Top.Mail.Ru
O‘quvchilardan olib qo‘yilgan telefon kimga qaytarilishi kerak?

O‘quvchilardan olib qo‘yilgan telefon kimga qaytarilishi kerak?

22:54 / 13.02.2025 2.89k

Savol

O‘quvchilar dars paytida telefon ishlatib o‘tirganida, men ularning telefonini olib qo‘yaman va maktab ma’muriyatiga topshiraman.


Maktab rahbariyati esa telefonlarni o‘quvchilarga qaytarib beradi. O‘quvchilar dars vaqtida telefon o‘ynab o‘tirganliklari uchun hech qanday chora ko‘rilmaydi. Shunday holatga qanday yechim bera olasizlar?


Javob

Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 21-maydagi 139-son qaroriga ilovada tasdiqlangan “Ta’lim muassasalarida mobil telefonlardan foydalanish tartibi to‘g‘risida”gi nizomning 7-bandida ta’lim muassasalarida o‘tkaziladigan o‘quv mashg‘ulotlari va tadbirlar (saflanish, tarbiyaviy soatlar, bayram, sport tadbirlari va shu kabilar) boshlanishidan oldin ta’lim oluvchilar telefonini o‘chirib qo‘yishi, telefonini portfeli, sumkasi va shu kabilarga solib qo‘yishi shartligi belgilangan.


Shuningdek, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2023-yil 31-avgustdagi 282-son buyrug‘iga 1-ilovada tasdiqlangan “Umumiy o‘rta ta’lim muassasasining takomillashtirilgan namunaviy odob-axloq qoidalari” 9-bandiga ko‘ra o‘quvchilar tomonidan mobil telefondan foydalanish qoidalariga rioya etilishini barcha pedagoglar, jumladan sinf rahbarlari shaxsan nazorat qiladi.


Bunda o‘qituvchi tomonidan ogohlantirilishiga qaramay dars jarayonida telefondan foydalanish holatlari davom etganda fan o‘qituvchisi, sinf rahbari, direktor o‘rinbosari, psixolog (inspektor-psixolog) ishtirokida o‘quvchining telefoni (smartfon, planshet va boshqa qurilmalar) olib qo‘yiladi va holat yuzasidan maktab direktori hamda o‘quvchining ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakillari ogohlantiriladi.


Kimlar o‘quvchidan mobil telefonni olib qoyishga haqli?


“Ta’lim muassasalarida mobil telefonlardan foydalanish tartibi to‘g‘risida”gi nizomning 14-bandiga ko‘ra ta’lim muassasasining har qanday pedagog xodimi ta’lim oluvchidan telefonni olib qo‘yish huquqiga ega.


Ushbu talablarning har qanday buzilishi ta’lim muassasasida tuziladigan direktor rahbarligidagi komissiya tomonidan, sinf rahbari, ta’lim oluvchining ota-onalari (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar) ishtirokida, shuningdek ota-onalar majlisida muhokama qilinadi.


Nizom talablariga rioya etilishini ta’lim muassasasining direktori va uning o‘rinbosarlari nazorat qiladi.


O‘quvchilardan olib qo‘yilgan telefon kimga qaytarilishi kerak?


Nizomning 14-bandiga muvofiq har qanday pedagog xodim o‘quvchilar tomonidan belgilangan talablarni buzganlik holati to‘g‘risida bildirishnoma rasmiylashtirib, uni telefon bilan birga ta’lim muassasasi direktori yoki uning o‘rinbosariga, keyinchalik uni ota-onalarga (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarga) berish sharti bilan topshirilishi kerak.


Ya’ni, o‘quvchilardan olib qo‘yilgan telefon ularning o‘ziga emas, balki ota-onasiga ogohlantirish bergan holda qaytarilishi kerak.


Yuqoridagi vaziyatda direktor yoki uning o‘rinbosarlari Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 21-maydagi 139-son qarori bilan tasdiqlangan nizom talablarini qo‘pol ravishda buzgan hisoblanadi.


Shu sababli, ushbu masalani maktab pedagogik kengashida muhokama qilish yoki maktab rahbariyati ustidan hududiy maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasiga shikoyat arizasi kiritish tavsiya etiladi.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Mobil telefon

Ulashish