daromad topasiz?
— Hozir taxminan 300 dollar atrofida daromad topaman. Maktabda ishlamayman, chunki yosh farzandim bor. Qishloq bolalariga qo‘shimcha dars o‘taman. Ko‘p o‘quvchilardan pul olmaymiz, chunki ularning sharoitini bilamiz. Lekin farzandlari juda yaxshi o‘qiydi. O‘quvchilarim orasida oilasining hayotini yaxshi tomonga o‘zgartira oladigan bolalar ko‘p.
— Ko‘pchilik sizning oddiy kiyinish uslubingizga ham e’tibor qaratibdi. Bu borada qanday fikrdasiz?
— Ko‘pchilik “oddiy kiyinadi, ustozga o‘xshab kiyinmaydi” deydi. Aslida, men ham zamonaviy kiyinishni yaxshi ko‘raman. Buni o‘quvchilarim ham biladi, hatto havas qilishadi.
Lekin hamma o‘quvchimning sharoiti yaxshi emas. Ularning oldiga doim qimmat va zamonaviy kiyimlarda borishga vijdonim yo‘l qo‘ymaydi. Chunki ayrim ota-onalar farzandiga bunday kiyim olib bera olmaydi. Ularning o‘ksinishini istamayman.
Ko‘p darsda takrorlayman: “Zo‘r bo‘lib ketsangiz, bir daqiqada ustingizni o‘zgartira olasiz. Lekin bir daqiqada bilimli bo‘lib qololmaysiz”, deb.
Mo‘tabar Buxorovaning o‘zi 6-sinfdan boshlab matematika va ingliz tiliga ixtisoslashgan litseyda tahsil olgan. O‘quvchilik kezlarida ko‘plab fan olimpiadalarida qatnashgan. 2024-yilda esa Chirchiq davlat pedagogika universitetini muvaffaqiyatli tamomlaganman.
Shuningdek, u mental arifmetika bo‘yicha ikki yillik tajribaga ham ega. ingliz va arab tillarini mukammal biladi. So‘nggi bir yarim yildan buyon qo‘shimcha darslar o‘tib kelmoqda. Uning aytishicha, yangi o‘quv yilidan boshlab davlat maktablaridan birida ish boshlashni reja qilmoqda.
“Oliygohni tamomlagan vaqtimda farzandli bo‘lganligim uchun maktabda ish boshlay olmagandim. Lekin bugun maktabda ish boshlamoqchiman”, - deydi u.
Umuman olganda, Mo‘tabar Buxorova kabi ustozlar nafaqat mahalliy miqyosdagi “Yil o‘qituvchisi” tanlovlari, balki xalqaro darajadagi nufuzli Global Teacher Prize kabi tanlovlar uchun ham munosib nomzod bo‘la oladi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Chunki Global Teacher Prize tanlovi ham aynan o‘z kasbini yaxshi ko‘radigan, fidoyi, o‘quvchilarning hayotini o‘zgartira oladigan, ta’limga yangicha yondashuvlarni olib kirgan ustozlarni qadrlaydi.
Mo‘tabar Buxorovaning dars o‘tish uslubi, o‘quvchilarga bo‘lgan munosabati va qishloq bolalari bilan ishlashdagi samimiyati ham uning ana shunday o‘qituvchilardan biri ekanini ko‘rsatadi. Eng muhimi, u bolalarga faqat matematika emas, balki o‘ziga ishonch, fikrlash va hayotga boshqacha qarashni ham o‘rgatmoqda.
Комментарии 0
Для комментирования зарегистрируйтесь!
Новости
Двое несовершеннолетних утонули в Фергане
Ученицам-девочкам 3 школ вручены "Дамас" и денежные призы
Attestatsiya test sinovlari o‘tkaziladigan sanalar va manzillar belgilandi
Проведение частных предметных олимпиад может быть ограничено.
Тематические новости
Новости
Kimlar yilning eng yaxshi o‘zbek tili o‘qituvchisi ekanligi aniq bo‘ldi
Kecha, 22-oktabr kuni Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan tashkil etilgan “Yilning eng yaxshi o‘zbek tili o‘qituvchisi” respublika tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Новости
Prezident 100 nafarga yaqin pedagog va murabbiylarni mukofotladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoni bilan o‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan ta’lim-tarbiya tizimida alohida o‘rnak ko‘rsatgan bir guruh xodimlar mukofotlandi.
Новости
Учителям вручили подарок Президента - автомобиль BYD
В ходе встречи с работниками сферы накануне Дня учителей и наставников Президент Шавкат Мирзиёев ознакомился с деятельностью учителя английского языка школы No38 Ромитанского района Биллуры Икромовой и учителя английского языка школы No37 Туракурганского района Нодиры Набиевой.
Новости
Учитель получил высшую категорию по обоим предметам одновременно.
Он получил высшую квалификационную категорию как по предмету "Основы государства и права," так и по предмету "Воспитание."
Русский
Редактировать комментарий