Top.Mail.Ru
Endi o‘quvchilarning zararli odatlari haqida xabar bergan pedagoglar mukofotlanishi mumkin

Endi o‘quvchilarning zararli odatlari haqida xabar bergan pedagoglar mukofotlanishi mumkin

18:08 / 13.11.2025 82

Maktab o‘quvchilarda shubhali yoki salbiy xulq alomatlari kuzatilsa, bu haqida ota-onalarni o‘z vaqtida xabardor qilish mexanizmi yo‘lga qo‘yiladi. Jarayon maxfiylik va ishonchlilik tamoyillariga asoslangan holda, bolalar sha’ni va qadr-qimmatini kamsitmaydigan tarzda amalga oshiriladi.


Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-noyabrdagi PF-207-son Farmonida nazarda tutilmoqda.


Farmonga ko‘ra, 2026-yil yanvar oyidan boshlab umumta’lim maktablari o‘qituvchi va inspektor-psixologlari tomonidan o‘quvchilarning zararli odatlari to‘g‘risida ota-onalarini xabardor qilish mexanizmi yo‘lga qo‘yiladi.


2026-yil fevraldan narkojinoyat sodir etishga moyil (sodir etayotgan) o‘quvchi va talabalarni aniqlagan va huquq-tartibot idoralari xodimlariga xabar bergan pedagoglarni rag‘batlantirish bo‘yicha yangi tizimni ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etiladi.


Shu bilan birga narkojinoyatga aloqador o‘quvchi va talabalar haqida anonim xabar berish imkoniyatini yaratish maqsadida barcha maktab va oliy ta’lim tashkilotlarida ichki ishlar organlari tomonidan muhrlanadigan maxsus qutilar o‘rnatiladi hamda tushayotgan xabarlarni tekshirish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.


Barcha tuman (shahar) markazlaridagi 1 tadan maktabda giyohvandlik va narkojinoyatlarning salbiy oqibatlarini yorituvchi ko‘rgazmali burchaklar tashkil etiladi.


2025-yil dekabr oyidan boshlab, eksperiment tariqasida Toshkent shahridagi 10 ta maktabda 9 — 11-sinf o‘quvchilari bilan anonim so‘rovnoma o‘tkazish orqali xavf guruhi aniqlanadi.


2026-yil martga qadar giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni iste’mol qilganlikni aniqlashga mo‘ljallangan ekspress-narkotestlarni O‘zbekistonda ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilib, ota-onalar tomonidan o‘z farzandlarining narkotiklarni iste’mol qilganlik holatini ixtiyoriy ravishda tekshirib borishi uchun imkoniyat yaratiladi. 

Bunda barcha fuqarolarga qulay bo‘lishi uchun dorixonalarda muntazam ravishda mahalliy ekspress-testlar retseptsiz sotilishi tashkil etiladi.


Bundan tashqari ota-onalar ishtirokida profilaktik suhbatlar tashkil etilib, o‘quvchilar uchun psixologik maslahat markazlari va ishonch telefonlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Shu jumladan “Sog‘lom turmush tarzi – giyohvandlikka qarshi qalqon” mavzusida o‘quvchilar o‘rtasida tanlov, viktorina va forumlar o‘tkazilishi belgilandi.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Maqola muallifi

Umirov Muzaffar

Umirov Muzaffar

Muxbir

Teglar

  • Giyohvandlik
  • Jinoyatchilik

Ulashish