Top.Mail.Ru
Milliy sertifikat: natijalar bugun chiqadi, yangi imtihonga ro‘yxatga olish ertadan boshlanadi

Milliy sertifikat: natijalar bugun chiqadi, yangi imtihonga ro‘yxatga olish ertadan boshlanadi

14:00 / 20.11.2026 147

2026-yil oktabr oyida ona tili va adabiyot, tarix hamda geografiya fanlaridan o‘tkazilgan milliy sertifikat imtihonlari natijalari bugun, 20-noyabr kuni kun yakuniga qadar e’lon qilinadi. Bu haqda Bilim va malakalarni baholash agentligi xabar berdi.


Ma’lum qilinishicha, 2026-yil 23-, 24-, 25-, 26- va 31-oktabr kunlari o‘zbek, rus va qoraqalpoq tillari hamda adabiyot, tarix va geografiya fanlaridan milliy sertifikat imtihonlari tashkil etilgan.


Imtihon natijalari Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 12-oktabrdagi 646-son qaroriga muvofiq, test sinovlari yakunlanganidan keyin 21 ish kunidan kechiktirmay Rash modeli asosida hisoblanadi va e’lon qilinadi.


Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, talabgorlarga qulaylik yaratish maqsadida natijalarni belgilangan muddatdan oldin e’lon qilish hamda shundan so‘ng navbatdagi imtihon uchun ro‘yxatdan o‘tishni boshlash rejalashtirilgan.


Navbatdagi imtihon uchun ro‘yxatdan o‘tish 21-noyabrda boshlanadi


Ona tili va adabiyot, tarix hamda geografiya fanlaridan navbatdagi milliy sertifikat imtihonida qatnashmoqchi bo‘lgan talabgorlar 21-noyabrdan 4-dekabrga qadar my.gov.uz portali orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin. To‘lovlarni esa 5-dekabrga qadar amalga oshirish lozim.


Shuningdek, navbatdagi imtihonlarni tashkil etish tartibiga ham o‘zgartirish kiritildi.


Avvalroq 2026-yilning ikkinchi yarmida imtihonlarni oldindan belgilangan sanalarda o‘tkazish va hududlar bo‘yicha mavjud o‘rinlar sonidan kelib chiqib talabgorlarni ro‘yxatga olish tartibi belgilangan edi. 


Biroq ushbu tartib noto‘g‘ri talqin qilinayotgani sababli navbatdagi imtihonlarda ro‘yxatdan o‘tish uchun o‘rinlar soniga cheklov qo‘yilmasligi belgilandi.


Endilikda imtihonlarning aniq sanalari ro‘yxatdan o‘tish yakunlanganidan keyin talabgorlar soni va ularning hududlar kesimidagi taqsimotidan kelib chiqib belgilanadi. Imtihon o‘tkaziladigan sanalar esa boshlanishidan 7 kun oldin e’lon qilinadi.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Milliy sertifikat

Ulashish