Top.Mail.Ru
O‘qituvchilarni xorijga malaka oshirishga yuborish bo‘yicha prezident topshirig‘i to‘liq bajarilmadi

O‘qituvchilarni xorijga malaka oshirishga yuborish bo‘yicha prezident topshirig‘i to‘liq bajarilmadi

23:06 / 11.01.2026 50

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev rahbarligida 2025-yil 15-may kuni maktab ta’limida amalga oshirilgan islohotlar va kelgusidagi asosiy vazifalar to‘g‘risida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklariga har bir tuman (shahar)dan 5 nafardan maktab o‘qituvchilarini xorijga malaka oshirishga yuborish vazifasi belgilangandi.


Topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan tuman (shahar)lardan 5 nafardan maktab o‘qituvchilarini xorijga malaka oshirishga yuborishni tashkil etish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilib, mas’ullarga ko‘rsatma berilgan.


Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bergan ma’lumotlarga ko‘ra 2025-yilda 360 nafar pedagog xodimlar Turkiya, Germaniya, Malayziya, Fransiya, Ozarbayjon davlatlariga malaka oshirishga yuborildi. Xalqtaliminfo.uz'dagi ma’lumotlarga ko‘ra pedagoglar Yaponiyaga ham malaka oshirishga yuborilgan.


Ammo, vazirlik bergan statistik ma’lumotlardan shuni bilish mumkinki, ayrim hududlarda prezident topshirig‘i lozim darajada bajarilmagan.


Chunki, prezident topshirig‘iga asosan har bir tuman (shahar)dan 5 nafardan, jami 1000 nafardan ortiq maktab o‘qituvchilari xorijga malaka oshirishga yuborilishi lozim edi.


Unga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, hududiy maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmalari 2025-yil 1-avgustga qadar xorijiy davlatlarga malaka oshirishga yuborish uchun o‘qituvchilarni tanlab olish mezonlarini ishlab chiqib, maktab o‘qituvchilarini tanlab olishi belgilangan.


Shundan so‘ng, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklari, hududiy maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmalari 2025-yil sentabr–dekabr oylarida maktab o‘qituvchilarini xorijiy davlatlarga malaka oshirishga yuborib, tuman (shahar)lardagi umumta’lim maktablari o‘qituvchilari uchun xorijda malaka oshirish yakunlari bo‘yicha seminar-trening tashkil etishi lozim edi.


Hozircha, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi mazkur topshiriq ijrosi nima uchun to‘liq bajarilmaganligi yuzasidan aniq ma’lumot bermadi.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Malaka oshirish

Ulashish