Top.Mail.Ru
Maoshidan norozi o‘qituvchilar Jahon chempionatiga qarshilik qilmoqchi — Meksika

Maoshidan norozi o‘qituvchilar Jahon chempionatiga qarshilik qilmoqchi — Meksika

12:00 / 04.06.2026 154

Meksikadagi o‘qituvchilar uyushmasi vakillari maosh va pensiya islohotlari bo‘yicha talablar bajarilmasa, 2026-yil FIFA Jahon chempionati vaqtida ommaviy norozilik namoyishlarini davom ettirishlarini ma’lum qildi.

Reuters’ning xabar berishicha, o‘qituvchilar uyushmasi — CNTE namoyishlari hatto turnirning ochilish marosimi va muxlislar festivallariga ham ta’sir qilishi mumkin. 

Futbol bo‘yicha Jahon chempionati boshlanishiga sakkiz kun qolgan bir paytda Mexiko shahrida o‘qituvchilar tomonidan ommaviy namoyishlar uyushtirilmoqda. Ular mehnat sharoitlarini yaxshilash, maoshlarni ikki baravar oshirish hamda ish stajiga qarab hisoblanadigan avvalgi nafaqa tizimini qayta tiklashni so‘ramoqda. O‘qituvchilar tomonidan musobaqaning ochilish kuni mamlakat bo‘ylab ommaviy ish tashlash aksiyasi o‘tkazilishi kutilmoqda.


Namoyishchilar allaqachon dastlabki aksiyalarni boshlab yuborgan. O‘qituvchilar Kasaba uyushmasi bayonotlarida hukumatdan pensiya va ijtimoiy ta’minot tizimini tubdan o‘zgartirgan 2007-yilgi qonunni bekor qilish haqidagi saylovoldi va’dasini bajarish, shuningdek, ish haqlarini oshirish so‘ralgan. 


“Amaldagi hukumat, ya’ni sobiq prezident Andres Manuel Lopes Obrador hukumati ham, Prezident Sheynbaum ham saylovoldi kampaniyasi vaqtida o‘qituvchilarga ushbu islohotni bekor qilishga va’da bergan edi. Ammo bu amalga oshmadi”, — dedi Oaxaka shtatidan bo‘lgan, 40 yillik pedagogik tajribaga ega maktab o‘qituvchisi Rodrigo Arias.
“Bizga e’tibor yetishmayapti. Muammolarni cho‘zish, bajarilmaydigan va’dalar berish siyosati davom etmoqda. Bizning ovozimiz eshitilmaguncha, hatto Jahon chempionati yaqinlashayotgan bo‘lsa ham, namoyishlarni davom ettiramiz”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Namoyishlarning asosiy qismi shaharning eng gavjum va ramziy ko‘chalaridan bo‘lgan Insurgentes hamda Paseo de la Reforma xiyobonlarida to‘plangan. Shaharning boshqa hududlarida ham o‘qituvchilar yo‘llarni to‘sib qo‘yib, transport harakatini izdan chiqarmoqda. 

Meksika prezidenti o‘qituvchilar ish tashlashi Jahon chempionatiga ta’sir ko‘rsatishining oldini olishga va’da berdi.

Meksika prezidenti Klaudiya Sheynbaum dushanba kuni o‘qituvchilarining futbol bo‘yicha Jahon chempionati arafasida ommaviy ko‘cha namoyishlari o‘tkazish haqidagi tahdidlarini jiddiy muammo sifatida baholamadi va musobaqa 11-iyun kuni boshlanishidan oldin bu masalani hal qilishga va’da berdi.


“Biz bu masala bilan shug‘ullanamiz”, — dedi Sheynbaum matbuot anjumanida. “Biz fuqarolarning erkinliklarini hurmat qilishimiz kerak, shu bilan birga Jahon chempionatining muammosiz o‘tishini ham ta’minlashimiz lozim.”

O‘qituvchilar kasaba uyushmalari va hukumat o‘rtasidagi ziddiyatlar shu oy boshida keskinlashgan. Ziddiyatlarning boshlanishiga rasmiylarning Jahon chempionati sababli yozgi ta’tilni 15-iyuldan 5-iyunga ko‘chirish bo‘yicha taklifi sabab bo‘ldi. Ba’zi o‘qituvchilar hukumatni ushbu qaror ularning ish haqi va pensiya ta’minotini yaxshilash bo‘yicha talablarini e’tibordan chetda qoldirishga urinayotganlikda aybladi.


Meksikadagi o‘qituvchilar uyushmalari yillar davomida muntazam ravishda norozilik namoyishlari o‘tkazib keladi. Bunday tadbirlar ko‘pincha Mexiko shahri markazidagi ko‘chalarning yopilishiga sabab bo‘lgan.


Mamlakatdagi eng katta ta’sir kuchiga ega bo‘lgan o‘qituvchilar uyushmalaridan biri bo‘lgan CNTE yakshanba kuni e’lon qilgan bayonotida, agar ularning so‘nggi talablari qondirilmasa, 1-iyundan boshlab ish tashlash va norozilik aksiyalarini boshlashini ma’lum qilgan. 

“Agar muammo hal etilmasa, to‘p yumalamaydi”, — deyiladi CNTE bayonotida.

Ma’lumot uchun: Futbol bo‘yicha Jahon chempionatining beshta uchrashuvi Mexiko shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Qolgan o‘yinlar esa Gvadalaxara va Monterrey shaharlarida bo‘lib o‘tadi. Musobaqaga AQSh va Kanada ham mezbonlik qiladi.


Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiyada xorijlik o‘qituvchilarga ko‘p oylik berilgani uchun mahalliy o‘qituvchilar ommaviy ravishda ish tashlagandi. Qozog‘istonlik o‘qituvchilar esa ommaviy ravishda attestatsiya natijalaridan norozi bo‘lganidan so‘ng, attestatsiya o‘tkazish tartibini bekor qilishga erishgandi.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • xorij ta'limi
  • Meksika

Ulashish