Top.Mail.Ru
“Aravani tortolmagan kadr bizning oramizda bo‘lmaydi” — Erkinjon Turdimov

“Aravani tortolmagan kadr bizning oramizda bo‘lmaydi” — Erkinjon Turdimov

14:45 / 22.10.2026 3.87k

Yangi tashkil etilgan Ta’lim va ilm-fan vazirligida hududiy rahbarlar va boshqa mas’ul lavozimlardagi kadrlar faoliyati tahlil qilinadi. Bu haqda vazir Erkinjon Turdimov Gazeta.uz jurnalistiga ma’lum qildi.


Jurnalist Mirolim Isajonov yangi vazirlik rahbariyati tarkibida yangi kadrlar ish boshlaganini ta’kidlab, tuman va viloyat darajasidagi rahbarlarni ham almashtirish zarurati borligi ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilinayotganini aytdi. Jurnalist vazirlik kadrlar masalasiga qanchalik e’tibor qaratilishi bilan qiziqdi.


Vazirning ta’kidlashicha, tizimdagi muammolarni faqat kadrlarni almashtirish orqali hal qilib bo‘lmaydi. Buning uchun avvalo ularning faoliyatini tahlil qilish va natijadorligini baholash zarur.

“Endi hamma narsani, hammasini kadrlar yechadi. Kadrni endi almashtirish bilan bir narsa bitmaydi. Biz, albatta, bu narsani tahlil qilamiz. Aravani hamma o‘zi tortishi kerak. Aravani tortolmayotganlar nima bo‘ladi? Safdan tushib qoladi”, - dedi vazir. 

U kadrlar masalasida aniq qarorlar qabul qilish uchun vaqt kerakligini aytdi. Turdimov hozircha hududiy rahbarlar tarkibida qanday o‘zgarishlar bo‘lishini aniq ayta olmasligini ma’lum qildi.

“Tarbiyaga, o‘qishga javob beradigan bo‘lsak, buni kim qiladi? Kadrlar qiladi. Tortolmagan kadr, albatta, bizning oramizda bo‘lmaydi”, — degan vazir.

Eslatib o‘tamiz, Prezidentning 2026-yil 19-oktabrdagi “PQ-380-sonli qarori bilan Ta’lim va ilm-fan vaziriga istisno tariqasida Vazirlikning markaziy apparatiga 2027 yil 1 fevralga qadar xodimlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri suhbat asosida ishga qabul qilish vakolati berilgandi.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Ta'lim siyosati

Ulashish