Top.Mail.Ru
20-iyundan 1-sinfga qabul jarayonlari boshlanadi

20-iyundan 1-sinfga qabul jarayonlari boshlanadi

17:00 / 11.04.2026 238

2026-2027-o‘quv yilida umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 1-sinfiga qabul jarayonlarini tashkil etish to‘g‘risida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining buyrug‘i imzolandi.


Buyruq bilan 2026-2027-o‘quv yilida davlat umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 1-sinfiga qabul bo‘yicha davlat xizmati joriy etiladigan tuman (shahar)lar ro‘yxati tasdiqlandi.


Unda 1-sinfga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmati orqali amalga oshiriladigan tuman (shahar)lar soni 64 tadan 135 taga, umumiy o‘rta ta’lim maktablari soni 1956 tadan 5689 taga ortganligi qayd etilgan.


2026-2027-o‘quv yilida 1-sinfga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmati Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) yoki Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining elektron davlat xizmatlari portali (my.maktab.uz) orqali 2026-yilning 20-iyunidan – 31-iyuliga qadar biriktirilgan mikrohudud doirasida hamda 1-31-avgustga qadar mikrohududdan tashqari hududlardan amalga oshiriladi.


2026-2027-o‘quv yilida ham, odatdagidek, 1-sinfga bolalar ular yetti yoshga to‘ladigan (2019-yilning 31-dekabr kunigacha tug‘ilgan) yilda qabul qilinadi.


Davlat xizmati joriy etilmagan tumanlardagi umumiy o‘rta ta’lim maktablariga 1-sinfga qabul jarayonlari umumiy o‘rta ta’lim maktablari rahbarlari tomonidan amalga oshiriladi (keyingi o‘rinlarda – an’anaviy shaklda) hamda maktabga qabul qilingan o‘quvchilar vazirlikning elektron tizimi (adm.maktab.uz)ga kiritiladi.


Qabul jarayonlarining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash maqsadida bolalarni 1-sinfga qabul qilish bo‘yicha ma’lumotlar (qabul rejasi, qabul vaqtlari, biriktirilgan mikrohudud, davlat tilidan boshqa til bo‘yicha sinflar tanlangan taqdirda, bolaning boshlang‘ich so‘zlashuv ko‘nikmasini baholash bo‘yicha savolnoma) maktab binosining barcha uchun ko‘rinarli joyiga osib qo‘yiladi.


Qabul qilish muddati tugagandan so‘ng, umumiy o‘rta ta’lim maktablari tomonidan mikrohudud va mikrohududdan tashqari o‘quvchilar qabul qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi. 1-sinfga bolalarni o‘rnatilgan tartibda qabul qilish hamda qabul jarayonlarini shaffof tarzda tashkil etishga maktab direktori shaxsan javobgar hisoblanadi.


Joriy yilning 10-iyuniga qadar: 


  • umumiy o‘rta ta’lim maktablari qamrovini hisobga olgan holda biriktirilgan mikrohududlar qayta ko‘rib chiqiladi hamda zaruriyatga ko‘ra tuman (shahar) hokimliklarining qarori bilan tasdiqlanadi; 


  • 1-sinf qabul rejasi hamda tuman (shahar) hokimliklarining qarori bilan biriktirilgan mikrohudud bo‘yicha mahallalar, ko‘cha nomlari va uy raqamlari to‘g‘risidagi yangilangan manzilli ma’lumotlar elektron platformaga kiritiladi; 


  • biriktirilgan mikrohududdagi maktab yoshidagi bolalar soni, umumiy o‘rta ta’lim maktabining o‘quvchi o‘rni (quvvati), pedagoglar bilan ta’minlanganligi va sanitariya talablari hamda 2026-2027-o‘quv yilida ta’lim tili bo‘yicha darsliklarga berilgan buyurtmalarni inobatga olgan holda 1-sinf qabul rejasi tasdiqlanadi;


  • ota-onalar (ariza beruvchi)ning yashash manzili bo‘yicha biriktirilgan mikrohududdagi umumiy o‘rta ta’lim maktabida tanlagan ta’lim tilidagi sinf bo‘lmagan taqdirda, yaqin hududda joylashgan boshqa umumiy o‘rta ta’lim maktabining elektron platformaga mikrohudud sifatida biriktiriladi; 


  • qabul jarayonlari an’anaviy shaklda amalga oshiriladigan umumiy o‘rta ta’lim maktablari, hududdagi nodavlat ta’lim tashkilotlari, boshqa vazirlik va idoralar tasarrufidagi maktablarning 1-sinfiga qabul qilingan bolalar haqidagi ma’lumotlarni shu kunning o‘zida vazirlikning elektron tizimi (adm.maktab.uz)ga kiritiladi; 


  • umumiy o‘rta ta’lim maktablariga farzandlarining hujjatlarini topshirish uchun kelgan ota-onalarni elektron navbatda belgilangan muddatda qabul qilish choralari ko‘riladi.


2026-yil 10-avgustga qadar 2026-2027-o‘quv yilida 1-sinfga qabul qilingan va vazirlikning elektron tizimi (adm.maktab.uz)ga kiritilgan bolalar soni bo‘yicha 12 nomdagi o‘quv qurollaridan iborat Prezident sovg‘alari tuman (shahar) maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlariga to‘liq yetkaziladi.


2026-yil 20-avgustiga qadar 1-sinfga qabul qilingan bolalar uchun 12 nomdagi o‘quv qurollaridan iborat Prezident sovg‘alari vazirlikning elektron tizimi (adm.maktab.uz)ga kiritilgan bolalar soniga mos ravishda umumiy o‘rta ta’lim maktablariga tarqatiladi.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Maktabga qabul

Ulashish