Top.Mail.Ru
O‘qituvchilar “Yil o‘qituvchisi” mukofot puli hisobidan soliq to‘lamaydi

Тексты сайта переведены Google, возможны ошибки!

O‘qituvchilar “Yil o‘qituvchisi” mukofot puli hisobidan soliq to‘lamaydi

22:03 / 19.09.2026 84

Xabaringiz bor, kecha “Yil o‘qituvchisi” tanlovi g‘oliblari aniqlandi. Tanlovda 46 ming nafardan ortiq o‘qituvchilar qatnashdi. Yakunda 208 nafar o‘qituvchi g‘olib deb topildi. G‘oliblar ro‘yxati Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan e’lon qilindi.


Tanlov Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 28-apreldagi 264-sonli qaroriga asosan 2026-yildan boshlab har ikki yilda bir marta o‘tkazilishi belgilangan bo‘lib, tanlov pedagoglarning kasbiy mahorati, bilim saviyasi va ma’naviy salohiyatini aniqlashga qaratilgan aniq belgilangan mezonlar asosida uch bosqichda tashkil etildi. 


Endilikda, tanlovda 208 ta tuman (shahar) boʻyicha birinchi oʻrinni egallagan gʻoliblarning har biri Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri jamgʻarmasiga ajratilgan mablagʻlar hisobidan 616 mln soʻm (bazaviy hisoblash miqdorining 1 400 baravari) pul mukofoti bilan mukofotlanadi. 


Tanlov g‘oliblari mukofot puli hisobidan soliq to‘lamaydi


Ma’lumki, amaldagi tartibga ko‘ra, fuqarolarga tanlov va musobaqalarda g‘oliblik uchun beriladigan pul mukofotlari ayrim hollarda jismoniy shaxsning daromadi sifatida qayd etilib, undan 12 foiz miqdorida daromad solig‘i undirilishi mumkin. Ya’ni, masalan, pedagoglarning 616 million so‘mlik mukofot pulidan 12 foiz daromad solig‘i olinganda, ularning mazkur mukofot pulidan 73 million 920 ming so‘m soliq sifatida ushlab qolinib, g‘olibning qo‘liga 542 million 80 ming so‘m tegishi mumkin edi. 


Ammo, “Yil o‘qituvchisi” tanlovi g‘oliblarining mukofot pullari soliq undirilamaganligi bois, ularga 616 mln so‘mlik pul mukofoti ularga to‘liq beriladi. Bu masalada Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Soliq qo‘mitasiga ham tegishli tartibda murojaat qilib, qo‘mitadan xulosalar olgan.


Xalqtaliminfo.uz'ga berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Soliq kodeksining 369-moddasi birinchi qismi 1-bandiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori asosida bir yoʻla beriladigan pul mukofoti, sovgʻalar va budjet subsidiyalari jismoniy shaxslarning jami daromadi tarkibiga kiritilmaydi. 


Shuningdek, mazkur moddaning 16-bandiga asosan jismoniy shaxsning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan belgilanadigan dasturlarda ishtirok etishi natijasida olingan bonuslar, pul mukofotlari tarzidagi pul toʻlovlaridan iborat daromadlari jismoniy shaxslarning jami daromadi tarkibiga kiritilmaydi. 


Shu sababli, “Yil oʻqituvchisi” tanlovi doirasida olinadigan pul mukofotlari ularning jami daromadlari tarkibiga kiritilmaydi va daromad soligʻi hisoblanmaydi. Shuningdek, ushbu mablagʻlar ijtimoiy soliqning soliq solish obyekti hisoblanmaydi. 


100 mln dan ortiq summa o‘qituvchilar foydasiga


Ta’kidlaganimizdek, 208 nafar “Yil o‘qituvchisi” g‘olibining har biriga 616 mln so‘mdan mukofot berilishi belgilangan. Ammo g‘oliblar 1-sentyabrga qadar aniqlanganida, ularning oladigan puli 100 mln so‘mdan ko‘proqqa kam bo‘lishi mumkin edi.


Gap shundaki, mukofot miqdori bazaviy hisoblash miqdoriga bog‘langan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 23-iyundagi PF-115-son Farmoni bilan BHM 1-sentabrdan boshlab 440 ming so‘m etib belgilandi.


Agar “Yil o‘qituvchisi” tanlovi g‘oliblari 1-sentabrga qadar aniqlanib, mukofot puli ham shu paytda rasmiylashtirilganida, har bir g‘olibga 616 mln so‘m emas, 576 mln 800 ming so‘m miqdorda mukofot puli berilgan bo‘lardi.


Buning ustiga, odatdagi tartibda o‘qituvchilar mukofot pulidan 12 foiz daromad solig‘i undirilganida, 576,8 mln so‘mning 69 mln 216 ming so‘mi soliq sifatida ushlab qolinib, pedagogning qo‘liga 507 mln 584 ming so‘m tegishi mumkin edi.


Umumiy hisobda mazkur ikki holat o‘rtasidagi farq 108 mln 416 ming so‘mni tashkil etdi. Ya’ni, aynan shu hisob-kitobdan kelib chiqadigan bo‘lsak, tanlov g‘oliblari uchun 100 mln so‘mdan ortiq mablag‘ ularning foydasiga hal bo‘ldi. Albatta, bunda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining moliyaviy masalalar bo‘yicha mas’ullarning xizmati katta. 

Комментарии 0

Показать больше
Для комментирования зарегистрируйтесь!

Теги

  • Учитель года

Поделиться