Top.Mail.Ru
O‘quvchiga zo‘ravonlik qilgan o‘qituvchilar 2,2 mln so‘mgacha jarimaga tortilishi va ishdan bo‘shatilishi ham mumkin

O‘quvchiga zo‘ravonlik qilgan o‘qituvchilar 2,2 mln so‘mgacha jarimaga tortilishi va ishdan bo‘shatilishi ham mumkin

14:11 / 18.09.2026 127

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2026-yil 11-sentyabr kuni imzolagan O‘RQ-1174-sonli qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga qo‘shimcha kiritildi. 


Unga ko‘ra, ta’lim tashkilotida voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlar o‘z zimmasiga yuklatilgan shaxs tomonidan tarbiya va ta’lim berish jarayonida voyaga yetmagan bolaga nisbatan jismoniy zo‘ravonlik sodir etish, shuningdek uni kamsitish yoki xo‘rlash kabi harakatlarda ifodalangan tarzda tahqirlash, basharti jinoyat alomatlari mavjud bo‘lmasa, — bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan besh baravarigacha miqdorda (440 ming so‘mdan 2,2 mln so‘mgacha) jarima solishga sabab bo‘ladi.


Zo‘ravonlik haqida xabar bermagan pedagoglar ham jazolanadi


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2026–2030-yillarga mo‘ljallangan Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan 2026-yil 1-sentabrdan boshlab mulkchilik shaklidan qat’i nazar ta’lim, sog‘liqni saqlash va aholini ijtimoiy himoya qilish tashkilotlari xodimlari tomonidan bolalarga nisbatan zo‘ravonlik bilan bog‘liq aniqlangan faktlar haqida xabar bermaganlik uchun ma’muriy javobgarlik joriy etilishi ham nazarda tutilgan.


Mazkur norma davlat va xususiy tashkilotlarga birdek taalluqli bo‘lib, maktab, shifoxona, poliklinika yoki ijtimoiy xizmat muassasasida ishlovchi har bir xodim bolaga nisbatan zo‘ravonlik holatini ko‘rsa, bilsa yoki aniqlasa, bu haqda tegishli idoralarga xabar berishi shartligini anglatadi. Aks holda, bunday befarqlik qonun buzilishi sifatida baholanadi.



O‘qituvchi zo‘ravonlik qilsa, maktab direktori ulni ishdan bo‘shatishi mumkin bo‘ladi


Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2026-yil 19-yanvardagi bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning barcha shakllariga bo‘lgan murosasizlik muhitini shakllantirish, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish to‘g‘risidagi 18-sonli burug‘i bilan ta’lim tashkilotlarining namunaviy odob-axloq qoidalari, ichki mehnat tartibi qoidalari, xodimlarining lavozim yo‘riqnomalari yangilangan tahrirda qabul qilngan.


Buyruq bilan ta’lim tashkilotlari (maktabgacha ta’lim, umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim, ixtisoslashtirilgan hamda kasbiy ta’lim tashkilotlari) xodimlarining bolalarga nisbatan zo‘ravonlik sodir etmaslik, zo‘ravonlikka uchragan bolalar to‘g‘risida “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari va ichki ishlar organlarini xabardor qilish bo‘yicha majburiyatlarini odob-axloq qoidalari, mehnat shartnomasi va lavozim yo‘riqnomasiga kiritildi.


Undan tashqari, pedagoglar va boshqa xodimlar tomonidan bolalarga nisbatan zo‘ravonlik sodir etish holatini tashkilotlarning ichki mehnat tartib qoidalari va mehnat shartnomalarida belgilanadigan mehnat majburiyatlarining bir marta qo‘pol ravishda buzilishlar ro‘yxatiga kiritildi.


Ya’ni, endilikda pedagoglar tomonidan bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holati kuzatilsa, bu pedagoglar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilishga sabab bo‘ladi.


Bunda pedagog xodim tomonidan nafaqat voyaga yetmagan o‘quvchilarga nisbatan, balki o‘z hamkasblariga nisbatan turli ko‘rinishdagi zo‘ravonlik holatlari sodir etganida va bu holat o‘z isbotini topganida pedagog xodim maktab direktorining tashabbusiga ko‘ra ishdan bo‘shatilishi mumkin.


Eslatib o‘tamiz, 2025-yilda ta’lim muassasalarida bolaga jismoniy zo‘ravonlik qilganligi hamda o‘z kasbiy faoliyatiga sovuqqonlik bilan qaraganligi uchun 6 nafar pedagog ma’muriy javobgarlikka tortilib, bolaga nisbatan qilgan qo‘pol xatti-harakatlari uchun esa 15 nafar pedagogga intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgandi.

Izohlar 2

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Zo'ravonlik

Ulashish