O‘zbekiston maktablarida mobil telefonlardan foydalanish 13 yil avvalgi norma bilan tartibga solinmoqda
So‘nggi yillarda bir qator davlatlar bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni butunlay taqiqlashni, o‘smirlar foydalanishini esa qat’iy nazorat ostiga olish bo‘yicha yangi qoidalarni joriy qilmoqda.
Xususan, Janubiy Koreya parlamenti dars vaqtida mobil telefon va smart qurilmalardan foydalanishni taqiqlovchi yangi qonunni qabul qildi. Janubiy Koreya ayni qarorga kelgan ilk davlat emas – Fransiya, Finlyandiya, Italiya va Xitoy ham maktablarda telefondan foydalanishni cheklamoqda. Bu borada faqatgina Seul masalani qonun darajasiga olib chiqqani bilan farqlanadi.
Avvalroq, Yangi Zelandiya, Niderlandiya, Avstraliya, Norvegiya, Rossiya, Italiya kabi qator davlatlarda bolalarga ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash bo‘yicha harakatlar boshlangan bo‘lsa, jumladan, qo‘shnimiz Qozog‘iston hamda Qirg‘izistonda maktab o‘quvchilarining dars vaqtida smartfondan foydalanishiga qonuniy taqiq joriy qilindi, Tojikiston parlamenti esa 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni butunlay taqiqlashni, o‘smirlar foydalanishini esa qat’iy nazorat ostiga olishni taklif qilmoqda.
Dunyoda birinchi bo‘lib Avstraliyada 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish rasman taqiqlandi. Mazkur cheklovlar 2025-yil 10-dekabrdan boshlab kuchga kirmoqda. Shvetsiyada esa olti yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun raqamli qurilmalarni taqiqlab, planshetlardan kitoblarga qayta boshlandi.
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, bolalarning mobil telefondan ortiqcha foydalanishi ularning o‘qishi, aqliy rivojlanishi hamda ijtimoiy hayotga moslashishiga salbiy ta’sir etmoqda. Shu sababli, dunyo hamjamiyati ko‘plab o‘qituvchi va o‘quvchilarning darsga e’tiborini oshirish, do‘stlik, ijodiy faoliyat kabi qadriyatlarni tiklash zarurligini ta’kidlamoqda.
Ammo, O‘zbekiston rasmiylari hozircha bu borada sukut saqlamoqda. Ajablanarlisi, O‘zbekiston Hukumati ta’lim muassasalarida mobil telefondan foydalanishning yangi tartibini joriy qilish bo‘yicha yangi taqiqlar joriy etishni o‘ylab ko‘rganicha yo‘q. Bu borada Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ham qanday tashabbuslarni ilgari surayotgani ham hozircha qorong‘i.
To‘g‘ri, bir muddat O‘zbekistondagi ta’lim muassasalarida mobil telefonlardan foydalanishni cheklash bo‘yicha harakatlar boshlandi. Jumladan, Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev “Telefonsiz maktab” tashabbusini ilgari surib, telefon ishlatishdan voz kechgan maktabga 300 million so‘m pul mukofoti berilishini va’da berdi va Angren shahridagi 17-umumiy o‘rta ta’lim maktabiga 300 million so‘m pul mukofoti ham topshirildi.
Shuningdek, 2024-yil 22-yanvar kuni ta’lim muassasalarida o‘quvchi va o‘qituvchilar tomonidan mobil telefonlardan foydalanish tartibiga rioya etilishini qat’iy nazorat qilish bo‘yicha Prezident Administratsiyasi tomonidan topshiriq berildi.
Shundan so‘ng, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining “Ta’lim muassasalarida mobil telefonlardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizom talablarini so‘zsiz bajarilishini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar” rejasi ishlab chiqildi.
Unda ta’lim muassasasi hududida har bir ta’lim-tarbiya jarayoni ishtirokchilari (pedagog-xodimlar, o‘quvchilar, ota-onalar) hamda tashrif buyuruvchi boshqa fuqarolar shaxsiy mobil aloqa vositalarini ovozsiz holatga keltirishlari va vaqtincha saqlashga topshirishlari uchun, ta’lim muassasalarida ichki imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda (maktab foyesi, ma’naviyat xonasi, sinf xonalari va boshqa qulflanadigan joylarda) qutilar tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Ammo, bularning bari vaqtinchalik choralar edi, xolos. Ta’lim muassasalarida mobil telefondan foydalanishni butunlay cheklash hukumat qarori darajasida ko‘rib chiqilmaganligi bois, Toshkent viloyati tajribasi respublikaning boshqa hududlarida ommalashmadi.
Hozirgi kunda ta’lim muassasalarida mobil telefonlardan foydalanish tartibi bundan 13 yil avval qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 21-maydagi 139-son qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalarida mobil telefonlardan foydalanish tartibi to‘g‘risida”gi nizom bilan tartibga solinmoqda.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 2023-yilning 31-avgustdagi 282-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Umumiy o‘rta ta’lim muassasasining takomillashtirilgan namunaviy odob-axloq qoidalari”da esa ta’lim muassasasi hududida har bir ta’lim-tarbiya jarayoni ishtirokchilari hamda tashrif buyuruvchi boshqa fuqarolar shaxsiy mobil aloqa vositalarini ovozsiz holatga keltirishlari, ta’lim muassasalarida ichki imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda (maktab foyesi, ma’naviyat xonasi, sinf xonalari va boshqa qulflanadigan joylarda) qulfli qutilar tashkil etilishi, ta’lim muassasasining binosiga kirilganda mobil aloqa vositalarini topshirish va dars jarayonlari tugagandan so‘ng qabul qilib olish tartibini yo‘lga qo‘yish tavsiya etilgan.
Shuningdek, o‘quv yili davomida bir o‘quvchi tomonidan ikki va undan ortiq marotaba mobil telefondan foydalanish holati takrorlanganda o‘quvchining ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakillari Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining tegishli moddasi asosida ma’muriy javobgarlikka tortilishi, o‘quvchi ichki ishlar organlarining profilaktik ro‘yxatiga olinishi nazarda tutilgan.
Ammo, vazirlikning ushbu talablari ham Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 21-maydagi 139-son qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalarida mobil telefonlardan foydalanish tartibi to‘g‘risida”gi nizom talablaridan kelib chiqqan holda belgilanadi.
Nizomga nazar soladigan bo‘lsak, u ta’lim muassasalarida mobil telefondan foydalanishni deyarli cheklamasligiga amin bo‘lamiz. Nizomning 6-bandiga e’tibor beradigan bo‘lsak, unda ta’lim muassasasiga kirib kelishda har bir ta’lim oluvchi, xodim, keluvchi va boshqa shaxslar o‘z telefoni abonentining chaqiruv ovozini to‘liq o‘chirib qo‘yishi (telefonni “ovozsiz” rejimga o‘tkazishi) shartligi ko‘rsatilgan.
Ta’lim muassasalarida o‘tkaziladigan o‘quv mashg‘ulotlari va tadbirlar (saflanish, tarbiyaviy soatlar, bayram, sport tadbirlari va shu kabilar) boshlanishidan oldin esa ta’lim oluvchilarga telefonini o‘chirib qo‘yish, uni portfeli, sumkasi va shu kabilarga solib qo‘yishi shartligi aytilgan.
Ko‘rinib turibdiki, mazkur nizom ta’lim oluvchilarga maktab hududida mobil telefondan foydalanishni deyarli cheklamayapti. Mazkur nizom bolalarga maktab yo‘lagi yoki foyesida past ovozda va qisqa muloqot qilishga ham ruxsat beradi.
Nizom talabi bo‘yicha ta’lim oluvchilarga quyidagilar qat’iyan taqiqlangan
- telefonini bo‘yniga osib olish, ko‘krak cho‘ntaklarida, shim, yubkalari cho‘ntaklarida va shu kabilarda saqlash;
Ushbu norma mobil telefonni sumka yoki boshqa vositalar yordamida olib yurishga ruxsat bermoqda.
- telefon akkumulyatorini zaryadlash uchun ta’lim muassasasi elektr tarmoqlariga ulash;
Bu norma mobil telefonni ta’lim muassasasi elektr tarmoqlaridan tashqari boshqa qurilmalarga (powerbank) ulab foydalanishga monelik qilmaydi.
Telefoni yordamida:
- atrofdagilarga zo‘ravonlik, shafqatsizlik, pornografiyani targ‘ib qiluvchi video va suratlarni namoyish qilish;
- ta’lim muassasasining nufuziga, shu jumladan zo‘ravonlik va vandalizm holatlarini suratga olish va keyinchalik ularni atrofdagilarga namoyish etish yo‘li bilan zarar yetkazish;
O‘quv mashg‘ulotlari vaqtida:
- telefon orqali so‘zlashish hamda SMS (MMS) va boshqa turdagi xabarlarni jo‘natish;
Ushbu norma bolalarga boshqa ijtimoiy tarmoqlar (Facebook, Telegram, Instagram, Tik-tok va hokazo) dan foydalanish cheklanmaganligini ko‘rsatmoqda.
- telefonni stol ustiga qo‘yish;
- musiqa, shu jumladan naushniklar orqali tinglash;
- surat va video tasvirlarni ko‘rsatishda telefondan foydalanish (o‘yinlar bilan shug‘ullanish), tasvir (matn, rasm, videoyozuv va fotosuratlar) ko‘rish, diktofon, kalkulyator, kalendar, bloknot, yon daftarcha kabilar sifatida foydalanish;
- suratga olish va video tasvirga tushirish;
- telefon (GPRS, Bluetooth, Internet va shu kabilar) orqali boshqa xizmatlardan foydalanish.
Bu norma Wi-fi tarmog‘idan foydalanishni cheklamaydi.
Umuman olganda, 2012-yilgi texnologik sharoitga mos bo‘lgan, ammo bugungi zamonaviy qurilmalar imkoniyatlari bu taqiqlarni aylanib o‘tishni osonlashtirib qo‘ygan. Birgina misol sifatida aytadigan bo‘lsak, mazkur nizom bolalarga ta’lim muassasalarida mobil telefondan tashqari boshqa qurilmalar (smart-soat (smartwatch), planshet) dan foydalanishni ham mutlaqo cheklamaydi.
Nizom talablarini buzganlik uchun javobgarlik ham o‘ta yengil bo‘lib, bu qoidalarni buzganlik uchun o‘quvchilarni shunchaki ogohlantirish, ularning kundalik daftariga yozib qo‘yish hamda ota-onalarini xabardor qilish yoki tushuntirish suhbati o‘tkazish uchun ta’lim muassasasiga chaqirish samarasiz usullar hisoblanadi.
Bugun dunyo hamjamiyati bolalar va o‘smirlarning smartfon hamda ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklash bo‘yicha keskin choralar ko‘rayotgan bir paytda, O‘zbekiston maktablarida mobil telefonlardan foydalanish hanuz 2012-yilda qabul qilingan nizom bilan tartibga solinayotgani ajablanarli holatdir.
Amaldagi tartib na zamonaviy texnologiyalar darajasiga, na bugungi mavjud xavflarga, na jahon tajribasiga mos keladi. Taqiqlarning aksariyatini osongina chetlab o‘tish mumkin, javobgarlik mexanizmlari esa mutlaqo samarasiz. Bu esa o‘quv jarayonining samaradorligiga, bolalarning diqqat-e’tiboriga, psixologik sog‘lig‘iga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda.
Shu sababli, bugungi real vaziyatdan kelib chiqib, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi mobil telefonlardan foydalanish tartibiga oid yangi nizom loyihasini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritishi zarur.
Izohlar 1
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!
Yangiliklar
Attestatsiyadan norozi o‘qituvchilar sud uchun yig‘ilgan pullarni xayriya qilib yubordi
Maktablarda “Ombudsman soati” joriy etish rejalashtirilmoqda
Endi o‘quvchilarning zararli odatlari haqida xabar bergan pedagoglar mukofotlanishi mumkin
Attestatsiyada ingliz tilidan tushgan testlar to‘liq tahlil qilindi
Mavzuga doir yangiliklar
Xorij ta'limi
Bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish butunlay taqiqlandi — Avstraliya
Dunyoda birinchi bo‘lib Avstraliyada 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish rasman taqiqlanadi.
Yangi Zelandiya
Yangi Zelandiya ham bolalarga ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlamoqchi
Mamlakat parlamenti o‘smirlar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni cheklovchi qonun loyihasini ko‘rib chiqmoqchi.
Tojikiston
Tojikiston ham bolalarga ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlamoqchi
Tojikiston parlamenti deputati Dilnoza Ahmadzoda 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni butunlay taqiqlashni, o‘smirlar foydalanishini esa qat’iy nazorat ostiga olishni taklif qildi.
Janubiy Koreya
Maktablarida telefondan foydalanish butunlay taqiqlandi — Janubiy Koreya
Janubiy Koreya parlamenti dars vaqtida mobil telefon va smart qurilmalardan foydalanishni taqiqlovchi qonun qabul qildi. Bu tartib 2026-yil martidan kuchga kiradi va mamlakat bo‘ylab barcha maktablarda amal qiladi.
O'zbek
Izohingizni tahrirlang