Top.Mail.Ru
“Yil o‘qituvchisi” 52 ming dollar mukofotning bir qismini kitobxonlik uchun sarflamoqchi

Тексты сайта переведены Google, возможны ошибки!

“Yil o‘qituvchisi” 52 ming dollar mukofotning bir qismini kitobxonlik uchun sarflamoqchi

18:13 / 19.10.2026 244

Qashqadaryolik kimyo fani o‘qituvchisi Gulzoda Eshonqulova “Yil o‘qituvchisi” tanlovida g‘olib bo‘lib, 616 million so‘mlik mukofotni qo‘lga kiritgan. 


Endi u ushbu mablag‘ning bir qismini o‘zi faoliyat yuritayotgan Ko‘kdala tumanidagi o‘quvchilar o‘rtasida kitobxonlikni rivojlantirishga sarflashni rejalashtirmoqda. Bu haqda Qashqadaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi xabar berdi.


Xalqtaliminfo.uz Gulzoda Eshonqulova bilan suhbatlashib, uning kitobxonlikni rivojlantirish borasidagi tashabbusi, 616 million so‘mlik mukofot taassurotlari, pedagogik faoliyati va keyingi rejalari bilan qiziqdi.


Gulzoda Eshonqulova — Qashqadaryo viloyati Ko‘kdala tumanidagi 5-maktabning oliy toifali kimyo fani o‘qituvchisi. U “Yil o‘qituvchisi” tanlovida g‘olib bo‘lib, 616 million so‘mlik mukofotni qo‘lga kiritdi. Uning aytishicha, bu yutuq uning ko‘p yillik mehnati va kasbiy mahoratiga berilgan e’tirof bo‘lish bilan birga, uning zimmasiga katta mas’uliyat ham yuklagan.



Uning aytishicha, mukofotdan keyin o‘ziga bo‘lgan ishonchi yanada ortgan. Biroq bu yutuqni faqat shaxsiy manfaatlari yo‘lida sarflab yubormoqchi emas. U bor imkoniyatidan foydalanib, o‘zi faoliyat yuritayotgan tumanda o‘quvchilarning kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishini rag‘batlantirishni istaydi.


Qishloqdan boshlangan orzu


Gulzoda Eshonqulova Chiroqchi tumaniga qarashli Moylijar qishlog‘ida tug‘ilgan. Maktabni a’lo baholar bilan tamomlab, Qarshi pedagogika kollejida tahsil olgan. 2016-yilda Qarshi davlat universitetining kimyo yo‘nalishi bakalavriatiga, 2021-yilda esa magistratura bosqichiga qabul qilingan.


Mehnat faoliyatini 2020-yilda, hozirgi Ko‘kdala tumanidagi 5-maktabda boshlagan. Faoliyati davomida oliy malaka toifasi, milliy sertifikat, 70 foizlik ustama va vazir ustamasiga ega bo‘lgan. Bu yil esa “Yil o‘qituvchisi” tanlovi g‘olibi bo‘lgan. Uning kimyo fani o‘qituvchisi bo‘lishga hamu yashagan hududidagi ehtiyoj sabab bo‘lgan.

“Maktabda o‘qib yurgan kezlarim tumanimizda kimyo fani o‘qituvchilari yetishmasdi. Shunda ko‘nglimga bir niyat tug‘ilgandi: albatta, kimyo fani o‘qituvchisi bo‘laman va o‘z tumanim, qishlog‘im farzandlarining ilmga, kimyoga mehrini uyg‘otaman, deb. Bugun o‘sha niyatlarim haqiqatga, hayotim mazmuniga aylandi”, - deydi u.

Hozirda Qarshi shahrida istiqomat qiladigan pedagog har kuni 70–80 kilometr yo‘l bosib, Ko‘kdala tumaniga dars berish uchun boradi. Uning ta’kidlashicha, bilim olishga intilayotgan o‘quvchilarni ko‘rish yo‘l charchoqlarini esdan chiqaradi.



– Sir bo‘lmasa hozirda qancha maosh olasiz? 

– Hozirda maktabning o‘zidan oladigan oylik maoshim 2 ming AQSH dollarga yetgan. Undan tashqari ishdan bo‘sh vaqtlarimda tumandagi “Tolibi ilm” o‘quv markazida repetitorlik ham qilaman. Bu faoliyatimdan ham qo‘shimcha daromad topaman.

– Milioner o‘qituvchi bo‘lganingizdan keyin nimalarni his qildingiz?

“616 million so‘m miqdordagi pul mukofotini yutganimdan keyin o‘zimga bo‘lgan ishonchim yanada ortdi. Bu e’tirof nafaqat menga g‘urur va sharaf beradi, balki yelkamga yanda katta mas’uliyat ham yuklaydi.”

Uning fikricha, mukofotning ahamiyati faqat uning miqdori bilan belgilanmaydi. Bu e’tirof ortidan yana ko‘plab tashabbuslar amalga oshirilishi ham mumkin.


Gulzoda Eshonqulova bir necha yil davomida “Yosh kitobxon” tanlovida ham qatnashib kelgan. Biroq oxirgi urinishida, 30 yoshida, viloyat bosqichidan o‘ta olmagan. Tanlov yoshiga oid talablar sababli keyingi safar qatnashish imkoniyati bo‘lmaganida esa bu holatdan qattiq xafa bo‘lganini eslaydi.

– 616 million so‘mlik mukofotni bir qismini kitobxonlikni rivojlantirishga yo‘naltirish qaroriga kelishingizga nima sabab bo‘ldi?

— Mening yoshligimdan kitobga mehrim boshqacha, maktabda o‘qib yurgan kezlarim she‘rlar, hikoyalar mashq qilar edim, lekin oilaviy sharoitimiz tufayli hech qaysini nashriyotga berolmaganman. Kimyo fanini tanlagan bo‘lsam ham, badiiy kitob o‘qish jon-u dilim. 

Har yili Yosh kitobxon tanlovida qatnashib yurdim, oxirgi safar 30 yoshimda tanlovda qatnashganimda viloyat bosqichida qolib ketdim. Rosa xafa bo‘ldim, yana imkon beringlar kitob o‘qishni xohlayman deb yozdim. 

Lekin tanlov shartiga ko‘ra men 30 yoshdan oshganligim sababli qatnasha olmas edim. 5-6 yashar farzandlarim: “Ayajon, kitob o‘qib mashina yutolmadingizmi, bizlar o‘qiymiz, yutamiz” desa bo‘ladimi, o‘zimni tutdim. 

Men endi tanlovga farzandlarim bilan qaytaman, ular albatta kitob o‘qib mashina yutadi deb, niyat qildim. Allohim bir eshikni yopsa, undanam xayrliroq yana bir eshikni ochadi, “Yil o‘qituvchisi” tanlovidagi yutuq oldingi “Yosh kitobxon”dagi erisholmagan orzularimni amalga oshirdi. 

Men maktabdan tashqari Ko‘kdala tumanidagi “Tolibi ilm” o‘quv markazida repetitor o‘qituvchi sifatida ham faoliyat yuritaman. 2026-yilda o‘quv markazimiz tomonidan “Ko‘kdala kitobxoni-2026” tanlovi o‘tkazildi va har yili bu tanlovni muntazam o‘tkazishni niyat qilganmiz. Tanlov g‘oliblarini markaz rahbarimiz taqdirlagan bo‘lsa, endilikda men ham alohida yutuq qo‘ymoqchiman”, - deydi u.



– 616 million so‘mlik mukofot pulning bir qismini kitobxonlikni rivojlantirishga sarflash haqidagi  qaroringizni oila a’zolaringiz ham qo‘llab-quvvatlashdimi?

– Kitobxonlik uchun qancha sarmoya ajratsa ham kam, men ham bu tanlovga muntazam yutuq qo‘yishni niyat qilganman. Bu borada turmush o‘rtog‘im ham har doim meni qo‘llab-quvvatlaydi, bu tashabbusni aytganimda fikrimni ma‘qulladi.

Pedagogning ma’lum qilishicha, tanlov haqida tez orada e’lon berilishi kutilmoqda.

Комментарии 0

Показать больше
Для комментирования зарегистрируйтесь!

Теги

  • Учитель года

Поделиться