“X-variant” tarqalganiga qaramay, tarixdan milliy sertifikat natijalari e’lon qilindi
Tarix fanidan milliy sertifikat imtihoni savollarining oldindan tarqalganiga oid bahslar davom etayotgan bir paytda, Bilim va malakalarni baholash agentligi imtihon natijalarini e’lon qildi. Holat yuzasidan ekspertlar, pedagoglar va jamoatchilik vakillari turli munosabat bildirib, imtihonlarning shaffofligi masalasini hamon kun tartibiga olib chiqmoqda.
Avvalroq, aprel oyi boshida o‘tkazilgan tarix fanidan milliy sertifikat imtihonining savollari oldindan tarqalgani va sotilgani haqida xabar bergandik. Shundan so‘ng, Bilim va malakalarni baholash agentligi rasmiy munosabat bildirib, savollarning 33 tasi mazmunan o‘xshash ekanini qisman tan olgandi.
Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan 2026-yil 28-, 29-, 30-mart va 4-, 5-, 6-, 7-aprel kunlari biologiya, tarix va fizika fanlaridan navbatdagi milliy sertifikat imtihonlari o‘tkazilgandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, imtihonlarda jami 194 mingdan ortiq talabgor qatnashgan va 77 nafar talabgor tartib-qoidani buzgani uchun test sinovidan chetlatilgan.
Tarix fanidan milliy sertifikat uchun sinov jarayonlari 2026-yil 4-aprel (3 smena), 5-aprel (3 smena) va 7-aprel (2 smena) kunlari — jami 8 ta smenada o‘tkazilgan.
Ammo, tarix fanidan milliy sertifikat imtihonining savollari oldindan tarqalib ketgan. Keyinroq holat bo‘yicha Bilim va malakalarni baholash agentligi rasmiy munosabat bildirib, tahririyat ixtiyorida mavjud bo‘lgan audiofayllar va boshqa ma’lumotlar Agentlikda ham mavjud bo‘lgan va o‘rganib chiqilgan.
O‘rganishlar natijasida audiochatda o‘qilgani aytilgan savollar imtihonda qo‘llanilgan testlar bilan solishtirilgan. Natijada ularning 33 tasi mazmunan o‘xshash ekani aniqlangan, biroq Agentlik ular so‘zma-so‘z bir xil emasligini ma’lum qilgan.
Bilim va malakalarni baholash agentligining bayonotidan so‘ng ayrim jamoatchilik faollari ham o‘z fikrini bildirdi. Xususan, ta’lim bo‘yicha ekspert Komil Jalilovning fikricha, 50 ta savoldan 33 tasining 400 dan ortiq savollar ichida “tasodifan” mos kelishi ehtimoldan yiroq.
Komil Jalilov test topshiruvchilarning bir qismiga testda tushadigan savollar va ularning javoblari (farqi yo‘q - hamma savollarmi yoki savollarning bir qismimi) oldindan ma’lum bo‘lsa, bu testning validligini yo‘qqa chiqarishini ham alohida ta’kidlab o‘tgan.
Tarixchi va pedagog Jalol Boltayevga ko‘ra, faqat bitta 50 talik to‘plamga asoslanib, “400 ta testdan 33 tasi tushgan” degan umumiy xulosaga kelish to‘liq asosli emas va bunday yondashuv manipulyatsiya sifatida baholanadi. Aslida 400 tadan 33 ta emas, 50 tadan 33 ta tushgan.
Pedagog Davron Akbarning aytishicha, test savollari imtihon avvalida sizdirilgani ma’lum bo‘lsa, barcha imtihon natijalari bekor qilinishi hamda imtihonlar qayta o‘tkazilishi kerak.
Pedagog Husanboy Xoldorov yanvar oyidayoq ayrim shubhali holatlar kuzatilganini ta’kidladi. Hatto imtihondan bir kun o‘tib, uning qo‘liga bir nechta oq-qora sahifalar kelib tushgani, keyinchalik ma’lum bo‘lgan videomateriallar esa yanvarda ham “x-variant” chiqqanligi ehtimolini yanada oshirganini ma’lum qildi.
Yuqoridagi holatlar kuzatilgan bo‘lsa-da, Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan tarix fani milliy sertifikat natijalarining e’lon qilinishi jamoatchilik orasidagi bahs va e’tirozlarni yanada kuchaytirishi aniq. Chunki test savollarining oldindan tarqalganiga oid da’volar, audioyozuvlar, ekspert va pedagoglarning savollari hanuzgacha ochiq qolmoqda.
Imtihon savollarining bir qismi oldindan ma’lum bo‘lgani tasdiqlansa, bu holat butun test jarayonining shaffofligi va adolatliligiga jiddiy putur yetkazadigan holat hisoblanadi. Ayniqsa, milliy sertifikat natijalari abituriyentlarning oliy ta’limga kirishi, pedagoglarning ustama olishi va boshqa muhim imkoniyatlarga ta’sir qilishini hisobga olsak, masala yanada jiddiy tus oladi.
Agentlik imtihon natijalarining statistik tahlili asosida qo‘shimcha ma’lumot berilishini bildirgan bo‘lsa-da, hozircha bu borada rasmiy izoh berilgani yo‘q. Shuningdek, Agentlik tomonidan tarix fanidan milliy sertifikat imtihonlarini qayta o‘tkazish yoki natijalarni bekor qilish bo‘yicha qaror qabul qilingani haqida ham ma’lumot berilmagan.
Tahririyatga ma’lum qilishlaricha, ayni vaqtda imtihonda qatnashgan ayrim talabgorlar quyidagicha mazmunda apellyatsiya yuborishni rejalashtirmoqda:
“50 ta savoldan 33 tasi imtihonda tushganini BMBAning o‘zi ham tan oldi. Bu esa imtihon materiallari oldindan tarqalgan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi va natijalarga, jumladan, mening natijamga ham ta’sir qilmasdan qolmaydi. Shu sababli imtihonni qayta tashkil etib berishingizni so‘rayman”.
Izohlar 32
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!
Yangiliklar
Ta’lim tizimida psixologik xizmatni rivojlantirish bo‘yicha yangi tizim joriy etiladi
“Aravani tortolmagan kadr bizning oramizda bo‘lmaydi” — Erkinjon Turdimov
O‘qituvchilar attestatsiyasini o‘tkazuvchi markaz boshqa tashkilotga qo‘shib yuborildi
Ta’lim va ilm-fan vaziriga o‘rinbosarlar tayinlandi
Mavzuga doir yangiliklar
Yangiliklar
Maktab farroshligi uchun 1500$, bog‘cha tarbiyachiligi uchun 500$ olgan direktorlarga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi
Surxondaryo viloyati maktabgacha va maktab ta’lim tizimida fuqarolarni ishga joylash evaziga pora olish va pora berish bilan bog‘liq holat aniqlandi, ta’lim tashkiloti rahbarlariga sud hukmi bilan tegishli jazolar tayinlandi. Xalqtaliminfo.uz sud hujjatlari bilan tanishdi.
Yangiliklar
Samarqandda ham MMTB mas’ullari 1,1 mlrd so‘mlik budjet mablag‘larini talon-toroj qildi
Samarqand viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi mas’ullari 1,1 mlrd so‘mlik budjet mablag‘larini talon-toroj qildi.
So'ragan edingiz
O‘qituvchi ta’tilda bo‘lgan davri uchun ham sertifikat uchun ustama to‘lab beriladimi?
Mehnat kodeksining 233-moddasiga muvofiq har yilgi mehnat ta’tilida bo‘lgan vaqti uchun xodimga ushbu Kodeksning 257-moddasiga muvofiq hisoblab chiqariladigan o‘rtacha ish haqining saqlanishi kafolatlanadi.
Yangiliklar
Vazirlik attestatsiya testlarini yana pullashni boshladimi?
Ayni paytda esa sinov.uz platformasida attestatsiyaga tayyorgarlik uchun mo‘ljallangan testlar yana 25 ming so‘mdan sotuvga qo‘yilgan. Platformada turli fanlar bo‘yicha attestatsiyaga tayyorgarlik testlari mavjud.
O'zbek
Izohingizni tahrirlang