Top.Mail.Ru
O‘zbekiston 12 yillik ta’limga qachon va qanday o‘tmoqchi?

The website texts are translated by Google, errors possible!

O‘zbekiston 12 yillik ta’limga qachon va qanday o‘tmoqchi?

19:30 / 09.02.2026 505

O‘zbekistonda 12 yillik ta’lim tizimiga o‘tish masalasi ayni vaqtda jamoatchilikning e’tibor markazida turibdi. Dastlab bu mavzu turli mish-mishlar va asossiz xabarlar fonida tilga olingan bo‘lsa, bugungi kunga kelib u ta’lim siyosatining aniq yo‘nalishlaridan biri sifatida ko‘rsatilyapti.

Xususan, maktabga tayyorlov tizimini umumiy o‘rta ta’lim tarkibiga kiritish orqali 12 yillik ta’lim modeliga o‘tish taklifi ilgari surilmoqda. 
Biroq, bu yondashuv xalqaro mezonlarga, jumladan, YUNESKO tomonidan qabul qilingan ISCED-2011 ramkasiga qanchalik mos kelishi masalasi hanuz ochiq qolmoqda. 


12 yillik ta’lim haqida soxta xabarlar


2023-yilda umumiy o‘rta ta’lim maktablari 2023-2024-o‘quv yilidan boshlab 11 yillik ta’limdan 12 yillikka uzaytirilayotgani haqidagi xabarlar tarqalgandi. O‘shanda juda ko‘pchilik O‘zbekistondagi maktablar qisqa vaqt mobaynida 12 yillik ta’lim tizimiga o‘tishiga ishonmagandi.


Hatto, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ham bu xabarlar hech qanday asosga ega emasligini aytib, Ta’lim to‘g‘risidagi qonunga muvofiq umumiy o‘rta ta’lim 11 yilni tashkil qilishini qat’iy ta’kidlagandi.


12 yillik ta’limga ilk qadam 


Oradan ikki yil vaqt o‘tib, 2025-yil 8-sentyabr kuni Prezident Administratsiyasi rahbarining ta’lim islohoti bo‘yicha o‘rinbosari Hilola Umarova prezident Shavkat Mirziyoyevga ta’lim tizimini isloh qilish masalalariga oid taqdimot qildi va taqdimotda 12 yillik ta’limga o‘tish haqida ham so‘z bordi.


Bunda aynan maktablar 12 yillik ta’limga o‘tmasligi, balki bog‘chalardagi maktabga tayyorlov guruhlari tizimini maktab ta’limiga qo‘shib yuborish hisobiga 12 yillik ta’lim tizimiga o‘tilishi aytildi.


Bu tizimga o‘tishning afzallik jihatlari haqida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining sobiq o‘rinbosari Sardor Radjabov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida shunday deydi:

“Maktabga tayyorlov guruhlari hozirgi kunda mana 100 foizga yaqin qamrov amalga oshirilyapti. Demak, mana shu tizimni ham maktab ta’limiga qo‘shib turib 12 yillik ta’limga o‘tish bo‘yicha topshiriq berildi. 

Bu yerda bizga asosiy foydasi nima bo‘ladi? Birinchisi ta’lim sifati bo‘ladigan bo‘lsa, ikkinchisi, bu xorijiy oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirayotganda bizning o‘quvchilar tomonidan bir yil foundation kursi, ya’ni o‘sha boshlang‘ich tayyorgarlik bo‘yicha o‘qishga majbur bo‘lishyapti va bu bizning farzandlarimiz bir yil yo‘qotishiga olib kelyapti. 

Agarda biz 12 yillik ta’limni qonunchilikka kiritadigan bo‘lsak, bunda bizda bir qator davlatlarda, ya’ni foundation o‘qishga majbur bo‘lishmaydi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘sha bakalavr darajasiga kirganda o‘qish imkoniyati yaratiladi.”

12 yillik ta’limning huquqiy asoslari yaratilishi


2026-yil 5-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-19-son Farmoni bilan ilk bor 12 yillik ta’lim haqida so‘z bordi.


Prezident farmoniga ko‘ra, bir yillik maktabga tayyorlov guruhlarining ta’lim dasturi majburiy umumiy o‘rta ta’limning dastlabki bosqichi sifatida kiritildi. Bunda:


  • bir yillik maktabga tayyorlov guruhlarining ta’lim dasturlari maktabgacha ta’lim tashkilotlari, umumiy o‘rta ta’lim maktablari va boshqa ijtimoiy soha obyektlarida to‘liq yoki qisqa muddatli guruhlarda amalga oshiriladi;


  • maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim xizmatlarini ko‘rsatuvchi nodavlat ta’lim tashkilotlariga bir yillik maktabga tayyorlov guruhlarini tashkil etishga ruxsat beriladi;


2027/2028-o‘quv yilidan boshlab:


  • maktabga tayyorlov guruhlarida ta’lim jarayonlari oliy ma’lumotli pedagoglar, shuningdek, oliy ta’lim tashkilotlarining bitiruvchi bosqich talabalari tomonidan olib boriladi;


  • maktabga tayyorlov guruhlarida ta’lim-tarbiya olgan bolalarga bir yillik maktabga tayyorlovdan o‘tganlik to‘g‘risida davlat namunasidagi elektron sertifikat beriladi hamda ushbu ma’lumotlar umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi shahodatnomada qayd etiladi.


Hozirda 3666 ta maktab hamda 1013 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida yangi tartibdagi maktabga tayyorlov guruhlarini tashkil etish reja qilinmoqda. Bunda boshlang‘ich ta’lim mutaxassislarini tayyorlash dasturlari maktabga tayyorlov mazmuni bilan boyitiladi.


Ayni vaqtda “Ta’lim to‘g‘risida” hamda “Maktabgacha ta’lim va tarbiya to‘g‘risida”gi qonunlarga hech qanday qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmagan. 


Ammo, 12 yillik ta’lim bosqichlari quyidagicha bo‘lishi taklif etilmoqda:


  • bir yillik maktabga tayyorlov va va 4 yillik boshlang‘ich ta’lim;


  • 5 yillik tayanch umumiy o‘rta ta’lim (5−9 sinflar);


  • 2 yillik umumiy o‘rta ta’lim (maktab, akademik litsey, harbiy maktablar, texnikumlar).


Bu orqali O‘zbekiston ta’lim bosqichlarini YUNESKOning (ISCED-2011) xalqaro darajasi bilan muvofiqlashtirmoqchi. 


ISCED-2011 — bu ta’lim tizimlarining bir xil mezonlar asosida tasniflanish va solishtirilish uchun dunyo miqyosida qabul qilingan ramkadir. U davlatlar ta’lim tizimlarining darajalari va ularni bitirganlik darajasini xalqaro miqyosda taqqoslashga xizmat qiladi.


Ammo, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi O‘zbekiston bir yillik maktabga tayyorlov guruhlarining ta’lim dasturini majburiy umumiy o‘rta ta’limning dastlabki bosqichi sifatida kiritib, YUNESKOning (ISCED-2011) xalqaro darajasiga qay tarzda muvofiqlashtirish mumkinligiga to‘liq izoh bermayapti.


Xalqaro tajribada abituriyentlarning oliy ta’limga qabul qilinishida ISCED-2011 tasnifiga muvofiq boshlang‘ich, quyi o‘rta va yuqori o‘rta ta’lim bosqichlarining to‘liq yakunlanganligi asosiy mezonlardan biri hisoblanadi. Bunda:


  • ISCED-1 — boshlang‘ich;


  • ISCED-2 — quyi o‘rta;


  • ISCED-3 — yuqori o‘rta hisoblanadi.


O‘zbekiston amaliyotga qo‘llamoqchi bo‘layotgan tizim, ya’ni  bir yillik maktabga tayyorlovni majburiy umumiy o‘rta ta’limga kiritish ISCED-1 talablariga mos tushmaydi, balki maktabgacha ta’lim va maktabga tayyorlov dasturlari — ISCED-0 darajasiga to‘g‘ri keladi. 


Chunki, ISCED-2011 tasnifiga ko‘ra, maktabga tayyorlov (pre-primary education) alohida bosqich — ISCED-0 sifatida qabul qilingan.


Ko‘plab rivojlangan mamlakatlarda ISCED-1 (primary), ISCED-2 (lower secondary), ISCED-3 (upper secondary) bosqichlari umumiy 12 yillik maktab ta’limini oz ichiga qamrab olgan. Bunga oliy ta’limga kirish uchun asosiy va keng tarqalgan mezon sifatida qaraladi.


Agar O‘zbekistonda ham rivojlangan davlatlar tajribasidagi kabi boshlang‘ich, quyi o‘rta va yuqori o‘rta ta’lim bosqichlari to‘liq 12 yillik umumiy o‘rta ta’lim doirasida joriy etiladigan bo‘lsa, bu o‘z-o‘zidan mavjud maktablarda o‘quvchi o‘rinlariga bo‘lgan ehtiyojni karrasiga oshirishi tabiiy. Hozirgi maktab infratuzilmasi esa bunday yuklamani ko‘tarolmasligi aniq.


Shu sababli, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi maktabga tayyorlov guruhlarini maktab ta’limiga qo‘shish orqali bunga yechim bermoqchi bo‘layotgan bo‘lishi mumkin. Ammo, yuqorida ta’kidlanganidek, bu xalqaro talablarga mos yoki mos emasligi masalasi so‘roq ostida qolmoqda.


O‘zbekistonda 12 yillik ta’limga o‘tish tashabbusi ta’lim maktab bitiruvchilarning xalqaro oliygohlarga kirishda tan olinishi nuqtayi nazaridan muhimdir. Biroq taklif etilayotgan model, ya’ni bir yillik maktabga tayyorlovni majburiy umumiy o‘rta ta’lim tarkibiga kiritish YUNESKOning ISCED-2011 tasnifiga qanchalik mos kelishi masalasi aniq izohlarni talab qiladi. 


Chunki xalqaro amaliyotda oliy ta’limga kirish uchun asosiy mezon ISCED-1–2–3 bosqichlarining to‘liq va uzviy yakunlanganligidir. Shu bois, 12 yillik ta’limga o‘tish jarayonida ta’lim davomiyligi bilan bir qatorda, uning mazmuni va xalqaro tasnifdagi o‘rni ham aniq belgilanishi zarur. Shu sababli, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bu boradagi huquqiy mexanizmlar, yo‘l-xaritalar va amaliy rejalarning tafsilotlarini ochiq va to‘liq e’lon qilishi lozim.

Comments 0

Show more
Please register to comment!

Author of the article

Ulugbek Pulatov

Ulugbek Pulatov

Project founder

Tegs

  • Education policy

Share