Top.Mail.Ru
Dars taqsimotida TKT sertifikati qanday ustunlik beradimi?

Dars taqsimotida TKT sertifikati qanday ustunlik beradimi?

21:39 / 03.09.2026 79

Savol

Maktabimizda ingliz tili fanidan ikki nafar o‘qituvchi faoliyat yuritadi. Dars soatlarini taqsimlashda har yili muammolar yuzaga kelmoqda. Hamkasbim yaqinda homiladorlik va tug‘ish ta’tilidan ishga qaytdi. 


Hozir uning farzandi 6 oylik. U I malaka toifasiga ega. Unda B2 darajadagi sertifikat bo‘lgan, biroq uning amal qilish muddati tugagan. Shuningdek, unda TKT bo‘yicha C1 sertifikati mavjud.


Men esa II malaka toifasiga ega bo‘lib, amaldagi B2 darajadagi sertifikatga egaman. Maktabimizda ingliz tili fidan jami 29,5 soat dars mavjud. Shu dars soatlari biz ikki o‘qituvchi o‘rtasida qanday tartibda va qancha miqdorda taqsimlanishi kerak?


Bu yil metod birlashma tomonidan hamkasbimga 18 soat, menga esa 11,5 soat dars ajratildi. Biroq hamkasbim mening 1,5 soat darsimni ham o‘ziga olib qo‘yishni talab qilmoqda. 


Avvalgi yillarda ham dars taqsimotida uning turli yutuqlari va ko‘rsatkichlari hisobga olinib, unga ko‘proq dars soati berilgan. Uning diplomidagi mutaxassisligi esa tarjimonlik bilan bog‘liq. Men esa ingliz tili fani bo‘yicha tegishli mutaxassislikka egaman. Bundan tashqari, men ham malaka toifasi va sertifikatga ega bo‘ldim.


Shu sababli, dars soatlarini taqsimlashda qaysi o‘qituvchiga ustuvorlik berilishi, mavjud 29,5 soat qanday taqsimlanishi va hamkasbimning mening 1,5 soat darsimni o‘ziga talab qilishi qanchalik asosli ekanini tushuntirib berishingizni so‘rayman. Ushbu masalani qonunchilik asosida hal etishda yordam berishingizni so‘rayman. Javobingiz uchun oldindan rahmat.


Javob

Umumta’lim maktablarida dars soatlari “Umumta’lim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya ro‘yxatlarini shakllantirish tartibi to‘g‘risida”gi nizomning 15-bandida belgilangan ustuvor ketma-ketlik asosida taqsimlanadi. Nizomning 19-bandiga ko‘ra, homiladorlik va tug‘ish ta’tili hamda bola parvarishidan qaytgan o‘qituvchilarga dars soatlari nizomning 15-bandida belgilangan ko‘rsatkichlar ustuvor ketma-ketligi asosida taqsimlanadi. 


Ushbu vaziyatda ikki nafar o‘qituvchida ham tegishli sertifikatlar bo‘lgani bois, dasr soatlarini taqsimlashda malaka toifasiga qarab emas, aynan sertifikatlar darajasiga qarab dars soatlari taqsimlanishi maqsadga muvofiq.


Chunki, umumta’lim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya ro‘yxatlarini shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi nizomdaning 15-bandida dars beradigan fanidan pedagog xodimlarga ustama belgilashda qoʻllaniladigan milliy yoki xalqaro tan olingan sertifikatga ega oʻqituvchilarga oliy malaka toifasidan keyingi o‘rinda ustuvorlik belgilangan. Bunda mazkur sertifikatlarning belgilangan darajasi va amal qilish muddatiga qarab darslar taqsimlanadi.


Yuqoridagi vaziyatda ham TKT bo‘yicha C1 sertifikatiga ega bo‘lgan o‘qituvchiga 18 soat, B2 darajadagi milliy sertifikatga ega bo‘lgan o‘qituvchiga 11,5 soat dars taqsimlangan bo‘lib, bunda dars taqsimoti to‘g‘risidagi nizom talablari buzilmagan.


Chunki, TKT sertifikati xalqaro sertifikat hisoblanib, B2 darajadagi milliy sertifikatdan yuqori ustuvorlikka ega. Hozirgi kunda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-maydagi “2022 — 2026-yillarda maktab taʼlimini rivojlantirish boʻyicha milliy dasturni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi PF-134-sonli Farmonining 9-bandiga ko‘ra oʻzi dars beradigan fani boʻyicha xalqaro tan olingan sertifikatga ega boʻlgan pedagog kadrlarga ularning tarif stavkasiga nisbatan 50 foiz miqdorida, xalqaro standartlar talablariga javob beradigan milliy baholash tizimida olingan sertifikatga ega boʻlgan pedagog kadrlarga ularning tarif stavkasiga nisbatan 50 foiz miqdorida qoʻshimcha ustama toʻlanadi.


Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida faoliyat yuritayotgan pedagog xodimlarga Teaching Knowledge Test (TKT) sertifikati Common European Framework of Reference (CEFR) tizimining B2 yoki undan yuqori darajasidagi sertifikat bilan birgalikda qabul qilinadi hamda ularga ustama belgilangan tartibda toʻlanadi, bunda ustama toʻlash muddati Common European Framework of Reference (CEFR) tizimidagi B2 yoki undan yuqori darajadagi sertifikatning amal qilish muddatiga bogʻliq boʻlmaydi, balki Teaching Knowledge Test (TKT) sertifikatining amal qilish muddati asosida belgilanadi.


Ya’ni, TKT sertifikatiga ega bo‘lgan o‘qituvchining B2 darajadagi milliy sertifikat muddati tugagan taqdirda ham, TKT sertifikat uchun ustama to‘lash to‘xtatilmaydi. Shu sababli, dars taqsimotida ham TKT sertifikati ustuvor hisoblanadi.


Undan tashqari ushbu vaziyatda o‘qituvchilarning malaka toifalari ham teng ustuvorlikka ega emas. Xususan, birinchi o‘qituvchi I malaka toifasiga, ikkinchi o‘qituvchi esa II malaka toifasiga ega ekanligi hisobga olingan holda dars soatlari taqsimlan taqdirda ham I malaka toifasiga ega o‘qituvchiga maksimal miqdorda dars soati ajratiladi. 


Maksimal dars soati bilan ta’minlangan o‘qituvchi yana dars talab qilishi to‘g‘rimi?


Ma’lumki, sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya ro‘yxatlarini shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi nizomda ustuvor ketma-ketliklar o‘rtasida dars soatlari miqdori aynan necha soat bo‘lishi kerakligi belgilanmagan. Ya’ni, yuqori ustuvorlikka ega bo‘lgan o‘qituvchiga maksimal dars soatlari ajratiladi, biroq aynan necha soat ajratilishini pedagogik kengash hal qiladi.


Bunda pedagog xodimlar ularga taqsimlangan dars soatini ko‘paytirish bo‘yicha murojaat qilishga haqli. Ma’lumki, dars soatlari setkasi umumta’lim muassasasining pedagogik kengashi tomonidan taqsimlanadi. 


Shu sababli, 18 soat dars bilan ta’minlangan pedagog xodim bunday vaziyatlarda dars soatlarini ko‘paytirilishini so‘rab, pedagogik kengashga murojaat qilishi mumkin. Biroq, pedagogik kengash murojaatchining o‘quv, ma’naviy-ma’rifiy, ilmiy-metodik va tajriba-sinov ishlaridagi faol ishtirokiga yoki boshqa ko‘rsatgichlariga qarab, shundan so‘ng dars soatlarini ko‘paytirish yoki o‘z holicha qoldirish bo‘yicha qaror qabul qilishi lozim.


Shuningdek, 11,5 soat dars bilan ta’minlangan pedagog xodim ham o‘z navbatida dars soatini ko‘paytirish bo‘yicha pedagogik kengash murojaat qilishga haqli. Bunda pedagogok kengash har ikki pedagogning ish faoliyatidagi natijalariga qarab, darslarni adolatli ravishda taqsimlash choralarini ko‘rishi zarur.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Dars taqsimoti
  • Xalqaro sertifikat

Ulashish

line

Mavzuga doir yangiliklar

So'ragan edingiz

24 soat boshlang‘ichda, 60 soat yuqori sinflarda: informatika darslari qanday taqsimlanadi?

“Informatika va axborot texnologiyalari” fani 1-, 2-, 3- va 4-sinflarda “Informatika va axborot texnologiyalari” fani o‘quvchilarning mantiqiy va tizimli fikrlashini rivojlantirishga qaratilganligi sababli mazkur fan boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari tomonidan o‘qitilishi belgilangan.

23:23 / 03.09.2026
So'ragan edingiz

O‘qituvchiga 7 soat dars berildi, u yana 3 soat talab qila oladimi?

Homiladorlik va tug‘ish ta’tili hamda bola parvarishidan qaytgan o‘qituvchilarga dars soatlari nizomning 15-bandida belgilangan ko‘rsatkichlar ustuvor ketma-ketligi asosida taqsimlanadi.

21:36 / 31.08.2026
So'ragan edingiz

Surdopedagogika bo‘yicha qayta tayyorlangan o‘qituvchiga korreksion sinf darslari beriladimi?

Agar o‘qituvchida surdopedagogika bo‘yicha kasbiy qayta tayyorlash diplomi mavjud bo‘lsa, u mazkur ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasasidagi tegishli dars soatlariga da’vogarlik qilishi mumkin.

11:03 / 31.08.2026
So'ragan edingiz

Oliy toifali “Milliy g‘oya va ma’naviyat asoslari” fani o‘qituvchisi boshlang‘ich sinfdagi “Tarbiya” faniga da’vogarlik qiloladimi?

“Tarbiya” fanini umumta’lim muassasalarida o‘qitilishi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 6-iyundagi 422-son qarori bilan tartibga solinadi. Mazkur qarorga ko‘ra, “Boshlang‘ich ta’lim” o‘qituvchilariga ham “Milliy g‘oya, ma’naviyat asoslari va huquq ta’limi” fani o‘qituvchilari ham “Tarbiya” fanidan dars berishi mumkin.

09:58 / 29.08.2026