Joriy yilda birinchi sinfga qabul jarayonlari 20-iyun kunidan boshlanadi. Bu yil 795 mingdan ortiq bolalarni birinchi sinfga qabul qilish rejalashtirilmoqda. 2026-2027-o‘quv yilida ham, odatdagidek, 1-sinfga bolalar ular yetti yoshga to‘ladigan (2019-yilning 31-dekabr kunigacha tug‘ilgan) yilda qabul qilinadi.
10-avgustgacha 1-sinfga qabul qilingan bolalar uchun 12 nomdagi o‘quv qurollaridan iborat Prezident sovg‘alari tuman (shahar) maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlariga to‘liq yetkaziladi.
Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi o‘zining rasmiy Facebook sahifasida umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 1-sinfiga qabul jarayonlariga bag‘ishlangan jonli muloqot o‘tkazdi. Unda vazirlik mutasaddilari qabul tartibi, onlayn tizimdagi oʻzgarishlar va ota-onalarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob berishdi.
Jarayonning asosiy jihatlari, jumladan, onlayn qabul hududlarining kengaytirilishi, mikrohudud tizimining afzalliklari va texnik masalalarni hal etish masalalari ko‘rib chiqildi.
Savol: Bu yilgi birinchi sinfga qabul jarayoni qachondan boshlanadi va uning huquqiy asosi nima?
Javob: Bu yil ham 20-iyun kunidan boshlab birinchi sinfga qabul jarayonlari boshlanadi. Maktabga onlayn qabullarni tashkil etish boʻyicha tartib Hukumatning 2022-yil 1-iyundagi 295-sonli qarori bilan tasdiqlangan maʼmuriy reglament asosida amalga oshiriladi.
Savol: Qabul jarayoni qanday bosqichlarda amalga oshiriladi?
Javob: Qabul jarayonlari ikkita bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqich 20-iyundan 31-iyulgacha boʻlib, bunda arizalar biriktirilgan mikrohudud doirasida qabul qilinadi. Ikkinchi bosqichda, yaʼni mikrohududdan tashqari qabul jarayonlari maktabning quvvati va imkoniyatlariga qarab amalga oshiriladi.
Savol: Birinchi sinfga qabul qilinadigan bolalarning yoshi qanday belgilangan?
Javob: “Taʼlim toʻgʻrisida”gi qonunga muvofiq, bolalar birinchi sinfga yetti yoshga toʻladigan yilda qabul qilinadi. Yaʼni, bu yil birinchi sinfga chiqadiganlar 2019-yilning 31-dekabriga qadar tugʻilgan boʻlishi kerak. Olti yoshli bolalar uchun esa majburiy maktabga tayyorlov guruhlari tashkil etilgan.
Savol: Ota-onalar oʻz yashash manzili qaysi maktabning mikrohududiga biriktirilganini qanday bilishlari mumkin?
Javob: Har bir maktabning mikrohududi tuman (shahar) hokimlarining qarori bilan tasdiqlangan. Fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida vazirlikning elektron xizmatlar portali my.maktab.uz saytida maxsus imkoniyat yaratilgan. Ota-ona oʻzining yashash manzilini (mahalla, koʻcha, uy raqami) kiritish orqali farzandi qaysi maktabga biriktirilganini bilib olishi mumkin.
Savol: Nima uchun birinchi navbatda mikrohudud boʻyicha qabul amalga oshiriladi?
Javob: Buning bir necha sabablari bor. Birinchidan, bu ota-onalarga qulaylik yaratish, yaʼni farzandining uyiga yaqin maktabga borishini taʼminlash. Ikkinchidan, bu “Taʼlim toʻgʻrisida”gi qonun bilan kafolatlangan. Uchinchidan, yosh bolaning uzoq masofaga qatnamasligi uning darslarni oʻzlashtirishiga, uyquga toʻyishiga va sogʻligʻiga ijobiy taʼsir qiladi.
Savol: Ariza topshirish jarayonida yashash manzil maʼlumotlari qanday tekshiriladi?
Javob: Platforma orqali ariza yuborish jarayonida foydalanuvchining yashash manzil maʼlumotlari kadastr hamda Ichki ishlar vazirligi maʼlumotlar bazalaridan avtomatik tarzda olinadi. Bu oʻziga tegishli mikrohududdagi maktabga anglashmovchiliklarsiz ariza yuborish imkonini beradi.
Savol: Mikrohududdagi maktabda kerakli taʼlim tili boʻlmasa, nima qilish kerak?
Javob: Baʼzan mikrohududga biriktirilgan maktabda fuqarolar istaydigan taʼlim tilidagi sinflar ochilmasligi mumkin. Bunday vaziyatda, tuman shtabi tomonidan yashash manzilida taʼlim tili mos kelmaydigan fuqarolar uchun soʻralgan tilda dars beriladigan boshqa maktabga ariza yuborish imkoniyati yaratiladi.
Savol: Bu yil onlayn qabul tizimida qanday oʻzgarishlar boʻldi va u qaysi hududlarni qamrab oladi?
Javob: Bu yil onlayn qabul boʻladigan hududlar soni ikki barobarga oshgan. Oʻtgan yili 74 ta tuman-shaharda 1500 ga yaqin maktabda onlayn qabul qilingan boʻlsa, bu yil 135 ta tuman-shahardagi 5500 dan ortiq maktabda onlayn qabul amalga oshiriladi. Shuningdek, Toshkent shahridan tashqari Buxoro viloyatida ham barcha maktablar 100% onlayn qabulga oʻtkazildi.
Savol: Onlayn ariza topshirish jarayoni qancha vaqt oladi va qanday bosqichlardan iborat?
Javob: Ariza topshirish jarayoni uch bosqichdan iborat. Birinchi ikkita bosqichda ota-onaning ma’lumotlari Adliya vazirligi bazasi bilan integratsiya qiningan holda avtomatik to‘ldiriladi. Uchinchi qadamda fuqaro o‘zi istagan mikrohududdagi yoki 1-avgustdan so‘ng mikrohududdan tashqaridagi maktabga ariza yaratadi. Bu jarayon taxminan besh daqiqa vaqt oladi.
Savol: Agar onlayn ariza berishda texnik muammolarga duch kelinsa, kimga murojaat qilish kerak?
Javob: Texnik muammolar yuzaga kelgan taqdirda, vazirlikning 71 203-07-04 yoki 71 203-04-03 raqamli call-markaziga murojaat qilish mumkin. Operatorlar barcha jarayonlarda yordam berib, arizaning maktabgacha yetib borishiga ko‘maklashadi.
Savol: Onlayn ariza topshirish uchun kadastr raqami boʻlishi shartmi?
Javob: Ha, onlayn qabul uchun kadastr hujjati shart. Chunki tizim kadastrdagi roʻyxatdan oʻtish manzillari asosida mikrohududga tegishli maktablarni aniqlab beradi.
Savol: Anʼanaviy shaklda, yaʼni onlayn boʻlmagan hududlarda qabul qanday boʻladi?
Javob: 135 ta tuman-shahardan tashqari boshqa, jumladan, olis va chekka hududlarda qabul anʼanaviy shaklda amalga oshiriladi. Lekin ularda qabul qilingan barcha oʻquvchilar ham umumiy hisobni yuritish va Prezident sovgʻalarini yetkazish uchun elektron tizimga kiritib boriladi.
Birinchi sinfga qabul jarayonlarini onlayn shaklga oʻtkazish koʻlami kengayib bormoqda, bu esa ota-onalar uchun qulaylik yaratishga qaratilgan. Mikrohudud tizimi bolalarning taʼlim olish huquqini toʻliq taʼminlash va ularning sogʻligʻini asrashda muhim ahamiyatga ega. Ota-onalar my.maktab.uz portali va call-markaz orqali barcha kerakli maʼlumot va texnik yordamni olishlari mumkin. Kelgusida tizimni yanada takomillashtirish va barcha hududlarni toʻliq onlayn qabul bilan qamrab olish asosiy vazifalardan biri boʻlib qoladi.
Savol: Bir vaqtning oʻzida bir nechta maktabga ariza topshirsa boʻladimi?
Javob: Qoidalarga koʻra, bir vaqtning oʻzida faqat bitta maktabga ariza topshirish mumkin. Biroq, fuqaro 31-iyulgacha oʻzining mikrohududidagi maktabga (asosiy kvota) ariza topshirishi, soʻngra 1-avgustdan boshlab mikrohududidan tashqaridagi maktabga (qoʻshimcha kvota) ariza berishi mumkin. Demak, arizalar bir vaqtning oʻzida emas, ketma-ket yuborilishi mumkin.
Savol: Men oʻtgan yili birinchi farzandim uchun onlayn roʻyxatdan oʻtganman. Bu yil ikkinchi farzandim uchun qayta roʻyxatdan oʻtishim kerakmi?
Javob: Qayta roʻyxatdan oʻtishga hojat yoʻq. Agar siz oʻtgan yili roʻyxatdan oʻtgan telefon raqamingiz orqali platformaga kira olsangiz, avvalgi maʼlumotlaringiz bilan tizimga kirishingiz mumkin. Agar parolni unutgan boʻlsangiz, platformada parolni tiklash funksiyasi mavjud. Tizimga kirgandan soʻng, tugʻilganlik haqidagi guvohnoma seriya raqami va tugʻilgan sanasini kiritib, ikkinchi farzandingizni qoʻshishingiz mumkin.
Savol: Buxoro viloyatining Olot tumani onlayn maktablar roʻyxatiga kiradimi? Bu haqda maʼlumotni qayerdan olsam boʻladi?
Javob: Bu yil Buxoro viloyati Toshkent shahridan keyin toʻliq onlayn qabulga oʻtgan ikkinchi hudud boʻldi. Bu Olot tumanidagi barcha maktabda qabul toʻliq onlayn tarzda amalga oshirilishini anglatadi. Maʼlumotni tuman taʼlim boʻlimlaridan yoki toʻgʻridan-toʻgʻri istalgan maktabdan olish mumkin, u yerda axborot stendi (shtab) tartibni tushuntirib berishi mumkin.
Savol: Onlayn ariza topshirishning texnik bosqichlarida qiynalayotganlar uchun tushuncha berolasizmi?
Javob: my.maktab platformasi qulay interfeys bilan yangilangan. Jarayon bir necha oddiy qadamdan iborat. Birinchidan, siz roʻyxatdan oʻtasiz va tizimga kirasiz. Ikkinchidan, arizachi (ota-ona)ning shaxsiy maʼlumotlarini kiritasiz, buning uchun faqat pasport maʼlumotlari va tugʻilgan sanasi kerak boʻladi.
Boshqa tafsilotlar Ichki ishlar vazirligi maʼlumotlar bazasidan avtomatik tarzda olinadi. Uchinchidan, faqat tugʻilganlik haqidagi guvohnoma raqami va tugʻilgan sanasini kiritib, bola maʼlumotlarini qoʻshasiz. Har qanday muammo yuzaga kelganda, vazirlikning qoʻllab-quvvatlash markazlariga qoʻngʻiroq qilishingiz mumkin: 71-203-07-04 va 71-203-04-03.
Savol: Yaqinda yangi uyga koʻchib oʻtgan va kadastr hujjatlarini yangilagan fuqaro elektron tizimda eski maʼlumotlar chiqqanda qanday yoʻl tutishi kerak?
Javob: Agar fuqaro my.maktab.uz yoki my.gov.uz platformasidan avval foydalangan boʻlsa, tizimga qayta kirib, “maʼlumotlarni yangilash” tugmasini bosishi kerak. Shunda yashash manzili haqidagi maʼlumotlar avtomatik ravishda yangilanadi va yangi ariza yaratish imkoni paydo boʻladi.
Savol: Agar maʼlumotlarni yangilagandan keyin ham texnik xatolik yuzaga kelsa, kimga murojaat qilish kerak?
Javob: Bunday holatda texnik yordam olish uchun call-markazga murojaat qilish mumkin. Fuqarolar 71 203-07-04 raqamiga qoʻngʻiroq qilib, texnik yordam olishlari mumkin.
Savol: Qabul jarayonlariga oʻqituvchilar jalb qilinadimi? Bu ularga qoʻshimcha yuklama boʻlmaydimi?
Javob: Qabul jarayonlariga mehnat taʼtilida boʻlgan birorta ham pedagog jalb qilinmaydi. Bu vazifa bilan maktab maʼmuriyatidan iborat masʼullar shugʻullanadi. Onlayn qabul oʻqituvchilarga ortiqcha yuklama keltirib chiqarmaydi.
Savol: Nodavlat maktablariga qabul jarayonlari qanday tartibda amalga oshiriladi?
Javob: Nodavlat taʼlim muassasalariga qabul tartibi va sanalari oʻsha tashkilotning oʻzi tomonidan belgilanadi va ularning rahbariyati tomonidan tasdiqlangan tartib asosida amalga oshiriladi.
Savol: Nodavlat maktablaridagi qabul sanalari haqida maʼlumotni qayerdan olish mumkin?
Javob: Nodavlat taʼlim muassasalari odatda oʻzlarining ijtimoiy tarmoqlari orqali qabul haqida maʼlumot berib boradilar. Agar aniq bir maktab qiziqtirayotgan boʻlsa, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining nodavlat taʼlim muassasalarini muvofiqlashtiradigan boʻlimiga murojaat qilib, qoʻshimcha maʼlumot olish mumkin.
Savol: Nodavlat maktablarida ham qabulning oxirgi muddati bormi?
Javob: Ha, nodavlat taʼlim muassasalarida ham maktabga qabulning oxirgi muddati davlat maktablaridagi kabi 31-avgust kuni yakunlanadi.
Savol: Agar oila kadastri (mulk hujjati) boʻlmagan uyda yashasa-chi? Ular baribir farzandini maktabga joylashtira oladimi?
Javob: Ha. Agar fuqaroning uyida kadastr maʼlumotlari boʻlmasa, xavotir olmasliklari kerak. 1-avgustdan keyin, mikrohududdan tashqari qabul boshlanganda, ular elektron ariza topshirishlari va farzandini maktabga joylashtirish imkoniyatiga ega boʻlishadi.
Savol: Farzandim 2020-yil 3-yanvarda yetti yoshga toʻladi. Mahalliy maktab uning yoshi yetarli emasligini aytdi. Uni bu yil maktabga joylashtira olamanmi?
Javob: “Taʼlim toʻgʻrisida”gi qonunga muvofiq, bolalar yetti yoshga toʻladigan yilda maktabga qabul qilinadi. Bu yil birinchi sinfga 2019-yil 31-dekabrgacha tugʻilgan bolalar qabul qilinadi.
Savol: Mening doimiy yashash joyim Oʻrtachirchiq tumanida, lekin men Bektemirda yashayman. Farzandimni hozirgi yashash joyim yaqinidagi maktabga joylashtira olamanmi?
Javob: Mikrohudud doirasidagi qabul 20-iyundan 1-avgustgacha davom etadi. Toshkent viloyatida roʻyxatdan oʻtgan, ammo Toshkent shahrida yashovchi fuqaro uchun imkoniyat 15-avgustdan keyin, hududlararo qabul boshlanganda paydo boʻladi. Ular farzandini Toshkent shahridagi maktabga faqat boʻsh oʻrinlar mavjud boʻlgandagina joylashtira olishadi.
Savol: Biz yaqinda Surxondaryodan Toshkentga koʻchib keldik va hali yangi manzilimizda roʻyxatdan oʻtmadik. Farzandimni Chilonzor tumanidagi 182-maktabga joylashtira olamanmi?
Javob: Ha, siz hujjatlarni topshirishingiz mumkin. Biroq, 31-iyulgacha qabul faqat mikrohudud uchun, yaʼni oʻsha hududda doimiy roʻyxatdan oʻtgan fuqarolarning bolalari uchun amalga oshiriladi. Bunda Chilonzor tumanidagi ushbu maktabga 1-avgustdan keyin, mikrohududdan tashqari qabul boshlanganda, boʻsh oʻrinlar mavjudligiga qarab ariza topshirish mumkin.
Savol: Chet elda tugʻilgan bolalar maktabga qanday qabul qilinadi?
Javob: Agar bola chet el fuqarosi boʻlsa, ular Davlat xizmatlari markazlari orqali ariza topshiradilar. Agar bola chet elda tugʻilgan Oʻzbekiston fuqarosi boʻlsa, uning ota-onasi umumiy maʼlumotlar bazasiga kiritilishi uchun Adliya vazirligining eng yaqin Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish (FHDYO) boʻlimida uning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni roʻyxatdan oʻtkazishi kerak. Shundan soʻng, ular hech qanday muammosiz onlayn ariza topshirishlari mumkin.
Savol: Men Belarussiya fuqarosiman. Farzandimni Toshkentdagi maktabga qanday joylashtirsam boʻladi?
Javob: Chet el fuqarolari uchun tartib Vazirlar Mahkamasining 295-sonli qarorida belgilangan. Arizachi 1-avgustdan 25-maygacha Davlat xizmatlari markaziga shaxsan murojaat qilib yoki my.gov.uz yoki my.maktab.uz portallarida roʻyxatdan oʻtib ariza topshirishi kerak. Ariza viloyat yoki shahar maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi tomonidan yetti ish kuni ichida koʻrib chiqiladi.
Savol: Harbiy xizmatchilarning farzandlarini qabul qilish tartibi qanday?
Javob: Harbiy xizmatchilarning farzandlari imtiyozli qabul huquqiga ega. Elektron tizimda harbiy xizmatchilar oʻz maqomlarini koʻrsatishi va tasdiqlovchi hujjatlarni yuklashi kerak. Vaqtinchalik roʻyxatdan oʻtgan boʻlishlariga qaramay, ularning arizalari asosiy mikrohudud kvotasi boʻyicha qabul qilinadi, bu esa ularga farzandlarini yashash joyi yaqinidagi maktablarga joylashtirish imtiyozini beradi.
Savol: Mening mikrohududimdagi maktabda rus tilida oʻqitiladigan sinflar yoʻq, lekin men farzandim rus tilida oʻqishini xohlayman. Nima qilishim kerak?
Javob: Agar biriktirilgan mikrohududdagi maktabda oʻqitish tili ota-onaning tanloviga mos kelmasa, oʻsha hududda rus tilida taʼlim beradigan boshqa yaqin maktab ushbu fuqaro uchun mikrohudud maktabi sifatida belgilanadi. Tizim ariza berish jarayonida ota-ona oʻqitish tilini tanlaganida ushbu belgilangan maktabni koʻrsatadi va ular oʻsha aniq maktabga ariza topshirishlari mumkin boʻladi.
Savol: Vazirlik qabul jarayonida inson omilini kamaytirish va korrupsiyaning oldini olish uchun nima ishlar qilmoqda?
Javob: Onlayn qabul tizimining asosiy maqsadi inson omilini kamaytirish, ota-onalar uchun qulaylik yaratish va korrupsiyaning oldini olishdir. Mikrohudud doirasidagi arizalar hech qanday toʻsiqlarsiz qabul qilinadi.
Agar tovlamachilik yoki mansabni suiisteʼmol qilish holatlari yuzaga kelsa, vazirlikning huquqiy muvofiqlik xizmati jalb qilinadi, biz huquqni muhofaza qilish idoralari bilan hamkorlik qilamiz, barcha maktab direktorlari ogohlantirilgan va kafolat xatlarini taqdim etganlar.
Savol: Agar ota-ona farzandini boshqa maktabga joylashtirishini aytib, hujjat topshirishdan bosh tortsa, maktab direktori nima qilishi kerak?
Javob: Biz hech bir ota-onani maʼlum bir maktabga hujjat topshirishga majburlay olmaymiz, bu ularning tanlovi. Maktab direktori faqat toʻgʻri yoʻnaltirish berishi kerak.
Mikrohududdagi maktab ularning farzandi uchun kafolatlangan oʻrin hisoblanadi. Agar ular boshqa maktabni tanlashni xohlasalar, hech qanday cheklovlar yoʻq, ammo ular qoidalarga amal qilishlari kerak. Faqat ular 31-iyulgacha mikrohudud ichida yoki avgust oyida mikrohududdan tashqarida ariza berishlari kerak.
Savol: Agar ota-ona chet elda bo‘lib, farzandini sentabr oyida maktabga olib kelsa va bu vaqtga kelib bo‘sh o‘rinlar qolmagan bo‘lsa, nima bo‘ladi?
Javob: Maktabga qabul qilish majburiydir. Bola bo‘sh o‘rinlar mavjud yoki mavjud emasligidan qat’i nazar, o‘ziga biriktirilgan mikrohududdagi maktabga kafolatlangan asosda majburiy tartibda qabul qilinadi.
Savol: Birinchi sinfga qabul uchun ota-onalardan qanday hujjatlar talab etiladi?
Javob: Qabul jarayonida barcha jarayonlar minimallashtirilgan bo‘lib, ota-onadan deyarli hujjat talab etilmaydi. Hamma tizim integratsiya qilingan. Faqatgina bitta hujjat — bolaning umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘qishini davom ettirishi haqidagi shifokorlarning tibbiy ma’lumotnomasi talab qilinadi. Boshqa hech qanday original nusxadagi hujjatlar so‘ralmaydi.
Savol: Nima sababdan ota-onalardan qo‘shimcha hujjatlar talab etilmaydi?
Javob: Bunga sabab, bola haqidagi barcha ma’lumotlar yagona elektron platforma — ERPga kiritilgan. Shu sababli, maktab direktorlaridan ota-onalardan reglamentda ko‘rsatilmagan hujjatlarni talab qilmaslik so‘raladi.
Savol: Ayrim ota-onalar hujjatlarni qabul muddati tugagandan keyin olib kelishadi. Bunday holatlarda qanday yo‘l tutiladi?
Javob: Tizim elektronlashganligi sababli, ota-onalardan deyarli hujjat talab etilmaydi. Eng asosiysi, belgilangan muddatlarda onlayn ariza topshirishdir. Qabul muddati o‘tgandan keyingi holatlar bo‘yicha aniq tartiblar maktab ma’muriyati va hududiy shtablar orqali ko‘rib chiqiladi.
Savol: Qo‘shimcha kvotalar haqidagi ma’lumotlarni qayerdan olsak bo‘ladi?
Javob: Bu ochiq ma’lumot bo‘lib, 1-avgust arafasida e’lon qilinadi. Ota-onalar qo‘shimcha qabul rejalari haqidagi ma’lumotlarni my.maktab.uz yoki my.gov.uz tizimlaridan, shuningdek, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali bilib olishlari mumkin.
Savol: Qo‘shimcha kvotalar qachon belgilanadi?
Javob: 1-avgust arafasida mikrohudud doirasidagi qabul yakunlangach, har bir maktab ma’muriyati o‘zining qabul rejasini, sinfxonalardagi o‘rinlar soni va pedagoglar bilan ta’minlanganligini hisobga olgan holda qo‘shimcha qabul rejalarini belgilaydi.
Savol: Ota-onalar farzandi tilni bilmasligiga qaramay, uni boshqa tildagi (masalan, rus) sinfga topshirsa, bu ta’lim sifatiga qanday ta’sir qiladi va buning oldini olish choralari bormi?
Javob: Agar bola boshlang‘ich so‘zlashuv ko‘nikmasiga ega bo‘lmasa, darslarni o‘zlashtirishda ham bola, ham ota-ona qiynaladi. Buning oldini olish uchun filtr jarayoni mavjud. Pedagoglar bola bilan suhbat o‘tkazib, uning boshqa tilda so‘zlashuv ko‘nikmasiga ega yoki yo‘qligi haqida xulosa beradi. Agar bola tilni o‘zlashtira olmasa, uni o‘zbek tilidagi sinflarga joylashtirish tavsiya etiladi.
Savol: Nima uchun bolani o‘zi bilmaydigan tildagi sinfga berish tavsiya etilmaydi?
Javob: Chunki birinchi sinfdan boshlab barcha fanlar tanlangan ta’lim tilida o‘qitiladi. Agar bola tilni bilmasa, u birinchi sinfdagi dasturlarni o‘zlashtirishda qiynaladi, bu esa o‘z navbatida ta’lim sifatining tushishiga olib keladi.
Savol: O‘g‘lim qonuniy ta’lim yoshiga yetgan, ammo jussasi kichik. Uni keyingi yil maktabga bersam, menga chora ko‘rilmaydimi?
Javob: Ta’lim yoshi belgilanganligi uchun bolani o‘z vaqtida maktabga berish tavsiya etiladi. Biroq, bu masalada albatta shifokorlar va tibbiyot mutaxassislariga murojaat qilish kerak. Agar bolaning maktabga chiqishida jismoniy to‘siqlar bo‘lmasa, uni maktabga berish zarur.
Savol: Agar shifokor bolaning sog‘lig‘i tufayli maktabga chiqishini tavsiya etmasa, qanday yo‘l tutiladi?
Javob: Bunday holda shifokorning tavsiyasiga qarab ish tutiladi va bolani ta’limga jalb etishning boshqa imkoniyatlari izlanadi.
Savol: Fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning farzandlarini maktabga qabul qilish tartibi qanday?
Javob: Bu fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning O‘zbekistonda yashash huquqiga (rezidensiyasiga) ega yoki ega emasligiga bog‘liq. Agar ular O‘zbekiston rezidenti bo‘lsa, O‘zbekiston fuqarolari bilan bir xil tartibda, ya’ni 20-iyundan boshlab qabul qilinadi.
Savol: Boshqa davlat rezidenti bo‘lgan fuqaroligi yo‘q shaxslar va chet el fuqarolari farzandlari uchun qabul qachon boshlanadi?
Javob: Bunday shaxslarning maqomi chet el fuqarolariga tenglashtirilgan bo‘lib, ularning farzandlari uchun qabul jarayoni 1-avgustdan boshlab, maxsus xizmat orqali amalga oshiriladi.
Savol: Bu yilgi my.maktab.uz tizimida foydalanuvchilar uchun qanday yangiliklar va qulayliklar joriy etildi?
Javob: Tizim yangi ko‘rinishda va yangi imkoniyatlar bilan ishga tushirildi. Foydalanuvchilar uchun qulaylik yaratish maqsadida OneID.uz yagona identifikatsiya tizimi orqali ro‘yxatdan o‘tish imkoniyati yaratildi. Bu jarayonda ota-onaning ma’lumotlari Adliya vazirligi bazasidan avtomatik tarzda to‘ldiriladi. Shuningdek, telefon raqami orqali ro‘yxatdan o‘tish imkoniyati ham saqlab qolingan.
Savol: Agar ota-onaning yashash manzili yoki boshqa ma’lumotlarida xatolik bo‘lsa, bu muammo qanday hal etiladi?
Javob: Yashash manzili Ichki ishlar vazirligi, tug‘ilganlik haqidagi ma’lumotlar esa Adliya vazirligi bazasi bilan integratsiya qilingan. Agar shunday xatoliklar yuzaga kelsa, call-markazga murojaat qilish kerak. Muammo integratsiya qilingan vazirliklarr orqali hal etiladi.
Savol: Tizimdan foydalanishga qiynalgan ota-onalar uchun qanday yordam ko‘rsatiladi?
Javob: Elektron tizimdan foydalanishda qiyinchilikka duch kelgan ota-onalar o‘zlariga yaqin bo‘lgan istalgan maktabdagi mutaxassislarga yoki har bir hududda tashkil etilgan maxsus shtablarga murojaat qilishlari mumkin. Bu shtablar ota-onalarga ko‘mak berish uchun tashkil etilgan.
Savol: Birinchi sinfga eng ko‘pi bilan nechta o‘quvchi qabul qilish mumkin?
Javob: “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, bir sinfdagi o‘quvchilar soni 35 nafardan oshmasligi belgilangan.
Savol: Barcha maktablarda ham sinflarga 35 nafardan o‘quvchi qabul qilinadimi?
Javob: Bu maktab binosining sig‘imiga bog‘liq. Ayrim maktablarda o‘quvchi o‘rni sinfxonadagi o‘rinlar sonidan kelib chiqib belgilanadi.
Savol: Sinfdagi o‘quvchilar sonini belgilashda qanday me’yorlarga amal qilinadi?
Javob: Sanitar qoida va me’yorlarga ko‘ra, har bir o‘quvchi uchun ikki kvadrat metr maydon ajratilishi kerak. Sinfdagi o‘quvchilar soni shundan kelib chiqib ham belgilanadi.
Savol: Inklyuziv ta’lim uchun komissiya xulosasini ariza yuborishda qanday taqdim etish kerak?
Javob: Ariza yuborish jarayonida Ijtimoiy himoya milliy agentligining ma’lumotlar bazasi bilan integratsiya qilingan. Bola ma’lumotlari kiritilganda, komissiya xulosasi avtomatik tarzda tizimdan chiqadi va shu orqali ariza yuborish imkoniyati yaratilgan.
Savol: Umumta’lim maktablaridagi inklyuziv sinflarga qabul jarayoni qanday amalga oshiriladi?
Javob: Inklyuziv sinflar uchun alohida hujjat talab qilinmaydi. Yagona talab — Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi tibbiy-pedagogik-psixologik komissiya mutaxassislarining yo‘llanmasi. Shu yo‘llanma asosida ular inklyuziv sinflari mavjud bo‘lgan maktablarga yo‘naltiriladi va qabul qilinadi.
Savol: Maxsus internat-maktabda o‘qishi kerak bo‘lgan nogironligi bo‘lgan bolalarni ushbu tizim orqali ro‘yxatdan o‘tkazish mumkinmi?
Javob: Alohida ehtiyojli bolalar uchun maxsus ta’lim muassasalari hozirda Ijtimoiy himoya milliy agentligi tasarrufiga o‘tkazilgan. Biroq, 2000 dan ortiq umumta’lim maktablarida inklyuziv sinflar mavjud. Bu sinflarga qabul qilish uchun tibbiy-pedagogik komissiya xulosasi talab etiladi. Maxsus maktablar va internat-maktablarga qabul Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan belgilangan tartib-qoidalar asosida amalga oshiriladi.
Vazirlik rasmiylarining ta’kidlashicha, 1-sinfga qabul jarayonlari ota-onalar uchun maksimal darajada soddalashtirilgan va shaffof qilingan. Yangi my.maktab.uz platformasi ortiqcha ovoragarchiliklarning oldini olib, qabul jarayonini tez va oson amalga oshirish imkonini beradi.
Shuningdek, mas’ullar ota-onalarga farzandining kafolatlangan ta’lim olishini ta’minlash uchun avvalo o‘z mikrohududidagi maktabga ariza topshirishni tavsiya qildi. Yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan har qanday texnik yoki tashkiliy masalalarni hal etish uchun vazirlikning call-markazi va hududiy shtablar doimiy faoliyat ko‘rsatadi.
Редактировать комментарий