Maktab maslahatchisi qanday tartibda lavozimga tayinlanadi?
2025-yil 9-sentyabrda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida maktabgacha va maktab ta’limi sohasidagi islohotlar ijrosi va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida har bir maktabda maslahatchi lavozimi joriy qilinishi tashabbusi ilgari surilgandi.
Keyinroq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Maktabdan tashqari ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori (PQ–277-son, 08.09.2025 y.) bilan 2025-yil 1-oktyabrdan boshlab maktabgacha va maktab ta’limi tizimidagi umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlaridagi ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari lavozimini har bir umumiy o‘rta ta’lim tashkilotiga 1 ta shtat birligida ajratish hisobiga bo‘shaydigan 3 400 ta shtat birliklari hisobiga “Kelajak” markazlarining umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida vertikal tizimini joriy etish maqsadida o‘quvchilar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maktab maslahatchisi lavozimini joriy qilinishi belgilandi.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 10-dekabrdagi 776-son qarori bilan esa “Kelajak” markazlari to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanib, mazkur nizomda maktab maslahatchilarini lavozimga tayinlash masalasiga ham alohida urg‘u berilgan.
Unga ko‘ra, maktab maslahatchilari umumiy o‘rta ta’lim tashkiloti direktori tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri “Kelajak” markazlarining ishga qabul qilish bo‘yicha tavsiyanomasi asosida lavozimga tayinlanadi.
Bunda maslahatchilarni ishga qabul qilish tartibi o‘rnatilgan tartibda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan belgilanishi nazarda tutilgan.
Mazkur qarorga ko‘ra “Kelajak” markazi maslahatchilar faoliyati bilan bog‘liq quyidagi vazifalarni bajaradi
- o‘quvchilar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maktab maslahatchilarining kasbiy malakasini oshirish ishlarini tashkil etadi, ularga metodik va uslubiy yordam ko‘rsatadi, innovatsion tarbiya va ta’lim tajribalarini amaliyotga joriy etishda maktablarga ko‘mak beradi;
- maktab maslahatchilari faoliyatini monitoring qiladi hamda ularning kasbiy malakasini oshirishda tizimli ravishda seminar, trening va konferensiyalar tashkil etadi;
- faol maktab maslahatchilari ishlarini ommalashtiradi hamda tanlov va tadbirlarni ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritib boradi;
- xalqaro hamkorlik doirasida maktab maslahatchilarining tajriba almashishi hamda malaka oshirishi choralarini ko‘radi.
Maktab maslahatchilarni faoliyati qaysi hujjat bilan tartibga solinadi?
Maktab maslahatchilari faoliyatini tashkil etish bo‘yicha Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan bir nechta buyruqlar imzolangan. Vazirlikning 2025-yil 30-sentyabrdagi 368-sonli, 2025-yil 18-noyabrdagi 431-sonli, 2025-yil 17-dekabrdagi xdfu 100-sonli hamda 2026-yil 8-yanvardagi 7-sonli buyrug‘i shular jumlasidan.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2025-yil 18-noyabrdagi 431-sonli (O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi va Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi bilan kelishilgan) buyrug‘iga ko‘ra, Maktab maslahatchisi lavozimi o‘quvchilar sonidan kelib chiqib, quyidagi miqdorlarda kiritiladi:
- 300 nafargacha (300 nafar ham) bo‘lganda 0,5 birlikdan;
- 301 nafar va undan ortiq bo‘lganda 1,0 birlikda tashkil etiladi.
Hozirgi kunda maktab maslahatchilari faoliyatini tashkil etish vazirlikning eng so‘nggi, 2026-yil 8-yanvardagi 7-sonli buyrug‘i bilan tartibga solinmoqda.
Kimlar maktab maslahatchisi bo‘la oladi?
Maktab maslahatchisi lavozimiga oliy, bakalavr diplomiga ega bo‘lgan nomzodlar qabul qilinadi. Magistratura yoki ilmiy darajaga ega bo‘lish ustunlik beradi.
Bu lavozim uchun aniq bir mutaxassislik talab etilmaydi. Biroq pedagogika yo‘nalishida tahsil olgan nomzodlarga ustunlik beriladi. Mehnat staji talab qilinmaydi. Ya’ni yangi bitirgan yoshlar ham ushbu lavozimga nomzod bo‘lishi mumkin.
Nomzoddan Microsoft Office dasturlari — Word, Excel, Power Point va boshqa dasturlardan foydalana olish, zamonaviy axborot texnologiyalari va internet tarmog‘ida mustaqil ishlash, turli ish dasturlari bilan ishlash bo‘yicha yetarli ko‘nikmaga ega bo‘lish talab etiladi.
Shuningdek, maktabgacha va maktab ta’limi sohasiga oid qonunchilik, idoraviy hamda ichki lokal hujjatlar, ta’lim standartlari haqida xabardor bo‘lishi kerak.
Nomzod xorijiy tillardan birining boshlang‘ich bosqichini bilishi, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalana olishi ham talab etiladi. Davlat tilini bilish majburiy hisoblanadi. Rus, ingliz va boshqa chet tillarini bilish esa ustunlik beradi.
Ayrim shaxslar maktab maslahatchisi bo‘la olmaydi
O‘zbekiston Respublikasi Ta’lim to‘g‘risidagi Qonuniga ko‘ra, qasddan sodir etilgan jinoyat uchun ilgari sudlangan shaxslar ta’lim tashkilotlarining rahbarlik lavozimlariga tayinlanishi mumkin emas. Shuningdek, Pedagogning maqomi to‘g‘risidagi Qonunga muvofiq:
- sud hukmi bilan pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum etilganlar;
- sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilganlar;
- pedagogik faoliyat olib borishga to‘sqinlik qiladigan kasalliklari bo‘lganlar;
- psixiatriya yoki narkologiya muassasalarida hisobda turganlar;
- qasddan sodir etilgan jinoyat uchun ilgari sudlanganlar pedagogik faoliyat bilan bog‘liq lavozimlarga qabul qilinmaydi.
Maktab maslahatchisi lavozimi uchun yosh chegarasi mavjudmi?
Maktab maslahatchisi lavozimi joriy etish hamda ularning faoliyatini tartibga solish to‘g‘risidagi hujjatlarda maslahatchi lavozimi uchun ma’lum bir yosh chegarasi belgilab berilmagan.
Chunki, Mehnat kodeksining 4-moddasiga ko‘ra, mehnat va mashg‘ulotlar sohasida kamsitish taqiqlanadi. Shaxsning yoshini ro‘kach qilib, ularga nisbatan bilvosita cheklovlar belgilash, xuddi shuningdek biror-bir to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita imtiyozlar berish kamsitish hisoblanadi.
Mehnat va (yoki) mashg‘ulotlar sohasida o‘zini kamsitilgan deb hisoblagan shaxslar esa kamsitilish fakti ustidan belgilangan tartibda shikoyat qilishi, shu jumladan kamsitishni bartaraf etish hamda o‘ziga yetkazilgan moddiy zararning o‘rnini qoplash va ma’naviy ziyonning kompensatsiya qilinishi to‘g‘risidagi ariza bilan sudga murojaat qilishi mumkin.
Maktab maslahatchilarni ishga qabul qilish tartibi qanday?
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 2026-yil 8-yanvardagi 7-sonli buyrug‘iga muvofiq, maktab maslahatchisi lavozimiga oliy (bakalavr) ma’lumotga ega bo‘lgan talabgorlar quyidagi ikki bosqichda ishga qabul qilinadi:
- birinchi bosqich — talabgorlarning bilimini test sinovidan o‘tkazish;
- ikkinchi bosqich — talabgorlar bilan suhbat o‘tkazish.
Birinchi bosqichda - talabgorlar “Davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari Maktab maslahatchisi lavozimiga nomzodlarni baholash uchun test sinovi spetsifikatsiyasi” talablari asosida saralab olinadi. Bunda nomzodlar bilimi asosiy va qo‘llab-quvvatlovchi kompetensiyalar asosida baholandi.
Asosiy kompetensiyalar bo‘limi jami 15 ta savoldan iborat bo‘lib, maksimal 46,5 ball bilan baholanadi. Bunda:
- tashkiliy-pedagogik va kommunikativ ko‘nikmalar bo‘yicha – 5 ta savol;
- o‘quvchini psixologik qo‘llab-quvvatlash va kasbga yo‘naltirish ko‘nikmalari bo‘yicha – 6 ta savol;
- liderlik va tashabbuskorlik ko‘nikmalari bo‘yicha – 4 ta savol beriladi.
Bunda har bir to‘g‘ri javob uchun 3,1 ball beriladi.
Qo‘llab-quvvatlovchi kompetensiyalar bo‘limi ham jami 15 ta savoldan iborat bo‘lib, maksimal 31,5 ball bilan baholanadi. Bunda:
- ta’lim siyosati va davlat tilida hujjat (ish) yuritish ko‘nikmalari bo‘yicha – 5 ta savol;
- media savodxonlik va axborot madaniyati ko‘nikmalari bo‘yicha – 4 ta savol;
- ingliz tili bo‘yicha ko‘nikmalar bo‘yicha – 6 ta savol beriladi.
Har bir to‘g‘ri javob uchun 2,1 ball beriladi.
Umumiy hisobda test 30 ta savoldan iborat bo‘lib, maksimal 78 ball to‘plash mumkin. Testni ishlash uchun 80 daqiqa vaqt ajratiladi.
Test sinovi natijasiga ko‘ra, eng yuqori ball to‘plagan 3 (uch) nafar talabgor keyingi bosqichda ishtirok etadi. Agar navbatdagi talabgor bilan ballari teng kelib qolsa, ballar teng baholanib, keyingi bosqichda ishtirok etish huquqi beriladi.
Talabgorning testdan olgan balli olti oy muddatga amal qiladi va shu davr mobaynida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ikkinchi bosqich (suhbat jarayoni)da ishtirok etish huquqi beriladi.
Ikkinchi bosqich - suhbat shaklida amalga oshirilib, bunda talabgorlarga bilet tanlash imkoni beriladi. U 5 ta savoldan iborat bo‘ladi, tayyorgarlik uchun 10 daqiqa, savollarga javob berish uchun 15 daqiqa, qo‘shimcha savollar uchun 5 daqiqa vaqt ajratiladi.
Suhbat jarayonida har bir topshiriq umumiy baholash rubrikasi asosida 9 ballik tizimda, umumiy 45 ball bilan baholanadi. Bunda test va suhbat natijasiga ko‘ra eng yuqori yakuniy ball to‘plagan talabgor munosib deb topilib, Tanlov komissiyasi bayonnomasi bilan tasdiqlanadi.
Talabgorlarning ballari teng bo‘lgan taqdirda, Tanlov komissiyasi raisining xulosasiga asoslanib yakuniy qaror qabul qilinadi. Talabgorlar tanlov jarayonlaridan norozi bo‘lgan taqdirda, qaror qabul qilingan kundan boshlab o‘n kun muddat ichida yuqori turuvchi organga yoki vazirlikka yoxud sudga shikoyat qilish huquqiga ega hisoblanadi.
Suhbat jarayoni videoyozuv orqali yozib olinadi va 3 oy davomida hududiy “Kelajak” markazida saqlanadi. Munosib deb topilgan talabgorlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar “Kelajak” markazlarining tanlov komissiyasi tavsiyanomasi asosida umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori tomonidan ishga qabul qilinadi.
“Kelajak” markazlarining tanlov komissiyasi tomonidan berilgan tavsiyanoma 3 (uch) yil muddatga amal qiladi. Munosib deb topilgan talabgor mehnat shartnomasi tuzishdan bosh tortgan taqdirda, yakuniy ballga ko‘ra navbatdagi o‘rinni egallagan talabgor tanlov g‘olibi deb topiladi. Tanlov komissiyasi tomonidan qabul qilingan qaror umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktorlari uchun majburiy hisoblanadi.
Ma’lumot uchun: Maktab maslahatchisi lavozimini joriy etish tartibi bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlarga ega bo‘lish uchun “Ta’lim tahlili” ko‘rsatuvimizning 2-sonini tomosha qilishni tavsiya qilamiz.
Izohlar 0
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!
Yangiliklar
Farg‘onada ikki nafar voyaga yetmagan bola suvda cho‘kib, vafot etdi
3 ta maktab jamoasiga “Damas” va pul mukofotlari berildi
Attestatsiya test sinovlari o‘tkaziladigan sanalar va manzillar belgilandi
Xususiy fan olimpiadalarini o‘tkazishga cheklov qo‘yiladimi?
Mavzuga doir yangiliklar
Yangiliklar
Ertadan boshlab maktab maslahatchisi lavozimi uchun suhbat jarayonlari boshlanadi
Joriy yilning 12-fevral kunidan boshlab “Kelajak” markazlarining umumiy o‘rta ta’lim maktablaridagi maktab maslahatchisi lavozimi uchun suhbat jarayonlari o‘tkaziladi.
So'ragan edingiz
Maktab maslahatchisi lavozimiga qachon yangi vakansiyalar ochiladi?
Men maktab maslahatchisi lavozimiga ishga o‘tmoqchi edim. Lekin ariza topshirishga ulgurmay qolgandim. Endi nima qilsam bo‘ladi?
Yangiliklar
Bugundan maktab maslahatchisi lavozimi uchun test sinovlari boshlandi
Joriy yilning 16-17-yanvar kunlari “Kelajak” markazlarining umumiy o‘rta ta’lim maktablaridagi maktab maslahatchisi lavozimi uchun test sinovlari bo‘lib o‘tadi.
Yangiliklar
Maslahatchi lavozimi kichik maktablarda 0.5 stavka miqdorda tashkil qilinadi
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2025-yil 18-noyabrdagi 431-sonli buyrug‘i bilan Xalq ta’limi vazirligining 2019-yil 28-dekabrdagi 406-sonli buyrug‘i qayta tahrirlandi.
O'zbek
Izohingizni tahrirlang