Top.Mail.Ru
Vazirlik ixtisoslashtirilgan maktab direktori o‘rinbosarlariga menejerlik sertifikati uchun ustama to‘lash bo‘yicha ko‘rsatma berdi

Vazirlik ixtisoslashtirilgan maktab direktori o‘rinbosarlariga menejerlik sertifikati uchun ustama to‘lash bo‘yicha ko‘rsatma berdi

17:20 / 08.04.2026 222

Avvalroq, ixtisoslashtirilgan maktabda faoliyat yuritayotgan ayrim direktor o‘rinbosarlariga menejerlik sertifikati uchun ustama to‘lanmayotgani, ayrim hududlarda esa mazkur ustamalar to‘xtatib qo‘yilgani yuzasidan kelib tushgan murojaatga qonuniy asoslar bilan javob bergandik.


Unda Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 25-dekabrdagi 681-son qarorida ham, mazkur qaror bilan tasdiqlangan nizomda ham Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan, jismoniy, aqliy, sensor yoki ruhiy nuqsonlari bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari, sanatoriy turidagi ixtisoslashtirilgan davlat ta’lim muassasalari, ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar va ixtisoslashtirilgan maktablar hamda alohida sharoitlarda ta’minlash, tarbiyalash va ta’lim berishga muhtoj bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktablarda faoliyat yuritib kelayotgan direktor o‘rinbosarlariga menejerlik sertifikati uchun ustama to‘lab berilishi lozimligini ma’lum qilgandik.


Xabar berishlaricha, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan ham joriy yilning 7-aprel kuni xuddi shunday mazmunda ko‘rsatma berilgan.

“O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 25-dekabrdagi 681-son qarorining 2-bandiga muvofiq, 2024-yil 1-sentabrdan boshlab menejerlik sertifikatiga ega bo‘lgan maktab direktorlariga lavozim maoshiga 50 foiz, maktab direktori o‘rinbosarlariga esa 30 foiz miqdorida, mazkur sertifikatning amal qilish muddati davomida har oylik qo‘shimcha ustama to‘lanishi belgilangan.

Shuningdek, mazkur qaror bilan tasdiqlangan Nizomga asosan quyidagi davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari direktori lavozimiga nomzodlarga menejerlik o‘quv kurslarida o‘qitish hamda ularga menejerlik sertifikatini berish talablari tatbiq etilmasligi ko‘rsatilgan:

  • Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar;

  • jismoniy, aqliy, sensor yoki ruhiy nuqsonlari bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari;

  • sanatoriy turidagi ixtisoslashtirilgan davlat ta’lim muassasalari;

  • ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar va ixtisoslashtirilgan maktablar;

  • alohida sharoitlarda ta’minlash, tarbiyalash va ta’lim berishga muhtoj bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktablar.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Agentlik tizimidagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarda faoliyat yuritayotgan menejerlik sertifikatiga ega direktor o‘rinbosarlariga mazkur sertifikat amal qilish muddati davomida lavozim maoshiga har oylik 30 foiz ustama to‘lanishini nazoratga olishingiz so‘raladi”, - deyiladi vazirlik tomonidan berilgan rasmiy ko‘rsatmada.



Mazkur ko‘rsatma ilgari tahririyatimiz tomonidan berilgan izoh va tushuntirishlar amaldagi me’yoriy-huquqiy hujjatlarga mos ekanini yana bir bor tasdiqladi. E’tiborlisi, ushbu masalaga vazirlik darajasida ham e’tibor qaratildi.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • menejerlik

Ulashish