Endi o‘qituvchilar tibbiy ko‘rigi uchun to‘lovlar davlat budjetidan qoplanadi
Ma’lumki, har yili o‘qituvchilarning tibbiy ko‘rikdan o‘tishi pullikmi yoki bepul degan masala kun mavzusiga aylanadi. Ko‘p hollarda o‘qituvchilardan tibbiy ko‘rik uchun pul mablag‘lari undiriladi. O‘z haq-huquqlarini yaxshi biladigan pedagog xodimlar esa tegishli tashkilotlarga shikoyat qiladi. Ammo, bu ham yetarlicha samara bermasdi.
Shu sababli, Vazirlar Mahkamasining pedagoglarni majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tartibini takomillashtirishga qaratilgan qaror loyihasi ishlab chiqildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Hujjat loyihasiga ko‘ra, O‘zbekistondagi barcha davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan pedagog xodimlar har yili davriy tibbiy ko‘rikdan o‘tishi majburiy bo‘ladi. Bu talab maktab, bog‘cha va boshqa ta’lim tashkilotlarida ishlayotgan pedagoglarning sog‘lig‘ini muntazam nazorat qilib borishga qaratilgan.
Hujjatda yana bir muhim norma nazarda tutilgan. Unga ko‘ra, davlat ta’lim tashkilotlarida bolalarga bevosita ta’lim va tarbiya beradigan pedagoglarning tibbiy ko‘rigi davlat budjeti hisobidan qoplanadi. Ya’ni davlat ta’lim tashkilotlarida ishlaydigan o‘qituvchi hamda tarbiyachilar majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tayotganda buning uchun o‘z cho‘ntagidan pul to‘lashga majbur bo‘lmaydi.
Pedagog belgilangan tibbiyot muassasasida tekshiruvdan o‘tadi, xizmat uchun to‘lovi esa davlat budjeti hisobidan qoplab beriladi. Bu norma amaliyotda pedagoglardan tibbiy ko‘rik uchun pul yig‘ilishi holatlarining oldini olishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Nodavlat ta’lim tashkilotlarida ishlaydigan pedagoglarning tibbiy ko‘riklari esa tegishli tashkilotning o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. Bunda ko‘riklar litsenziyaga ega davlat yoki nodavlat tibbiyot muassasalari tomonidan o‘tkaziladi.
Shuningdek, loyiha pedagoglarni majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishni tashkil etish mas’uliyatini ish beruvchining zimmasiga yuklaydi. Pedagog tibbiy ko‘rikdan o‘tayotgan vaqtida esa uning ish joyi va lavozimi saqlanib qoladi, o‘rtacha ish haqi ham to‘lab beriladi.
Bu haqda qonunchilik nima deydi?
Mehnat kodeksining 501-moddasida umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarining, maktabgacha ta’lim tashkilotlari hamda boshqa tashkilotlarning bolalarni o‘qitish yoki tarbiyalash bilan bevosita shug‘ullanuvchi pedagog xodimlari va boshqa xodimlari Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan tartibda dastlabki tarzda (ishga qabul qilish chog‘ida) va davriy (ish jarayonida) majburiy tibbiy ko‘riklardan o‘tishi nazarda tutilgan.
Pedagog xodimlar bir yilda bir marta albatta tibbiy ko‘rikdan o‘tishlari talab etiladi. Pedagogning maqomi to‘g‘risidagi qonunning 6- hamda 14-moddasida pedagoglar davlat sog‘liqni saqlash muassasalarida majburiy tibbiy ko‘rikdan bepul o‘tishi mumkinligi qayd etilgan.
Pedagog xodimlar hozirgi kunga qadar Sog‘liqni saqlash vazirligining 2012-yil 10-iyuldagi 200-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Xodimlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi nizom asosida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib kelinadi.
Bunda ish beruvchi, ya’ni direktor hududiy SEO va maktab kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan birgalikda har kalendar yilning 1-dekabrigacha (odatda o‘quv yili boshida) tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi shart bo‘lgan xodimlarning ro‘yxatini tuzadi va tibbiy ko‘rikni o‘tkazuvchi davolash-profilaktika muassasasiga taqdim etadi. Taqdim etilgan ro‘yxat asosida xodimlar tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi.
Mehnat kodeksining 360-moddasi hamda Pedagogning maqomi to‘g‘risidagi qonunga ko‘ra, xodimlar majburiy tibbiy ko‘riklardan o‘tishi munosabati bilan chiqimdor bo‘lmaydi. Majburiy tibbiy ko‘riklarni o‘tkazish vaqtida xodimning ish joyi (lavozimi) va o‘rtacha ish haqi saqlanib qoladi.
Pedagoglar qaysi turdagi tekshiruvlarga jalb qilingan?
Ta’lim muassasalarida ishlovchi pedagoglar tibbiy ko‘rik jarayonida terapevt, dermatovenerolog va ginekolog shifokor – mutaxassislar ko‘rigidan, laboratoriya tekshiruvida esa flyuorografiya, gelmentlarni aniqlash uchun najas tahlili, gonokokklarga tekshirish, RW ga qon tekshirish tahlili talab qilinadi.
Tibbiy ko‘rikning sifatli o‘tkazilishiga tibbiy ko‘rikdan o‘tkazuvchi davolash-profilaktika muassasasining rahbari javobgar hisoblanadi.
Ish beruvchilar esa o‘z xodimlarining majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘z vaqtida o‘tishi uchun va majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan shaxslarni ishga qo‘yish natijasida fuqarolarning sog‘lig‘iga yetkazilgan zararli oqibatlar uchun javobgar bo‘ladilar.
Izohlar 1
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!
Yangiliklar
O‘qituvchilarga va’da qilingan yana bir imtiyoz kuchga kirdi
Bu yil maktablarda bahorgi ta’til 20-martdan boshlanishi mumkin
Maktabda o‘qiydigan farzandiga mashina bergan ota 5 sutkaga qamaldi
Pedagoglar “Yil o‘qituvchisi” bo‘yicha appelyatsiya berolmayapti
Mavzuga doir yangiliklar
Yangiliklar
Endi o‘quvchilar har yili chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi
Maktab o‘quvchilarni tibbiy ko‘riklardan o‘tkazish jarayonida ularning fiziologiya va antropometriya holatiga baho berish orqali sport turiga bo‘lgan qobiliyatini aniqlash va shu asosda ularni sportga yo‘naltirish bo‘yicha elektron tizim yo‘lga qo‘yiladi.
Yangiliklar
O'qituvchilar tibbiy ko‘rigi uchun tibbiyot muassasalariga 71,4 mlrd so'm mablag' o'tkazib berilgani ma'lum bo'ldi
Bu borada bir nechta vazirliklar ko'rsatma xat imzoladi
O'zbek
Izohingizni tahrirlang