Top.Mail.Ru
Attestatsiyadan norozi bo‘lgan o‘qituvchilar ishi sudda ko‘rib chiqildi

Attestatsiyadan norozi bo‘lgan o‘qituvchilar ishi sudda ko‘rib chiqildi

11:26 / 27.08.2025 5.32k

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi suddan foto va audio qayd etmasligini so‘rab, sudga iltimos kiritdi. Sud iltimosnomani qanoatlantirdi. Sud hujjatlar yetarli bo‘lmagani uchun 4-sentyabrgacha tanaffus e’lon qildi. 

Avvalroq, 5 nafar ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilari tomonidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga attestatsiya imtihonlarini qayta o‘tkazish majburiyatini yuklash, ma’naviy ziyon va vakil xarajatlarini undirish yuzasidan sudga da’vo arizasi kiritilgandi. Mazkur sud ishida advokatlar Karimjonov Muhammadamin hamda Xatamjonov Nazirjonlar pedagoglarning huquqlarini himoya qilmoqda.


Kecha, 26-avgust kuni fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahri Shayxontohur tumanlararo sudida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ustidan kiritilgan shikoyatni ko‘rib chiqish bo‘yicha ikkinchi sud majlisi bo‘lib o‘tdi. 


Sudya Shukurlayeva Guli Yusupovna raisligida ko‘rib chiqilgan  ikkinchi sud majlisida vazirlikdan vakil sifatida Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi xodimi, vazirlik yuristi hamda bevosita attestatsiya jarayonlarini tashkil etishga mas’ul bo‘lgan xodimlar qatnashdi. Shuningdek, mustaqil ekspert sifatida Komil Jalilov, OAV xodimlari, jumladan xalqtaliminfo.uz nashridan vakil sifatida Ulug‘bek Po‘latov ham ishtirok etdi.


Sud boshlanishidan avval OAV xodimlari, jumladan
xalqtaliminfo.uz nashri tomonidan mazkur sud ishini yoritib borish maqsadida foto va audio qayd etishni so‘rab, sudga iltimosnoma kiritildi. Ammo, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi suddan foto va audio qayd etmasligini so‘radi, sud esa mazkur iltimosnomani qanoatlantirdi.


Dastlab, sudya da’vogar o‘qituvchining hamda uning ishonchli vakili, advokatlarning e’tirozlari tinglandi. Shundan so‘ng, javobgar tomon eshitildi, masala yuzasidan har ikki tomonga savollar berildi.


O‘qituvchi nimadan norozi?


Da’vogarning aytishicha, ular imtihon jarayonida test savollarni ishlab bo‘lganidan so‘ng qaysi savolga to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri javob berganini bila olmagan, shuningdek ularga yetarli sharoitlar yaratib berilmagan.


Sud jarayonida bevosita ishtirok etgan pedagoglardan biri attestatsiya jarayonida yetarlicha sharoit yaratilmaganligini testga kirgan vaqtda testologiya qoidalariga amal qilingan holda tinchlik ta’minlab berilmaganligi hamda testda ishtirok etuvchilar soni ko‘pligi bois, boshqa pedagoglar bir-biriga xalal berganligi bilan izohladi. Shundan so‘ng pedagog attestatsiya jarayoni bo‘yicha boshqa e’tirozlarini uning advokati o‘qib eshittirishini so‘radi.


Advokat Muahmmadamin Karimjonovning aytishicha, test jarayonida attestatsiyaning asosiy prinsiplari — majburiylik, davriylik, oshkoralik, kengashib ish ko‘rish hamda xolislik talablari buzilgan.


Birinchidan, imtihon davomida kompyuter qurilmalarida texnik nosozliklar kuzatilgani bois, qurilma qayta faoliyatga tushgandan so‘ng avval belgilagan javoblar o‘rni o‘zgarib qolishi holatlari qayd etilgan.


Shu sababli, advokat sud majlisida imtihon jarayonida yuzaga kelgan texnik nosozliklarni isbotlash zarurligini ta’kidladi. Shu maqsadda u Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligidan kompyuter tizimining barcha jarayonlarini qayd etuvchi “log faylni” sudga taqdim etishni so‘radi. Ushbu fayl test jarayonida qurilmalarda yuz bergan barcha uzilishlar, texnik nosozliklar hamda javoblar o‘zgarishining sabablari yuzasidan asosiy dalil sifatida ko‘rilishi mumkinligi qayd etildi.


Ikkinchidan, berilgan test savollarining murakkablik darajasi belgilangan vaqt me’yoriga mutanosib emas, savollar tuzilish jarayonida validlik talablariga rioya etilmagan. Mutaxassislikka oid savollar esa juda murakkab bo‘lib, ayrim savollar bir necha (uch-to‘rtta) qismdan iborat bo‘lgan, bu esa ularni yechishda qiyinchilik tug‘dirgan. Pedagogik mahoratga oid savollar ham ancha murakkab bo‘lib, ularni chuqur tushunish va to‘g‘ri javob berish uchun 5–6 daqiqa vaqt talab etiladi. Tabiiyki, bunday sharoitda belgilangan yuqori ballni qo‘lga kiritish imkoniyati ancha qiyinlashgan.


Uchinchidan, ayrim hollarda testologiya qoidalariga rioya qilinmasligi sababli test savollari noto‘g‘ri tuziladi, bu esa o‘z navbatida o‘quvchilarning bilimini adolatli baholashga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Jumladan, testlarda qiyinchilik darajasi mos kelmagan va to‘g‘ri javob mavjud bo‘lmagan savollar uchrab turadi.


Testologiyada savollar qiyinchilik darajasi bo‘yicha muvozanatli bo‘lishi kerak: oson, o‘rtacha va murakkab savollar ma’lum nisbatda aralashtirilgan holda beriladi. Biroq, test tuzishda bu tamoyil buzilganida savollar umumiy darajaga nisbatan haddan tashqari murakkab, darslikda mavjud bo‘lmagan yoki noto‘g‘ri talqin etilgan ma’lumotlarga asoslangan yoki keraksiz murakkab terminlar ishlatilgan. Bu holat o‘quvchilarda asossiz qiyinchilik tug‘dirgan va ularning haqiqiy bilim darajasini aks ettirmagan bo‘lishi mumkin. 


Shuningdek, ba’zi savollar umuman to‘g‘ri javobga ega emasligi bilan ajralib turadi. Bu holatlar testologiya nuqtayi nazaridan mutlaqo yaroqsiz deb baholanadi. Bunday xatoliklar test muallifining savol matnini noaniq yoki chalkashtiruvchi tarzda tuzgani, javob variantlari orasida ilmiy-nazariy jihatdan birortasi to‘g‘ri emasligi yoki ikki va undan ortiq javob variantlari to‘g‘ri bo‘lib, aniqlik yetishmasligi natijasida yuzaga keladi. 


To‘rtinchidan, test sinovlarining o‘tkazilish jarayonida smenalar orasida jiddiy ball tafovutlari kuzatilgan. Jumladan, birinchi smenada test topshirgan talabgorlar nisbatan past ball to‘plagan bo‘lsa, ikkinchi smenada test topshirgan talabgorlar esa ancha yuqori ball olgan. Bu holat test savollari va ularni tarqatish tizimi bilan bog‘liq jiddiy shubha va e’tirozlarni yuzaga keltiradi.


Ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, “X variant” ostida tuzilgan test savollarining ayrim namunalarini test boshlanishidan oldin yoki birinchi smenadan so‘ng ochiq ravishda internetda tarqatish holatlari kuzatilgan. Bu holat, ayniqsa, ikkinchi smenada ishtirok etgan talabgorlar uchun ancha qulaylik tug‘dirgan, chunki ular test mazmuni va murakkab savollar bilan oldindan tanishib chiqish imkoniyatiga ega bo‘lganlar. Shu sababli, ular testga puxta tayyorlanib, nisbatan yuqori natijalarga erishgan bo‘lishi mumkin. 


Beshinchidan, pedagoglar o‘z noroziligini yozma ravishda apellyatsiya komissiyasiga taqdim etgan bo‘lishiga qaramay, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi apellyatsiya komissiyasi tomonidan mazkur shikoyatlar asosli huquqiy va daliliy baholanmasdan, “asossiz” deb topilib, rad etilgan. 


Shu bilan birga, amaldagi nizomda murojaat etuvchi pedagog apellyatsiya komissiyasi tomonidan murojaati ko‘rib chiqilishi jarayonida bevosita yoki masofadan turib onlayn tarzda ishtirok etishi mumkinligi belgilangan bo‘lsa-da, ammo pedagoglarning shikoyat arizalarini ko‘rib chiqish jarayonida ularning ishtiroki ta’minlanmagan.


Vazirlik qanday e’tiroz bildirdi?


Sud jarayonida advokat hamda o‘qituvchining keltirib o‘tgan e’tirozlari yuzasidan javobgar tomon - Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi vakili da’vogar tomonga bir nechta savollar berdi va o‘z e’tirozlarini keltirib o‘tdi.


Birinchidan, attestatsiyada tushgan test savollarini hamda mazkur testlarni tuzgan ekspertlarni ochiqlash test savollarining tarqalib ketishiga hamda ularning yaroqsiz holga kelishiga sabab bo‘ladi. Shuningdek, har bir test uchun ma’lum bir miqdorda mablag‘ sarflangani bois, ularni ochiqlash imkonsiz. Ya’ni, testlarni ochiqlash ortiqcha xarajatlarni keltirib chiqaradi.


Ikkinchidan, berilgan test savollarining murakkablik darajasi turlicha bo‘lib, ba’zi bir test savollariga 20-30 sekundda javob topish mumkin, ba’zilariga esa 1 yoki 1,5 daqiqa vaqt ketadi. Umumiy hisobda esa test savollariga javob berish uchun yetarlicha vaqt ajratilgan.


Uchinchidan, test savollari validlik talablariga javob berib, testlar aprobatsiyadan o‘tkazilgan hamda Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi Ilmiy kengashi tomonidan tasdiqlanib, tegishli xulosalar chiqarilgan va pedagoglar bilimini baholashga yaroqli ekanligi to‘g‘risida qaror qabul qilgan.


To‘rtinchidan, test sinovlarining o‘tkazilish jarayonida smenalar orasida jiddiy ball tafovutlari kuzatilgani davogar tomonidan aytilgan taxminiy malumot bolib, “X variant” savollari tarqalib ketganligiga yetarlicha asoslar mavjud emas. 


Beshinchidan, pedagoglar shikoyatiga apellyatsiya komissiyasi tomonidan javob berilgan. Ammo, murojaatchi pedagoglar apellyatsiya shikoyatini ko‘rib chiqilishi jarayonida bevosita yoki masofadan turib onlayn tarzda ishtirok etishi haqida hech qanday ma’lumot qoldirmagan, shu sababli, ushbu shikoyat arizasi uning ishtirokisiz ko‘rib chiqilgan hamda tegishli tartibda javob berilgan.


Vazirlik advokatlik so‘roviga javob bermagan


Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi vakilining e’tirozlaridan so‘ng, advokat Muhammadamin Karomjonov sudga kiritilgan da’vo arizasidagi ba’zi e’tirozlarni asoslab berish uchun vazirlik tomonidan tegishli hujjatlar taqdim etilishini aytib o‘tdi hamda avvalroq bu masala bo‘yicha vazirlikka advokatlik so‘rovi yuborilgan bo‘lishiga qaramay, javobgar tomonidan ushbu so‘rov bo‘yicha tegishli hujjatlar taqdim etilmaganligiga e’tiroz bildirdi.


Shuningdek, advokat so‘roviga axborotni (hujjatlarni) taqdim qilmaslik ma’muriy javobgarlikka tortish uchun asos bo‘lishini eslatib, bu bo‘yicha Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga nisbatan javobgarlik borligini alohida eslatib o‘tdi.


Sudda bildirilgan boshqa fikrlar


Sudda mustaqil ekspert sifatida ishtirok etgan Komil Jalilov holat bo‘yicha o‘z xulosa va e’tirozlarini aytishni so‘rab, sudyaga murojaat qildi, ammo sudya ushbu murojaatni rad etib, ekspertga so‘z berilmasligini ta’kidladi. 


Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi esa Komil Jalilov xolis ekspert bo‘lolmasligini, shu sababli mazkur sud ishiga da’vogar hamda javobgar tomonga mutlaqo aloqasi bo‘lmagan ekspertlarni jalb qilish bo‘yicha sudga iltimosnoma kiritdi.


Shuningdek, vazirlik vakili advokat tomonidan taqdim etilishi so‘ralgan kompyuter tizimining barcha jarayonlarini qayd etuvchi “log fayl” haqida ma’lumotga ega emasligini aytib, attestatsiya jarayonlarini texnik jihatdan tartibga solishda UZINFOCOM –  O‘zbekiston Respublikasida davlat axborot tizimlarini yaratish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Yagona Integrator bilan hamkorlik aloqalari mavjudligini ta’kidlab, ulardan “log fayllarni” olish mumkinligini ta’kidlab o‘tdi.


Sud yakunida o‘qituvchi so‘zga chiqib, uning hech kimga dushmanligi yo‘ligi, u shunchaki adolat bo‘lishini istayotganini aytdi. Shuningdek, attestatsiyada tushadigan test savollari uni yaxshi o‘qituvchi ekanligini, qolaversa, bu testlar uning bilimini to‘liq baholay olmasligini hamda ayrim testlarni u hatto o‘quvchilariga ham ravo ko‘rmasligini aytdi.


Shuningdek, o‘qituvchi appelyatsiya shikoyati berilmaganligi to‘g‘risidagi vazirlik yuristi aytgan gaplarga e’tiroz bildirib, o‘sha kuni u testdan chiqishi bilan, apellyatsiya komissiyasi a’zolari o‘tirgan xonaga kirganligi, ammo komissiya a’zosi uning e’tirozlarini eshitmay, xonadan chiqib ketganligi, buni asoslash uchun o‘sha kungi kuzatuv kameralariga yozib qolingan kadrlarni ko‘rish mumkinligini eslatib o‘tdi.


Sud qarori


Sud yakunida javobgar tomon - Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi attestatsiyada ishtirok etgan pedagoglarga tushgan barcha test savollari hamda ekspert xulosalarini sudga taqdim qildi. Sud ushbu materiallarni mustaqil ekspertlarni jalb qilgan holda batafsil o‘rganib chiqilishini ta’kidladi.


Yuqoridagilarni inobatga olib, sud Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan tegishli hujjatlarni, test savollarining validlik talablariga javob berishini asoslovchi ma’lumotlarni, shuningdek, kompyuter tizimining barcha jarayonlarini qayd etib boruvchi “log faylni” sudga taqdim etilishi haqida qaror qabul qilib, keyingi sud majlisi 2025-yil 4-sentyabrga qoldirilganligini ma’lum qildi.

Izohlar 8

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Attestatsiya
  • Sud ishi

Ulashish