Top.Mail.Ru
O‘qituvchilarni xorijga malaka oshirishga yuborish bo‘yicha prezident topshirig‘i nega to‘liq bajarilmadi?

O‘qituvchilarni xorijga malaka oshirishga yuborish bo‘yicha prezident topshirig‘i nega to‘liq bajarilmadi?

19:56 / 22.04.2026 234

Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev rahbarligida 2025-yil 15-may kuni maktab ta’limida amalga oshirilgan islohotlar va kelgusidagi asosiy vazifalar to‘g‘risida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklariga har bir tuman (shahar)dan 5 nafardan maktab o‘qituvchilarini xorijga malaka oshirishga yuborish vazifasi belgilangandi.


Prezident topshirig‘iga asosan har bir tuman (shahar)dan 5 nafardan, jami 1000 nafardan ortiq maktab o‘qituvchilari xorijga malaka oshirishga yuborilishi lozim edi.


Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bergan ma’lumotlarga ko‘ra 2025-yilda 360 nafar pedagog xodimlar Turkiya, Germaniya, Malayziya, Fransiya, Ozarbayjon davlatlariga malaka oshirishga yuborildi. Xalqtaliminfo.uz'dagi ma’lumotlarga ko‘ra pedagoglar Yaponiyaga ham malaka oshirishga yuborilgan.


Ammo, vazirlik bergan statistik ma’lumotlardan shuni bilish mumkinki, ayrim hududlarda prezident topshirig‘i lozim darajada bajarilmagan.


Joriy yilning 21-aprel kuni Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanidan song Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Pedagog kadrlarni kasbiy rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Sirojiddin Qodirovdan topshiriqning ijrosi, yuzaga kelgan muammolar, shaffoflik masalalari va kelgusidagi rejalar haqida so‘radik.


—O‘qituvchilarni xorijga malaka oshirishga jo‘natish bo‘yicha prezident topshirig‘i qanchalik bajarildi? Jami 1000 dan ortiq o‘qituvchi yuborilishi kerak edi, amalda qanchasi bajarildi?

—Bu topshiriq Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyat hokimliklariga berilgan. Vazirlik xorijiy hamkorlarni topish va kelishuvlarda yaqindan yordam berdi. Shunga qaramasdan, ayrim hokimliklar tomonidan viza rasmiylashtirish jarayonlarining vaqt olishi va moliyalashtirishning o‘z vaqtida ochilmaganligi hisobiga 2025-yil yakunigacha to‘liq ulgurilmagan holatlar bo‘ldi.

—Raqamlarda aniqroq to‘xtalsak, nechta o‘qituvchini yuborish rejalashtirilgan edi va qanchasi yuborilmay qoldi?

—Har bir tuman-shahardan 5 tadan bo‘lganda, 1040 nafar o‘qituvchini hududiy hokimliklar moliyalashtirgan holda xorijga malaka oshirishga yuborish kerak edi. Shundan 333 nafar o‘qituvchi 2025-yilgacha malaka oshirishga yuborilmasdan qoldi, qolganlari esa yuborildi.

—Bu dastur hozir to‘xtaganmi yoki davom etyaptimi?

—Yo‘q, hozir ham hokimliklar bu jarayonni davom ettiryapti. Masalan, yaqinda Jizzax viloyati hokimligi qo‘llab-quvvatlashi natijasida o‘qituvchilar xorijga malaka oshirishga yuborilyapti. Bu jarayon hozir ham davom etmoqda.

—Bu topshiriqdan tashqari, o‘qituvchilarni xorijga yuborish bo‘yicha boshqa dasturlar ham mavjudmi?

—Ha, davlat dasturida 2030-yilgacha 1000 nafar o‘qituvchini malaka oshirish va stajirovkalarga yuborish belgilangan. Vazirlik tomonidan o‘tgan yili 100 nafar o‘rniga 183 nafar pedagog yuborilgan. Bu yil esa 150 nafar o‘qituvchi yuborish rejalashtirilgan bo‘lib, hozirning o‘zida birinchi chorakda 74 nafar o‘qituvchi jo‘natib bo‘lindi.

—Xorijga yuborilayotgan yoki yuborilmay qolayotgan o‘qituvchilarning aniq ma’lumotlari ochiq tarzda vazirlik rasmiy saytiga joylashtirilyaptimi?

—Xorijga borgan o‘qituvchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlar — qaysi davlatga, qachon va nima maqsadda borganligi vazirlik saytlarida ko‘rsatib borilyapti.

—Umumiy statistika, ya’ni qancha o‘qituvchi yuborilishi kerak edi-yu, qanchasi yuborildi degan ma’lumotlar ham saytda bormi?

—Buncha odam yuborilishi kerak edi, buncha odam yuboriladi, degan statistikani biz saytlarga qo‘ymaganmiz.

—Bunday ma’lumotlarni qayerdan olish mumkin?

—Biz ochiq ma’lumotlar saytiga har doim ma’lumotlarni qo‘yib boramiz, o‘shaning ichida joylashtirib boramiz.

—Xorijga malaka oshirishga jo‘natilayotgan o‘qituvchilar o‘rniga hokimliklarda ishlaydiganlarning o‘zi yoki ularning yaqin qarindoshlari yuborilayotgani kuzatilgani haqida gap-so‘zlar bor. Bu borada nima deya olasiz?

—Vazirlik har bir tuman-shahardan 5 nafar o‘qituvchini yuborish bo‘yicha tavsiyalarni bergan. Rasmiy xat bilan hududlarda natijaga erishgan, o‘quvchilari yutuqlarga erishgan o‘qituvchilarni, shuningdek, mentorlik qiladigan tajribali o‘qituvchilarni birinchi navbatda yuborish to‘g‘risida tavsiya xatlarini yuborganmiz.

—Agar aynan jo‘natilishi kerak bo‘lgan o‘qituvchilar o‘rniga mansabdor shaxsning o‘zi yoki bir yaqin qarindoshi jo‘natilsa, ularga qanday choralar ko‘riladi?

—Bunaqa norma yo‘q.

—Demak, tajribali o‘qituvchi mansabdor shaxsning yaqin qarindoshi bo‘lsa, uning yuborilishiga to‘sqinlik yo‘qmi?

—Kimningdir yaqin qarindoshi bo‘lib, u tajribali o‘qituvchi bo‘lsa, u xorijga bormasligi kerak, degan talab yo‘q. Yaxshi o‘qituvchi bo‘lsa, u qaysidir yuqori lavozimdagi odamning qarindoshi bo‘lishi mumkin.

—Bu holat bo‘yicha qonunchilikda biror bir cheklov mavjudmi?

—Bunaqa holat bo‘yicha qonunchilikda to‘siq yo‘q.

Xulosa qilib aytganda, prezidentning o‘qituvchilarni xorijga malaka oshirishga yuborish bo‘yicha topshirig‘i mahalliy hokimliklar darajasidagi moliyaviy va tashkiliy masalalar, xususan, viza olishdagi kechikishlar sababli to‘liq bajarilmagan. 


Natijada 333 nafar o‘qituvchi belgilangan muddatda xorijiy tajribani o‘rganish imkoniyatidan mahrum bo‘lgan. Tanlov jarayonlarida esa, garchi vazirlik tomonidan aniq tavsiyalar berilgan bo‘lsa-da, qonunchilikda mansabdor shaxslarning o‘zi yoki yaqin qarindoshlarini yuborishni cheklovchi normalar yo‘qligi adolatli tanlov masalasini savol ostida qoldirmoqda.

Izohlar 1

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Maqola muallifi

Umirov Muzaffar

Umirov Muzaffar

Muxbir

Teglar

  • Malaka oshirish

Ulashish