Top.Mail.Ru
O‘qituvchi attestatsiya testini boshqa hududda topshirishi mumkinmi?

O‘qituvchi attestatsiya testini boshqa hududda topshirishi mumkinmi?

17:47 / 18.10.2026 339

Savol

Men Farg‘onada viloyatidagi maktabda ishlayman. Hozir dekret ta’tilidaman. Turmush o‘rtog‘imning ish joyi Toshkent shahrida bo‘lgani uchun hozir Toshkent shahrida yashayapman. Men attestatsiyada Toshkent shahridan turib qatnashsam bo‘ladimi?


Javob

Maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlar attestatsiyasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentabrdagi 572-son qarori bilan tasdiqlangan nizom hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2026-yil 4-sentabrdagi 334-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan yo‘riqnoma asosida tashkil etiladi. 


Mazkur hujjatlar attestatsiya va kasbiy sertifikatlash test sinovlarini maxsus jihozlangan kompyuter xonalarida o‘tkazish, test topshiruvchilarni auditoriyaga kiritish, test jarayonini tashkil etish, qoidabuzarliklar, natijalardan norozi bo‘lganda murojaat qilish va boshqa tashkiliy masalalarni tartibga soladi.


MMTVning 334-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan yo‘riqnomaga ko‘ra, ayrim asosli holatlarda pedagogga doimiy yoki vaqtincha yashash hududidan boshqa hududda test topshirishga ruxsat berilishi mumkin.


Bunga harbiy xizmatchining turmush o‘rtog‘i boshqa hududda vaqtincha yashashi, homiladorlik yoki tug‘ruq ta’tili sababli boshqa hududda bo‘lish, xizmat safari, ta’til, davolanish kabi holatlar, shuningdek hujjatlar bilan tasdiqlanadigan boshqa asosli sabablar misol bo‘lishi mumkin.


Buning uchun pedagog xodim hududiy ishchi guruhga yozma ariza bilan murojaat qiladi va sababni tasdiqlovchi hujjatlarni ilova qiladi. Masalan, tibbiy ma’lumotnoma, aviachipta yoki temiryo‘l chiptasi, xizmat safari to‘g‘risidagi buyruq yoki ma’lumotnoma va boshqa tegishli hujjatlar taqdim etilishi mumkin.


Muhimi, test topshirish hududini o‘zgartirishga faqat asosli sabab va uni tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo‘lgan taqdirda yo‘l qo‘yiladi. Og‘zaki murojaat yoki tasdiqlovchi hujjatlarsiz berilgan so‘rov asosida test topshirish joyi o‘zgartirilmaydi.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Attestatsiya

Ulashish