Top.Mail.Ru
Erkinjon Turdimov vazir lavozimiga tayinlangandan so‘ng ilk bor ko‘rinish berdi

Erkinjon Turdimov vazir lavozimiga tayinlangandan so‘ng ilk bor ko‘rinish berdi

12:22 / 12.10.2026 1.03k

2026-yil 3-oktabrda Prezident farmoni bilan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi negizida Ta’lim va ilm-fan vazirligi tashkil etildi. Oradan ko‘p o‘tmay, 9-oktabr kuni Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari — ta’lim va ilm-fan vaziri lavozimiga tayinlangandi.


Bugun yangi, Ta’lim va ilm-fan vaziri Erkinjon Turdimov vazirlik tizimi xodimlari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, uchrashuv sobiq Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi binosida o‘tkazilgan. Unda sobiq Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi mas’ullari ko‘rinish bermagan.


O‘tkazilgan yig‘ilishda Turdimov yoshlar, o‘quvchi va talabalarni qiynayotgan masalalarni o‘rganish, ularning dardini eshitish, sifatli ta’lim olishi uchun yanada yaxshi sharoit yaratishga alohida e’tibor qaratgan.


Vazirning ta’kidlashicha, bola bog‘chaga borishi, o‘quvchi maktabda puxta bilim olishi, talaba esa egallagan bilimi va kasbi bilan hayotda o‘z o‘rnini topishi kerak. Shu maqsadda maktabgacha ta’lim qamrovini kengaytirish, ta’lim sifatini oshirish, yoshlarni kasbga tayyorlash va ilm-fanga qiziqishini qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.


O‘qituvchining jamiyatdagi obro‘si va nufuzini oshirish, uning mehnati qadrlanishi, o‘z ustida ishlashi va bor e’tiborini ta’limga qaratishi uchun munosib sharoit yaratish ham muhim vazifalardan biri sifatida qayd etildi.


Erkinjon Turdimov muammolarni sanab o‘tish bilan cheklanmasdan, har biri bo‘yicha amaliy yechim qilish zarurligini ta’kidladi. Xodimlarga o‘quvchi, talaba va pedagog hayotida ijobiy o‘zgarish beradigan aniq takliflar tayyorlash vazifasi qo‘yildi.

Izohlar 9

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Vazir

Ulashish